“YASHIL “NIVA” TAHDIDI

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzaevning “Yashil “Niva” hikoyasi e’lon qilinganiga o‘ttiz yil bo‘ldi. Hikoyada sovet imperiyasining 80-yillari aks etgan. Asarda mustabid tuzumning fuqarolar qalbiga joylagan qo‘rquv urug‘i pirovardida qanday ayanchli oqibatlarga olib kelgani ko‘rsatiladi.

 

Avvalo shuni aytishim kerakki, biz tomonning odamlari ancha serandisha keladi. Buning tarixiy ildizlari bor: biz kattalarga, xususan, yoshi ulug‘laru lavozimli shaxslarga ta’zim qilib o‘rganganmiz”, deb boshlanadi.

Hikoya muqaddimasidagi “serandisha” so‘zi serjilo, serqatlamligi bilan xayolingizni olis tarixga olib ketadi. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da andisha so‘ziga “fikr, o‘ylash” deb ta’rif berilgan va bu tushunchaning uch xil ma’nosi ko‘rsatilgan. Birinchi ma’nosi: ketini, oqibatini o‘ylab yoki yuz-xotir qilib yuritilgan mulohaza. Ikkinchi ma’nosi: umuman fikr, mulohaza. Uchinchi ma’nosi: sharm-hayo, or-nomusga amal hissi.

Hikoyadagi “andisha” ortida nima bor? 

“Ta’zim” so‘zini qo‘llashdan maqsad nima edi?

Asar mohiyatida shaxsni ulug‘lash yotibdimi yoki unga sig‘inish? 

Hududi bo‘yicha salkam yarim dunyo hisoblangan sovet imperiyasi jahon xalqlariga qo‘rquv solgan davlat sifatida tarixda qoldi. Zulm va zo‘ravonlikka qurilgan “xalqlar turmasi”dagi hayot soxta g‘oya va qarashlarga asoslangan edi. Yozuvchi “Yashil “Niva”da o‘quvchini mana shu haqiqatga ro‘baro‘ qiladi. Ya’ni sho‘ro imperiyasi fuqarosiga o‘zini ko‘zguda ko‘rishga, hayotini mushohada qilishga undaydi. Bir boshdan ko‘rib chiqaylik: asar qahramoni ziyoli, o‘qituvchi. Institutda dars beradi. Lekin yuragini “diktator”larga oldirib qo‘ygan bir odam. Uning qo‘rqoqligi shaxsiy illat emas, xalqning va jamiyatning fojiasi. Bu fojianing ildizlari nimada?

Adib o‘quvchi diqqatini mana shunga qaratadi va uni “diktator” zug‘umi ufurib turgan hayotga olib kiradi. 

Xullas, domla xotini, o‘g‘li va qizini olib ota yurtiga yo‘l oladi: soat 12 da institutda bo‘lishi kerak, darsi bor. Yo‘l “diktator” — direktor xo‘jaligidan o‘tadi. Domla rulda-yu, xayoli sovxoz direktorida: “Diktator” uchrab qolmasin-da”. Unga mana shu o‘y-qo‘rquv tinchlik bermaydi va o‘ylaganiday bo‘lib chiqadi. Domladan eshitamiz:” Xullas, burilishdan o‘tayotib edik, shunday qiyg‘os gullagan olmalar ichidan bitta yashil “Niva” lop etib chiqdi-yu, oldimizga tushib, sekin keta boshladi. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, xuddi o‘shaning mashinasi! Mashhur mashina!..”

Hikoyada aytilganidek: “Yon-veridan antennalar chiqarilgan, demak, ichida ratsiyasi ham bor”. Sho‘ro davridagi yo‘ltanlamas “Niva” mashinasi aksariyat diktatorlarning sevimli ulovi bo‘lgan. Domla “Niva”ning oyog‘iga qarab ketaveradi, ketaveradi. Mashinaning imillab yurishidan o‘g‘li injiqlik qiladi:” Ada, o‘taylik. O‘tib ketaylik!”. Keyin xotini ham xarxasha qila boshlaydi:” Nima bo‘ldi sizga? Munday imillab qoldingiz? Yo‘l keng-ku, abgon qila qoling, adasi”.

“Niva” to‘xtab-to‘xtab qoladi, “o‘taver” deganday. Lekin Domla o‘tib ketmaydi. Bir yarim-ikki soat “Niva”ning ortidan ergashib ketaveradi: tezlasa-tezlaydi, sekinlasa-sekinlaydi, to‘xtasa-to‘xtaydi. Domla bo‘lganicha bo‘ladi: o‘g‘li yig‘laydi, xotini gaplashmay qo‘yadi, qizi xo‘mraygan… Hikoyadagi mana shu sahna tasviri bilan millatdoshlarimiz sho‘ro davrida naqadar mute bo‘lganini anglab olish mumkin. Domlaning institutdagi darsi barbod bo‘ladi, farzandlari oldida g‘ururi, hamiyati toptaladi.

