ZULFIYAXONIM — mohir publitsist

“Tong kuychisi” deya ta’riflangan atoqli shoira Zulfiya fasohatli notiq va mahoratli publitsist hamdir. U O‘zbekiston xotin-qizlari jurnali “Saodat”da o‘ttiz ikki yil mobaynida bosh muharrir bo‘lgan. Bu davrda jurnal adabiy va ijtimoiy muhitning diqqat markazida turgan va nufuzli nashrlardan biriga aylangan. Zulfiyaxonimning turli yillarda chop etilgan maqolalari, suhbatlarini mutolaa qilarkanmiz, publitsist sifatidagi qiyofasi ko‘z oldimizda gavdalana boshlaydi. Chunonchi, u suhbatlardan birida muxbir savoliga javob berarkan: “Men tashkiliy ishlarning o‘zida ham ishtirok etdim, publitsist sifatida maqolalar ham yozdim, qolaversa, yozuvchilarning ko‘pdan-ko‘p anjumanlarida shundoq minbarga chiqib ham gapirdim” deya o‘z faoliyati haqida ma’lumot beradi.

 

Zulfiyaxonimning 1961 yilda yozilgan “Uchrashuvlar — yangi dunyoga ochilgan derazalar” nomli badiiy publitsistikaning ajoyib namunasi bo‘lgan maqolasini o‘qir ekanmiz, unda muallifning yurak zarbini, tiniq ovozini eshitganday bo‘lamiz:

“Yaqinda men yana bir do‘st orttirdim. Toshkentdan juda uzoqda, Afrikaning g‘arbida, Senegalning bir kichik qishlog‘ida yashaydigan Umar Faye degan yigit bu.

Men uni ko‘pdan beri taniyman. Xurmo daraxtlari ostida kichik bir go‘shada tug‘ilib, dunyoga kelganidan xabar bergan birinchi yig‘isini ham eshitganman. Men uning butun o‘sish davrini kuzatib bordim, u oddiy qayiqda birinchi marta dengiz to‘lqinlari bo‘yniga osilib, baliq tuta boshlaganda ilk omadidan sevindim, boshqa Senegal yigitlari bilan urushga jo‘naganida hayajon va qo‘rqish tuyg‘ulari bilan kuzatib qoldim. Keyin u o‘zi tug‘ilgan qishloqqa qaytib keldi, voyaga yetgan dovyurak, jasur Umar o‘z qishlog‘ida tuzilayotgan birinchi qishloq xo‘jalik kooperativiga rahbarlik qildi.

Keyin, keyin do‘l jalasi savalab turgan qop-qora bir tunda xalqning dushmani bo‘lgan frantsuz mustamlakachilari Umarni o‘ldirishdi, xalqning katta xursandchilik yoki boshiga og‘ir kulfat tushganidan xabar beradigan tam-tamning yuraklarga qo‘rg‘oshindek to‘kiladigan ovozi senegal xalqining sodiq farzandi—jasoratli Umarning dafn marosimida g‘amli va isyonkor yangradi — uning ovozi hali ham qalbimni o‘yib ketayotgandek.

Lekin bundan bir necha oy muqaddam men Umarni tanimasdim. U sevib o‘z jonini qurbon qilgan vatani Senegal men uchun ancha uzoq edi. Hozir endi go‘yo ko‘m-ko‘k osmoni ham, tuprog‘i ham, nur va harorat qo‘yniga tashlab yonadigan quyoshi ham, issig‘i, muttasil yog‘adigan yomg‘irlari kiyimlarimdan o‘tib jon-jonimga singib ketayotgandek, Umarning qarindoshlari va do‘stlarining tanish qiyofalari ko‘z oldimdan ketmaydi, ular mening yonimda yurgandek…”

Zulfiya publitsistikasida urush va tinchlik mavzusi muhim o‘rin tutadi. Chunki u yashagan davr muhiti ijodkordan shuni talab qilardi. Zulfiya bu mavzuda jahon minbarlaridan turib nutqlar so‘zladi, baland pardalarda she’rlar bitdi va yoniq yurak bilan maqolalar yozdi. Jumladan, 1957 yilda yozilgan “Kolombo kabutarlari” sarlavhali publitsistik maqola mana bunday so‘zlar bilan boshlanadi:

“Tinchlik va birodarlik!

Bizning zamonamizda bu so‘zlarning timsoli, ifodasi bo‘lib tinchlik kabutarlari butun jahon bo‘ylab tillarda, do‘stlik maktublarida va keng osmonda parvoz qilib yuribdi.

