TOG‘ QACHON UYG‘ONADI?

Yaqinda besh yoshli o‘g‘lim hovlida o‘rgimchakni ko‘rib, hovliqib qoldi: “Oyi, oyi! Shu o‘rgimchak meni chaqsin!” Astag‘furulloh, shunaqayam sovuq istak bo‘ladimi? “O‘g‘lim, nega unday deyapsan?” dedim bu niyatning tagida bir gap borligini sezib. U “Kinoda bir yigitni shunaqa hasharot chaqadi. Keyin u “super odam”ga aylanadi. Men ham “super odam” bo‘lmoqchiman” deydi. Farzandimning bu fikridan gangib qoldim. Avvalroq bir tanishimdan o‘g‘li “Jumongning qilichini olib bering” deb bozor o‘rtasida dod solgani haqida eshitgandim. Nega zurriyotlarimiz ajnabiy o‘rgimchaklaru, Jumonglarga intilayapti? O‘zimizda havas qilsa arziydigan, to‘g‘ri yo‘lga boshlaydigan qahramonlar yo‘qmi? Yoki biz o‘z bolalarimizga ularni tanita olmayapmizmi? Folklorshunos olim, filologiya fanlari doktori Shomirza Turdimov bilan shu mavzular atrofida gurunglashdik.

 

 

— Ayrim xalqlar kichik bir afsona xamirturushi bilan ko‘p qismli filmlar yaratib, dunyoni hayratda qoldirmoqda. Folklorshunos olim va tomirida baxshilar qoni oqayotgan inson sifatida aytingchi, biz nega jimmiz? Jahon bolalari-ku, mayli, o‘z farzandlarimizni ergashtira oladigan milliy qahramonlarimiz faqat ertaklaru dostonlarda qolib ketaveradimi?

— Dunyo xalqlari havas qilsa arziydigan qahramonlik dostonimiz – “Alpomish” xalq og‘zaki ijodining asl durdonasi, inson va tabiat birligi, hayot falsafasi, vatanparvarlik, or-nomus, matonat va sadoqat qo‘shig‘i sifatida ardoqli. U nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun insoniyatning ma’naviy xazinasidir. Alpomish o‘tda yonmaydi, suvda cho‘kmaydi, qilich o‘tmaydi. O‘t — osmon olami, suv — yer osti, qilich — yer yuzi quvvatining ramzi ekanini inobatga olsak, bu obraz uch olam kuchlari uyg‘unligida kamolga yetgan barkamol shaxs timsoli ekanligini anglaymiz. Aslida eposdagi Alp – bu komil inson obrazi hisoblanadi. Alpomishning avvalgi ismi Hakimbek ekani ham bejiz emas. Chunki alp so‘zi “hakim, donishmand, bilga”, “mish, mes” so‘zi esa “botir, bahodir, qahramon” ma’nolariga ega. Bir jumlada jamlansa, Alpomish xalqimizning ideal qahramoni. El yaratgan, sevib ardoqlagan, avloddan-avlodga o‘tkazib kelayotgan bu afsonaviy qahramon siymosida Vatanni yomon ko‘zlardan, balo-qazolardan asrashga qodir, mard, hamiyatli, oriyatli o‘g‘lonlarning jismoniy va ma’naviy qiyofasi namoyon bo‘ladi.

