FIRDAVSMONAND SAMARQANDIM

Bog‘i Baland, Bog‘i Shamol, Bog‘i Dilkusho, Bog‘i Jahonaro, Bog‘i Bihisht, Bog‘i Chinor, Bog‘i Naqshi, Bog‘i Feruza, Bog‘ Nav, Bog‘i Davlatobod bog‘larga ulashgan bog‘lar, gulzorlarga tutashgan gulzorlar… Olam ahli tavofga shoshayotgan Amir Temur ziyoratgohi, Ko‘ksaroy, Registon, Ulug‘bek madrasasi, Bibixonim masjidi, Shohi Zinda, Hazrati Xizr qadamjolari…O‘zidan nur taratib turgan osori-atiqalari bilan tilsimotlarni makon aylagan tillarang va lojuvard dorussaltanat, hadsiz muzaffariyatlar, quvonchu-shodliklar quchgan Bihishti jahonim — Samarqandim.

 

 

Oltinrang g‘ishtlar, moviy koshinlar, iroqi ravoqlar, naqshin-nigorlar, saodat saroyiga yetaklovchi fayzli yo‘llar, firuzarang darvozalarda sening osoyishtaliging, farog‘ating tajassumi.

Farishtali shahar, deb atashadi seni.

Dunyo fozillarini o‘ziga chorlab turgan tabarruk darsxona. Samar-qand qog‘ozining ta’rifi yer yuzi oriflarining e’tirofiga sazovor bo‘lib, keng iste’molga qo‘yilgunga qadar insoniyat hayvon terisiga, daraxtlar po‘stloqlariga bitiklar bitar, afsuski, bu bitiklarning ayrimlari bir yog‘in yoqqunchalik umr ko‘rar edi.  

Samarqandliklar ham sifatli qog‘oz yaratguncha necha martalab urinishni boy bergandir… 

Ularni nima bunchalik oq qog‘oz sari yetaklamish?. Ular nimani tasavvur qilmish qog‘ozning ortida? Ne sehru sinoat bog‘lamish ularni bunga, qanday ohangrabosi bor oppoq qog‘ozning?..        

Ishonch, umid, sabr-bardosh, birlashish, tinimsiz moddiy qo‘llash va albatta, bu ezgu yo‘ldagi ruhiy quvvat, ilhombaxsh-likdir. Eng muhimi yengilmaslik, qo‘l siltamaslik, orqaga ketmaslik hamda aniq aqliy shijoat, iste’doddir. Nihoyat g‘alaba!. Mening bobolarim uddalamishlar bu mashaqqatli yumushni, mening ajdodlarim olam donishmadlariga asl Samarqand oq qog‘ozini birinchi bo‘lib tortiq etmishlar. 

Hazrati Sohibqironning ulug‘ izlanishlaridan biri “Gulshani xazo-yin”ni topib Ko‘ksaroy kutubxonasini boyitish bo‘lgan. Xalifa Usmon mushafini topish uchun shahzoda Muhammad Sultonni Basraga yuborgani ammo, valiahd shahzoda muqaddas kitobni faqat daragini topib, uni Misr sultoni Beybars janobi oliylari Oltin O‘rda xoni Berka xonga tortiq qilib yuborgani haqida xabar olib keladi. Shu bilan birga bir nechta nodir asarlarni olib kelgan, bular: “Sahihi Buxoriy”, Az-Zamaxshariyning “Kashshof” nomli mashhur qo‘lyozmalari edi. Tag‘in “Majmuat rasoil al- hukamo” otlig‘ ko‘p risolalari jam bo‘lgan xazinasi Ko‘ksaroy kutubxonasiga keltirganini aytadi. Ushbu risola tarix 580 hijriyda Damashqda kitobot etilgani, unda ja’mi bir yuz yettita risola bo‘lib, ular ichida Arastu, Al-Forobiy, Abu Ali ibn Sinodek allomalarning asarlari bor edi.

Yaratganning in’omi birla Sohibqiron tomonidan qo‘lga kiritilgan Xalifa Usmon mushafini bugungi kunda Toshkenti azimda, Xasti Imom masjitida musulmon dunyosini nurlantirib turibdi.

