Abadiyat kahkashonida

XX asrning ikkinchi yarmi – XXI boshlari o‘zbek she’riyati taraqqiyotini Erkin Vohidov ijodisiz tasavvur qilish qiyin. Xususan, uning 60-yillar boshidan e’tiboran umrining oxirigacha yaratgan o‘nlab dostonlari va she’riy qissalari, “Oltin devor” komediyasi, “Istanbul fojeasi” tragediyasi, “Yoshlik devoni”, “Kavkaz she’rlari”, “Alvon lolalar”, “Kanada turkumidan” singari turkumlari o‘zbek she’riyatining janr imkoniyatlari naqadar kengligini tasdiqladi. 

 

Shoir keyingi yillarda o‘nlab janrlarda badiiy barkamol namunalarni yaratdi. “Tirik sayyoralar”, “Yaxshidir achchiq haqiqat”, “Kuz yomg‘iri”, “Donishqishloq latifalari” kabi ko‘rkam turkumlar buning yaqqol tasdig‘idir.

Shoir she’riyatida hayot go‘zalligini, ma’naviy-axloqiy go‘zallikni madh etish, kuylash ustuvor badiiy pafos sifatida ko‘zga tashlanadi. 

E.Vohidovning “Palatkada yozilgan doston” asari 1966 yili Toshkent ahli boshiga nogahoniy tushgan zilzila falokatiga bag‘ishlangan. Tabiiy ofat odamlarning qat’iyat va sabotiga, qalb qudrati va matonatiga zo‘r sinov bo‘ldi. Odamlar sabot-matonatini, iroda-ishonchini toblab, egnidagi changni qoqib ishga otlanadi (“Devorlar darz ketsa ham yuraklar butun”).

Dostonda hayot materialining mohiyati, ya’ni zilzila orqali yorqin namoyon bo‘lgan o‘zbek xalqi ma’naviyatidagi jasur va tanti, yuksak iroda xislatlari, psixologiyasida sodir bo‘lgan yangi sifat belgilari – yaratuvchilik mehnati va layoqati asarga ko‘plab publitsistik unsurlarni olib kirgan. 

Erkin Vohidov ijodida shaxs va jamiyat psixologiyasini vobasta aks ettirish yetakchi o‘rin tutadi. Bu borada inson umrining mohiyati, tiriklik ma’nolari bilan bog‘liq badiiy fikr evolyutsiyasini kuzatishga harakat qilaylik.

 

Garchi shuncha mag‘rur tursa ham,

Piyolaga egilar choynak.

Shunday ekan, manmanlik nechun,

Kibru havo nimaga kerak?

Kamtarin bo‘l, hatto bir qadam

O‘tma g‘urur ostonasidan

Piyolani inson shuning-chun

O‘par doim peshonasidan.

Mazkur “Kamtarlik haqida” she’ri 1956 yili yozilgan. Ayni shu davrda yaratilgan “Po‘lat”, “Fursat – oltin…”, “Chumoli”, “Go‘zallik”, “Yo‘q, halovat istamayman” singari qator she’rlarida inson umrining mazmuni, yashash falsafasi g‘oyat rangin ma’no qirralari bilan jilolanadi. Erkin Vohidov lirikasining mavzu va g‘oyalari xilma-xil bo‘lsa-da, ular bir-biri bilan o‘zaro bog‘liq, ularni yagona davr va insonning ijtimoiy falsafiy kontseptsiyasi birlashtirib turadi. Shoir hayot haqidagi lirik-falsafiy mushohadalarida tabiat-jamiyat-inson masalalariga javob izlashga intiladi.

“Kamtarlik haqida” she’rida kamtarlik, olijanoblik fazilatlari insonni komillikka yetaklaydi, degan ma’no ustuvor. Choynak bilan piyola badiiy detallari esa ana shu bosh g‘oyani obrazli ifodalashga xizmat qilayotir. Badiiy fikr umumlashmasi o‘quvchini o‘ylashga, o‘z umrining kechish tarzidan, o‘tayotgan damlardan muayyan xulosa chiqarishga undaydi. 

“Fursat – oltin…” she’rida esa badiiy ma’noning o‘zgacha holatga singdirilgan va rivojlantirilgan tadrijini kuzatish mumkin. Lirik qahramon ayrim tengqurlarining oltinga teng vaqtni huda-behuda sarflayotganidan, har bir daqiqadan samara undirishdek tansiq imkoniyatdan foydalanmayotganidan ko‘ngli halak (“Benaf o‘tgan hayoting uchun vaqt oldida berursan javob”).

Tiriklik – insonga berilgan benazir imkoniyat. Undan qay tarzda foydalanish har kimning sajiyasiga, ma’naviy-aqliy saviyasiga bog‘liq. Bu narsa vaqt va tarix deb atalmish buyuk sinov oldidagi insoniy burchini ado etish mas’uliyati hamdir. Burch va mas’uliyat hissi insonning ma’nan komilligini namoyon etuvchi xususiyatlardan biri. Shoir pand-nasihat yoki da’vat orqali emas, obrazli holatlar tasviri vositasida o‘quvchini fikrlashga undaydi. Ibratli xulosalar chiqarishi uchun asos yaratadi.

