OQ TONGLAR, OPPOQ TONGLAR

Chol-kampir derazadan ko‘kka boqishdi. Ajib manzara namoyon edi. Beg‘ubor osmonda turnalar ko‘rindi. Ipga tizilgandek bir tekis, yayrab-yayrab keng quloch yoyib uchishardi.

 

O‘rikning oppoq gullarini o‘rab olgan son-sanoqsiz asalari o‘z tilida qo‘shiq aytayapti. Qaldirg‘ochlar ahyon-ahyonda ko‘rinadi. Lekin hali uyalariga qaytganlaricha yo‘q.

Uzoqlarga ketmay, shu atrofdagi boloxonayu o‘tinxonalarda qishlab chiqqan musichalar ishkomlarga qo‘nib ku-kulashmoqda.

Zag‘izg‘onlar chag‘illagancha daraxtdan daraxtga sakraydi. Ko‘chadagi qaysidir bahaybat archa yoki terak butalari orasiga xas-xashaklar tashib, uya qurish, bola ochishni chamalashmoqda, shekilli. Shaftoli novdalari gullari bilan pushti rangga burkangan, olma shoxlari och qizil tus olgan, anorlar hali kurtak ochib ulgurmagan. Hovli chekkalarini binafshalar nozik yaproqlarini yoyib, bezab turipti.

Ana shunday ko‘ngilga huzur va zavq baxshida etuvchi tabiat qo‘ynida yana bir mo‘’jiza ro‘y berdi. Lolalar qip-qizil bo‘lib ochildi! Daraxt gullariyu qushlar sayrashi, asalarilar qo‘shig‘iyu shabboda kuyi bilan yashnagan diyorimizni yana ham fayzga burkadi.

Kuzda Bekzodning ota-onasi ezgu istaklar bilan hovli etagiga piyozga o‘xshash urug‘larni ekishgandi. Ustini tuproq bilan berkitishgan, mabodo, u ham kamlik qilmasin deb yog‘och qipiqlarini ham sochishgan, shu tariqa fursat o‘tgan sayin bu gul urug‘lari go‘yo unutilgandi.

Kech kuzda yomg‘ir sharros quydi, do‘l yog‘di, shamollar g‘uvulladi. Lekin lola urug‘lari o‘zini tabiatning bir bo‘lagi deb bilgan, mehr-muhabbatini bag‘ishlagan inson himoyasida tinch va osuda, iliq va yumshoq joyda, tuproq qo‘ynida pinakka ketgancha yotaverardi. 

Keyin qish boshlandi. Laylak qor, yomg‘ir yog‘di, biron yog‘insiz, lekin yoqimli kunlar o‘tdi. 

Qaysidir kun deraza oynasidan qarab, hovli sahnida marvariddek yaltiroq shudringni ko‘rishdi. So‘ng kunlar ilidi. Pokiza va musaffo havodan to‘yib-to‘yib nafas olish uchun yo‘lakdagi eshikni ochib qo‘yishdi. Ko‘kda quyosh charaqlar, zaif nurlari tanaga huzur bag‘ishlar va yana tezda ufqqa yonboshlardi.

Keyin… keyin bahor keldi. 

Bir payt hali uch yoshgayam to‘lmagan, sochlari jingalak do‘mboq bolakay hovliga chiqdi. Buni hech kim sezmagan, chol-kampir bir paytlar mashhur san’atkor ijro etgan “Sen bahorni sog‘inmadingmi?” ashulasini eshitib o‘tirishardi.

Yoshi saksonga qarab borayotgan buva va buvi bu qo‘shiqni tinglab, olis bolaliklari-yu, do‘stu birodarlarini eslashar, hozirgi kunlarga yetib kelganlari uchun shukr aytishardi. 

Ha, bir paytlar boshi berk tor ko‘chalar, pastqam imoratlar bo‘lardi. Tomlar qalin qorga to‘lib ketardi. Ana shunda o‘g‘il rezina etik kiyib olib otasi bilan yog‘och narvon osha tomga chiqardi. Kurak bilan qorlarni sidirib ko‘chaga itqitishardi. 

Kunlarning birida tarnovdan shildirab suv oqa boshladi. Bu, kunlarning iliyotgani, hademay bahor kelishidan darak edi…

… “Sen bahorni sog‘inmadingmi?..” Qo‘shiq tugagach, ana shunday xayollarga ko‘milib o‘tirgan chol-kampir ro‘paralaridagi nabiralarini ko‘rib sergaklanishdi. Bekzod yashnab turgan bir juft lolani jilmaygancha buva va buvisiga uzatdi.

Bekzodni quchoqlab, peshonasidan o‘pib qo‘yishdi. Bu — hovli etagiga o‘g‘li va kelini kech kuzda ekkan lola edi.

Chol-kampir hovliga chiqdi. Osmon musaffo, havo toza, daraxtlarning chaman ochilgan gullari, qiyg‘os lolalar, barg yozayotgan atirgullar, binafshalar… 

Asta-asta qadam tashlagancha hovli etagiga, chaman ochilgan lolalar yoniga borishdi. Egilib hidlashdi. Dimoqlariga toza asalning yoqimli isi ufurdi.

Keyingi kunlarda quyosh ertaroq chiqib, yoqimli nurlarini socha boshladi. 

«Navro‘zi olam keldi!», – dedi go‘yo qushlar chug‘urlab.

«Navro‘z qalblarga yeldi», – dedi go‘yo gullar chaman ochilib.

 «Navro‘z baraka berdi», – dedi go‘yo kurtaklanayotgan daraxtlar.

Odamlar bir-birlarini quchoqlab, har kunimiz Navro‘z bo‘lsin, deyishdi.

Ko‘cha boshidagi katta qozonda sumalak qaynar, uning atrofidagilar bahoriy, shukronalik qo‘shiqlarini zavq bilan aytishardi.

Ertalab chol-kampirni mahalla guzariga, sumalakka chaqirishdi. Bekzod bo‘lsa ota-onasi bilan istirohat bog‘iga, varrak uchirish musobaqasiga ketdi.

Ha-a, aytgandek, bahordan ilk darak bergan lolalar-chi, dersiz? Ular yaproqlarini keng yoygancha atrofga yoqimli hidlarni in’om etishar, ona tuprog‘imizda hali uzoq-uzoq yillar ko‘payib, sog‘ va omon, xotirjam va osoyishta yashashlariga chin dildan ishonib, hamon jilmayib turishardi.

Oq tonglar, oppoq tonglar davom etardi.

 

Abdusattor 

HOTAMOV

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 + 9 =