Dostonda qahramon ikki muhim sinovdan o‘tadi. Birinchisi, Barchinoyning Alpomish va to‘qson alpga qo‘ygan sharti. Ya’ni merganlik, chavandozlik, kurash. E’tibor bersangiz, barchasi jismoniy kuch talab etadigan shartlar. Alpomish bu shartlarni bajarib bo‘lingan elni birlashtirib qaytganidan so‘ng, murodu maqsadiga yetadimi? Yo‘q. Ikkinchi sinov boshlanadi, ya’ni Suxayl kampirning hiylasi bilan qahramon chohda yetti yil qolib ketadi. “Zindon”dan xalos bo‘lish faqat jismoniy kuch bilan hal etiladigan ish emas, balki alpdan ulkan ma’naviy-ruhiy quvvat talab etadi. Alpomish zindondan Qorajon ko‘magida chiqmaydi, “tili qisiq” bo‘lib qolishni istamaydi. Chunki birovga tayanib ozod bo‘lish mumkin emas. Alaloqibat ot – Boychibor yordamga keladi. Ot bizda murod, saltanat kuch-quvvatining ramzi. Xullas, zindon Alpomish ma’naviy kuch-qudratining sinovi bo‘ldi. U endi faqat kuch egasi emas, balki dono “Qultoy” qiyofasiga kirdi. Zindondan qaytgan Alpomishning Qultoy qiyofasida Bodom bekach, Barchin bilan o‘lan aytib “bellashuvi” ham bejiz emas. U endi chinakam alp, komil shaxsga, hukmdorga aylandi. Buni nega esladim? Sababi eposning etnos tarixi, taqdirining badiiy solnomasi sifatida namoyon bo‘layotganini yodga tushirish uchun. Xalq tarixining barcha davrlari eposda ramziy aks etishini ko‘rsatish uchun. Uzoqqa bormaylik, xalqimizning mustaqillikkacha kechgan yuz yigirma yillik tutqunlik davrida mohiyatan “Alpomish” voqealari takrorlanganini ko‘ramiz. Mustaqillikka erishish dostonning birinchi – “zindon”gacha bo‘lgan davriga uyg‘un kelsa, keyingi hayot – ommaning befarqlik, boqimandalik, umuman barcha tutqunlik asoratlari “zindon”idan xalos bo‘lish davri ekani ayonlashadi. Tarix charxpalagi aylanaveradi, taqdir “halqa”lari bir-biriga uyqashib o‘taveradi. Epos bu oqimni tipik holda xalq yodida saqlaydi. Insonning ruhi va tani bab-barobar kamol topib murodiga yetgani kabi xalq ham katta ma’noda ushbu yo‘ldan borsa, umidlarining ro‘yobini ko‘radi. 

Endi siz aytgan masala haqida fikrlashsak. Bilamizki, hamma zamonda xalqqa ibrat bo‘luvchi, yo‘lini yoritib turuvchi chinakam qahramonlar bo‘lgan. Aslida barcha dostonlar, ertaklaru afsonalar mana shu ehtiyoj tufayli tug‘iladi, yashaydi. Folklorimizda, adabiyotimizda bunday ibratli qahramonlar ko‘p. Ammo ularni bugungi kun, bu kunning avlodi talablariga uyg‘un shakllarda qayta jonlantirishda katta oqsash kuzatilmoqda. Natijada bolalarimiz o‘zgalar ibratiga intilmoqda. O‘zga hech qachon o‘zing bo‘lmaydi. O‘zga “xazina” o‘zlikni unutish evaziga o‘zlashtiriladi.

Nima qilish kerak? Najot yo‘li qaerda?

Bugunning bolasi bizu sizning bolalik paytimizdan o‘n chandon aqlliroq! Ammo biz kattalar ularga to‘g‘ri yo‘nalish bera olmayapmiz. Ular ilmga chanqoq, tafakkurini boyitishga ilhaq. Xatomiz shundaki, bolalarga ular qabul qila oladigan yo‘sinda milliy xazinamizni yetkaza olmayapmiz. Aniqrog‘i, Alpomish, Go‘ro‘g‘li, Avazxon, Ravshan, Hasanxon, Kuntug‘mish, Nurali, Qumri, Oysuluv kabi milliy qahramonlarimizning kimligini zamonaga mos, yangicha shakl, yangicha uslubda, kinolar, multfilmlar, kerak bo‘lsa, internet o‘yinlari tarzida yetkaza olmayapmiz. Boshqa xalqlar “qalovini topib qorni yondirmoqda”, bolalarimiz ularga ergashmoqda va ularning “doira”siga o‘ynamoqda.

Bugun yo‘qdan yo‘ndirib, Ergash Jumanbulbul o‘g‘li ta’biri bilan aytganda “El ichinda kalta-kalta matalni yamashtirib doston qilib” yurganlarning oti o‘zmoqda. Holbuki, bizda birgina Go‘ro‘g‘li turkumidagi dostonlar soni yetmishdan oshadi. Tasavvur qiling-a, Go‘ro‘g‘li tug‘ilishidan boshlab to Sulduzi g‘orga kirguniga qadar bo‘lgan voqealardan qanday adabiy filmlar yaratsa bo‘ladi?! Faqat dostonlardagi timsollarni tiriltirib, real talqinlar uyg‘un, bugunning tiliga mos, har bir ko‘ngilda mulk bo‘la oladigan shakl kerak, xolos. 

