Ko‘hna Shosh bag‘ridagi javohir

Ko‘hna Shosh bag‘rida tarixning necha ming yillik sirlari yashirinib yotibdi. Bugungi yorug‘ kunlarga yetguncha uning qanchadan-qancha xalqparvar, vatanparvar farzandlari, ulug‘ allomalari mehnati, ularning buyuk xizmatlari ham ana shu tarix qatida edi. Xalqimiz o‘z erki, istiqloliga erishgach, ajdodlardan qolgan madaniy-ma’rifiy merosni tiklash, yuzaga chiqarish maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

 

Ma’naviy qadriyatlarimiz tiklanib borayotganiga jahon afkor ommasi, butun musulmon olami ham guvoh bo‘ldi va buni e’tirof etdi. Islom Konferentsiyasi Tashkilotining ta’lim, fan va madaniyat bo‘yicha muassasasi – AYSYeSKO 2007 yilda Toshkentni Islom madaniyati poytaxti deb e’lon qilgani ana shu e’tirofning tasdig‘idir. Bunday maqomga erishguncha yuzlab ezgu g‘oyalar amalga oshirildi, qanchadan-qancha bunyodkorlik ishlari olib borildi, ulug‘ ajdodlar, aziz avliyolarning nomlari qayta tiklanib, ular mangu qo‘nim topgan muborak qadamjolar obod qilindi.

Ming yillardan buyon yashab kelayotgan Hazrati Imom majmuasi ham ana shunday osori-atiqalardan biridir. Keksalarning gapiga qaraganda, yaqin o‘tmishda ushbu dahadagi masjid-madrasalar va boshqa tarixiy yodgorliklar avaylab-asralmagan, tor, egri-bugri ko‘chalar ko‘pda tozalanmas, chiqindi uyumlari to‘planadigan qarovsiz ahvolda bo‘lgan. Hazrati Imom maqbarasi atrofi avval mol bozori, somon bozori bo‘lgan, keyinchalik bu yerda, chayqov bozori ochilgan. Baroqxon madrasasi hujralarida ovrupalik nogiron va so‘qqaboshlar yashagan. Boshqa me’moriy yodgorliklar, qadamjolarning holati ham bundan yaxshi bo‘lmagan, albatta. 

2007 yil boshida O‘zbekiston Prezidentining farmoni bilan Hazrati Imom jamoatchilik jamg‘armasi tashkil etilib, majmuaning asl tarixiy qiyofasini tiklash uchun keng ko‘lamli qurilish-ta’mirlash va obodonchilik ishlari olib borildi. 

– Majmuada uchta qadimiy inshoot bor. Bular – XVI asrda qurilgan Baroqxon va Mo‘yi Muborak madrasalari va Hazrat Qaffol ash-Shoshiyning maqbarasi. Ushbu maqbaraning yer qismi XI, tepa qismi XIV asrda qurilgan, – deydi O‘zbekiston Musulmonlari idorasining muzey-kutubxonasi bosh mutaxassisi Murod o‘ulomov. – Prezident farmoni e’lon qilingach, olti oy mobaynida majmua yangicha qiyofada qad ko‘tardi. Dastlab to‘rt oy ichida Hazrati Imom jome masjidi barpo etildi. So‘ng O‘zbekiston Musulmonlari idorasining yangi binosi, keyin 1969 yilda ochilgan Imom Buxoriy nomidagi oliy ma’had, ya’ni islom instituti binosi qayta ta’mirlandi, atroflari obodonlashtirilib, talabalar uchun yotoqxonalar qurildi. Bundan tashqari, shu uchta inshoot va “Tilla Shayx”, “Namozgoh” masjidlari ham qayta ta’mirlandi, yangi maydonlar, yo‘llar barpo etildi.  Ushbu inshootlarning barchasi mazkur majmuaga kiradi. Uning yangi ko‘rinishi qadimiy an’analar asosida yaratilgan. 

