Huquqiy madaniyat ko‘zgusi

“…Xalqimiz hamma narsadan ustun qo‘yadigan adolat tuyg‘usini hayotimizda tom ma’noda qaror toptirish eng asosiy vazifamizga aylanishi shart. Biz barpo etayotgan huquqiy davlatda adolatsizlikning hech qanday ko‘rinishiga yo‘l qo‘yilmasligi darkor. Nega deganda, odamlar hamma narsaga chidashi mumkin, lekin adolatsizlikka chiday olmaydi. Bu chuqur ma’noli so‘zlar bugungi kunda har qachongidan ham ko‘ra muhim va dolzarb ahamiyat kasb etayotganini sezish, anglash, albatta, qiyin emas”. 

Shavkat MIRZIYOEV, 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

 

Mamlakatimizda keyingi qisqa davr ichida xalq farovonligi, inson manfaatlari yo‘lida amalga oshirilayotgan, islohotlar natijasida yurtdoshlarimizning yillar davomida yechilmay qolgan muammolari yechimini topmoqda, davlatimiz iqtisodiyotida muhim ahamiyat kasb etuvchi kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi asossiz to‘siqlar bartaraf etilmoqda.

2016 yilning 25 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining virtual qabulxonasi tashkil qilingani, o‘tgan davr mobaynida respublikamiz bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslardan 311 mingdan ziyod murojaat kelib tushgani hamda ularning aksariyati ijobiy yechimini topganini, 2016 yil 28 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Xalq qabulxonalarini tashkil etish to‘g‘risidagi farmonining qabul qilinishi, 2017 yilning esa “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilingani fikrimizni yaqqol tasdiqlab turibdi. 

Davlatimiz rahbarining har bir chiqishi, ma’ruzasida shunday ustuvor vazifalar belgilab berilmoqdaki, ularning ijrosini ta’minlash, shubhasiz, mamlakatimizda oliy maqsadlarimizdan biri bo‘lgan huquqiy demokratik davlat, fuqarolik jamiyatini qaror toptirish va mustahkamlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. 

Mana shu islohotlarning mantiqiy davomi o‘laroq, joriy yilning 7 yanvar kuni respublikamizda birinchi marotaba nishonlanayotgan O‘zbekiston Respublikasi Prokuratura xodimlari kuni munosabati bilan davlatimiz rahbari bir guruh soha xodimlari bilan uchrashdi. Poytaxtimizdagi muhtasham Simpoziumlar saroyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Prezidentimiz soha xodimlarini kasb bayramlari bilan qutlash barobarida, sohada erishilgan yutuqlarni e’tirof etib, istiqboldagi dolzarb vazifalar xususida alohida to‘xtalib o‘tdi.

Tahliliy-tanqidiy hamda ochiq muloqot shaklida o‘tkazilgan uchrashuv davomida davlatimiz rahbari prokuratura organlarining respublikamizda qonun ustuvorligini ta’minlash, huquqiy madaniyatni yuksaltirishdagi o‘rni va rolini takror va takror ta’kidlar ekan, buning zamirida farovon hayot, huquqiy davlat, fuqarolik jamiyati asoslari, bir so‘z bilan aytganda, inson manfaatlari yotganligiga alohida e’tibor qaratdi. Shundan kelib chiqqan holda davlatimiz rahbari prokuratura organlari oldiga barcha yo‘nalishlarda, xususan, fuqarolarning ijtimoiy huquqlarini ta’minlash, onalik va bolalikni himoya qilish, reproduktiv salomatlikni mustahkamlash, aholini ijtimoiy himoya qilish, bandlikni ta’minlash, shuningdek, yoqilg‘i va energetika resurslaridan oqilona foydalanish sohasida prokuror nazoratini yanada kuchaytirish, shu bilan birga, ish haqi, pensiya va nafaqalar to‘lanishini kechiktirish, mehnat va ijtimoiy huquqlarning buzilishiga nisbatan o‘ta murosasiz bo‘lish, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatida qonuniylik hamda alohida himoyaga muhtoj bo‘lgan, kam ta’minlangan va ko‘p bolali oilalarga nafaqa ta’minlashda ijtimoiy adolat printsipini ta’minlash masalalari yuzasidan aniq vazifalar belgilab berdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 118-moddasiga muvofiq, respublikamiz hududida qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish prokuratura organlari zimmasiga yuklatilgan. Demak, bunday sharafli vazifa, konstitutsiyaviy mas’uliyat prokuratura organlari zimmasiga ishonib topshirilgan ekan, sohaning har bir xodimi bugungi kun talabiga mos bo‘lishi, mas’uliyatni to‘g‘ri anglay va baholay olishi zarur. 