Shu yilning 10—16 iyunida Jahon Tinchlik kengashining Kolomboda bo‘lib o‘tgan sessiyasi qatnashchilarining ham delegatlik belgisi shu kabutarlar edi. Bu kabutarlar Shri-Lankaning qaynoq quyoshi nurlari, mamlakatni o‘rab olgan Hind okeanining to‘lqinlari nafasini o‘ziga singdirgan. Ular mamlakatdan mamlakatlarga o‘tib yurib chiniqqan, kuchga kirib ketgan kabutarlar edi. Jahonda tinchlik g‘oyalari ham xalqlar orasida borgan sari mana shunday katta qanot yozib, qudratli kuchga aylanib bormoqda”.

Muallifning ijtimoiy mavzularda ham mahorat bilan qalam tebratgani, keng dunyoqarash egasi bo‘lgani, umuminsoniy masalalarni chuqur tahlil qila olgani e’tirofga loyiq: 

“Zo‘r berib qurollanish ko‘p mamlakatlarning mustaqilligiga putur yetkazadi, chunki harbiy qurol bazalari ko‘pincha boshqa qaram mamlakatlarning hududida quriladi, bu — mamlakat xalqlariga shu yerda boshlanadigan atom urushida hammadan oldin qurbon bo‘lish xavfini tug‘diradi. Atom bombalari xalqlar boshiga qanday falokat, mamlakatga qanday vayronalik yetkazishini Xirosima fojiasi butun dunyoga yaqqol ko‘rsatib berdi. Endi bundan buyon bunday dahshatli fojialarning takrorlanishiga yo‘l qo‘yilishi aslo mumkin emas, insoniyat totuv va osoyishta yashashni xohlaydi, o‘z vatani tuprog‘ining noz-ne’matlari bilan tinch hayot kechirishni istaydi.

Harbiy shartnomalar va harbiy bazalar insoniyatga rivoj va taraqqiyot, bolalarga non va yorqin kelajak keltira olmasligiga dunyodagi xalqlar endi qattiq ishonadilar”.

Ta’kidlash joizki, Zulfiyaxonim jahon adabiyotidan, jumladan, qardosh xalqlar ijodidan yaxshi xabardor bo‘lgan. U Qoraqalpoq adabiyotini ham kuzatgan va yuragiga yaqin tutgan. Uning “Bir daryoning ikki qirg‘og‘i” nomli maqolasini o‘qiganda bu fikrga amin bo‘lamiz:

“Adabiyot hech bir davrda xotin-qizlar obrazisiz yashamagan. Jumladan, qoraqalpoq adabiyoti ham. Asarlari faqat Qoraqalpog‘iston va O‘zbekistondagina emas, Markaziy Osiyoning ko‘p kitobxonlari orasida sevilib o‘qiladigan yozuvchilardan biri To‘lepbergan Qayipbergenovdir. Men bu ulkan yozuvchining hamma asarlarini o‘qiganman. Kitoblarining qahramonlari deyarli ayollar. Ayollari qahramon va shiddatli bo‘lgan o‘lkaning yigitlariga so‘z topib bermoq oson emas!

To‘lepbergan ayollarni dostonlarda kuylamaydi, ularga nozik ishqiy atalmalar bitmaydi, muallif nasriy asarlarini she’riyatning yuraklarga o‘t yoqib, qonlarni yangilovchi kuchiga barobar alangali mehr va mahorat bilan, g‘azab yoki achinish otashida yonib yozgani uchunmi, uning ta’sir kuchi baland, so‘z qudrati va ta’sirini yuksak pardalarga ko‘taradi.

Biz «Gumrohlar» romanida o‘qiymiz:

— Ona, ona deysan, qanaqa ona ekan u? — deydi Ernazarning raqibi.

— Onam! Onam deganim — yurtim deganim! — deydi Ernazar.”

Ustoz ijodkorning, ayniqsa, yosh shoiralarni qo‘llab quvvatlagani, ko‘plarining she’rlarini adabiy-badiiy tahlil qilgani tahsinga sazovor. Zotan, ulug‘larning bashorati yolg‘on bo‘lmaydi, deyishadi. Misol uchun, 1973 yilda yozilgan “Tuyg‘un o‘ylar, toshqin hislar kuychisi” nomli so‘zboshi o‘rnidagi maqolada bugungi kunda O‘zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdieva ijodiga yuqori baho berilgan: “Asalda asalari bol tergan bog‘ning gullari bo‘yini his qilasiz, shuningday, Halimaning she’rlarini o‘qiganda boshqa shoira — hamkasblarning she’rlariga sira o‘xshamagan jilva jaranglarini eshitasiz, shodlik va tashvishlari, rang va hidlarni his qilasiz. Ular sizlarni to‘lqinini cholg‘ilar kesayotgan bo‘liq boshoqlar dengiziga, otaning quyosh va yillar jo‘yaklar solgan peshonasiga o‘xshagan shudgorli dalalarga, pichan hidi anqigan hovlilarga, qunduz telpakli, rashkli chavandozlar ot o‘ynatgan qirlarga olib kiradi. Siz u bilan dehqon uyi ostonasidan boshlangan kichik so‘qmoqdan yalangoyoq yo‘lga chiqasiz. Yalangoyoq yurishning, yerni, ona yerning bahri va iliqligi bergan huzurini his qilasiz!”

