PUBLITSISTNING JASORATI

Erkin Vohidov o‘zbek she’riyatida betakror maktab yaratganligi allaqachon e’tirof etilgan. Taniqli ijodkor badiiy publitsistika janrida ham munosib o‘ringa ega ekanligini ta’kidlash darkor. U kishi noshirlik sohasida faoliyat yuritadimi, qonun ijodkorligi yo‘nalishida mehnat qiladimi, qaerda bo‘lmasin, yon-atrofda ro‘y berayotgan voqealarga munosabat bildirishni o‘zining fuqarolik burchi deb hisoblardi.

 

Ayniqsa, bir palatali Oliy Majlis idorasida va keyinchalik parlamentning Senati dargohida professional qonun yaratish ishlari bilan shug‘ullanganlarida o‘zbek tilining sofligi, xalqimiz uchun tushunarli bo‘lish yo‘lida samarali ish yuritganligi e’tiborga sazovordir.

“O‘zbekiston Respublikasining qonuni toza qog‘ozga avvalo o‘zbek tilida yozilishi, so‘ng ruschaga tarjima qilinishi kerak” degan so‘zni ustoz ko‘p takrorlardilar. Negaki, mustaqillikning ilk davrida buning aksi bo‘lganligi, bu borada qonun tilini yaratishning yangi so‘qmoqlari ochilgani shak-shubhasizdir.

Kechagidek esimda, Erkin aka o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kunning nishonlanishi arafasida tilimiz rivojidagi dolzarb muammolar yechimiga bag‘ishlab jonkuyarlik bilan, asosan tanqidiy maqolalar bilan chiqish qilardilar. Adibning umri oxirlarida yaratgan “So‘z latofati” kitobidagi e’tiborli fikrlar ko‘p yillar mobaynida qog‘ozga tushirilganiga kamina guvoh.

O‘zaro suhbatlarda, xizmat yuzasidan muloqot qilganimizda Erkin aka “Haqiqiy jurnalist har bir maqolasida hammaga ma’lum gaplarni takrorlayvermasdan, gazetxon yoki kitobxonga nimadir yangi gap aytishi kerak” degan qoidani qulog‘imizga quyardilar. Eng muhimi, o‘zlari hamisha bu talabga rioya qilib, ibrat bo‘lardilar.

Erkin Vohidov o‘zbek jurnalistikasida muhim bir o‘zgarish, ta’bir joiz bo‘lsa, tub burilishga sababchi bo‘lganlarini hamma ham bilavermasa kerak. O‘sha holatlardan uncha-muncha xabardor bo‘lganligim uchun u haqda batafsil hikoya qilishga jazm etdim.

2002 yilning bahorida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov AQSh davlatiga rasmiy tashrif buyurdi. Delegatsiya tarkibida Oliy Majlisning Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi Erkin Vohidov ham bor edi. Mazkur davlat tashrifi dunyo ommaviy axborot vositalarida, xususan, O‘zbekiston matbuotida ham keng yoritildi. Birinchi Prezidentimiz Amerika Qo‘shma Shtatlarining o‘sha paytdagi Prezidenti Jorj Bushning taklifiga binoan AQShga rasmiy tashrifi davomida oliy darajadagi muzokaralar hamda vazirlik va idoralar, AQSh Kongressi Senati va Vakillar palatasi a’zolari, ishbilarmon doiralar va jamoatchilik vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Tashrif bo‘lib o‘tgandan keyin ham AQShlik siyosat arboblari — Genri Kissenjer va Nyu-York shahri meri Maykl R.Blumberglardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar g‘oyat katta mamnuniyat baxsh etganligi haqida maktublar keldi va ushbu nomalar “Xalq so‘zi” sahifalarida e’lon qilindi.

Oradan ma’lum vaqt o‘tgandan keyin mazkur tashrif ishtirokchisi Erkin Vohidov “Xalq so‘zi”da bir sahifalik maqola bilan chiqish qildi. “Tashrif. Tarix. Taqdir” sarlavhasi bilan chop etilgan maqola mamlakatimizning barcha soha vakillari tomonidan zo‘r qiziqish bilan kutib olindi. Ko‘p yillar mobaynida Amerika zaminida bir necha bor bo‘lgan, bu safar davlat rahbari bilan rasmiy delegatsiya tarkibida ummon ortidagi mamlakatga borib kelgan insonning nigohidagi Amerika hammaga qiziq tuyulgandi.

Erkin aka ushbu maqolani shaxsan o‘zlari tahririyatga olib keldilar va gazeta sahifalanish jarayonida jurnalistlar bilan baqamti ishladilar. Har bir xatboshi, har bir jumlani qayta-qayta o‘qib, ko‘ngillari to‘lmasa, qaytadan tahrir qilar, bu haqda fikrimizni so‘rardilar.

Bilasiz, rasmiy tashriflar haqidagi materiallar asosan protokol tilida bo‘lib, har qanday ehtirosdan yiroq bo‘ladi. Lekin Erkin Vohidov, garchi o‘zi rasmiy lavozimda ishlasa-da, ko‘nglidan kechgan o‘y-andishalarni, qalb hayqirig‘ini yozmasdan turolmasdi. Qarang, maqolaning birinchi ustunidagi tug‘yonli satrlarni o‘qiylik: “Nyu-York, Vashington dahshati dunyoning ko‘zini ochdi. Jaholat naqadar qudratli kuchga aylanishi ayon bo‘ldi. 

