MAHALLA INSTITUTI — navbatdagi bosqich, yangi vazifalar
Mahalla ming yillar davomida shakllangan, xalqimizning o‘ziga xos qiyofasini ko‘rsatib turadigan noyob ijtimoiy tuzilma. Bir-biriga mehr-oqibat ko‘rsatib yashash, yaxshi va yomon kunlarda birga yelkadosh bo‘lish singari insonga xos fazilatlar aynan mahallada tarkib topadi.
Fuqarolik jamiyatining eng muhim institutlaridan biri bo‘lgan mahalla instituti haqida gap ketganda aytish mumkinki, qadim-qadimdan xalqimizning milliy turmush va tafakkur tarziga aylanib ketgan jamoa bo‘lib, bir mahalla bo‘lib yashash tuyg‘usi ijtimoiy hayotning ham uzviy qismi sifatida katta bir ma’naviy qadriyat deb qaralgan. Birgina to‘ylarimizni olib qarang… Mahallada bir kishi to‘y qiladi, mehmonlarni butun mahalladoshlar kutib oladi, mehmon qiladi, kuzatib qo‘yadi. Yoki uzoqdan to‘yga kelgan mehmonlar uchun mahalladoshlar qo‘noq tayyorlaydi. Ming yillardan buyon an’ana tusini olib kelayotgan milliy qadriyatimiz — hasharga e’tibor qarating. U asosan mahallalarda o‘tkaziladi. Bir qarashda oddiy tadbir bo‘lib ko‘ringan hashar, odamlarni birdamlikka, hamjihatlikka chorlovchi va ana shu ahillikning hosilasi nechog‘lik ahamiyatga ega ekanligini anglatib turuvchi o‘zimizga xos ajoyib an’ana, aslida. Buning zamirida bir yoqadan bosh chiqarish, bir-birini qo‘llab-quvvatlash, bir-biriga yordam berish singari xalqimizga xos ulug‘ fazilatlar yotadi. Xullas, mahalla o‘zbekona yashashning hayotiy in’ikosidir.
Gazetamizning bugungi sonida ushbu muhim Farmonning mazmun-mohiyati, uning ahamiyati haqida batafsil so‘z yuritish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi a’zolari bilan suhbat qildik.
Akmal SAIDOV, qo’mita raisi:
— Mustaqillik yillarida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, xususan, mahalla institutiga davlat va jamiyat boshqaruvida ularning vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan ko‘plab amaliy ishlar qilindi. Jamiyatning asosiy axloqiy poydevorlaridan biri bo‘lgan mahallaning mavqeini oshirish, vakolatlarini kengaytirish bilan bog‘liq bir qator qonunlar qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 105-moddasida Shaharcha, qishloq va ovullarda, shuningdek, ular tarkibidagi mahallalarda hamda shaharlardagi mahallalarda fuqarolarning yig‘inlari o‘zini o‘zi boshqarish organlari bo‘lishi mustahkamlanib, konstitutsiyaviy maqomga ega bo‘ldi. “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi, “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining bir qator qarorlari qabul qilindi.
Alohida ta’kidlash kerak, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan 2017 yil 3 fevral kuni qabul qilingan “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon qadriyatlar beshigi sanalmish milliy demokratik institut bo‘lishi mahallalarning rolini yanada kuchaytirish, ularning xalqimiz hayotidagi o‘rni va nufuzini yanada oshirish borasida muhim ahamiyatga egadir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ta’kidlaganidek, “qaysi mahallada ish to‘g‘ri tashkil etilib, fuqarolar bilan yaqin hamkorlik o‘rnatilgan bo‘lsa, o‘sha yerda hamjihatlik, mehr-oqibat muhiti hukm surmoqda, noxush holatlarga yo‘l qo‘yilmayapti”. Shu bois mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil va tizimli islohotlarning hozirgi shiddatli bosqichida mahallalarni yanada qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish davr taqozosidir.
Birinchidan, “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon mamlakatimizda adolatli fuqarolik jamiyatini shakllantirishning zamonaviy talablari asosida fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari zimmasiga yuklatilgan vazifalarning samarali ijrosini ta’minlash tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan.
Ikkinchidan, bugungi kunda yon-atrofimizda diniy ekstremizm, terrorizm, giyohvandlik, odam savdosi, noqonuniy migratsiya, “ommaviy madaniyat” degan turli balo-qazolarning xavfi tobora kuchayib borayotganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Bunday keskin va tahlikali sharoitda mahalla-ko‘y ota-onalar, ustoz-murabbiylar, jamoatchilik bilan birgalikda bu masalada hushyorlik va ogohlikni yanada oshirishi lozim.
Bunda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, yoshlarning oiladagi xulq-atvoridan tortib, maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablar, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalaridagi ta’lim-tarbiyani ham qamrab olgan holda, izchil jamoatchilik nazoratini olib bormog‘i talab qilinadi. Shu bois farmonda fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining yoshlarning ma’naviy va jismoniy kamoloti yo‘lida davlat va nodavlat tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorligini yanada mustahkamlashiga yo‘naltirilgan masalalar o‘z aksini topdi.