Dunyo tarixida saltanat tuzgan xalqlar kam. Ming shukurki, bizning ajdodlarimiz bir qancha saltanatlar qurgan. Birgina Xorazmshohlar davlatini olaylik. Jaloliddin Manguberdi bu saltanat shajarasida yettinchi avlod hisoblanadi. Uning chekiga tanazzul avlodi taqdiri tushgan edi. Bu shajara taqdirini badiiy jonlantirib film yaratilsa, yoshlarga ham bilim, ham saboq bo‘lib xizmat qilardi. Bu tarix barchaga ibrat emasmi? Temuriylar davlati-chi? Navoiy va Behzodlar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaganini, fikr qilib anglab yetish mumkin va uni badiiy shaklda ko‘rsatish cheksiz imkoniyatlar beradi. Badiiy so‘zning, san’atning, ayniqsa, bugungi kunda kinoning targ‘ibot-tashviqotdagi o‘rni beqiyos. Umarxon davridagi muhit, Nodirabegimning taqdiri zo‘r filmga stsenariy bo‘lishga loyiq emasmi?! “Quruq gap quloqqa yoqmaydi”. Yoshlarni vatanparvarlik, milliylik ruhida tarbiyalashning jahon tajribalarini o‘zimizga moslab qo‘llash davri pishib yetdi. 

Eskicha yondashuv, eski shakl bilan bugungi yoshlarni hayratlantirib bo‘lmaydi. Bunday davrda vaziyatni to‘g‘ri anglagan ijodkor xalq mehrini qozona oladigan asarlar yarata oladi. Misol uchun, Abdulla Qodiriy yashagan zamonga bir nazar tashlaylik. Yuzaga kelgan shart-sharoit, yozuvchining ichki sezgilari an’anaviy xalq eposining mag‘zini zamon talabiga uyg‘un ifodalash imkonini bergan. Xalq eposi xotira va orzu chegarasida tug‘iladi. Chunki epos tanazzul avlodlarining ijodi sanaladi. Xalq tanazzuldan chiqish uchun ibrat axtaradi va xotirasida yarq etib ko‘ringan ibrat misolini topib, uni barchaga birdek yetib boradigan tayyor epik qoliplarda bayon etadi. Abdulla Qodiriy ushbu qonuniyat va zaruratni dildan his etgan. Eng muhim jihat — eskirgan ifoda vositasi o‘rniga zamonga mos yangisini yaratish ehtiyojini aql bilan anglab yangi shakl — roman janriga murojaat qilgan. «O‘tkan kunlar» o‘z zamonining yangi shaklga kirgan eposidir.

«O‘tkan kunlar», «Mehrobdan chayon» romanlari voqealari sirtdan sevgi qissalariga o‘xshasa-da, ularning zamirida Vatan taqdiri, Vatan qayg‘usi yotadi. Mana shunday ezgu g‘oyalari bilan u Alpomish dostoniga hamohang, Abdulla Qodiriy anglab, topgan yangi shakl, uslub va qahramonlarni bugungi davr ijodkorlari ham amalga oshirishlari kerak, nazarimda. Agar bu ishga jiddiy kirishilsa, zamonaviy eposimiz va farzandlarimiz ibrat olib kamolga yetuvchi qahramonlarimiz paydo bo‘ladi. Biz chinakam “Kelajagi buyuk davlat” bunyodkori bo‘lishimizni amalda ko‘rsata olamiz.

– Bugun internetdagi o‘yin niqobi ostidagi manfurliklardan bolalarni asrash ham asosiy masalalardan bo‘lib turibdi. Aslida shu o‘smirlar ham o‘rtoqlariga o‘zini ko‘rsatib qo‘yish, bir qahramonlik qilish uchun o‘zini o‘yin girdobiga tashlamayaptimi? 

