Jaholatga qarshi ma’rifat bilan

8-mart kuni erta tongdan qo‘l telefonim tinmadi. Bayram bilan qutlovlar, rasmli xabarlar, ovozli tabriklar, xullas, yoqimli qo‘ng‘iroqlar. Qaynona onajonim: “Qizim ertaga bayram, bemalol dam olinglar”, deganiga qaramay, erta turdik. Bundayin xush subhni erta qarshilamay bo‘ladimi? Oilaviy dasturxon atrofida oyinai jahonni tomosha qilib nonushta qildik.

 

Bayramga bag‘ishlangan maxsus ko‘rsatuvlarda mamlakatimizdagi xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan e’zoz – ehtiromlardan ko‘nglimiz yanada yuksalib, zavqu shavqqa ko‘milib o‘tirgandik. Shu tob qaqajon qizim televizor murvatini “bolajon” kanaliga sozlayman deb, xorijiy yangiliklar kanaliga ochib qo‘ydi. Unda, bayram tongida qo‘shni Afg‘oniston poytaxti Kobul shahrida portlash ro‘y berib, otishma sodir bo‘lganini, hujum qiluvchilar hududdagi harbiy shifoxonaga bostirib kirmoqchi bo‘lgani yoritilardi. Keyingi xabarda esa, Iroqdagi to‘yda 2 ta portlash sodir etilibdi. Oqibatda 30 kishi halok bo‘lib, 26 kishi jarohatlanibdi. Qanday dahshat, shunday kunda-ya! Qondan judayam qo‘rquvchi qizim:

— Oqko‘ngil odamlar yo‘q ekan u yerda, yomon kino ekan-a, ayajon deb, — bag‘rimga berkindi.

Ha, chindan ham yomon kino, qizim, televizorni boshqa kanalga sozladim-u, yaqinda matbuotda o‘qigan mudhish xabar yodimga tushdi. Afg‘onistonlik ota 13 yashar qizini bir echki evaziga sotib yuboribdi. Yana bir afg‘on ayoli eri tomonidan tahqirlanishu xo‘rliklardan to‘yib, o‘zi va ikki norasida bolasini yuqori qavatdan tashlab, joniga qasd qilibdi. Nahotki, ayol qadru  qimmati shu qadar arzon bo‘lsa? Yuqoridagi voqea tafsilotlari, vayronaga aylangan ko‘cha va shifoxonalar, qonli yo‘laklar, xazonrezgi umrlar manzarasi yuragimizni qattiq larzaga soldi. Va ayni damda tasvirlar naqadar baxtli ekanligimizni, oilamiz bag‘rida, farzandlarimiz quchog‘imizda, totli lahzalarda yashayotganimizni yana bir karra eslatib qo‘ydi. Oilamiz bilan tinchlik va xotirjamlik hukm surayotgan yurtda, to‘y-tomoshalar bir-biriga ulanayotgan, inson qadru qimmati ustuvor bo‘layotgan diyorda yashayotganimizdan Yaratganga behisob shukrona keltirdik.

Ma’lumotlar insoniyat barqaror taraqqiyotining kushandasi bo‘lmish xalqaro terrorizm va diniy ekstremizm tahdidi va xavfi tobora kengayib, muammo bashariyat oldida yanada dolzarblik kasb etayotganini ko‘rsatmoqda.

2 mart kuni BMT kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Djerri Feltman o‘z hisobotida IShID ko‘p hududlarida nazoratni yo‘qotganiga qaramay, hamon manfur maqsadlari yo‘lida o‘lja izlashda faol davom etayotganini ma’lum qildi. Bu yo‘lda ular, asosan, ichki aloqa va ishga yollash usullari hamda “maxfiy o‘rgimchak” va shifrlash kanallarini qo‘llayotganini aytib, dunyo afgor ommasini ogohlantirdi. Xalqaro terrorizm va jangovar ekstremizm bilan kurashda terroristlar uchun “kislorod” vazifasini o‘tovchi qurolli va siyosiy to‘qnashuvlarga yo‘l qo‘ymaslik eng to‘g‘ri yo‘l ekanligini yana bir karra eslatib qo‘ydi.