Zulfiya yosh shoira she’rlarini tahlil qilar ekan, ularni yuksak baholaydi, ammo ustozlarcha, onalarcha maslahatini ham ayamaydi: “U temirqanot hamma yosh iste’dodlarimiz singari adabiy jamoatchilik, kitobxonlarning ardoqli nazarida. Halima bundan baxtiyor. Men o‘ylaymanki., hayotda ham qadami, ham qalami jiddiy Halimani bu noyob baxtiyorlik tuyg‘usi — iste’dodning oyog‘iga bolta uruvchi bema’ni kibr ofatidan omon saqlaydi”.

Zulfiyaxonim bilan qilingan suhbatlarni o‘qir ekanmiz, uning publitsistik ruhini teranroq anglaymiz. Misol uchun, shoira Olga Ipatova tayyorlagan “Yurtim xaritasi — mening yuragim” sarlavhali suhbatda shunday savol va javob bor:

— “O‘zbek she’riyatining rus tiliga tarjimasi to‘g‘risida va o‘zingiz sevib tarjima qilishni xohlagan mualliflar haqida gapirib bersangiz.

— Nazarimda, hozircha biz o‘zbek tiliga yaxshiroq tarjima qilayotirmiz. Lekin bizning asarlarimiz tarjimasi yaxshi deb aytolmayman. Tarjimonlar bizning tuyg‘ularimizni deyarli bilishmaydi, so‘zma-so‘z ag‘darmalar asosida tarjima qilishadi, bu, albatta, sifatni tushiradi. Ma’noni to‘la berish u yoqda tursin, hatto she’rning jarangini, ohanglarini ham berish ko‘ngildagidek emas. Bizda hozir tarjima bilan shug‘ullanmaydigan shoirning o‘zi yo‘q. Yosh, iste’dodli tarjimonlar sovet va jahon klassikasidan tortib, hozirgi zamon adabiyotigacha yaqindan tanishib, tarjima qiladilar.

Abdulla Oripov Dantening «Ilohiy komediya»sini tarjima qildi. Gyote, Geyne, Bayron asarlari o‘zbek kitobxonlariga yetkazib berildi. Yoshlarning muvaffaqiyatlari bizni quvontiradi. Katta adabiyot bilan hamkorlik va yaqin aloqa — shoir uchun haqiqiy maktab demakdir. O‘zim ham shunday «maktab»dan ta’lim olganman. Asosan, shoiralarni tarjima qilaman — Lesya Ukrainka, Silva Qaputikyan, Olga Berggolts”.

Bugungi davr nazari bilan qaraganda, bir haqli savol tug‘iladi. Xo‘sh, Zulfiyaxonim iste’dodsiz qizlarga ham royish beraverganmi? Yo‘q! Bil’aks ularni So‘z va san’atning go‘zal bo‘stoniga yaqinlatmaslik, gulni alafdan farqlolmaydiganlarni ko‘kka ko‘taravermaslik tarafida bo‘lgan. “Zulfiyaxonim qizlari” degan nom hammaga ham nasib etavermagan. Shogirdlaridan biri Oydin Hojievaning “To‘rt tanho” kitobida shunday jumlalar bor: “1976 yil. “Saodat” jurnaliga yangi ishga o‘tgan kezlarim. Navbatdagi songa ikki-uch yosh shoiralarning she’rlarini tavsiya etgandim. Ishga kelsam, stolim ustida bir dasta she’rlar: tahrir ham qilingan, misrama-misra tahlil etilgan, sahifalarda savol alomatlari…

“Oydinxon! Bu qizlar she’r nima ekanligini yaxshi tushunmaydilar! Ular hali osmonlarda yuribdilar. Yerdagi mehnatdan, hayotdan mutlaqo xabarlari yo‘q. Bunday she’rlarni menga tavsiya etmang!”

Sirasini aytganda, Zulfiya Isroilova davr nafasini his qila olgan, o‘tkir nigohli publitsist va talabchan muharrir bo‘lgan. Ammo, taassufki, ijodkorning bu qirralari e’tibordan biroz chetda qolayotganday. Yosh adabiyotshunos va tadqiqotchi-jurnalistlarning bu borada ham samarali izlanishlar olib borishlariga umid bog‘laymiz. 

Sitora TOJIDDINOVA

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

sixteen + ten =