Ezilib, oyoq-qo‘li qaltirab kelayotgan domlani dovondagi DAN postida tanish inspektor to‘xtatadi. Buyog‘ini qahramonning o‘zidan eshitamiz: “Inspektor ham – “diktator”ga qarashli odam-da! Ratsiya orqali bir nima degan bo‘lsa, pravaning o‘n joyidan teshadi. Bu yo‘lni bir umr orzu qilmaydigan bo‘laman.

Hujjatlarni olib chiqdim.

— Assalom alaykum.

Serjant chest berdi-da:

— Bularni joyiga sop qo‘ying, domla. Xo‘jayin “juda odobli bola ekan” — dedilar, — dedi kulimsirab.

Karaxt bo‘lib qoldim.

Biz bolakay “odob yuzasidan” u kishini yo‘lda qoldirib o‘tib ketmagan ekanmiz!”

Xo‘sh, diktator kim o‘zi?

Domlaning ta’biricha, u kimsa – o‘sha raykom sekretarlarini almashtirib yurganlardan biri… Pul bilan mansabga chiqib olgan. Keyin davlat planlarini xalqni qulday ishlatib, tag‘in pripis-mripis bilan oshirib bajarib, qahramon bo‘lgan. Diktatorning qo‘li shunchalik uzunki, istagan joydagi o‘ziga bo‘ysunmagan odamning ta’zirini bera oladi. O‘zi xon, ko‘lankasi maydon bu dasti darozlar “Yo‘qsullar mamlakati”ni boshqaradi.

Hikoyadagi obrazlar xatti-harakati, gap-so‘zlari zamirida sho‘ro saltanati manzaralari aks etgan. Xalq rizqiga chang solgan, fikr egalarini qatag‘on qilgan “arzandalar ilgari hamma jamiyatlarda bo‘lgan va, qizig‘i shundaki, ular bir-biriga o‘xshagan. Biroq bizning jamiyatimizda ularning paydo bo‘lishi … istisno holdirki, bu kishini juda o‘ylatadi…”. Bu Domlaning gaplari. U nimadan ezilayapti? Domla o‘zi ishongan davlati mana shunday diktatorlarga qolib ketganiga kuyadi. Axir sho‘ro tenglik g‘oyasini bayroq qilib dunyoning boshini qotirgan edi-ku?! Nega endi jilov diktatorlar qo‘liga o‘tishi kerak?

Asarni mutolaa qilish jarayonida ko‘rinadiki, Domla faqat o‘ylaydi: o‘ylov huquqi bor, xolos. Lekin nochor. Chunki u diktator uchun chertsa uchib ketadigan bir chigirtka. Domla ishlaydigan institutning yaxshi odam, deb tariflangan rektori ham diktator zug‘umidan qo‘rqib yashaydi: “uning nomini eshitsa zirillar edi”. Hikoya qahramonida jamiyatdagi mavjud tartib-qoidalarga nisbatan hech bir norozilik kayfiyati tug‘ilmaydi. Sababi “odobli bola” bo‘lib tanilgan. 

Ikki kun o‘tib vaziyat butkul o‘zgaradi. Domla yana o‘sha dovondan enadi. Lekin o‘sha DAN posti berk, inspektor ham yo‘q. Joyi o‘zgargan. Tayog‘ini  cho‘zib, domlaning mashinasini to‘xtatadi, ammo bu gal negadir kulib peshvoz chiqmaydi. Tanimaganday bo‘lib, o‘rnidan jilmay turaveradi. Domla salom beradi. Inspektor alik olishni o‘ziga ep ko‘rmaydi. Tezlikni oshirganlikda ayblab, domlaning uch so‘m pulini oladi. Boz ustiga, ta’na ham qiladi: 

“— Xo‘jayin ke-etdi, — dedi. 

— Qayoqqa?

— Ketadigan joyiga… Tushundingizmi? Kecha partiyadan o‘chirildi. Bugun ishdan olindi.

— Sabab?

— Xalq… Hamma sizga o‘xshagan “odobli bola”mi?”

Adib qo‘llagan detallarga bir e’tibor qilaylik: inspektorning joyi o‘zgargan. Bu uning o‘zgarganiga ishora. Ikkinchidan, domlaga kulib peshvoz chiqmaydi, tanimaganday bo‘lib, o‘rnidan qo‘zg‘almasdan jilmayib turadi. Uchinchidan, domlaning salomiga alik ham olmaydi. To‘rtinchidan, tezlikni oshirganlikda ayblab pulini oladi.