HAZRATI IMOM JOME MASJIDI

Masjidning ikki tomonida ko‘kka bo‘y cho‘zib turgan minoralarning balandligi 57 metrni tashkil qiladi. Bular o‘z maktabiga ega minorasozlarning mumtoz uslubi uyg‘unlashgan holda tiklangan bo‘lib, o‘ng tomondagisi xorazmlik, chap tomondagisi esa samarqandlik ustalarning ijod mahsuli ekan. Masjid hovlisiga kirishingiz bilan uzunligi sakkiz metrdan ziyod naqshinkor ustunlar ko‘zni quvontiradi. Bular Hindistondan keltirilgan sandal daraxtidan yasalgan. Jami yigirmata ustunning shakli sakkiz qirrali bo‘lib, ularda Toshkent hunarmandlari uslubi namoyon. 

Masjid xonaqohining uzunligi 77, eni esa 22, mehrobi bilan 24 metrni tashkil qiladi. Buni qarangki, shunday katta xonaqoh ustunsiz qurilgan va arxitekturasi jihatdan O‘rta Osiyoda yagona inshoot hisoblanadi. Bu yerda, ayvoni bilan qo‘shib hisoblaganda, birvarakayiga besh mingdan ziyod kishi namoz o‘qishi mumkin. Binoning moviy gumbazlari ichki qismi Samarqanddagi “Tillakori” madrasasidan andoza qilib olingan. Faqat farqli va afzallik tomoni gumbazlarga o‘n ikkita deraza qo‘yilgan, yoritkichlar o‘rnatilgan. Qo‘sh gumbaz ichidagi naqshlar, ziynatlar qo‘li gul ustalar mahoratidan darak berib turibdi.

QAFFOL ASH-SHOSHIY MAQBARASI

Abubakr Muhammad ibn Ali Ismoil al-Qaffol ash-Shoshiy 903 yilda Toshkentda tug‘ilgan. U Buxoro, Samarqand, Termiz madrasalarida tahsil olgan va islom ilohiyoti ustunlaridan bo‘lgan Imom al-Buxoriy va Iso at-Termiziyning ma’naviy izdoshi hisoblanadi. Qaffol ash-Shoshiy bir necha bor haj safariga borgan, Damashq, Bag‘dod va Hijozda bo‘lgan. Sayohatlari mobaynida zamonasining yirik musulmon allomalari bilan bahslarda qatnashib, ilohiyot bo‘yicha chuqur bilimini namoyish qilgan. Manbalarga qaraganda, uning obro‘si shunchalik baland bo‘lganki, islom dunyosida uni «Buyuk imom» deb atashgan. Vatanga qaytgach, u butun kuchini islomni targ‘ib qilish va shariat asoslarini mustahkamlashga sarflagan. U fiqh, hadis, usul, tilshunoslik fanlari va she’r san’ati bo‘yicha Movarounnahrda tengsiz edi, deyiladi manbalarda. 

Rivoyatlarga qaraganda, Shoshiy qulf yasashga juda usta bo‘lib, vazni chorak kumush tanga og‘irligidek jajji qulf yasagan ekan. Uning ismiga “Qaffol” (arabcha qulf) so‘zi qo‘shib aytilishiga sabab ham shu. 1541 yilda uning qabri ustiga maqbara qurilgan. Maqbaraning asosiy kiraverishidagi eshik ustida qurilishda qatnashgan o‘ulom-Husayn hamda hattot Qudratning ismlari she’riy tarzda bitilgan yozuv saqlanib qolgan (1541-42 yillarda nurab qolgan dastlabki maqbara o‘rniga hozirgi maqbara Toshkent hokimi Baroqxon taxallusli Navro‘z Ahmadxon topshirig‘i bilan saroy me’mori o‘ulom Husayn loyihasi asosida qayta qurilgan).

Avliyo xilxonasi o‘zining ajoyib shakli bilan diqqatni tortadi. Qaffol ash-Shoshiy mozori ziyoratgoh bo‘lgani uchun maqbaraga sayohatchilar uchun qo‘noq shakli berilgan. Katta zaldan tashqari ziyoratchilar uchun qurilgan uch qavatli hujra – burchak ustunli xonalardan iborat. Ushbu xilxonada yana bir necha mo‘’tabar zotlar qabrlari ham bor. Hozirgacha ko‘plab ziyoratchilar Qaffol ash-Shoshiy maqbarasiga kelib, undan ma’naviy yordam va duo oladilar.

