Jurnalistikaga bag‘ishlangan umr lahzalari

Yaqinda “Tamaddun” nashriyoti oltmish yildan ortiq umrini yurtimiz radio-televideniesi taraqqiyotiga bag‘ishlagan ustoz jurnalist Bahodir Abdullaevning “Kapalak umriga qiyos lahzalar” kitobini nashrdan chiqardi.

 

Keyingi paytlarda ustozimiz Ozod Sharafiddinov boshlab bergan “Domlalar” kitobidagi an’ana Narimon Hotamovning “Muruvvat — hamdamim”, Saydi Umirovning “Dorilfununlar taqdirimda” esse, esdaliklarida davom ettirilayotgan edi. Bahodir Abdullaev “Kamalak umriga qiyos lahzalar…”da ham ustozlar yo‘lini davom ettirgan, ham yillar davomida o‘zining mustaqil so‘qmoqlar ochganini muxlislariga isbotlay olgan.

Asosan xotiralardan iborat bunday kitoblar katta hayotiy tajribaga ega ustoz mutaxassislarning o‘z sohalari eshiklarini cherta boshlaganlaridan tortib yetuk ustoz bo‘lib yetishishlarigacha ro‘y bergan katta-kichik “Kapalak umriga qiyos lahzalar…” keyingi avlod vakillari uchun komil mutaxassis bo‘lib yetishishlarida rosmana tajriba maktabi vazifasini o‘tar ekan. Mazkur kitoblarda ko‘tarilgan masalalarning dolzarbligi, avvalo, kasb tanlash muammolari bilan uzviy bog‘lanadi. Xususan, jurnalistika sohalaridagi murakkab vaziyatlarning aniq hujjatli asoslar bilan bayon qilinishi yoshlarimizga tanlanayotgan kasbga jiddiy mas’uliyat bilan yondashish lozimligini ta’kidlaydi. Sen jurnalist bo‘lishni havas qilibsan, kasbning o‘ta murakkab sinovlariga bardosh berishingga ishonasanmi? Kezi kelganda butun hayoting davomida erishgan yutuqlaring oddiy kapalak umriga qiyos lahzada chilparchin bo‘lishi mumkinligini tasavvur qila olasanmi? Ba’zan aybsiz aybdor bo‘lishga tayyormisan?  Muallif bunday savollardan o‘nlab misollar keltiradi. Bahodir Abdullaev o‘z kitobida bunday muammolarni jiddiy tarzda qo‘ya olgan va shaxsiy hayoti misolida ularning yechimini topish yo‘llarini ham ko‘rsatgan.

“Shayton sabog‘i” sarlavhali xotirada mashg‘ulot olib borayotgan Fozila Sulaymonova adib shayton obrazini yaratishda an’anaviylikdan chekinib uni ijobiy fazilatlar bilan ifodalaganini aytganida, talaba Bahodir: “Kommunistga o‘xsharkanmi?” — deb yuborgani uchun universitetdan haydalishiga bir bahya qolganini alam bilan eslaydi. “Bir janoza tarixi”da esa radio-televidenieda kichik muharrirlikdan bosh direktorlikkacha bo‘lgan yo‘lni o‘nlab yillar davomida bosib o‘tgan Bahodir Abdullaevning taqdirini Saratov shahridan kelgan V.G.Anieev bir necha soniyada yer bilan yakson qilgani aytilgan. Sobiq tuzum illatlari haqida gapirganimizda, ana shunday aniq va tasavvur bilan qayd qilinadigan misollarga tayanishimiz ma’qul. Bu lahzalar bayoni yosh farzandlarimizga jurnalistikaga bag‘ishlangan umrning murakkab jihatlari haqida tasavvur hosil qilishga yordam beradi.

Keyingi yillarda yoshi ulug‘ ziyolilarimiz XX asrda o‘zbek xalqining milliy madaniyati tarixida alohida iz qoldirgan davlat arboblari, shoir va yozuvchilar haqida xotiralarni yozib qoldirmoqda. Millatning ilmiy tarixini yaratish zarur, albatta. Bunday jonli guvohlik bilan yozilgan taassurotlar keyingi avlodlar tomonidan qadrlanishini Mirxond, Xondamir, Vasifiy kabi tarixchilarning Alisher Navoiy haqida yozganlariga, Boburning “Boburnoma”siga berilayotgan baholar isbotlab turibdi. 

Bahodir Abdullaev “So‘lim”da Usmon Yusupovni, “Xarajat chiroyli bo‘lsin”da Sharof Rashidovni, “Buxanka non, kalla sho‘rva va ulfatlar”da Habibiy, o‘afur o‘ulomni, “Otelloning o‘limi”da Abror Hidoyatovni. “Monolog”da Shukur Burxonni, shuningdek, boshqa “lahzalar”da Maqsud Shayxzoda, Said Ahmad, Ne’mat Do‘stxo‘jaev kabi ustozlarni eslaydi. O‘lmas O‘marbekov, o‘ani Rasulov, To‘lqin Imomxo‘jaev, Anvar Eshonov, Damir Shokirovdek ham ustoz, ham safdoshlar xotiralari bilan o‘rtoqlashadi. Ayniqsa, “Xarajat chiroyli bo‘lsin”dagi Sharof Rashidov ishtirok etgan lahza alohida e’tiborga sazovor: “Kulgi — chehraning guli” radiojurnalda Abdulla Qahhorning “Nutq” hajviyasi asosida ishlangan instsenirovka beriladi. “Bilim” jamiyatining “dono” rahbarlaridan biri hajviy badiiy asarni radiofeleton deb tushunib, Sharof Rashidovga shikoyat qiladi. O‘rtada alg‘ov-dalg‘ov boshlanadi va, nihoyat, Sharof Rashidovich radio xodimlarining aybsiz ekanliklarini bilganlaridan keyin, noshud o‘sha rahbarga aytgan gaplariga diqqat qiling:

“— Sizga Qodirxo‘ja aytgan tushunib-tushunmay. Siz menga qo‘ng‘iroq qildingiz tushunib-tushunmay; men esa bularni ranjitib qo‘ydim bilib-bilmay, omon bo‘ling, — go‘shakni qo‘ygach, Ibrohimovga kulimsirab yuzlandi Sh.Rashidov, — tushunmovchilik ham bir ofat. Yigitlarga mening nomimdan uzr ayting. Xayr, omon bo‘linglar”.