Mana sizga inspektorning qiyofasi. Yo‘q, aksariyatimizga xos illat — milliy tabiatimizdagi jirkanch va tuban mayllar tantanasi. 

Yozuvchi shunga urg‘u berayapti.

DAN xodimi bir dumalab boshqa odamga aylanib qoladi. U — ikkiyuzlamachi. Kechagina soyasiga ko‘rpacha to‘shab, qulluq qilib yurgan odamidan osonlik bilan yuz o‘giradi.

Aslida uning talonchiligi, fikr va e’tiqoddagi subutsizligi, qo‘yingki, bir so‘z bilan aytganda, ma’rifatsizligi domla bilan to‘qnashganda ko‘ringan edi. Domla-chi, dersiz. Domla yana jim. U oddiy insoniy qiyofadan ham mahrum inspektor oldida mum tishlab, haqoratlanganini bilsa ham indamasdan yo‘lida davom etadi. Chunki inspektor partiya nomini tutib gapirdi. Buyoqda boshqa “aka”lar… 

O‘zingiz o‘ylang, qattol sho‘ro davrida KPSS otli hukmron partiya dasturlariga va siyosatiga kim munkir kelardi? Yoki bo‘lmasa sovet ideologiyasiga kimning ko‘nglida ishtiboh bo‘lgan? Dunyodan uzilgan, jahon ayvoniga temir parda tutgan sho‘rolar saltanatida hamma sotsializmning g‘alabasi va kommunizmning tantanasiga chin dildan inongan. Lenin ideal odam sifatida targ‘ib qilingan. Imperiyaning barcha ijodiy-ilmiy tizimlari, bir so‘z bilan aytganda, targ‘ibot mashinasi dunyoda sotsializm g‘alaba qilishini bashorat qilib turgan, kapitalistik hayot jirkanch va chirkin holda ko‘rsatilgan bir paytda kim ham “yolg‘on bu!” deb o‘rtaga chiqardi. Aksariyat ko‘zi ochiq odamlar ham xonasher – maydong‘arib bo‘lib turgan damlar… Faqat adabiyotdagina jonini garovga qo‘ygan ba’zi bir shoir-yozuvchilar “ezop tili”da ijod qildilar. Biz, mustaqillik davri avlodlari insoniylik burchimizga ko‘ra, o‘tgan ulug‘larimiz jasoratiga, mardona ijodlariga tasannolar aytishimiz lozim.

“Yashil “Niva”ga qaytaylik. Domla jarimani to‘lab, inspektordan diktator zulmiga barham berilganini eshitib, o‘zini so‘kib, “nomarddan nomardga solib” ketayotgan chog‘ida “shunday chap tarafdan – suv sizib oqayotgan qir oralig‘idan bitta… yashil “Niva” g‘uv etib” tushib, keta boshlaydi. Domla qo‘rquv va hayajon zo‘ridan qattiq tormoz beradi, boshi oynaga uriladi. O‘sha zahoti ko‘nglidan bir o‘y o‘tadi: “Xudo urdi, inspektor meni aldagan bo‘lsa-chi?”

Mana shu o‘rinda Domla lavozimli shaxslarga poy-patak bo‘lib, o‘zligini yo‘qotib qo‘ygan odam qiyofasida gavdalanadi. Yozuvchi bir o‘q bilan ikkita quyonni urgan. Chunki hikoyada biron-bir o‘rinda shaxsga sig‘inish haqida gap bormaydi. Aslida shaxsga sig‘inish XX asrning 50-yillariga taalluqli gap. Lekin bu illat odamzodning qonidan, tabiatidan chiqib ketmas ekan. Emasa, 80-yillarda ham ko‘rinarmidi? Yozuvchi hikoyada mana shunga ham nozik ishora qilib o‘tadi.

Domlaning yuqoridagi o‘y-xayoli haqiqiy qiyofasini yaqqol ko‘rsatadi. Domla diktator masalasida inspektor aytgan to‘g‘ri gapni ham tushunmaydi. Tushunmaslikka esa asos bor: ko‘z oldida yashil “Niva” g‘izillab borayapti. “Jiguli”ni sekinlatib, yashil “Niva” bilan izma-iz ketaveradi. Shunda “Niva” birdan to‘xtab, bitta rus bolasi boshini chiqaradi va: “Chyo tы presleduesh?”, deydi. Domla qotib qoladi va yigitdan uzr so‘rab o‘z yo‘lida davom etadi. Buyog‘ini Domladan eshitaylik:”  O‘l sen vahimachi! – deyman. – Qo‘rqqanga qo‘shaloq ko‘rinadi, degani shu ekan-da… Dadil bo‘l-e! Odamsan-ku, anavi “diktator”lar paydo bo‘lishidan oldin ham bor eding-ku? Xalqdan ibrat olmaysanmi? Xalq uyg‘onayotir-ku…”

