Erkin Vohidov mutoyibalari

Suyukli ustozimiz, atoqli adibimiz Erkin Vohidov o‘zining chuqur falsafalarga boy she’rlari, mutafakkirona xususiyatlari bilangina emas, o‘ta samimiy, o‘ta topqirona mutoyibalari bilan ham muxlislar qalbini zabt etib kelgan. Shularni eslar ekanmiz, Erkin aka, doimo yodimizdasiz, yonimizdasiz, degimiz kelaveradi. 

  

O‘SHA TANISH QOROVUL

Toshkentga endigina ishga kelgan paytlarim edi. Birovnikida ijarada turardim.

Oylik ta’tilga chiqqan Erkin aka butun oilasi bilan Issiqko‘lda dam olib kelishga jo‘nadi, men uyni qo‘riqlab turadigan bo‘ldim. Tirikchiligim uchun sovutkichga to‘ldirib tashlangan xilma-xil noz-ne’matlarning yarmini yeb ulgurmasimdan ular sayohatdan qaytib kelishdi.

Bir-ikki oydan keyin ustozni ziyoratlab borsam, hali maktab yoshiga yetmagan kenjatoyi Fozilaxon men bilan juda bo‘lakcha quvonib ko‘rishdi.

– Bu qizimning sevinchi ichiga sig‘may turipti hozir, — deya yelka uchirib kuldi Erkin aka. – Sizni uzoqdan ko‘riboq, menga qarab, dada, yana Issiqko‘lga boramizmi, deb so‘radi.

 

TINIB-TINCHIMAGAN IT

Ardoqli shoirimiz Erkin Vohidov o‘tkir-o‘tkir asarlarining orqasidan eski tuzumning tazyiqlariga uchragani, necha-necha tanqidlarga duchor bo‘lgani ko‘pchilikka ma’lum. U kishi bunday g‘ala-g‘ovurlarga parvo qilmayotgandek bo‘lib yursa-da, yuragiga ma’lum darajada jarohat yetganini ba’zi bir so‘zlaridan payqab olish qiyin emasdi.

Ijodiy safarlardan birida ustoz bilan bitta xonada tunaydigan bo‘ldik. Vaqt yarim kechadan og‘ib boryaptiki, tashqarida bir ko‘ppak tinimsiz vovullayverdi. Shunda Erkin aka bosiq tovushda asta so‘z qotdi:

– Qiziq! Bu halovatsiz it qaysi arslonning kitobini tanqid qilyaptiykin?!

 

MUXLIS

Bir kuni Erkin akani yo‘qlab, uyiga bordim. Picha suhbatlashib o‘tirdik. Qaytayotganimda meni kuzatishga chiqib, bodring ekishga tomorqam bo‘lmasayam, mana, oltiariqlik ekanimni bildirib, darvozaning yoniga uzum ekib qo‘ydim, deb maqtandi. Bir qarashdayoq bildim, bu – daraxtlarga ilashib bo‘lsayam meva qilaveradigan jaydari uzumlardan. 

Erkin akaga buni yotiqroq tarzda shamalab, bu juda g‘alati uzum, mevasi shirin bo‘lmasayam, tomiri bolalab, muxlislaringiz singari tobora ko‘payib boraveradi, dedim.

Oradan ikki oycha o‘tgach, Erkin aka uyushmamizdagi bir majlisda oldimga kelib dedi:

– Darvozamizning yonidagi uzumni muxlisingiz deb to‘g‘ri aytgan ekansiz, shekilli. Yozda ko‘cha tomondagi derazamizning fortochkasi ochiq turadi, uzumning bitta shoxi shu joydan ichkariga kirvolib, yangi yozayotgan she’rlarimni peshma-pesh o‘qib boryapti.

 

MASALANING MOHIYATI

Erkin aka deputatlik paytida tegishli tumandagi saylovchilar bilan yig‘ilish o‘tkazdi. 