***

Hazrati Sohibqiron Kesh madrasalaridan birida o‘qib yurgan paytlarda qaysidir bir kitobda o‘qiganini eslab yodda tutmishlar. Xalifa Ma’mun Samarqand viloyati haqida so‘raganida unga javob berishgan ekan: “Samarqand bamisli oyqo‘rg‘onning o‘zi. Daryosi falak qasrining daryosi monand, dalalari esa osmon yoritqichlariday fusunkor…”

Amir Temur nazdida g‘oyat o‘rinli ta’rif. Chindanda dalalari serhosil, bog‘lari tarovatli, suvlari sharqiroq maskan. Qish fasli sovuq, ba’zan qor uch qarichgacha yetadi. Yozlari mo‘’tadil, bahori nihoyatda tarovatli. Tuprog‘i bamisoli jannat. o‘allaning hamma turidan uchraydi. Mevalarini aytsangiz! Sohibqiron, ayniqsa, Samarqandning nashvati, murudi, anjirini yaxshi ko‘rar edi. Ul muhtaram zotning yana bir odatlari qaerga borsa gullarning urug‘larini keltirar ekanlar. Bir kuni ishongan do‘sti Muhammad Churog‘a bilan Samarqand gullarini erinmay sanab chiqibdilar. Qizil gul, guli ra’no, guli nafarmon, shabbo‘y, savsan, rayhon, haram, gulxayri… sanog‘i o‘ttizdan oshib ketibdi. Gullarni, bog‘larni xush ko‘ruvchi bobomiz taqdiriga bog‘larni, gulzorlarnigina emas butun bir Turon zaminni yashnatishdek mas’uliyat yuklatilmish.

Hazrati Sohibqiron orzu qilgan fazlu kamol Samarqandda bo‘y ko‘rsatguncha oradan ne-ne suronli asrlar kechmish. Samarqandni talamishlar, ko‘zlariga qumlar sochmishlar, tabarruk boshi uzra qilich yalong‘ochlamishlar, shamshir o‘ynatmishlar. Uning ilohiyligini unutmishlar, unga xiyonat qilmishlar.

Turg‘unlik yillari o‘n ikki oyda bir marta otajonim bizni Samarqand ziyoratiga olib kelardilar. Biz har yili kelganimizda shahar changi to‘zib yotardi. Go‘zallik toji Registon go‘yo nomard, berahm kuyovning qo‘liga tushgan baxti qaro kelinchakdek olamga g‘amgin boqardi.

Samarqand bamisli bahodir o‘g‘lonlarini og‘ir janglarga kuzatgan Onaga o‘xshardi. Hoqonu said botirlari qachonlardir qaytib kelib, uning intizor ko‘zlaridagi qayg‘u yoshlarini artadigandek, hasratlarini aritadigandek, armonlarini quvonchga aylantiradigandek edi, go‘yo. Ha xuddi shunga o‘xshash holatlar Sulton Mirzo Ulug‘bekning benazir rasadxonasiga ham soya tashlab o‘tmish. Madhi uliyo Saroymulkxonimning maqbarasi ichkarisidan kuyindi hidi kelardi. O‘sha yoqda, ichkarida qandaydir aziz narsam kuyayotgandek tuyulardi menga. Kuygan ro‘molini hidlab bir mehribonim yig‘layotgandek bo‘laverardi..

Oradan yillar o‘tdi. Zarlar oqqan Zarafshon sohillariga istiqlol bahori keldi. Ona yurt osmonida humo qushi mag‘rur parvoz ayladi. Muqaddas zaminda mustaqillikning hur shamollari esdi. Ona Vatanni baxtiyor ko‘rmoq uchun umri jonini fido aylay oladigan rahbar yurt tepasiga keldi. O‘zbekiston yer sharining odamlari baxtiyor yashayotgan ikkita mamlakatning biriga aylandi. Biz bu muzaffariyatni Muhtaram birinchi Prezidentimizning aziz nomlari bilan bog‘liq ko‘ramiz. Yer yuzida O‘zbekiston degan yurt bor ekan, yuraklarda Islom Karimovning aziz yodi abad o‘chmasdir!

Sadoqatning timsoli bo‘lib yurt boshiga kelgan Prezidentimiz 

Shavkat Mirziyoevning 2017 yilni “Halq bilan muloqot, inson manfaatlari yili” deb atashlarida chuqur ramziy ma’nolar bor. Prezidentimiz halqning ma’naviy-ma’rifiy saviyasini yanada chuqurlashtirish uchun kitob o‘qishga katta e’tibor qaratish zarurligini ta’kidlamoqdalar. Bugun yurtimizda kitobxonlik uchun hamma sharoitlar mavjud.