Uchinchidan, farmonda fuqarolar yig‘inlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga doir amaliy choralar ham belgilangan. Ya’ni fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, bolalar sport maydonchalari, maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini tashkil etish maqsadida 2017 — 2021 yillarga mo‘ljallangan hududiy dasturlar ishlab chiqish ko‘zda tutilgan. Mahallalar kesimida, chuqur tahlil asosida, har bir hududning o‘ziga xos xususiyat va imkoniyatlari, talab va ehtiyojlarini inobatga olgan holda tayyorlanadigan ushbu dasturlarning joylarda to‘laqonli bajarilishi mahallalarning har tomonlama obod va farovon bo‘lishini ta’minlaydi.
Ma’lumki, keyingi besh yilda fuqarolar yig‘inlarining 1600 ga yaqin xizmat binolari joriy, 367 tasi kapital ta’mirlandi va 350 dan ortig‘i rekonstruktsiya qilindi, namunaviy loyihalar asosida 216 ta bino yangidan qurilib, foydalanishga topshirildi. Farmonda ko‘rsatilganidek, 2018 yilning 1 dekabriga qadar tumanlar va shaharlar markazlarida “Mahalla markazi” majmualari binolarining namunaviy loyihalar asosida barpo etilishi bu kabi muammolarning yechim topishiga olib keladi.
To‘rtinchidan, farmonda mahalla fuqarolar yig‘inlarining mahalliy ahamiyatga molik masalalarni hal etish bo‘yicha mustaqilligini ta’minlash, o‘zini o‘zi boshqarish tizimida ortiqcha bo‘g‘inlardan voz kechish maqsadida — tarkibida mahallalar tuzilgan shaharcha, qishloq va ovul fuqarolar yig‘inlarini mahalla fuqarolar yig‘inlariga birlashtirish va bo‘lish yo‘li bilan qayta tashkil etishga qaratilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi nazarda tutilgan.
“Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da Prezidentimizning ushbu farmoni qabul qilingani mahallalar zimmasiga alohida mas’uliyat yuklaydi. Eng muhimi, farmonda belgilab berilgan ustuvor vazifalarning o‘z vaqtida va yuksak samaradorlik bilan hayotga tatbiq etilishi, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, mahallalarning joylarda xalqning maslakdoshi va ko‘makdoshiga, ta’bir joiz bo‘lsa, “adolat tarozisi”ga aylanishini ta’minlaydi.
Bahrom OBIDJONOV, qo’mita a’zosi:
— Bugungi kunda yurtimizda 10 mingga yaqin fuqarolar yig‘inlari mavjud bo‘lib, ular o‘zining an’anaviy vazifalari bilan birga mahalliy davlat hokimiyati organlariga taalluqli bo‘lgan 30 dan ziyod ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga molik vazifalarni bajarib kelmoqda. Bu vazifalar mahalla raisi hamda faollardan kuchli bilim va salohiyat, boy tajriba va mahorat, zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini puxta o‘zlashtira oladigan, xalqni ishonchini qozona olgan, tom ma’nodagi yuqori malakali professional kadrlarni talab qiladi.
Albatta, bu vazifalarning mas’uliyati va zalvori nechog‘lik yuqori bo‘lmasin, mahalla instituti vakillari oilalar, keksalar, yoshlar bilan ishlashda, tadbirkorlikni rivojlantirishda asosiy kuch bo‘lib maydonga chiqdi.
Prezident farmonida belgilanganidek, O‘zbekiston taraqqiyotining navbatdagi bosqichida ham “fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati samaradorligini oshirish, mahalla institutini aholiga eng yaqin va xalqchil tuzilmaga aylantirish, fuqarolar yig‘inlarining mushtarak manfaatlarini ifoda etadigan uyushmaga birlashish huquqlarini ro‘yobga chiqarish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorligini yanada rivojlantirish maqsadida” qabul qilindi.
Unda mahalla institutini yanada takomillashtirishning quyidagi ustuvor yo‘nalishlari belgilab berilgan:
– fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining jamiyatdagi o‘rni va rolini kuchaytirish, ularni joylarda xalqning chinakam maslakdoshi va ko‘makdoshiga aylantirish;
– jamiyatimizda o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini shakllantirishda, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda rivojlantirishda mahallalarning ahamiyati va nufuzini yanada oshirish;
– yoshlarni ma’naviy boy va jismonan sog‘lom etib tarbiyalash, ularning bandligini ta’minlash, yosh avlodni mafkuraviy tahdidlardan himoya qilish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini, keksa avlod vakillarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining davlat va nodavlat tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorligini mustahkamlash;
– jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlashda, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda, fuqarolarda qonunga hurmat hissini kuchaytirishda mahallalarning bevosita ishtirokini kengaytirish;
– fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning hamda ular faoliyatini muvofiqlashtirishning samarali mexanizmlarini joriy etish, mahalla tizimida yagona huquqni qo‘llash amaliyotini ta’minlash.