– Sizga bir arzimizni aytmoqchiman, – deb qoldi saylovchilardan biri. – Qo‘shni mahallada artizon suvi bor, bizda yo‘q. To‘rt yuz metrgina quvur tortilsa, ish bitadi-qoladi, lekin sho‘rolar davridan beri shu masala hal bo‘lmay turibdi.

Shunda Erkin aka kulimsirab mutoyiba qildi:

– O‘sha to‘rt yuz metr quvur muammosini o‘zimiz hal qila qolaylik deb, yurtimiz ataylab mustaqil bo‘ldi. Bu ishni mana endi bitiramiz-da!

Ko‘p o‘tmay, bu yumush bitdi.

 

O‘ZINI O‘ZI QIDIRISH

Erkin aka bilan yoshlar nashriyotida birga ishlardik. Bir tanishi to‘yga aytgan ekan, yuring, tekinga tushlik qilib kelasiz, deb meni ham birga olib boradigan bo‘ldi. Garajdan mashina chaqirsa, buzilgan joyini haydovchi hali tuzatib ulgurmagan ekan, mayli, avtobusda boraqolamiz, dedi.

Avtobusga chiqib, orqaroqdagi o‘rindiqqa o‘tirib-o‘tirmasimizdanoq, oldimizda konduktor ayol paydo bo‘ldi. Pulimizni olib, chipta yirtib uzatarkan, Erkin akaga tikilib boqib, xuddi Erkin Vohidovga o‘xsharkansiz, dedi.

– Men akasi bo‘laman, — deya ayolga jiddiy qiyofada yuzlandi Erkin aka. – Bir haftadan beri uyga kelmayapti, deb xotini arz qilganidi, mana, o‘sha Erkinboylaringni ertalabdan beri axtarib yuribman. 

 

EHTIROM IFODASI

Farg‘onadagi anjumandan qaytayotib, Oltiariqdan o‘tayotganimizda, mashinani chetga oldirib, Erkin akani yo‘l yoqasidagi oshxonaga boshladim:

– Oltiariqqa kelganlar bu yerning mashhur somsasini yemasdan ketmaydi.  Keling, shundan ikkita-ikkita tatib ko‘raylik. 

Oshxona birdan bayramga aylanib ketdi. Xo‘randalar birma-bir kelib, suyuklidan suyukli shoiri bilan quchoqlashib ko‘rishishga tutindi. Hatto bolalar derazadan mo‘ralab, somsa yeyishimizni tomosha qila boshlashdi. Shunday mashhur odam ham ovqat yer ekan-da, deb o‘ylashgani aniq.

Qo‘zg‘alayotib, pul bersak, somsapaz olmasdan turvoldi. Bundan, Erkin akaning yana hazilkashligi qo‘zidi:

– Shuni oldinroq aytmaysizmi, ukajon. Bilganimizda, somsani ikkitadanmas, to‘rttadan buyurardik. 

ERKAKCHILIK

Nashriyotdagi bir xodimimizning to‘yiga bordik. O‘tirish uzoqqa cho‘zildi. Sheriklarimizdan biri bezovtalanib, men uyga bormasam bo‘lmaydi, xotinim betobroq, deb joyidan qo‘zg‘aldi. U chiqib ketgach, boshqa sherigimiz Erkin akaga o‘girilib hiringladi:

– Yolg‘ondan bahona qildi, uyga kech borishga xotindan qo‘rqadi. Erkak degani, mana, bizdaqa bo‘lishi kerak, “gah” desak, xotin ship etib qo‘lga qo‘nadi.

– Gapingizga to‘liq ishonaman, – deb miyig‘ida jilmaydi Erkin aka. – Xotinni mensimasligingizni tunov kuni oshxonada ovqatlanganimizda, ofitsiant qizga pulni paypog‘ingizning ichidan olib berganingizdayoq fahmlagan edim.

 

Anvar OBIDJON,

O‘zbekiston xalq shoiri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eleven − 4 =