Amali jaholat bo‘lgan terrorchilar dinni niqob qilib, hali mustaqil fikri shakllanmagan va, yoki tushkunlikka tushgan, moddiy ehtiyoji bor yoshlarni asr taraqqiyoti vositasi bo‘lmish internet-saytlar, turli ijtimoiy tarmoqlar orqali jalb qilmoqda. Xususan, Rossiyada 2016 yilda ekstremistik murojaat tarqatgani va radikal tashkilotlarga odam yollashga xizmat qilgan 3000 dan ortiq internet – saytlarga maxsus xizmatlar tomonidan taqiq qo‘yilganligi buning yorqin isbotidir. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, qora kuchlar yashirin, ya’ni “maxfiy o‘rgimchak” kanallari orqali diniy qiziqishlari kuchli, diniy qarashlarga, hissiyotga moyil o‘smirlarga turli “jannat”, mustaqil diniy hamjamiyat, mo‘may daromad, istaganicha ayollar tanlovini va’da qilib, tuzoq qurmoqdalar. Achinarlisi, bu to‘rga ba’zi bir yoshlarimiz ilinib qolayotganidir. Afsuski, turli diniy ekstremistik oqimlarning maddohlari tomonidan faol tarzda olib borilayotgan zamonaviy targ‘ibot ta’sirida ayrim yoshlar manqurtdek “zaharli qora o‘rgimchaklar” uya qurgan mamlakatlarga go‘yoki “hijrat” qilib, o‘zlarini “haqiqiy musulmon”larga qo‘shilgandek his qilmoqdalar. Soxta da’volarga ishonib, Vatani, ota-onasi va oilasini tashlab ketmoqdalar. Nahotki, begunoh odamlarning, norasidalarning qonini to‘kish, ayollarni xo‘rlash, uy-joy, masjidu maktablarga o‘t qo‘yish, qo‘poruvchilik, xudkushlik iymondan sanalsa? Qo‘lini qonga botirishni, zalolatga yuz tutishni qaysi musulmon bolasi istaydi?

Bugun odamzod global qarama-qarshiliklar va kuchli davlatlarning dunyoni qayta taqsimlashga qaratilgan geosiyosiy o‘yinlari avjga chiqqan, bu yo‘lda zulm va istibdodning har qanday shakllaridan foydalanish ayb sanalmaydigan tahlikali zamonda yashayapti. Vatandoshlarimiz g‘animlar fitnasini amalga oshirishda bir qo‘g‘irchoq sifatida dindoshlari va millatdoshlari qotiliga aylanib qolishdan o‘zlarini himoyalashlari kerak. Holbuki, har bir terrorchilik harakati ortida g‘arazli maqsadlar, undan manfaatdor kuchlar turgani bugun ayniqsa, ochiq-oydin bo‘lib qoldi.

Yurtimizda tinchlik va osoyishtaligimiz hukmronligi bu uzoqni ko‘ra bilib olib borilgan oqilona siyosat samarasidir. Xalqaro ekspertlar xulosasiga ko‘ra, O‘zbekiston sayohat uchun xatardan xoli va hamyonbop davlatlar sirasida e’tirof etildi. Bu ko‘rsatkichlar bizning ko‘nglimizga taskinlik bersa, terrorizm xavfi eng yuqori davlatlar bilan qo‘shni ekanligimiz hammamizni bedorlikka, hushyorlikka va ogohlikka chorlaydi.

Yaratganga shukrki, mamlakatimizda qora niyatli g‘alamislarga munosib, jaholatga qarshi ma’rifat hamda yuksak ma’naviyat, buzg‘unchilik, qo‘poruvchilik o‘rniga yaratuvchanlik va bunyodkorlik bilan javob berilmoqda.

Eng muhimi, bugun O‘zbekiston yangi taraqqiyot bosqichi tomon muhim qadamlarni qo‘ydi. 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash hamda chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo‘nalishida ko‘zda tutilgan vazifalarning negizida ayni shu maqsadlar, inson manfaatlari, xalq orzu-istagi mujassam. Ayniqsa, diniy ekstremizm va terrorchilikka qarshi kurashda eng muhim omil bo‘lgan e’tiqodi, dinga moyilligi kuchli yoshlarimiz  to‘g‘ri va mukammal diniy saboq olishlari uchun ilmiy markaz va dargohlar tashkil etilayotgani quvonarlidir. Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Surxondaryo viloyatida “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda kuni kecha Buxoro viloyatiga qilgan safari doirasida Buxoro viloyatida Toshkent Islom universitetining filialini ochish to‘g‘risidagi takliflari ko‘ngillarga munavvarlik baxsh etdi. Ana shunday ziyo maskanlari, tabiatan diniy e’tiqodi baland Farg‘ona vodiysida, aytaylik, Marg‘ilon shahrida Imom Burhoniddin  al-Marg‘iloniy  nomi bilan tashkil etilsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi.

Shu zaminning baxti bekam ayoli ekanligimdan, masrurlik tuygan holda shuni aytmoqchiman, muqaddas ozodlik nafasidan kelajak zurriyodlarimiz ham bahramand bo‘lishlari uchun biz onalar mudom bedorlik, ogohlikni qo‘ldan boy bermasligimiz lozim. Kurrai zaminni qalqitayotgan jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashishimiz, toki qora kuchlar qo‘shni davlatlardagidek, bolalarimiz qo‘liga qurol tutqazishidan avvalroq dilbandlarimiz qo‘liga kitob tutqazmog‘imiz kerak.

 

Nigora MANNOPOVA

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seven − 6 =