Abdullajon HAMRAQULOV, qo’mita a’zosi:
— Alohida ta’kidlash kerak, ezgu qadriyatlar va milliy an’analar beshigi bo‘lgan mahalla tarbiya o‘chog‘i sifatida qaraladi. Mahalla shunday noyob va ta’sirchan, bugun ko‘plab xorijiy mamlakatlarning ekspertlari tomonidan ham munosib e’tirof etilayotgan ijtimoiy boshqaruv usuli tizimidir. Ayni paytda mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish, fuqarolik jamiyatini shakllantirishda mahalla tayanch va ta’sirchan kuch bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ko‘p ming yillik tarixga ega xalqimizning turmush va tafakkur tarzini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashda bu maskanning o‘rni va ahamiyati katta. O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng, mahalla institutining nufuzini oshirish nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy, balki siyosiy, tarbiyaviy va ulkan ma’naviy ahamiyatga ega bo‘lgan ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Va bu tizimli ravishda amalga oshirib kelinmoqda.
Prezidentimizning “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu yo‘lda juda muhim huquqiy hujjat bo‘ldi.
Mazkur farmonning nihoyatda muhim jihatlaridan biri shundaki, unda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashiga yuridik shaxs maqomini bergan holda uni fuqarolar yig‘inlarining uyushmasi shaklida tashkil etish nazarda tutilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlarda tuzilgan kengashlarni esa Respublika kengashining tarkibiy tuzilmalari sifatida tashkil etish belgilandi.
Kengashlarning nufuzi va maqomini oshirish, joylarda aholi tomonidan ko‘tarilayotgan masalalarni ijro hokimiyati organlarining rahbarlari e’tiboriga yetkazish va mazkur masalalarni hal etish bo‘yicha ularning bevosita ishtirokini yanada kengaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar, Toshkent shahar hamda tumanlar va shaharlar hokimlari zimmasiga tegishlicha Respublika kengashi, hududiy kengashlarga jamoatchilik asosida raislik qilish vazifasi yuklatildi.
Kengashlar zimmasiga yuklatilgan vazifalar ijrosini samarali ta’minlash, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, sohada amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni moliyalashtirish bo‘yicha ishlarning samaradorligini oshirish maqsadida Respublika kengashi va hududiy kengashlar raislarining birinchi o‘rinbosarlari bir vaqtning o‘zida “Mahalla” fondining tegishlicha Respublika boshqaruvi hamda hududiy bo‘lim va bo‘linmalariga raislik qilishlari belgilab qo‘yildi.
Ibrohimjon XODJIYEV, qo’mita a’zosi
— Farmonda ijtimoiy muhim masalalarni hal etishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda davlat va jamoat tashkilotlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish maqsadida kengashlar kollegial organlari tarkibiga tegishli davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari mutasaddilari, jumladan, moliya, ichki ishlar, mehnat, xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash vazirliklari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, “Nuroniy” jamg‘armasi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, boshqa davlat va nodavlat tashkilotlar hamda ularning hududiy tuzilmalari rahbar xodimlarini kiritish mo‘ljallanmoqda.
Qolaversa, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari zimmasiga yuklatilgan vazifalarning samarali ijrosini ta’minlash maqsadida mahalla fuqarolar yig‘ini Kengashi tarkibiga fuqarolar yig‘ini raisining o‘rinbosarlarini (fuqarolar yig‘ini raisining keksalar va faxriylar ishlari hamda yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchilarini), hududdagi profilaktika inspektorlarini, ta’lim muassasalari va qishloq vrachlik punktlari (oilaviy poliklinikalar) rahbarlarini kiritish va ularning o‘z faoliyati yuzasidan yilning har choragida fuqarolar yig‘ini (fuqarolar vakillarining yig‘ilishi)ga hisobot taqdim qilishlari amaliyotini joriy etish ham belgilab qo‘yildi.
Farmon bilan kengashlar faoliyatini yanada takomillashtirish hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini qo‘llab-quvvatlash borasida 37 ta aniq tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutadigan kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanganligi esa bu boradagi ishlarni aniq va puxta tashkil etishga zamin yaratadi.
Xulosa qilib aytganda, mahalla instituti bugun tom ma’noda jamiyat va davlat ijtimoiy hayotining eng jo‘shqin, faol, qaynoq va jonli maskaniga aylanib bormoqda. Mazkur farmon faqat xalqimizgagina xos bo‘lgan noyob va betakror ijtimoiy tuzilma – mahalla institutining faoliyatini, o‘rni va nufuzini yangi bir bosqichga ko‘tarilishida muhim amaliy ahamiyat kasb etadi.
Davra suhbatini jurnalist
Arslon ESHMURODOV “Hurriyat” gazetasi uchun tayyorladi.