O‘zbek matbuoti e’tirofi

O‘zbekistonda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar jahon hamjamiyati, jumladan, jurnalistika olamida ham katta qiziqish uyg‘otmoqda. Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan “Zamonaviy dunyoda OAV” mavzusidagi xalqaro ilmiy amaliy konferentsiyaga bizni taklif etishgani sabablaridan biri ham shu bo‘lsa kerak. Uning ishida AQSh, Lotin Amerikasi, Yevropa va Osiyo davlatlarining taniqli jurnalistlari, OAV muassislari, olim va siyosatchilar ishtirok etishdi. 

 

 

— Zamonaviy axborot texnologiyalari an’anaviy jurnalistika me’yor, shakl va uslublariga katta ta’sir ko‘rsatdi. Biz bundan buyongi, ayniqsa, bosma nashrlar taqdiri, jurnalistika ta’limi standartlari, axloq va odob me’yorlari qanday bo‘lishi kerakligi haqida fikrlashib olishimizga zarurat tug‘ilgan, — dedi konferentsiyani ochar ekan Rossiya Jurnalistlari Uyushmasi raisi, professor Vsevolod Bogdanov. 

Darhaqiqat, konferentsiya yalpi majlisi, jurnalistika yo‘nalishidagi sektsiya yig‘ilishlari g‘oyat qiziqarli, ayni chog‘da bahs-munozarali o‘tdi. Buyuk Britaniyalik professor Faltmer Katrinning “Siyosiy hokimiyatga matbuotning ta’siri”, Rossiyalik taniqli jurnalist, “Rossiyskaya gazeta” bosh muharririning o‘rinbosari Nikolay Dolgopolovning “Bosma OAV: inqiroz yoki kelajak”, Xitoy xalq universiteti professori Chjan Menning “Terrorizm va jurnalistika” kabi mavzulardagi chiqishlari turli xil yondashuv, fikrlar qarama-qarshiligi, keskin bahslarga sabab bo‘ldi.

Bugunning muhim vazifalaridan biri bosma nashrlarning tashqi qiyofasi bilan bog‘liq. Buning ikki sababi bor. Birinchidan, texnik imkoniyatlar chegarasi kengaymoqda va tahririyat bundan foydalana bilishi talab etiladi. Ikkinchidan, internet, umuman elektron ommaviy axborot vositalari bilan bahsda munosib kurash olib borish ehtiyojidir, deb ta’kidlanadi konferentsiyada. Ma’ruzachilar orasida katta hattotlar ham bor edi. Gazeta sarlavha, tagsarlavha, maqolalardagi eng muhim raqam, fikrlarni ixtisos shaklida ajratib ko‘rsatish san’ati haqida, ayniqsa, Xitoylik mashhur hattot Lo Ley, Rossiya Milliy hattotlar uyushmasi raisi Petr Chobitko chiqishlari katta qiziqish uyg‘otdi.

Matbuotga axborotni onlayn tarzida tarqatish imkoniyatining kirib kelishi jurnalistika va jurnalistlar uchun kutilmagan muammolarni keltirib chiqardi. Aynan shuning uchun bu masala so‘nggi yillardagi deyarli barcha yirik anjumanlar kun tartibidagi bosh masalalardan biri sifatida muhokama qilinmoqda. Barcha ma’ruzachilar bugungi kunda ommaviy axborot vositalarining gazeta shaklini saqlab qolish uchun, albatta, uning tezkor axborot tarqatadigan elektron shaklini tashkil etishni ma’qulladilar.

— Menga Rossiya iqtisodiyotida muhim o‘rin tutadigan bir loyiha ishga tushgani haqida telefon qilishdi, — deydi “Rossiyskaya gazeta” bosh muharriri o‘rinbosari Nikolay Dolgopolov. – Men masalani o‘rganib maqola yozishimga bir kun ketdi. Keyin qarasam internetda bu haqida kechayoq xabar tarqatilibdi. Angladimki, men kech qolibman. Xulosa shunday: dastlab elektron gazeta orqali voqelik haqida birinchi bo‘lib axborot e’lon qilib, so‘ng mayli bir kun keyin bo‘lsin, batafsil ma’lumotga asoslangan maqola berish lozim ekan. Internetdagi xabarlar oqimi insonlarning vaqtini shu qadar ko‘p band qilyaptiki, ular kitob o‘qishga, san’at asarlari (teatr, tasviriy san’at, musiqa janrlari…) bilan anglab tanishishga ulgurmayaptilar. Demak, ma’rifat jurnalistikasiga ehtyoj o‘syapti. Bosma nashrlarda kitob va san’at asarlari targ‘ibotiga bag‘ishlangan tahliliy maqola, hikoya, suhbat kabi janrlarga e’tiborni kuchaytirish, shu yo‘nalishda loyihalar ishlab chiqish haqida tavsiyalar berildi.

