Yaxshi kitoblar bolalar uchun

Joriy yilning 12 yanvarida Yurtboshimizning “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi Farmoyishining e’lon qilinishi ma’naviy-ma’rifiy hayotimizda muhim voqea bo‘ldi. Chunki kitob bir mash’alaki hayot yo‘limizni yoritib turadi. “Gulxan” jurnali bosh muharriri, bir qator kitoblar muallifi Zahro Hasanova bilan suhbatimiz ham kitob, bolalar adabiyoti va yechimini kutayotgan muammolarga bag‘ishlandi.

 

— Zahro opa, Yurtboshimizning ushbu farmoyishi albatta bolalar adibi sifatida sizga ham yanada mas’uliyat yuklagani shubhasiz. Hozir yurtimizdagi ko‘plab kitob do‘konlarida istalgan alifboda, istalgan kitoblarni xarid qilish mumkin. Ammo kitoblardagi g‘aliz jumlalar, imloviy xatolar bolalar savodxonligiga putur yetkazmasmikan, degan hadik ko‘ngildan o‘tadi. Aslida kitob mahsulotlarini chop etishda nashriyotlar, avvalo, nimalarga e’tibor qaratmog‘i lozim? 

— Ochig‘i, kitob targ‘iboti bilan bog‘liq har qanday xayrli yumushni barcha birdek qo‘llab-quvvatlaydi. Xabaringiz bor, yurtimizda kitob marafoni, kitob festivali singari tanlov va tadbirlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Lekin bunday tadbirlar shu paytgacha keng qamrovli emas edi. Shuning uchun biz – bolalar nashrlarining xodimlari O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligining ishchi guruhiga o‘z fikr-mulohazalarimizni yozib berdik. Qarorda ilgari surilgan “bolalar adabiyoti” atamasi bilan “bolalar matbuoti”, “bolalar nashrlari” iboralarini yonma-yon qo‘yish maqsadga muvofiq deb o‘ylaymiz. “Gulxan”, “o‘uncha”, “Tong yulduzi” kabi gazeta va jurnallar farzandlarimizning o‘qish, san’at va sportda erishayotgan yutuqlari aks etgan maqolalarni muntazam berib boradi. Ushbu nashrlar mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, muhim sanalarni yosh avlodga bolalar tilida sodda va ravon qilib yetkazishi bilan ahamiyatlidir. Aslida bolalarda mutolaaga mehr gazeta va jurnallarni o‘qishdan boshlanadi. Albatta, kitoblarni uslubiy va imlo xatolarsiz chiqarishga jiddiy e’tibor qaratmoq kerak. Chunki kitobdagi arzimagan xato bolaning savodsiz bo‘lib qolishiga sabab bo‘ladi. Rassomlar chizadigan rasmlarni tanlay bilish lozim. Kitoblarning rang-barangligi yaxshi. Lekin ba’zida matnlar to‘q rang berilgan rasmlar ustiga tushib qoladi. Bunday kitoblar bolalarning ko‘rish qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ba’zan mayda harfda chop etilgan kitoblarni o‘qigan bolalar noqulaylik sabab o‘qishdan bezadi. Shuning uchun bolalar uchun kitob chop etayotgan nashriyot muharrir va dizaynerlari zarur me’yorlardan saboq olishlari darkor. Tarbiya oiladan boshlanadi. Ota-ona farzandlarining ko‘z o‘ngida gazeta, jurnal, kitob o‘qisa, o‘qiganlarini birgalikda muhokama qilsa, avvalo, bolada kitobga bo‘lgan munosabat shakllanadi. Bolani 2-3 yoshidan rasmli kitoblarga jalb qilish zarur. Rasmlarni ko‘rsatib ularga kichik-kichik ertaklar, hikoyalar o‘qib berish lozim. Buning uchun ota-onalarning o‘zi shunga ruhan tayyor bo‘lishi zarur. Ming afsus, keyingi paytda ayrim onalarning qo‘lidan telefon tushmay qoldi. Biz farzandlarimizga “mana bu mevani yeb yurgin, unda darmondorilar bor”, yoki “mana bu taom sog‘liq uchun juda foydali”, “mana bu sabzavotning sharbatini albatta ichish kerak”, deb majbur qilamiz. Betob bo‘lganda zarur dori-darmonlarni ichiramiz. Nima uchun kitob o‘qish yoki she’r yodlashni kundalik vazifaga aylantirmaymiz. Ayniqsa, boshlang‘ich sinfda saboq olayotgan bolalar hamma narsaga qiziquvchan, tez ko‘nikuvchan bo‘ladi. Bundan kelib chiqadiki, bolalarni kitobga qiziqtirish uchun oila va maktab, ota-ona va o‘qituvchi hamkorligi o‘ta muhim.