Ayon bo‘ldi, deymanu inson tabiatining ojizligini o‘ylayman. Ajabo, aqlu idroki shu qadar yuksaklikka ko‘tarilgan inson, tarix saboqlarini o‘tgan, ming yillarning sarhisobini qilgan inson nega falokat o‘z boshiga kelmaguncha xotirjam yurarkin? Nega o‘zidan nariroqda yonayotgan o‘tga beparvo qararkin? Ertaga mening ham uyim yonishi mumkin, deb o‘ylamasmikin? Olis sayyoralargacha borib yetgan tafakkur shu qadar ojizmi?”

Erkin Vohidov o‘z Prezidenti AQShday ulkan mamlakat rahbari bilan teng turib gaplashishidan g‘ururga to‘ladi. Bu iftixorni quyidagicha ifodalaydi: “O‘zbekistonning qadrini va qaddini ko‘targan yana bir buyuk omil bor. Bu mehnatkash, sabr-bardoshli, g‘ururli xalqimizdir. Shunday xalqning rahbarigina dunyoning eng qudratli davlatlarida ham mag‘rur bosh ko‘tarib, ishonch bilan so‘zlashi, tenglar ichida tenglardek munozaralar qilishi mumkin”.

Gazetani sahifalash jarayonida uni navbatchi muharrir, o‘sha songa tayinlangan ijodiy xodim ketma-ket sinchiklab o‘qib chiqishadi. Biz bilan bir vaqtda o‘sha paytda Davlat matbuot qo‘mitasi inspektsiyasi xodimlari ham nazorat tartibida o‘qir va biror e’tiroz bo‘lsa, maslahatga kelishardi. Bu idoraning mas’ul xodimi Erkin Komilov sahifaning ayrim satrlariga qizil chiziq tortib, bizga ishora qildi. “Yurtimizda demokratik qadriyatlar to‘la qaror topdi, deya da’vo qilsak mubolag‘a bo‘ladi. Ayniqsa, so‘z erkinligi borasida qilajak ishlarimiz ko‘p”.

“Qarang, — deya mulohaza bildirdi E.Komilov, — Prezident bilan safarga borgan odam bizda demokratiya yo‘q, desa va buni gazetada yozib chiqsa, men bilmadim, o‘zlaring o‘ylab ko‘ringlar”. Biz, rostdan ham, o‘ylanib qoldik. Axir shu idora rozi bo‘lib, sahifaga muhr bosmasa, gazetani tsexda chop etishmaydi. Amaldagi tartib shunaqa. 

Biz inspektsiya talabini Erkin Vohidovga aytdik. Muallif shu bitta fikr chiqmasa, chiqmas, qisqartib qo‘ya qolinglar, desa kerak, deb o‘ylagan edi. Unday bo‘lmadi. Yo‘q, shu jumla o‘zgartirilmasin. Agar gazetada chiqqandan keyin kimdir e’tiroz bildirsa, menga havola qila qolinglar, o‘zim javob beraman, dedilar. Inspektsiyaga muallif fikrini aytdik. U kishi qizil qalamda sahifaga “E.Vohidovning mas’uliyatiga” deb yozib rozi bo‘ldi. O‘sha muammoli jumla o‘zgarmasdan chiqdi.

Natija nima bo‘ldi, deysizmi? Natija hech kim kutmaganday bo‘ldi. Oradan bir necha kun o‘tgach, 9 may — Xotira va Qadrlash kuni nishonlandi. Bayram o‘tkaziladigan joyga O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti tashrif buyurdi. Tantanalar o‘tkazilgandan so‘ng davlatimiz rahbari bu yerga tashrif buyurganlar bilan suhbatlashdi. Islom Abdug‘anievich Erkin Vohidovga yuzlanib: “Biz Sizni zo‘r shoir sifatida bilardik, endi bilsak, zo‘r siyosiy sharhlovchi ham ekansiz, Amerika taassurotlarini maza qilib o‘qidim”. Bu maqtovdan Erkin aka xijolat tortib turgandilar, Yurtboshi savol berdilar: “Maqolangizning bir joyida hali bizda demokratik qadriyatlar to‘la qaror topmagan, so‘z erkinligida ham qilinadigan ishlar ko‘p, debsizmi? Nima qilish kerak to‘la qaror topishi uchun?”

Erkin aka xotirjamlik bilan eshitib: “Xuddi mana shu jumlalar muammoga aylandi. Uni o‘z mas’uliyatimga olib, bazo‘r saqlab qoldim. Shu holning o‘zi hali bizda demokratiya, so‘z erkinligi to‘liq g‘alaba qilmaganligiga misol emasmi?” Prezident bu gapdan hayratga tushib “Sizday odamga e’tiroz bildirishdimi? Axir, “Matbuotda tsenzuraga yo‘l qo‘yilmaydi” degan so‘zlarni o‘z qo‘lim bilan yozib qo‘yganman-ku. Kim o‘zi e’tiroz bildirgan?” Prezidentga shunday tushuntirishdi: “To‘g‘ri, tsenzura yo‘q, lekin eski tuzumdan qolgan “inspektsiya”ni hech kim bekor qilmagan”. 

Ertasi kuni tahririyatlarga Davlat matbuot qo‘mitasi raisi keldi. Yangilik e’lon qilindi: “Endi hech qanday inspektsiya bo‘lmaydi, matbuot to‘g‘risidagi qonunlarga asoslanib, bemalol, erkin fikringizni yozavering”.

Shunday qilib, Erkin Vohidovning publitsist sifatidagi jasorati tufayli ijodkorlar yo‘lidagi to‘siq olib tashlandi.

 

Shuhrat JABBOROV

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

10 − three =