“Po‘lat” she’rida esa badiiy ma’no o‘zgacha talqinda tajassum topadi. 

 

“Po‘lat dastavval oybolta bo‘ldi; 

So‘ng zambarak bo‘lib quyildi. 

Qilich ham u, 

miltiq va nagan. 

U bomba ham bo‘lib portlagan”.

Lekin olgan jahonni faqat

Pero bo‘lib quyilgach po‘lat.

 

Inson aqli-tafakkuri cheksiz qudratga, hadsiz imkoniyatlarga ega. U olamni bilish, tushunish va o‘zlashtirish borasida buyuk xilqat. Oyboltani yasay olgan, zambarakni, bombalarni kashf etgan ham inson. Ular Inson aqli mahsuli. Oddiygina pero ham inson tafakkurining mo‘’jizasi. Demak, urush-janjallar, qirg‘in-barotlar yo‘li bilan emas, tinchlik-hamjihatlikda yashab ham inson olam sir-sinoatlarini anglab yetishi, o‘zlashtirishi mumkin ekan. Shoirning oddiygina po‘latni badiiy obrazga aylantirishidan, unga ramziy ma’nolar yuklashidan biz shu taxlit ibratli fikr o‘qiymiz.

Ko‘ramizki, Erkin Vohidov olamni, odamni ko‘rish, anglash hamda anglatishidagi o‘ziga xos ifoda usullari orqali betakror shaxsiyatini namoyon etgan benazir she’riyatini yaratdi. Lirik miniatyuralaridagi (to‘rtlik, sakkizlik, oltilik, ruboiy) falsafiy mushohadakorlik ko‘proq psixologik holatlar, kayfiyatlar hamda o‘ychan manzaralar yaratish orqali voqif topdi (“Go‘zallik”, “Oydin kecha…”, “Surat”, “Manzara” va boshqalar).

Erkin Vohidovning ilk ijodiy uslubida namoyon bo‘lgan kechinmali o‘ychanlik yoxud fikrchan psixologizm shoir lirikasining janrlari tabiatini kengaytirib yubordi. Bu narsa, birinchidan, xilma-xil janrlarda (qasida, ballada, elegiya, she’riy ertak, g‘azal, muxammas, ruboiy, to‘rtlik, sonet) hamda poetik shakllarda (oltilik, sakkizlik, lirik lavha, uchlik, ikkilik singari) inkishof topgan bo‘lsa, ikkinchidan, lirikaning muayyan janrlari (qasida, g‘azal, ballada) tarkibida zuhur etilgan sifat o‘zgarishlaridir.

Shoirning XX asr oxiri XXI asr boshlari lirikasida tasdiq, inkor, iqror singari munosabat turlarining keskin sifat o‘zgarishlardagi ifodasini kuzatish mumkin. Xususan, bu jihatlar shoir lirikasining janrlari tizimini latifa, ertak, rivoyat, naql, ruboiylar hisobiga boyitib, kengaytirib yubordi. “Tirik sayyoralar”, “Donishqishloq latifalari”, “Yaxshidir achchiq haqiqat”, “Qumursqalar jangi” turkumlari misolida kuzatadigan bo‘lsak, shoir she’riyati keyingi yillarda ijtimoiy-falsafiy tahlil hisobiga yanada teranlik, ko‘lamdorlik kasb etdi.

 

Fazolarning qay burchagiga

Fikri bilan yetadir inson.

Ammo ne bor o‘z yuragida

Bilmay o‘tib ketadir inson,

U yashaydi tilsimlar aro,

Har kashfiyot yangi marradir.

Uning o‘zi sirli bir dunyo,

Dunyo esa faqat zarradir.

 

Erkin Vohidov she’rlarida ko‘ngil ko‘zgusida aks etgan ijtimoiy voqelik, borliq o‘z mohiyati, falsafasi, ruhiyati bilan yashaydi. Bu hol shoir she’rlarining aksariyati syujetli ekanligini ta’minlaydi. Hayotbaxsh didaktika davr ruhini idrok etgan holda umrni ezgulikka baxshida etish, go‘zalliklar yaratish fikrini ilgari suradi. 

Millatning ma’naviy-axloqiy, intellektual xislat-fazilatlarini ulug‘lashga, bashariy qadriyatlarni tarannum etishga, tasdiqlashga xizmat qilib kelayotgan shoir badiiyatining o‘zi boqiy qadriyat kasb etdi. Madaniy hayotimizda go‘zallik hodisasi bo‘lib qoldi. Ma’naviy-intellektual kamolotga xizmat qilgan go‘zallikning umri uzoq. Boisi, u hamisha el-yurt ardog‘ida.

 

No‘mon RAHIMJONOV,

filologiya fanlari 

doktori, professor

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 − eleven =