Rangin lahzalar

Yorqin iste’dodlar o‘z asarlari bilan xalqni uyg‘otadi, mudroq qalblarga yorug‘lik baxsh etadi. Ayniqsa, she’riyat nazokati va teranligi bilan qalblarni to‘lqinlantiradi, o‘ylar fazosiga ko‘taradi. Charchagan ruhlarga orom baxsh etsa, yaralangan ko‘ngillarni kurashchanlikka undaydi. Shundanmi, har bir davrning o‘z kuychilari, shoirlari bo‘ladi, albatta.

 

Oltmishinchi yillarda she’riyat osmonida yorqin yulduzlar porlay boshladi. Ular Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi… edi. Bugun bularning o‘ziga xos, betakror she’riyati adabiy maktab bo‘lib qoldi.

She’riyatimizning mazkur namoyandalari bilan biz mansub avlod ham tanishganmiz, she’rlaridan, diydoridan, dilrabo suhbatlaridan bahramand bo‘lganimizdan g‘oyat baxtiyormiz.

Kamina Erkin Vohidovning o‘zidan oldin she’riyatini taniganman. Shoirning ilk kitobi “Tong nafasi” she’riyatimizga yangi nafas olib kirgan edi. Shu bois u qo‘lma-qo‘l, dillardan dillarga, tillardan tillarga ko‘chib yutoqib o‘qilgan, she’ri o‘z muxlislarini orttirgan, hayrat olamiga yetaklagan.

Yana biz yoshlarni yayratgan “Yoshlik devoni” kitobi edi. Garchi kitob qattiq muqovada chop etilgan bo‘lsa-da, qo‘lma-qo‘l o‘qilaverganidan muqovasi o‘ngib, titilib-titilib ketgan edi. Kitobdagi she’rlar aruz vaznida yozilgan esa-da, aruzning yangilanishi bilan hayrat olamida qushdek uchib yurganmiz. Ana shundaylardan biri “O‘zbegim” nomli qasida edi.

 

Menga Pushkin bir jahon-u, 

menga Bayron bir jahon,

Lek Navoiydek bobom bor, ko‘ksim osmon, o‘zbegim, —

kabi satrlari ne-ne ko‘ngillarni junbushga keltirgan.

“Qayga borsam boshda do‘ppim, g‘oz yurarman gerdayib” satri esa har bir o‘zbekning g‘ururini uyg‘otgan edi.

Shoirning “Tirik sayyoralar” nomli kitobidagi “Arslon o‘rgatuvchi”, “Zangori shu’lalar”, “Ko‘cha chetidagi ayol”, “Sharqiy sohil” kabi bir qancha she’rlaridagi ruh baquvvatligi va rang tasvirlari yangi ohangi ila jahon she’riyati bilan bo‘ylasha olgan, hatto o‘zib ketgan edi, nazdimda.

Erkin Vohidovning “Nido”, “Ruhlar isyoni” dostonlari, “Istanbul fojeasi” she’riy dramasi o‘tli harorati bilan, shuningdek, badiiy yuksakligi ila she’riyatimizda eng barkamol asarlari sirasidan joy olgan.

Shoirning “Oltin devor” komediyasi sahnada juda ko‘p qo‘yilgan, xalqqa zavq-shavq baxsh etgan asardir.

Erkin Vohidov tarjima bo‘yicha o‘ziga xos maktab yaratgan ijodkordir. U Rasul Hamzatovning “Mening Dog‘istonim” asarining bir necha bobini o‘zbekchaga o‘girib “Guliston” jurnalida e’lon qilganida, katta shov-shuvlar hamon qulog‘imiz ostida jaranglaydi. Yana R.Hamzatovning “Ona tilim” nomli she’rining tarjimasi ham she’r ruhiga kirib go‘zal tarjima etilganligi she’rxonni larzaga solgan.

Sergey Yesenin she’riyati “originalidan ham nafis, jozibali tarjima bo‘lgan” deya o‘quvchilar tomonidan e’tirof etilgan. “Faust”dek qasr ustunlaridan o‘zbek zaminida tiklanadigan inshoot sodda va jo‘n bo‘lib qolmaydimi, degan andishani qildim. Yana bir andisham “Faust” yaratilgan zamon va makon ruhini bera olamanmi degan xayol bo‘ldi”, deya yozadi Erkin Vohidov “Faust” asarining har ikki qismini tarjima qilib, nashr etilgan kitobida. Ha, ming andisha bilan qilingan tarjima badiiy yetukligi va asar ruhining barkamolligi ila kitobxonni hamon hayajonlantirayotir, asar qayta-qayta nashr etilayotir. 

Atoqli shoir Erkin Vohidovdan yana bir o‘lmas “So‘z latofati” degan kitob qoldi. Bu kitob nafaqat o‘zimizda, chet mamlakatlarda ham zo‘r qiziqish uyg‘otayotir. Zotan, yaxshi asarning umri va dong‘i hudud bilmaydi.

Ulug‘ shoir, buyuk tarjimon, davlat arbobi Erkin Vohidovning serqirra ijodiga nazar tashlab, ustoz bilan tanishganim, birga ishlaganim, dilbar suhbatlar qurganim yodimda. Erkin akani men ilk bor 1970-1971 yillarda (nazarimda, “Faust”ni tarjima qilayotgan paytlarida), O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Do‘rmon” ijod bog‘ida, olmazorlar orasida xayol surib yolg‘iz o‘tirganida ko‘rgandim. Afsus, yurak yutib, oldiga borolmagan edim (keyin bilsam, sodda va samimiy inson ekanlar). 

Keyinchalik ustoz bilan bir jamoada ishlash, shaxmat donalarini surish ham nasib etdi. Kamtarin inson, mehribon do‘st sifatida u kishidan ko‘pgina fazilatlar bizga meros bo‘lib qoldi.

Bir kun farg‘onalik adabiyotshunos olim Yo‘ldosh Solijonov, Ismoil Mahmud va kamina endigina kasalxonadan chiqqan Erkin akani ko‘rgani bordik. Ustoz bizni xursand kutib oldi. Suhbatimiz sihat-salomatlik va adabiyot haqida qizib ketganida Dadaxon Nuriy boylam-boylam Erkin Vohidovning jildlik kitoblari bilan kirib keldi. 

“Sharq” nashriyoti matbaa aktsiyadorlik kompaniyasi tomonidan nashr etilayotgan kitoblarning 1- va 2- jildlari ekan. Erkin aka, xirmonning ustidan chiqdik, hammamizga o‘z qo‘lingiz bilan berasiz-da, dedik xursand bo‘lib. Boylamlar kesilib, ikki nusxadan ustoz qo‘lidan kitob olib, o‘zimizda yo‘q ortga qaytdik.

 

Tursun ALI

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

six − 6 =