AJAL O‘YINI
Internetda mana bu jumlalarni o‘qib qoldim:
Aleksandr – tadbirkor:
— Shov-shuvli xabar va videolarga ishonmagandim. Lekin kecha do‘kondan chiqib mashinamda ketayotsam, uzoqda, svetofor yonida ko‘zlari yumuq, bir-birining qo‘llarini mahkam ushlagan yettinchi yo sakkizinchi sinf o‘quvchilarini ko‘rdim. Yashil chiroq yongach, chorrahani kesib o‘tayotgan ham edimki, boshqa bir qizning ko‘rsatmasi bilan o‘smirlarning bari mashinam oldidan kesib o‘tdi. Hayajonda tormozni qanday bosganimni bilmayman. Tamom, ularni urib yubordim, deb xayol qildim. O‘smirlar esa allaqachon yo‘lning narigi betida ortlariga qaramay yugurib ketishardi. O‘shandagina bong urilayotgan bu o‘yinning o‘lim bilan o‘ynashish ekanligini anglab yetdim.
Sergey, Shuy shahrida yashaydi, avtobus haydovchisi:
— Yaqinda ish jadvalim bo‘yicha harakatlanib ketayotsam, chorrahaga yaqin qolganda avtobusim oldida to‘satdan o‘n ikki yoshlardagi bola paydo bo‘ldi. Bari shu qadar tez sodir bo‘ldiki, aqlim shoshib, tormozni qanday bosganimni bilmay ham qoldim. Bolaga nima bo‘ldi, deya atrofga nazar solsam, u allaqachon yo‘lning narigi tomonida edi. Sheriklari ham bor edi. Ularning bari yo‘lning narigi tomonida tizilishib, kuzatib o‘tirishardi…
O‘z mashinamda ketayotganda yana shunga o‘xshash voqea sodir bo‘ldi. Unda ham chorrahaga yaqinlashib qolgan edim, tezlik katta emasdi. Yana bir bola ko‘z oldimda yugurib o‘tdi, xayriyat, bu safar tormoz berish qiyin bo‘lmadi. Haligi bola va holatni videoga olayotgan o‘rtoqlari qochib ulgurishdi.
Yekatirina Belyakova — ikki farzandning onasi:
— Mashinada bolalarimni bog‘chaga olib ketayotgan edim. Chorrahadagi svetoforning qizil chirog‘i yoniq edi. Yo‘l chetida turgan bir bolakayning harakatlari negadir shubhali tuyuldi. Xuddi yugurish oldidan startga turganga o‘xshardi. Bu o‘yin haqida oldinroq dugonalarimdan eshitgandim. Birdan haligi bolakayning fikrini uqqandek, juda past tezlik bilan mashinamni qo‘zg‘atdim. Yonida turgan yana ikki sherigi qo‘llarida telefon, tasvirga olish bilan band. Shunday sekinlik bilan chorrahani kesib o‘tdim. Haligi maktab o‘quvchisi esa ortimdan kelayotgan mashina oldini kesib o‘tdi. Haydovchi zo‘rg‘a to‘xtashga ulgurdi. Mashinani chekkaroqda to‘xtatib bolakaylarning oldiga yugurdim. Bilsam, beshinchi sinfda o‘qisharkan. Bu qilmishlari qanchalik xavfli ekanini tushuntirishga harakat qilmay, ularga gaplarim ham, do‘q-po‘pisam ham zoe ketdi. Bu o‘yinni tezroq to‘xtatish kerak!..
Bugungi kunda Rossiyadagi haydovchilar o‘rtasida vahima bilan yozilayotgan shu kabi postlarni o‘qib, bu endi qanaqa o‘yin bo‘ldi ekan, deya yoqa ushlaysan kishi. O‘zini kelayotgan mashina ostiga tashlash jonidan to‘ygan nodonlarning tutumi emasmi? Hazil-hazil yoki qiziqish bilan o‘lim bilan o‘ynashayotgan o‘smirlar soni Rossiya, Ukraina va Qozog‘istonda tobora ortmoqda.
Keyingi vaqtlarda, ko‘plab munozaralarga sabab bo‘layotgan “Ko‘k kit”, “Tinch uy”, “F57”, “WinX” kabi o‘z joniga suiqasd qilishga majburlovchi o‘yinlar qatoriga yana bir “Begi ili umri” (“Yugur yoki o‘l”) nomli juda xavfli o‘yin qo‘shildi. Aksar o‘smirlarning “qiziqishiga” sabab bo‘layotgan bu o‘yinning asl manbasi haqida aniq ma’lumot yo‘q, mutaxassislar aytishicha, o‘yin topshiriqlari ishtirokchiga shaxsiy xabar orqali yuboriladi. Bola harakatlanib kelayotgan mashina oldini kesib o‘tadi. Omon qolsa, o‘yin g‘olibiga aylanadi, eplolmasa… Shu bois o‘yin yuqoridagi kabi nomlangan.
Ishtirokchi mashinani iloji boricha eng yaqin masofadan kesib o‘tishi lozim, shunda u katta ballni qo‘lga kiritadi. Bu vaqtda boshqa bir o‘smir yuz berayotgan hodisani qo‘l telefoniga muhrlaydi. So‘ng ijtimoiy tarmoqlardagi maxsus guruhlarga bu lavha uzatiladi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, yugurib ketayotgan bola mashina kapotiga urib ulgurishi kerak, shundagina unga ball qo‘yiladi. Barcha harakatlar telefonga videoga olinishi shart.