Yuqorida keltirilgan bir necha qatordan iborat iqtibosda, bizningcha, ikkita ibratli hikmat bor: birinchidan, o‘sha davrdagi Respublika matbuot qo‘mitasining raisi Ubaydulla Ibrohimovning huzuriga yurak yutib chiqishdan cho‘chimagan. Yuqoridan buyruq bo‘ldi, deb iqtidorli jurnalistlarga nisbatan nohaq chora ko‘rishni o‘ziga loyiq ko‘rmagan.  Matbuot sohasida bunday hodisalar bo‘lib turishini bilgan mutaxassislar o‘z rahbarlarining mardligiga qoyil qolishgan.

Ikkinchidan, respublikani boshqarib turgan Sharof Rashidov ro‘y bergan anglashilmovchilik uchun radioda ishlayotgan oddiy xodimlardan uzr so‘rayapti. Vaholanki, “o‘tgan ishga salovat” qabilida ish tutishlari, katta boshlarini kichik qilishdan saqlanishlari mumkin edi.

 “Kapalak umriga qiyos lahzalar…”ning asosiy qahramonlari millatimizning sofdil, bag‘ri keng, go‘zal farzandlaridir. Fikri ojizimcha, Bahodir Abdullaev o‘zining o‘quvchisiga ana shunday ajoyib millatdoshlarimiz borligidan faxrlanishimiz kerakligini uqtirmoqchi bo‘lgandek tuyuladi. O‘tgan asrning qirg‘inbarot 30-yillarida ham o‘zining hayotini garovga qo‘yib, “xalq dushmanlari” deb atalgan insonlar oilasiga imkoniyati darajasida xayrixohlik qilgan odamshavanda yurtdoshlarimiz bo‘lgan. Ehtimol, O‘zbekiston deb atalmish vatanimizning bugungi havas qilarlik darajadagi tinchlik kunlarida “Jarariq” mahallasining urush yillaridagi oqsoqoli Qayum qori amaki, maktab direktori Muhammad Shodmonov, muallim Rahimjon aka, qo‘shni Mirhoshim amaki, universitet partkomi Karim Sodiqov, O‘zbekiston televidenie radioeshittirish komiti (hozirgi O‘zbekiston milliy teleradio kompaniyasi) raisi Ubaydulla Ibrohimov, qolaversa, Ne’mat Do‘stxo‘jaev, O‘lmas Umarbekov, o‘ani Rasulov (hammalarining ohiratlari obod bo‘lsin) kabi yurtdoshlarimizning savobli hissasi bordir. Shubhasiz, muallif “kapalak umri”ni esga olganida, hayotda ana shunday oddiygina umr kechirgan, ammo aslini olganda INSON degan buyuk va sharafli nomga munosib bo‘lgan haqiqiy ma’nodagi zamondoshlarimizning hayot lahzalarini nazarda tutgan. Har holda o‘z ustozlariga, foniy dunyoni tark etgan safdoshlariga ta’zim bajo keltirgan.

“Kapalak umriga qiyos lahzalar…”ning go‘zal fazilatlaridan biri jurnalistika kasbiga umrini bag‘ishlagan shaxsda mustahkam iroda kuchi bo‘lishi lozim ekanini alohida qayd etishdir. Gap shundaki, ikkinchi jahon urushi yillarida Bahodir Abdullaevning otasi Abdurashid Abdullaev tuhmat-chaquv oyida “xalq dushmani” tamg‘asi bilan Sibirga surgun qilingan edi. “Xalq dushmani”ning o‘g‘li ekanini muallifimiz birinchi sinfga borgandayoq his qila boshladi. Uni o‘qishdan chetlatdilar. Shu-shu radioda o‘n ikki yashar o‘smirning she’r yodlashidan tortib yirik o‘quv dargohi Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zMU) da o‘qishigacha, oddiy muxbirlikdan muharrir darajasiga yetgunigacha tamg‘a o‘z ta’sirini yo‘qotmadi. Hatto Abdurashid aka maxsus tashkilot tomonidan oqlangandan keyin ham “tarki odat” deganlaridek, yo‘l-yo‘lakay bo‘lsa ham esga solib turildi. 

U milliy seriallar va dublyaj ijodiy birlashmasini tashkil etishda tashabbus ko‘rsatdi. “O‘zbekiston Respublikasining bir yilligiga”, “Televidenie va radio a’lochisi” ko‘krak nishonlarining sohibi bo‘ldi. Mehnat shuhrati ordeni bilan mukofotlandi. Unga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi unvoni berildi. 

 

Xullas, Bahodir Abdullaevning “Kapalak umriga qiyos lahzalar…” kitobi keng kitobxonlar ommasi uchun, ayniqsa, o‘zining hayotini jurnalistikasiz tasavvur qila olmaydigan yoshlar uchun umrini aynan shu murakkab sohaga bag‘ishlagan ustozning yaxshi o‘gitlari jamlangan sovg‘asi bo‘lib xizmat qiladi. 

Omonulla MADAYEV

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − nineteen =