— Bu borada ajdodlarimiz tajribasiga tayanib ish yuritishimiz kerak bo‘ladi. Ya’ni boboyu momolarimiz asrlar sinovidan o‘tgan, fan tilida “xalq pedagogikasi” nomini olgan saboqlarda ibrat namunalari turibdi. Xalqda bolaga, avvalo, alla aytilgan. Alla ma’nosini go‘dak tushunadi, deb aytish qiyin, ammo uning ongiga xalqona ohang singgan. Zotan, ruh tanaga ohang bilan kirgan, degan gap bor. Milliy ohang unutilsa, millatning ma’naviy zamini yo‘qoladi. So‘ngra ertaklar tinglangan. Shuni e’tiborga olish kerakki, ertaklar botinida ulkan bilim kodlari joylashgan. Bola ertak voqealari orqali egallanajak bilimlarining asosiga ega bo‘lgan. Keyin topishmoqlarga navbat yetgan. Topishmoq bolaning aqlini, obrazli fikrlash, tafakkur tarzining shakllanishiga ko‘mak bergan. Tez aytishlar go‘dakning nutqi nuqsonsiz bo‘lishiga yordam bergan bo‘lsa, turli o‘yinlar uning jamiyatdagi o‘rnini belgilashda dasturilamal vazifasini bajargan. Bu ta’lim tartibida majburiylik yo‘q, bolani bezdirmaydi, uning “o‘yin bolasi” ekani, barcha narsani o‘zi xohlab, o‘zlashtirishi asos qilib olingan. Zamonaviy ta’lim tizimi ushbu tajriba saboqlaridan ibrat olib, qayta isloh etsa, yaxshi bo‘lardi. Bu gap ularga ibrat qilib, ko‘rsatiluvchi ideal qahramonlar yaratishda ham inobatga olinishi lozim. Bolalarning yoshi, qiziqish doirasini nazarda tutish kerak. Ammo “bola tushunmaydi”, “aldagani bola yaxshi” qabilidagi jo‘n aqidalarga ergashmaslik lozim. Bola hamisha bola va u biz kattalardan ko‘ra narsa-hodisalarning mohiyatini yaxshi anglaydi. 

— Mamlakatimizda o‘z ishining ustasi bo‘lgan nomdor rejissyorlar, dramaturglar ko‘p. Ammo ular xalq afsonayu ertaklari, dostonlarini film qilib, olimlar, soha bilimdonlaridan “balo”ga qolishdan qo‘rqishadi chog‘i?

— “Ustasi farang” g‘arb kinochilari yunon, misr va boshqa xalqlarning miflari, epik asarlari asosida turli talqinlarda ko‘plab filmlar yaratgan. o‘arb kinochilarining tajribalari va mablag‘i yetarli, bu soha nafaqat san’at, balki, katta sanoat miqyosiga chiqib ulgurgan. Bizga g‘ildirakni qayta yaratishimizga hojat yo‘q. Jahon kino san’atining bor yutuqlariga asoslanib, o‘z filmlarimizni olishimiz mumkin, shunday bo‘lishi ham kerak. Hamma kerak deydi, lekin natija yo‘q. Sababi nimada? Avvalo bizda milliy merosimizni chin muhabbat bilan yaqindan bilgan kino mutaxassislari kam. Mutaxassisman, deguvchilarning ko‘pi folklorimizni, urf-odatlarimizni, mumtoz adabiyotimizni yaxshi bilmaydi. Ular g‘arbcha ta’lim olgan yoki g‘arb qolipida fikr yuritib, bor narsalarimizga sirtdan qaraydigan kishilar, xolos. Yaqinda yozuvchi Nazar Eshonqul qo‘ng‘iroq qilib, jiddiy e’tiroz aytdi: “Alpomish” multfilmida Ultontoz Boybo‘rining nikohsiz tug‘ilgan o‘g‘li, deb aytilmoqda, shundaymi, bu haqoratku, bu oddiy gap emas, savob tarbiya bilan shakllanadi, gunoh esa asos axtaradi. Bu filmni ko‘rgan yoshlar, ana dostonda nikohsiz tug‘ilgan bola qahramon bo‘libdi, demak nikohsiz ham farzand ko‘rish mumkin ekan, degan asosni olishmaydimi, film ushbu asosni ularga uqtirmayaptimi?” Men bu fikrga javoban shunday dedim: Dostonning biror bir variantida Ultontoz nikohsiz tug‘ildi, degan gap yo‘q. Umuman, dunyo folklori, dinida benikoh tug‘ilish qattiq qoralanadi. Nikoh ilohiy hodisa. Bu gapning filmda ketishi, avvalo, eposga, qolaversa, milliy qadriyatlarimizga begona g‘oyaning anglab-anglamay kiritilishi emasmi? 

