QATARdagi XATAR

Yaqinda Misr, Bahrayn, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari qo‘shni Qatar davlati bilan diplomatik aloqalarni uzishlarini e’lon qildi. Birinchi bo‘lib Qatar bilan aloqalarni Bahrayn uzdi. Rasmiy Manama Qatarni mamlakat ichki ishlariga aralashishda ayblab chiqdi. Oradan ko‘p o‘tmay Manama yonidan Ar-Riyod, Qohira va Abu-Dabi joy oldi. Keyinroq ularga Mavrikiy, Maldiv, Liviya, Yaman qo‘shildi. 6 iyunda esa Iordaniya Qatar bilan diplomatik aloqalar darajasini pasaytirishini ma’lum qildi. Jumladan, Iordaniya o‘z hududida Qatarning “Al-Jazira” telekanali faoliyatini taqiqladi.

 

 Qatar bilan aloqalarni to‘xtatishga qaror qilgan Mavritaniya Qatarni bir qator arab davlatlarida boshboshdoqlik va keskinlikni yuzaga keltirish hamda Yevropa va dunyoda ijtimoiy halokatlar keltirib chiqarishda aybladi.

Saudiya Arabistoni boshchiligidagi arab koalitsiyasi Qatarning Yamandagi amaliyotda ishtirok etishini to‘xtatdi. Bunday qaror Doha “Al-Qoida” va IShID terrorchilik tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlashi tufayli qabul qilingan. Birlashgan Arab Amirliklarining tashqi ishlar vaziri Anvar Gargash terrorchi va ekstremistlar bilan aloqador bo‘lgan Qatar “olov bilan o‘ynayotganini” ta’kidladi. U Qatar tomonidan moliyalashtirilgan bir qator terrorchi guruhlarini sanab o‘tdi.

Turkiya Qatar bilan diplomatik aloqalarni davom ettirishini va Qatarning yakkalanishiga qarshi chiqishini aytdi. Anqaraning fikricha, mintaqa davlatlari “birdam bo‘lishlari va har qachongidan ham ko‘proq hamkorlik qilishlari kerak”. Qo‘shni davlatlar Qatarning fuqarolari va diplomatlarini mamlakatdan chiqarib yuborar ekan, Qatarni bu kabi choralar ko‘rmaslikka da’vat qildi. Diplomatik aloqalar uzilgan davlatlarning fuqarolari Qatarda qolishi mumkin. Bu borada Qatar Axborot agentligi (QNA) bayonot bilan chiqdi. Qatar Ichki ishlar vazirligi tarqatgan bayonotga qaraganda, Doha “do‘st va birodar mamlakatlar” fuqarolariga nisbatan siyosatni o‘zgartirmaydi. 

Qatar va arab mamlakatlari o‘rtasidagi mojaro Ar-Riyoddagi Fors ko‘rfazi davlatlari va AQSh sammitidan bir hafta o‘tib ro‘y berdi. Qatar yangiliklar agentligi mamlakat amiri nomidan nutq joylashtirdi. Unda Eron bilan munosabatlarni yaxshilash fikri bayon etilgan edi. Keyinchalik Qatar TIV rasmiy vakili agentlik sayti buzib kirilgani va amir nomidan nutq xakerlar tomonidan e’lon qilingani hamda bu nutqning Qatar amiriga aloqasi yo‘qligini ma’lum qildi. Biroq qo‘shni davlatlar bu raddiyani ishonchsiz, deb topishdi. Dastlabki surishtiruv natijalariga ko‘ra, Qatar amiri nomidan mahalliy yangiliklar agentligi saytida joylashtirilgan va diplomatik mojaroga olib kelgan bayonot xakerlar tomonidan qo‘yilgan. Vazirlik bayonotida kiberhujum ortida kim turganiga oydinlik kiritilmagan.

Saudiya Arabistoni, BAA, Misr va boshqa arab davlatlari Qatar bilan diplomatik aloqalarni tiklashga tayyorliklarini, buning uchun Qatarga bir qator talablar qo‘yilishini aytishgan. Bu davlatlar Qatardagi “Al-Jazira” telekanali efiri hajmi kamaytirilishini, ekstremistik guruhlarni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishni talab qilgan.

Qatar tashqi ishlar vaziri Muhammad ibn Abdurrahmon At-Taniy o‘z mamlakati terrorchilarni qo‘llab-quvvatlamasligiga doir bayonot bilan chiqdi. At-Taniy Qatarga yuklanayotgan ayblovlarning hammasi soxta ma’lumotlarga asoslangani borasida gapirdi. Vazir ziddiyatni tinch yo‘l bilan hal qilishga doir muzokaralarga tayyor ekanini ta’kidladi. 

Qatarning arab davlatlari bilan diplomatik aloqalarining uzilishi salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Muxbirlarning so‘zlariga qaraganda, qo‘shni arab davlatlari Qatar bilan diplomatik aloqalarni uzganidan keyin qatarliklar do‘konlardan katta miqdorda oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilishga tushib ketishdi. Ma’lumki, Qatar oziq-ovqat mahsulotlarining 90 foizini chetdan sotib oladi. Import qilinuvchi oziq-ovqat mahsulotlarining 40 foizi Saudiya Arabistoni orqali olib kelinadi. Saudiya Arabistoni chegarani yopishga qaror qildi. Demak, endilikda Qatarga dengiz yoki havo orqali oziq-ovqat olib kelinishi mumkin. 

