Aytishga uyalaman

Ishga yo‘nalishli taksida qatnayman. Har gal uyimizga yaqin bekatga oz qolganida tilim shishayotgandek tuyuladi.

 

—Falon joyda to‘xtab qo‘ying, — deyish azobi, xijolatpazligini oldindan his etaman. Lekin baribir aytish kerak… Axir, aytolmayman deb, manzilimdan ikki-uch bekat nariga o‘tib keta olmayman-ku…

Uzr, gapning o‘rtasidan boshlabman… Gap shundaki, yo‘nalishli taksi haydovchisi men tushadigan burilishdan ancha avval:

— “Gorkiy”da tushadiganlar bormi? — deb so‘raydi. Mening-ku “Mening dorilfununlarim” kabi yaxshi asari bor rus yozuvchisining ismi-sharifiga hech qanday e’tirozim yo‘q. Lekin bu metro bekatining nomi “Buyuk ipak yo‘li” bo‘lganiga necha yil bo‘ldi. Oradan ko‘z ham, til ham o‘rgansa bo‘ladigan fursat o‘tdi. Lekin aksariyat yo‘lovchilar va ayniqsa, haydovchilar uchun bu metro bekati hanuz “Gorkiy”ligicha qolmoqda. Undan keyingi bekatni haydovchimiz:

— “Xudojnikov”, deya e’lon qiladi.

— Turkovo, ATS, “Dom bыta”… Ana sizga poytaxtimizning shimoli-sharq tarafiga ketaverishdagi bekatlar nomi… Holbuki, bu nomlarning deyarli, hammasi qaysi zamonlardan qolgan. Lekin baribir yo‘lovchilar:

— Podzemkada qoldirib keting.

— Peshexoddda to‘xtatib yuboring, — deyaverishadi.

Endi mening tilimu dilimni kuydirgan nomga kelsak (kulmay turasizlar), men haydovchidan:

“Tarakanchik”ning “povorot”ida to‘xtating, — deb so‘rashim kerak. Holbuki, o‘sha povorot — burilishdagi ko‘chaning ismi bir chiroyli: Uzumzor… Yoki bo‘lmasa yo‘l bo‘yidagi do‘konning oti — mister (“janob”ning inglizchasi bo‘lsayam, har holda hamma hazar qiladigan maxluq emas), uning yonidagi restoran esa “Oazis” (“Voha” desa tillariga uchuq chiqadigandek)… Lekin bularning birortasini haydovchilarimiz eshitgisi kelmaydi. Men bir gal:

— TATUning litseyi ro‘parasida (litsey binosi ichkariroqda, lekin ko‘rinib turadi) to‘xtatib qo‘ying, — desam:

—Men sizni ichkariga olib kirib qo‘ya olmayman, bu taksi emas, — deb zahrini sochdi.

Bir gal taksiga o‘tirganimda:

— Nega bunaqa xunuk ot bilan atashadi? Atrof daraxtzor, katta-katta imoratlar, chiroyli joy bo‘lsa, — desam, haydovchi:

— Bir paytlar mana bu “Oazis”ning o‘rnida kafe bo‘lgan, yerto‘lasi pivoxona edi. Ishchilar tepada ovqatni bo‘kib yeb, pastda to‘yib ichib, yotoqqa (o‘sha atrofda ishchilarning eski yotoqxonasi bor) o‘rmalab kirishgan. Bu nom shundan qolgan, — deydi. 

Xo‘p, bo‘lsa bo‘lgandir. Qolsa, qolgandir. Lekin endi bu atrofda zavod ham, kafe ham yo‘q-ku. Pivoxona-ku, tag-tugi bilan yitgan. Shunday ekan, nega bu nomdan voz kechmasligimiz kerak? Chiroyli ta’mirlangan bekatimizga, “Madaniyat instituti” bekati deb yozib qo‘yilgan. Nega men:

—“Madaniyat instituti” bekatidan keyingi qayrilishda to‘xtating! — desam haydovchi tushunmasligi kerak?

Nega u:

— Marshrutka “Chimgan”dan o‘tib qayriladi, “Trotskiygacha boradi” deb goh so‘zlarni buzib, goh almisoqdan qolgan nomi bilan atayverishi kerak?

Bir tarafi bu savollar javobi bizning milliy g‘ururimiz bilan bog‘liq. Agar o‘sha g‘urur bo‘lmas ekan, “men”, “mening xalqim”, “mening so‘zlarim”, degan tuyg‘u bo‘lmas ekan, hali-beri:

— “Tarakanchik”ning “povoroti”da yuraveramiz.

Lekin men buni mutlaqo istamayman. Sizning ham xohlamasligingizni istayman.

 

Qutlibeka RAHIMBOYEVA

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen − eighteen =