Ushbu anjumanda kamina ham “Nodavlat elektron OAV: hamkorlik va raqobat” mavzusida ma’ruza qildim. O‘zbekistonda jurnalistik faoliyat yuritishning qonuniy asoslari, matbuot maydonining uchdan ikki qismi nodavlat maqomiga egaligi, ular voqelikka o‘z nuqtai nazaridan yondashayotgani, tanqidiy-tahliliy materiallarga davlat boshqaruvi idoralarining munosabatlari kabi masalalar ishtirokchilarning e’tiborini tortdi. Ma’ruza yuzasidan munozaralar O‘zbekiston tashqi va ichki siyosatidagi ijobiy o‘zgarishlarni ham qamrab oldi. BBS axborot agentligining O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tayotgani, xalqaro press-klub tashkil etilib, unda kunning dolzarb mavzulari yuzasidan mamlakat rahbarlari jurnalistlar savollariga ochiq-oshkora javob berayotgani ijobiy hol deb baholandi.

Polshalik jurnalistlar o‘zbek matbuoti agar asosli bo‘lsa, ijro hokimiyatini tanqid qila oladimi, Rossiya mutaxassislari esa tanqid samaradorligi haqida so‘radilar. Biz konferentsiya ishtirokchilariga ikki misol, Farg‘ona shahar hokimining ayrim qarorlari amaldagi qonunchilikka mos emasligi haqidagi “Farg‘ona haqiqati” gazetasida chop etilgan maqola va “Kun.uz” internet saytidagi Qo‘qonda gaz ta’minoti muammolari va kamchiliklari bayon etilgan chiqishlar, ular yuqori darajadagi idoralarda muhokama qilingani hamda har ikki shahar hokimlari vazifalaridan ozod etilganini gapirib berdik.

Xalqaro konferentsiya qatnashchilari O‘zbekistonda OAV o‘zini o‘zi moliyaviy jihatdan ta’minlayotganini undagi ochiqlik va oshkoralik asoslaridan biri deb e’tirof etdilar.

Sankt-Peterburg anjumani doirasida xos uchrashuvlar ham bo‘lib o‘tdi va unda hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. O‘zaro kelishuvga ko‘ra O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limi taklifiga ko‘ra shu yil may-iyun oylarida Sankt-Peterburg shahri va Leningrad viloyati Jurnalistlari uyushmasi delegatsiyasining o‘zaro tajriba almashish uchun Farg‘ona viloyatiga tashrifi haqida shartlashib oldik. Delegatsiya tarkibida 10 ga yaqin yirik nashr va telekanal rahbarlari, elektron jurnalistlar va Sankt-Peterburg davlat universiteti “Ommaviy kommunikatsiya va oliy jurnalistika instituti” direktori, professor Anatoliy Puyu ham kelishi kutilmoqda.

Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti jurnalistika fakulteti dekani, professor Yelena Vartanova bilan 2017 yilda 4 nafar talabani Farg‘ona viloyatidagi rusiyzabon OAVda amaliyot o‘tashlari, farg‘onalik yosh jurnalistlar esa Moskvadagi nashrlarda malaka oshirishlarini yo‘lga qo‘yish haqida shartnoma imzoladik.

— Biz Rossiya hukumatiga O‘zbekistonda rus tilida o‘qitiladigan maktablar salmoqli ekani, rusiyzabon aholi uchun bosma nashrlar chiqarilayotganini inobatga olib jurnalistika fakultetiga qabul qilingan O‘zbekistonlik talabalar uchun davlat granti ajratilishi haqida taklif kiritamiz, — dedi Yelena Vartanova. 

— Men O‘zbekistonda bo‘lishni ko‘pdan orzu qilaman. Biz, tashkilotchilar xalqlarimiz bir-biri xaqida ko‘proq bilishi uchun jurnalistlarni O‘zbekiston va Lotin Amerikasi mamlakatlariga ijodiy safarga yuborishni uyushtirish lozim, — dedi Lotin Amerikasi Jurnalistlari uyushmasi Bosh kotibi Nelson De Kastillo o‘zaro muloqotlar chog‘ida.

Ikki kun davomida jahon matbuotining yaqin tarixi, buguni va kelajagi turlicha nuqtai nazar bilan muhokama qilindi. Uning minbaridan O‘zbekiston, o‘zbek matbuoti degan so‘zlar qayta-qayta yangradi.

 

Muhammadjon OBIDOV,

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi raisi

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × one =