Ayni paytda “Xastimom” deb ataladigan joy shu mo‘’tabar zotga nisbat berib aytiladigan “Hazrati Imom” so‘zining qisqargan shaklidir. 

 

BAROQXON MADRASASI

Toshkentning keyingi besh yuz yillik tarixiga guvoh ushbu madrasa qadimiy ilm-fan, madaniyat o‘chog‘i sanaladi.  

1554 yili Shayboniylar davlati Movarounnahr xoni bo‘lgan Navro‘z Ahmadxonning umri harbiy yurishlarda o‘tganiga qaramay, xalqqa muruvvatli, muloyim tabiatli kishi bo‘lgan. Shu bois uni “Baroqxon” deb ham atashgan. Baroqxon madrasasi 1502–1770 yillar oralig‘ida bosqichma-bosqich qurilgan. 1917 yilga kelib, madrasani yotoqxonaga aylantirishgan va uning tarixiy ko‘rinishiga o‘zgartirishlar kiritilgan. 1936 yildan boshlab esa ko‘rlar jamiyati va omborxonasi sifatida foydalanilgan. XX asrning 50-yillarida madrasa O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi ixtiyoriga berilgan. 2007 yilda esa butkul qayta ta’mirlandi.

MO‘YI MUBORAK MADRASASI

Yangi jome masjidining shimoli-g‘arbida mo‘’jazgina tarixiy bino bor. Ushbu inshoot o‘n beshinchi asrda Baroqxon madrasasi qarshisida qurilgan. 1856-57 yillari esa Qo‘qon xoni tayinlagan Toshkent hokimi Mirzo Ahmad qushbegi amri bilan mazkur madrasa pishiq g‘ishtdan qayta ta’mirlangan. Tarixchilarning ma’lumotiga ko‘ra, ushbu qadamjoda payg‘ambarimizning soch tolalari saqlangan. Majmuadagi katta qurilish-ta’mirlash ishlaridan so‘ng Mo‘yi Muborak madrasasi ham yangicha qiyofa kasb etdi va mushafi Usmon muzey-kutubxonasiga aylantirildi. Ushbu muborak Qur’on uchinchi xalifa Usmon ibn Affon buyrug‘iga asosan yettinchi asrda kiyik terisiga ko‘chirtirilgan. O‘sha davrda jami olti nusxa mushaf bo‘lgan. Shulardan yer yuzida mavjud kitob shaklidagi yagona nusxa shu yerda saqlanadi. Xalqaro YuNYeSKO tashkiloti 2000 yilda ushbu mushafning asl nusxa ekanini tasdiqlovchi hujjat – sertifikat bergan.

Muzey-kutubxonada mamlakatimizga tashrif buyurgan yuksak martabali mehmonlarning fikrlari, tilaklari yozilgan uchta katta kitob bor. Ulardan birida Malayziya davlati Bosh vaziri Abdulla Badaviy yozib qoldirgan fikrlar diqqatimizni tortdi:

– Mazkur majmuani qayta tiklash ishlaridagi Prezident janobiy oliylari Islom Karimovning sa’y-harakatlari menda katta taassurot qoldirdi. Madrasa va masjidlar go‘zallik va salobatga yo‘g‘rilgan. Musulmonlar esa bunga katta baho beradi. Xalifa Usmon mushafini saqlab qolishni ta’minlagan O‘zbekiston hukumatiga minnatdorchilik bildiraman.

Poytaxtning eski shahar qismiga ko‘rk bag‘ishlab turgan mazkur majmua yil o‘n ikki oy sayyohlar va respublikamizning turli burchaklaridan kelgan ziyoratchilar bilan gavjum. Biz u yerda Gretsiya, Malayziya, Hindistondan kelgan mehmonlarni uchratdik. Ulardan taassurotlari bilan o‘rtoqlashishni so‘raganimizda, deyarli bir xil fikr bildirishdi: insoniyat tsivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ zotlar yurti bo‘lgan tinch, osoyishta mamlakatga kelganim, ko‘rganlarimdan baxtiyorman. 

Ha, aziz avliyolar ruhi poklari qo‘llab turgan ushbu zaminda ezgu ishlar hali davom etajak.

X.FAYZIYEVA tayyorladi.

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen + 6 =