Bu e’tiroz siz aytgan “balo”ga qolish bo‘lib tuyulishi mumkin. Lekin ulkan qoya bir zarraning uvalanishidan boshlanadi. Film ijodkori o‘z sohasining ustasi bo‘lishi mumkin, ammo nimaga qo‘l urganini, qanday qilsa mavzu yanada yarqirab ochilishini, eng muhimi, asl qadriyatlarga begona g‘oyalarga yo‘l ochib bermasligi shart. U ustalikdan san’atkor maqomiga chiqsa qaysi sohada, qanday sharoitda ish qilmasin o‘zagi ezgu bo‘lsa, asl qadriyatlar ildiziga “bolta” bo‘lib tushadigan xatoga yo‘l qo‘ymaydi. Aksincha, ish tutsa qaysidir joyda “aybg‘inasi” bo‘ladi. 

Bu yo‘lda barcha soha mutaxassislari, folklorshunoslar, adabiyotshunoslar, shoir va yozuvchilarning hamkorlikda ishlashi eng yaxshi yo‘l bo‘lardi. Eposga murojaat qilgan kinochi dostonlarni chuqur bilmay, yurakdan o‘tkazmay, xo‘jako‘rsinga ishlab, masxara bo‘lgandan ko‘ra, soha fidoyilarini jalb qilishi, ular bilan maslahatlashgani maqul. 

– “Orlanib so‘ramagan o‘ziga zolim” deydi xalqimiz. Balki bu borada xalqaro hamkorlik zarurdir?

– Hamkorlikning ziyoni yo‘q. Lekin o‘zingniki o‘zgacha bo‘ladi. Adabiyot, san’at va folklor milliy ko‘rinishda bo‘lishi barobarida mohiyatan umuminsoniydir. Jahon adabiyoti, jahon kinosi deyilgan mezonda sanoqdan qolib ketish, borsanu yo‘qsan, deganday gap. Mezon jahoniy darajaga chiqishda. Bu gap da’vodek tuyilishi mumkin, lekin “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li”day eposi, Alisher Navoiydek shoiri bor halqning bu da’voga haqqi ham bor, deb o‘ylayman. Faqat, uxlagani sari ulkanlashib borayotgan tog‘ ham bir kun uyg‘onishi lozim-ku. Men uning bugun uyg‘onishini istab aytayapman. Chunki tarix sabog‘i, aylanayotgan charx g‘ildiragining navbati kelayotganiga ishoratlar bor. Demakki, uyg‘onish faslini o‘tkazib yana uyquni davom ettirish gunoh!

— Goho “Yuqoridagi”lar yo‘l ko‘rsatmaguncha, ko‘cha boshida yurishni ham, yurmaslikni ham bilmay turaveramiz. Bu mavzuda OAVda ko‘plab chiqishlar qilingan. Balki yosh avlodni ezgu yo‘lga boshlovchi qahramonlik asarlari (multfilm, badiiy film, qissa, roman) yaratish lozimligi to‘g‘risida maxsus qaror chiqishini kutayotgandirmiz? 

— Og‘ir gapni aytdingiz. Sobiq sho‘ro davridagi “o‘roq solish”lar oqibatida xalqning ruhidagi shijoat, fidoyilik, har bir sohada mas’ullik hissi xiyla sustlashgandek. Ongimizga singgan tobelik, befarqlik, boqimandalik ko‘nikmalaridan voz kechib, bu illatlar yosh avlod qoniga to‘liq o‘rnashmay, ularni uyg‘otib, harakatga keltiruvchi, ibrat bo‘luvchi asl qahramonlarni targ‘ib-tashviq etish shart. Qullikda tutuvchi bu ko‘nikmalarning ko‘rinmas zanjiri har qanday bunyodkorlikka tushovdir. Hozir kim ibrat sifatida ko‘rsatilmoqda, radio va televideniedagi qahramonlarni bir tahlil etib ko‘rsangiz, masala oydinlashadi. O‘tmish allomalarimiz hayoti va ijodi, hikmatlarini yodlab turish yaxshi, bugunning ziyolilarini-chi? Har qanday tizim fidoiy ziyolilarsiz quruq shaklga aylanadi. Jamiyatda ziyolining o‘rnini, ibratini ham unutmaslik lozim. Aslida jamiyatning har bir a’zosi o‘zini butun jamiyat taqdiriga mas’ul deb bilmas ekan, rivojlanish bo‘lmaydi. 