Inchunun, Samarqandda ham “Kitob olami” ma’daniy-ma’rifiy majmuasi ish boshlaganiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q, ammo bu dargohda har kuni besh yuzdan ortiq o‘quvchi kitob savdosini amalga oshirayotganini hisobga olsak va bu savdoga har kuni o‘nlab yangi o‘quvchi qo‘shilayotganini qayd etsak, natija yaxshilanayotganiga shak-shubha yo‘q.

Ha, Samarqand kitobga, ilm-fanga, taraqqiyotga intilayotgan, aqlu adolat gulshani. Samarqand faqatgina usti yaltiroq shahar emas, u ulkan qalbli fozil shahar. Unda aql daraxtlari ildiz otmish. Unda nafosat chamanlari chechak ochmish.

Olam ahlining yo‘llari Samarqandda tutashadi. Yo‘llarning biri Sohibqiron Amir Temir maqbarasiga eltsa, yana biri Hazrati Hizr ziyoratgohiga, Muhtaram birinchi Prezidentimiz Islom Karimov mangu qo‘nim topgan qadamjoga eltadi. Insonning sig‘inar sajdagohi qancha ko‘p bo‘lsa, e’tiqodi shuncha kuchli bo‘lar ekan. Bizningda bosh urar muqaddas manzilimiz yana bittaga ko‘paydi…

Yana yo‘lim Samarqandga tushdi.

Assalom, nurlarga cho‘lg‘angan firdavsmonandim! Assalom, gullarga o‘ralgan dorussaltanatim. Assalom, har kun zafariyat shukuhini his etayotgan vorislar yurti!

Assalom, hazrati Sohibqironim!

Yil davomida ming turli anvoyi gullar og‘ushida ko‘raman shahrimni. Bahorda borib lolalar makoniga duch keldim: qizil lolalar, qirmiz lolalar, oq lolalar, nafarmon lolalar, hatto qora lolalar. Bu lahzalarni “Samarqandda lola vaqti” deb atashar ekan. Yozda ming turli favvoralar qurshovida qoldim. Bunday kunlarni “Samarqandda favvoralar vaqti” deb ataydigan bo‘lishibdi. Ha, kuzda olmalar, anjirlar, qovunlar sayli o‘tadi, qishda billur shaharga aylanadi bu muazzam maskan.

Samarqandim, senga qay faslda kelmay, qay tarafdan kelmay, mo‘’jizaga duch kelaman. She’rga, sehrga oshno tutinaman. Non hidi, sut hidi kelgan ko‘ylagingni hidlayman. Avliyolar eshigi bo‘lgan ostonangga bosh uraman.

 

      ***

Dunyoni tavofga chorlab turursan,

Insonni insofga chorlab turursan,

Hazrati Xizrga boshlab borursan,

Yo‘llaring ko‘zimga surtay Samarqand.

 

 Yulduzlarni ushlab nom topganingda,

Jonlaringni berib shon topganingda,

Qo‘llaring kuymasmu, non yopganingda?,

Qo‘llaring ko‘zimga surtay Samarqand.

 

Azal afsonasan ming turfa bo‘lgan,

Ochildasturxonu, non surpa bo‘lgan,

Millat Otasiga oq ko‘rpa bo‘lgan,

Gullaring ko‘zimga surtay Samarqand.

 

Saroymulkxonimsan bardoshni yutgan,

Kelinlari xonlar, sultonlar tuqqan,

Kitob karvoniga yelkasin tutgan,

Cho‘llaring ko‘zimga surtay Samarqand.

 

To adolat mangu, saodat mangu,

Imonu e’tiqod, diyonat mangu,

Barokat eshigi atalgan o‘ngu

So‘llaring ko‘zimga surtay Samarqand.

 

Shohi Zindam mening shunda tirilgan,

Necha bor qirilgan, shuncha tirilgan,

Tunda o‘ldirilgan, tongda tirilgan,

Borlig‘ing ko‘zimga surtay Samarqand.

 

Yer yuzin tal’ati, — deya atalgan,

Shafqat saltanati, — deya atalgan,

Bu dunyo jannati, — deya atalgan,

Yorlig‘ing ko‘zimga surtay Samarqand.

 

Non kabi ushalib nom topganingda, 

Botirlaring berib shon topganingda,

Qo‘llaring kuymasmu non yopganingda?

Qo‘llaring ko‘zimga surtay Samarqand.

 

Zulfiya MO‘MINOVA

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 − eighteen =