O‘yinning g‘oyasini qarang: “Jonni tikib, g‘olib bo‘lish”. Bu haqda eshitgani, ko‘rgani sari g‘azabi qo‘ziydi odamning. Bolalar tajriba quyonchasi yoki jonsiz bir qo‘g‘irchoqmidiki, ular istalgan ko‘yga solinsa?! Ajablanarlisi, hayotning achchiq-chuchugini totmagan bu o‘smirlarni “Ko‘k kit” o‘yinidagi kabi birov tahdid bilan majburlayotgani yo‘q. Ular o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshirish, adrenalinini tekshirish maqsadida shu o‘yinga berilib ketayotganmish.
“Begi ili umri” nomli onlayn o‘yindagi ba’zi lavhalarni ko‘ra turib, dahshatga tushasan kishi. O‘yin ishtirokchisi ixtiyoriy kiyimdagi odamni tanlab, u bilan g‘oliblik sari intiladi. Mashinalar yonidan yugurib, yo‘lida duch kelganni o‘ldirib, turli bosqichlardan o‘tib, ball yig‘ishga harakat qiladi. Bu o‘yinni GTA ning yangicha ko‘rinishiga qiyoslaganlar ham bo‘ldi. Biroq o‘yinning dahshati shundaki, undagi mashinalar oldidan yugurib o‘tish bevosita real hayotga ko‘chib ulgurdi. Hali maktabni bitirib ulgurmagan o‘quvchilar o‘limiga sabab bo‘lmoqda. Masalan, Yekaterinburgda shu o‘yin dastidan beshta o‘lim va 58 ta tan jarohati qayd etilgan. Bundan tashqari, avtobus, tramvay, trolleybus va bir necha yuk mashinalarining orqa qismiga osilib olgan, arqon bog‘lab, skeytda sirpanib ketayotgan bolalarni ko‘plab haydovchilar ko‘rishgan.
Rossiyada ota-onalar va haydovchilar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra, ota-onalarning aksari bu o‘yin haqida telefonlariga kelgan xabar va internetdagi ma’lumotlardan, bir qismi o‘qituvchi va maktab direktorlarining ogohlantirishlaridan bilishganini, qolgan qismi esa hali bu o‘yin haqida eshitmaganliklarini aytishgan. So‘rovnomada ishtirok etgan haydovchilarning yarmi “bu o‘yin haqida bilasizmi?” savoliga hazil tariqasida “shaharning yarmi shu o‘yinni o‘ynayaptiku”, deb javob berishgan bo‘lsa, qolgan yarmi bundan o‘ta tashvishda ekanliklarini bildirishgan.
Ayni kunlarda Rossiya bo‘ylab ota-onalarga, maktab o‘qituvchilariga tushuntirish ishlari olib borilmoqda, maktab o‘quvchilari bilan alohida suhbatlar o‘tkazilmoqda.
— Bu o‘yinning oqibati o‘limdir, — deydi o‘rtog‘ining o‘limidan dahshatga tushgan bir rus yigit. — O‘rtog‘im ham shu o‘yinni o‘ynadi, afsuski, endi u safimizda yo‘q.
Hozir “zamonaviy” o‘lim ko‘rinishlari — o‘zini osish, tomdan pastga tashlash yoki mashina g‘ildiraklari ostiga o‘zini topshirish. Bularning barida shubhasiz, “o‘lim guruhlari”ning qo‘li bor, deya fikr bildirildi RYeN TVda.
Bu o‘yindan bolalarni qanday himoyalash mumkin? Psixologlarning bu borada fikri qanday?
12 – 16 yoshli bolalar umrning cheksiz emasligini hali tushunishmaydi, o‘lim nima ekanini anglay olishmaydi, hatto. Ruhshunoslar ota-onalarga o‘z farzandlari bilan do‘stona munosabatda bo‘lishni va kompyuter o‘yinlaridan chalg‘ituvchi barcha usullardan foydalanishni tavsiya qilishmoqda. Biroq bu bilan bolani ijtimoiy tarmoqlardan butunlay ajratib bo‘lmaydi. Eng muhimi taqiq emas, balki hayotning boshqa jabhalariga yoshlarni qiziqtira olish. Hozirgi paytda ijtimoiy tarmoqlar istaymizmi, yo‘qmi, boshqalar bilan his-tuyg‘ularini baham ko‘rish va oson muloqot qilish muhitidir. Bola virtual makonda unga hech qanday to‘siq yo‘qligini yaxshi biladi. Bu yerda hech kim uni masxaralamaydi, istagan narsasini yoza oladi, o‘zini qiziqtirgan savollarga, albatta, javob topa oladi. Agar o‘smir virtual makondan izlayotganlarini real hayotda to‘la-to‘kis topa olsa, hech qanday ijtimoiy tarmoqlarga murojaat qilmaydi. Yoki juda oz vaqtini ularga sarflaydi. Bolalarning yumushlari qanchalik ko‘p bo‘lsa, kompyuter va undagi bema’niliklarga shuncha kam vaqt ajratishadi. Eng asosiysi, ota-onalar farzandlarining ijtimoiy tarmoqlarda vaqtini qanday o‘tkazayotganliklari va nimaga sarflayotganlarini nazorat qilib borishlari lozim. Do‘stona munosabatni unutmagan holda, albatta.
Go‘zal MALIKOVA,
“Hurriyat” muxbiri