Odam bolasi negadir hayotida o‘tgan og‘ir kunlarni, davrlarni beixtiyor zaharxanda bilan, alamli kulgu bilan xotirlaydi va shu orqali o‘ziga tasalli topadi. “Yashil “Niva” ana shunday kinoya bilan bitilgan asar. Nega kinoya bilan? Mushohada qilaylik: “Ro‘parangga tayoqni suqib qo‘yib, shu senga rahbar, desa bo‘ysungin!”, “O‘zingdan kattaga aql o‘rgatma”, “O‘ynashmagin arbob bilan, arbob urar har bob bilan”, ”Zo‘rniki tegirmon yurgizar”, “Bor bilan bahslashma”, “Sendan bir ulog‘(q)i ziyod bo‘lgan odamga bo‘yin ber” kabi maqollarning muallifi kim?

Donishmand o‘zbek xalqi!

Bu bag‘rikeng xalq dunyo turguncha tursin!

Asrlar davomida chiyratma bo‘lib pishgan, bir ma’nosiga o‘n ma’no qo‘shilgan xalq naqllari faqatgina ijtimoiy-iqtisodiy hayot talablari va ehtiyojlari bilan yuzaga kelmagan.

Yozuvchi Shukur Xolmirzaevning mahorati shundaki, mo‘’jaz hikoyada “ulug‘ sovetlar oilasining” inqirozini, ichdan chirib ketganini inkor qilib bo‘lmas darajada haqqoniy tasvirlaydi: xalq bamisoli qul – mehnatdan boshqa narsani bilmaydi, uning ishongan najot qal’asi ta’magirlar mahkamasiga aylangan, pul – hamma narsaning boshi, jamiyatning ziyolisi g‘arib, huquq posbonlari poraxo‘r…  Hikoyadan olingan taassurot moddiylashib, fikrga inganida o‘quvchi o‘zini qo‘yarga joy topa olmay qoladi: asar haqiqati nurday ko‘zni qamashtiradi! Hikoya voqealari garchi muayyan hudud miqyosida olingan, unda tasvirlangan qahramon sizga tanish ko‘rinmasin, asar mazmuniga ko‘ra milliy va hududiy o‘lchovlardan baland turadi. Sababi, mustabid tuzum hukmron bo‘lgan imperiya hududida yashagan yuzlab millat va xalqlar, elatlarning hayotga va dunyoga qarashlari  bir-biridan deyarli farq qilmagan.

Hikoyada tasvirlanmish domlaning qo‘rquv iskanjasida qolgan ongi turmush va tarbiyaning mahsulidir. Qo‘rquv shunchalikki, diktator partiyadan o‘chirilib qamaladi, uning saltanatiga barham beriladi, lekin domla ongidagi qo‘rquv yo‘qolmaydi. Panaga o‘tib pusinib yotadi, xolos. Ongdagi qolip – steriotip o‘zgarmas ekan. Ong uyoq-buyoqqa buraganda turli to‘lqinga darhol moslashadigan teleantenna emas ekan-da?!

Domla vujudida bir dadillik, tetiklik seziladi, o‘zini so‘kadi, qilmishidan, qo‘rqoqligidan uyaladi. Lekin oradan qancha vaqt o‘tgan bo‘lishiga qaramasdan yana qaerdaki yashil “Niva”ga ko‘zi tushsa yoki duch kelib qolsa, yuragi orqaga tortib ketadi. Chunki diktatorlikka asoslangan tuzumlarda rejim fikr egalarini birinchi raqamli raqib deb biladi: “ashaddiy dushman”lar jismonan mahv etilgach, nochor qatlam — qursoq g‘amida yuruvchi olomon qoladi.

Asardagi o‘qituvchi-ziyoli obrazi bejiz tanlanmagan. U ojiz, qo‘rqoq, notavon ziyolilar vakili.

Hikoyani mutolaa qilib bo‘lgach, birpas xayolga tolasiz: mustabid tuzum odamlar ongiga joylagan qo‘rquv o‘zgarmasdan, butun bir avlod qalbida saqlanib qolar ekan.

Domla qo‘rqoqligi sabablarini ming o‘ylasin – topolmaydi. Chunki qo‘rquv saltanati endi uning yuragida, qalbida.

Ana shunaqa!

 

Olim TOSHBOYEV, 

filologiya fanlari nomzodi

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × one =