– Sizni “Yo‘l bo‘lsin” filmi stsenariysi muallifi sifatida ham hurmat qilamiz. Demakki, dramaturgiyada ham tajribangiz bor. Ham folklorshunos olim, ham dramaturg sifatida zamonimiz qahramoni qiyofasini yaratish haqida o‘ylayapsizmi?

– “Bola shoshadi, meva o‘z vaqtida pishadi”. Nimagadir hamma intiqib kutayotgan san’atning “oltin davri” kelishiga ishonaman. San’atning folklor va adabiyotga tegishli turlarida esa asosiy qurol so‘z hisoblanishi aksiyoma. Aslida san’atdagi So‘z — kashf etuvchidir. So‘zni his etasiz, tuyg‘ularingiz junbushga keladi, hayratingiz ortadi, so‘zlab beray desangiz, jo‘nlashib qolishdan qo‘rqasiz. 

So‘z jo‘n xat bo‘lib qog‘ozga tushsa, dalilga aylanadi. Odamzodning ishonchi poymol etilgan damda xat qonunlar quroli – guvohga evriladi. Bu holat asl makon – san’atga tegishli emas. So‘z jo‘n dalil bo‘lgan holat san’atga begona. Bu so‘z – hammol xolos. Kishiki bor, fosh bo‘lishdan cho‘chiydi. Cho‘chigan kimsaki bor, yashirgan nimasidir yashirin qolishini istaydi. Fosh bo‘lish kiyimsiz qolganday gap. San’atdagi “kiyimsiz”lik obrazni jo‘n anglashdan tug‘iladi. Shoyi-shalparga ko‘nikkan jamiyatgina ramz, timsollarda tovlanib, chegarasiz imuquq (assotsatsiya) uyg‘otuvchi soddalikni “kiyimsiz” biladi, o‘ziga begona sanaydi. Obrazning ongda onadan tug‘ilgandek pok tovlanishi san’atning anglanishidir, “kiyimsizlik” emas. San’at har qanday jamiyatlar hududidan balandda turadi. Jamiyat san’atga intiladi, yetolmay qiynalsa uni quvg‘in qilishni istaydi, hukmini o‘tkazishni xohlaydi. Hukmi o‘tmasa, g‘ayri san’atni mezonga aylantirishga intiladi. o‘ayri san’at shiordek aniq. U yolg‘on to‘nida turlanadi. “Men ommaviyman”, deb ko‘krak keradi. San’atni o‘z-o‘ziga bekinishda ayblaydi. San’at esa obraz, ramz, timsollarda suvdan chiqadi. Suvdan chiqqan barobarida “ho‘l” ko‘rinadi. “Ho‘l”lik mezonlarni chalkashtiradi. Bu bor – yo‘q, yo‘q – bor degandek anglamsiz anglam. Aslida… San’at – “ho‘l”dan quruq chiqish. Chunki u soya emas, “soya”larda yashiringan Asl. Kashf – tosh qotgan ko‘nikmalar chegarasi buzilib, Hayrat uyg‘otuvchi Makondir. Bu makonda ruhdoshlar quvnaydi…

Xalq qo‘shig‘ida “Olma otdim otganga”, deyilgan misra “qobiqdan chiqarilib, jo‘nlashtirilsa” – “Meni sevganni sevdim”, bo‘ladi. Qo‘shiqqa ramz kaliti bilan borsangiz hayratingiz ortib, o‘z ko‘nglingizni kashf qilasiz, xalqona tafakkur xazinasiga oshno bo‘lasiz. “Yo‘l bo‘lsin” filmining stsenariysi ana shu ramzlarni kino tilida qayta jonlantirish asosiga qurilgan. Ayni kunlarda “Mezon” deb nomlangan kino qissam o‘z ijrochilarini kutib turibdi. Bu film ham “Yo‘l bo‘lsin” usuliga yaqin, faqat obrazlar mumtoz adabiyotga bog‘liq va unda “tilmoch”lik maqom kuylari, ashulalariga yuklanadi. 

Kinoda ham san’atning barcha turlari kabi yo‘llar, usullar qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha ilgarilab ketiladi. Hatto “xontaxta” deb ayb taqalayotgan filmlarning ham o‘z o‘rni bor. Faqat ko‘zlangan manzil bitta bo‘lishi shart. Taqlidlardan xoli, o‘zbekning tafakkur tarzini namoyon etuvchi, chinakam san’at namunalarini yaratishga intilish kerak, tamom.

Sitora TOJIDDINOVA 

suhbatlashdi.

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × two =