Yuksak fazilatlar sohibi

ULUG‘LAR ZIKRIDA 

Bobomiz Zahiriddin Muhammad Bobur nomi bilan har qancha faxrlansak arziydi. O‘zbek xalqining dovrug‘ini dunyoga taratgan ulug‘ ajdodlarimizdan biri o‘laroq, ul zot bizni tariximizni qadrlashga, kelajakka buyuk ishonch bilan qarashga o‘rgatadi. 

Zahiriddin Muhammad Bobur kabi mumtoz insonlarni dunyoga bergan xalq hech qachon xor bo‘lmaydi, muqarrar tarzda saodatga erishadi.

Islom KARIMOV, o‘zbek davlat arbobi

 

 

Bog‘i Bobur — Kobul shahrining bir chekkasida, eski shahar bilan yangi shahar o‘rtasida, Sherdarvoza nomli tepalik yonbag‘ridadir. Bog‘ning maydoni bir necha gektar bo‘lib, atrofi kungurador devor bilan qurshalgan. Ko‘cha tomondan kiraverishda katta darvoza bor. Aytishlaricha, bu darvoza hamma vaqt barchaga ochiqdir…

Tepalikka keng zinapoyadan chiqiladi. Chap tomonda katta tosh hovuz, o‘ngda esa Boburning pannevarasi Shahobiddin (Hindiston podshosi Shoh Jahon) 1646 yili qurdirgan oq marmar masjid bor. Shahobiddin o‘sha yili Balx va Badaxshonni bosib olgach, Kobulda ham talay vaqt turib, 40 ming rupiya xarajat bilan shu masjidni qurdirgan…

Zinalardan yana yuqori ko‘tarilib, Bobur maqbarasi qurilgan supaga qadam qo‘yasiz. Maqbara tomi to‘rtta ustunga o‘rnatilgan. Sag‘ananing bosh tomoniga marmar lavha qo‘yilgan. Unga Bobur sharafiga madhiyalar va uning faoliyatidan ma’lumotlar yozilgan. Lavhalarni Akbarshohning o‘g‘li Nuriddin Jahongir 1607 yilda yozdirgan ekan. 

Sag‘ana boshiga tik o‘rnatilgan tosh lavhada mana bu satrlarni o‘qidik: 

“Podshohni, uning taxtidan nuri Alloh sochilur edi,

Ular Zahiriddin Muhammad Boburshoh edi.

Ulug`vor va davlatli va iqbolli va odildor va dindor,

Sipohlari tavfiqli va fayzli va fotih edi.

Olam jismni qo`lga oldi va ravshan bo`lib ravon bo`ldi”.

(Hamidulla Hasanovning “Sayyoh olimlar” kitobidan)

 

Bobur — dilbar shaxs, Uyg‘onish davrining tipik hukmdori, mard va tadbirkor odam bo‘lgan. U san’atni, adabiyotni sevardi, hayotdan huzur qilishni yaxshi ko‘rardi. Uning nabirasi Akbar yana ham dilbarroq va ko‘p yaxshi fazilatlarga ega bo‘lgan. Mard, jasur, iste’dodli lashkarboshi, rahmdil, shafqatli, idealist va xayolparast, shu bilan birga, u harakatchan, o‘z ishini davom ettiruvchilarning sadoqatiga sazovor bo‘lish uchun intiluvchi odam bo‘lgan.

Javoharla’l NEHRU, hind davlat arbobi

 

Jahon madaniyatiga o‘zining boy merosi bilan ulkan hissa qo‘shgan Zahiriddin Muhammad Boburning asarlari mana 500 yildan ortiq davr mobaynida xalqimizning ma’naviy yuksalishiga, uni dunyoga tanitishga xizmat qilib kelmoqda.

Boburning shoh asari — “Boburnoma” turli soha olimlari uchun qimatli manba bo‘lish bilan birga, milliy ma’naviyatimizning noyob durdonasi sifatida xalqimiz tafakkurining o‘ziga xos jihatlari, ko‘hna qadriyatlarimiz, shonli tariximizni bamisoli tiniq ko‘zgu kabi aks ettirib turadi.

Saidbek HASANOV, 

filologiya fanlari doktori, professor

 

Zahiriddin Bobur — Sharqdagi Uyg‘onish davrining eng atoqli siyosiy va madaniy arboblaridan biridir.

Sergey TOLSTOV, rus sharqshunosi

 

Boburning xotiralari bir askarning harbiy yurish va chekinishlari haqidagi oddiy kundalik daftar emas; bu xotiralarda Sharq adabiyotini juda yaxshi bilgan, nozik va bilimdon kuzatuvchi, odamlarni sinchiklab o‘rganadigan, ular haqida xolis va odil fikr yurita oladigan mutaassir qalb egasining dunyo haqidagi shaxsiy taassurotlari va nozik fikrlari berilgan. 

Uning o‘z qiyofasini chizishdagi samimiyligi, fazilat va nuqsonlarini ham mardona tasvirlashi, ochiqko‘ngilligi, haqqoniyligi va ajoyib hazilkashlik tuyg‘ulari bu go‘zal xotiralarning qadri va ahamiyatini yanada oshiradi.

Leyn PUUL, ingliz boburshunosi 

 

Har qanday sinovga bardosh bera oluvchi, iroda va matonatni mujassamlashtirgan bu zot o‘zida harbiy hiyla va jasoratni uyg‘unlashtira olar, zarur bo‘lganda jazolashga ham, afv etishga ham qodir edi; u iste’dodli harbiy arbob va ishning ko‘zini biladigan, qo‘shinlarni mohirlik bilan boshqara oladigan, ularning ishonchini qozona olgan sarkarda edi…

Ehtiyotkor davlat arbobi bo‘la turib, u har qanday mayda narsaga ham e’tibor berar edi. Bu shoh faqat fotih bo‘libgina qolmay, yaratuvchi-bunyodkor ham edi. Avlodlari orasida Sulton Akbar va Avrangzebdek uning o‘zi kabi mumtoz zotlar kam uchraydi.

Ma’lumki, bunday aql-zakovat sohibi hayotda ashaddiylik, keskinlikni rad etadi. Shu bois Bobur o‘zining dabdabalardan xoli, oddiy hayoti bilan turli kishilarni o‘ziga jalb qilgan. Hazil-mutoyibani yoqtiradigan va boshqalarning hazilini ham ko‘taradigan, iqtidor va qobiliyat egalarini qadrlaydigan, nazm va musiqani yurakdan sevadigan, barcha iste’dodli insonlarga, ularning kim bo‘lishidan qat’i nazar, iltifot bilan qaraydigan Bobur o‘z atrofiga eng yaxshi odamlarni to‘plashga muvaffaq bo‘ldi va ko‘pchilikning yuksak hurmat-ehtiromini qozondi.

Pave de KURTEYL, fransuz sharqshunosi

 

Bobur fe’l-atvoriga ko‘ra Sezarga qaraganda sevishga arzigulikdir. Uning manglayiga yuksak fazilatli inson deb bitib qo‘yilgan.

Eduard HOLDEN, ingliz tarixchisi

 

 

 

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one + eight =