— Maktablarda kutubxonalar fondini boyitish bilangina kitobxonlik madaniyatini oshirib bo‘ladimi? Ya’ni kutubxonada kitob ko‘p bo‘lsa-yu, targ‘ibotchisi bo‘lmasa…

— Kitoblarning sonini ko‘paytirish bilan kitobxonlikka erishib bo‘lmaydi. Kitoblarni targ‘ib qiladigan kutubxonachining o‘zi yaxshi kitobxon bo‘lishi kerak. Nafaqat kutubxonachi, balki ma’naviyat ishlari bo‘yicha mas’ul xodim, o‘qituvchilar bolalarni kitobga, gazeta va jurnallarga mehr qo‘yishiga hissa qo‘shmog‘i shart. Kitob sotuvchisi bo‘ladimi, kutubxona xodimi bo‘ladimi, avvalo o‘zi kitobsevar bo‘lishi, kitob tanlashda did-saviyasi baland bo‘lishi kerak. Ular bolalarga kitob tanlashda xolis yordamchi bo‘lmog‘i shart. Kitob savdosida narx-navoni ham me’yorda ushlab turish kerak. Birgina misol, bolalar nashrlarini olaylik. Mustaqillikning ilk davrlarida, iqtisodiy sharoit og‘ir damlarda ham bu gazeta va jurnallarning narxlari mo‘’tadil ushlab turildi. Bordi-yu, ana shu qiyin sharoitda ularning narxi ko‘tarilganda, bu nashrlar yopilib ketardi. Ayni damdagidek “Gulxan”, “o‘uncha” jurnallari, “Tong yulduzi” va “Klass” gazetalari maktab kutubxonalaridan, o‘z muxlislari qalbidan munosib joy olmasdi.

Shu o‘rinda elektron axborot vositalariga kelsak, ular yoshlarimizni tezkor axborot xabarlari bilan ta’minlaydi. U orqali kichikroq hajmdagi asarlar — hikoya, she’rlar, ijodkorlarning hayoti va faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar va o‘quv darsliklariga oid axborotlar bilan tanishish mumkin. Lekin, “O‘tgan kunlar”ni qanday qilib kompyuterda oxirigacha o‘qish mumkin? O‘tkir Hoshimov yoki Tohir Malik asarlarini-chi? Kompyuter o‘quvchiga kitob varaqlashdagi qog‘ozning shitirlashidek mutolaa zavqini bera oladimi? Kitob o‘quvchiga har bir so‘zning kuch-qudratini, rangini, ta’mini bera olish xususiyatiga ega. Ana shu ta’mni, ranglarni his qilish uchun, albatta, kitobni qo‘lga olib o‘qish zarur. Men hamisha qo‘limga olgan yaxshi asarni o‘qish jarayonida uning o‘ziga xos jihatlarini farzandlarimga, yaqinlarimga, hamkasblarimga so‘zlab beraman. Kitobni o‘qib tamomlamasimdan, uning xaridori chiqadi. Yaxshi she’r ham xuddi shunday. Qayta-qayta o‘qigan saringiz shirasi chiqaveradi. Bir necha yil avval O‘zbekiston xalq shoiri, xalqimizning sevimli ijodkori Anvar Obidjonning “Hayotning har lahzasi go‘zal” nomli she’riga ajoyib bir videorolik ishlandi va deyarli har kuni efirga uzatildi. Bilasizmi, bu videorolik xalqimizga shunchalik manzur bo‘ldiki, ular yoppasiga bu she’rning ayrim misralarini yodlab olishdi. Maktab o‘quvchilarini-ku, aytmasa bo‘ladi. Qaysi uchrashuv, tadbirga bormaylik, bolalar sahnaga chiqib uni yoddan aytib berishardi. Ana sizga targ‘ibotning kuch-qudrati. 

Yurtboshimizning dastlabki qilgan xayrli yumushi kitobxonlikka e’tibor qaratish bo‘ldi. Demak, biz har birimiz ushbu masalaning yechimini topishda bir-birimizga ko‘makdosh bo‘lishimiz darkor.

Farog‘at XUDOYQULOVA yozib oldi.

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen − 15 =