Ma’ruzani o‘rganar ekanmiz, unda ilgari surilgan oliy maqsadlarga erishish yo‘lida quyidagi ustuvor masalalarga e’tibor qaratish lozim.

Birinchidan, qonuniylikni ta’minlash, qonun ustuvorligiga erishish tushunchalari mazmun-mohiyatini chuqur anglash, to‘g‘ri talqin qilish hamda uni ta’minlash mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqish lozim bo‘ladi. Bu jarayonda mavjud vaziyatga tahliliy hamda tanqidiy yondashuv asosida barcha yo‘nalishlarda qonun ustuvorligini ta’minlash borasida shunday tavsiyalar ishlab chiqish kerakki, ularni amalga tatbiq etish mumkin bo‘lsin, qolaversa, respublikamizdagi barcha prokuratura xodimlari uchun dasturilamal sifatida xizmat qilsin. Mazkur vazifa doirasida, albatta, yetuk kadrlar tomonidan erishilgan boy tajribalarni ommalashtirish ham nazarda tutiladi. Demak, ushbu bosqichda tahlil, tanqid, tavsiya hamda tatbiq masalalariga alohida e’tibor qaratilib, shu asosda qonuniylikni ta’minlash mexanizmlarining yanada samarali ishlashiga zamin yaratiladi.

Ikkinchidan, davlatimiz rahbari ta’kidlab o‘tganidek, huquqbuzarliklar kelib chiqqanidan so‘ng uning oqibatlarini bartaraf etish masalasidan ko‘ra, endilikda uning sabab va sharoitlarini o‘rganish asosida huquqbuzarliklarning oldini olish choralariga e’tibor yanada kuchaytirilmog‘i lozim. Bunda huquqbuzarlikni sodir etgan fuqaroning shaxsi, yoshi, ijtimoiy kelib chiqishi, huquqbuzarlikka undagan sabablar, sharoit, unga ta’sir etgan boshqa barcha omillar chuqur o‘rganilishi, tahlil qilinishi zarur bo‘ladi. Bunday maqsadga, albatta, ochiq muloqot orqali erishish mumkin. Mazkur yondashuv orqali yurtdoshlarimizning xavfsizligini yanada samarali ta’minlashga erishiladi. Albatta, bu sharafli vazifa uchun keng jamoatchilik, faollar, o‘zini o‘zi boshqarish organlari jalb etilishi kerak.

Uchinchidan, Prezidentimiz qayd etib o‘tgan xalqimizning siyosiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, darhaqiqat bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi. Mazkur yo‘nalishda 1997 yil 29 avgustda qabul qilingan jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish milliy dasturini bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda takomillashtirish ayni muddao bo‘lar edi. Ma’lumki, Konstitutsiyamizning 20-moddasida fuqarolar o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxs¬larning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquq¬lari va erkinliklariga putur yetkazmasliklari shartligi belgilab qo‘yilgan. Fuqarolar tomonidan o‘zlarining mazkur burchlarini bajarilishiga erishish huquqiy madaniyatning asosini tashkil qiladi, albatta. Bu borada, prokuratura organlari, avvalo, o‘zlari siyosiy ong va huquqiy madaniyatning ko‘zgusi bo‘lishlari, shu bilan birga, ushbu jabhada keng ko‘lamli targ‘ibot ishlarini amalga oshirishlari lozim. Bu esa, o‘z navbatida, huquqbuzarliklarning sabab va sharoitlarini bartaraf qilishda ham muxim ahamiyat kasb etadi. 

Uchrashuv davomida Prezidentimiz prokuratura organlari oldida turgan yana bir dolzarb vazifa xususida shunday dedi: “…fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish, xalq bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, sodda qilib aytganda, el-yurt ichiga kirish, uning dardi va tashvishi bilan yashash prokurorlarning eng dolzarb vazifasiga aylanishi zarur”. Mazkur vazifa Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida ayni muddaodir. Bunday vazifaning qo‘yilishi, albatta, prokuratura organlarini xalq bilan yanada yaqinlashtirishni ko‘zda tutadi. 

Mazkur vazifalarning samarali bajarilishi, qonunchilik tashabbusiga ega sub’ekt sifatida prokuratura organlarining qonunlarni yanada takomillashtirish yo‘nalishidagi faoliyatini yangi bosqichga ko‘taradi. 

 

Ahmad ISMOILOV,

Inson huquqlari bo‘yicha 

O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi 

direktori o‘rinbosari

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

8 + 12 =