Etihad Airways va Emirates aviakompaniyalari Qatarga samolyot parvozlarini to‘xtatadi. Bu aviakompaniyalar samolyotlari kuniga to‘rt marta Dohaga ikki tomonlama reyslarni amalga oshirar edi. Hukumatga tegishli Fly Dubai aviakompaniyasi ham bu yo‘nalish bo‘ylab parvozlariga chek qo‘ydi. Bahraynning Gulf Air va Misrning Egyptair aviakompaniyalari ham reyslarni to‘xtatdi. 

Havo hududining yopilishi va qo‘shni davlatlarga qatnovning bekor qilinishi natijasida Qatarga tegishli Qatar Airways aviakompaniyasi ham zarar ko‘rishi aniq. Bu aviakompaniya har kuni uch qo‘shni davlatga 40 dan ortiq reyslarni amalga oshirgan.

Saudiya Arabistoni bilan quruqlikdagi chegara orqali savdo munosabatlari to‘xtatilishi tufayli 2022 yili Qatarda bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha jahon chempionati ob’ektlari qurilishi ham to‘xtaydi. Bugungi kunda Qatarda futbol bo‘yicha 2022 yilgi jahon chempionati bilan bog‘liq bir qator yirik ko‘lamli qurilish loyihalari amalga oshirilmoqda. Chegarasining yopilishi qurilishlarning to‘xtab qolishi va narxlarning oshishiga olib keladi. Futbol bo‘yicha 2022 yilgi jahon chempionati Qatarda o‘tkazilishi ham gumon ostida qolmoqda. Avvalboshdanoq, chempionatning Qatarda o‘tkazilishiga qarshi turli bahonalar aytilgan edi. Hozircha Qatar—2022 tashkiliy qo‘mitasi bu borada rasmiy munosabat bildirmadi. 

Germaniya futbol ittifoqi prezidenti Raynxard Grindel futbol jamoatchiligi ulkan turnir terrorizmni faol qo‘llab-quvvatlovchi davlatda o‘tkazilmasligi lozimligini ma’lum qilgan. Shuningdek, Qatar bundan keyin boshlanadigan iqtisodiy qiyinchiliklar, qo‘shnilar bilan chegaralar yopilishi tufayli chempionatga tayyorgarlik ko‘ra olmasligi, qurilish materiallari va ishchi kuchi yetishmasligi tufayli kerakli stadionlar hamda boshqa infratuzilmalarni vaqtida qurib bitira olmasligi mumkin.

Bundan tashqari, endilikda Saudiyada kataloniyaliklar klubi libosini kiygan kishiga 135 ming yevro miqdorida jarima solinadi va 15 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi qo‘llaniladi. Chunki “Barselona” klubi Qatar kompaniyasi bilan texnik homiylik bo‘yicha shartnoma imzolagan.

Saudiya Arabistoni energetika vaziri Holid al-Folihning fikricha, Qatar atrofidagi vaziyat OPYeK davlatlari tomonidan neft qazib olish hajmini qisqartirish bo‘yicha kelishuvni amalga oshirishga ta’sir ko‘rsatmaydi.

8 iyun kuni Qatar tashqi siyosat mahkamasining rahbari shayx Muhammad ibn Abdurrahmon at-Taniy Doha qo‘shni davlatlar bilan munosabatlar yaxshilanishi uchun o‘z siyosatini o‘zgartirmasligini bildirdi. Uning aytishicha, Qatar hukumati mustaqil tashqi siyosatini davom ettiradi. Vazir Qatarga bosim o‘tkazishga urinishlarning noto‘g‘ri ekanligini aytdi. U Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi saflarida yuzaga kelgan inqiroz haqida gapirib, vujudga kelgan vaziyat “mintaqa barqarorligiga xavf solishini” ta’kidlab o‘tdi. Shu bilan birga vazir vaziyatni diplomatik yo‘l bilan hal qilish ustuvor bo‘lib qolishini va muammoning yechimi harbiy stsenariy bo‘yicha ketishi mumkinligini inkor qildi. Vazir jurnalistlarning Qatardagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha bergan savollariga “oziq-ovqat bilan bog‘liq vaziyatdan xavotirda emasligini” aytdi. “Eron Qatarga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berishni ta’minlashga tayyorligi va uchta dengiz portini ochishini bildirgan”, dedi Ol Soniy. Amirlik savdo-sanoat palatasi mamlakatda oziq-ovqat mahsulotlarining strategik zahiralari kamida 12 oyga yetishi ma’lum qilindi. 

Qatar “Al-Qoida” terrorchilariga pul to‘lagani oshkor bo‘ldi. Dohadagilar buni garovga olingan amirlik oilasi a’zolarini qutqarish evaziga to‘langan pul sifatida tushuntirishga urinishmoqda. Financial Times’ning yozishicha, amirlik xalqaro terrorchilarga 1 milliard AQSh dollari to‘laganini tan olgan. Ta’kidlanishicha, bu pullar ovga borganida terrorchilar tomondan garovga olingan amir oilasi a’zolarini ozod qilish uchun tuzilgan kelishuvning bir qismi bo‘lgan. Manbaning so‘zlariga ko‘ra, pullar Qatar amiri oilasining a’zolarini ozod qilishdan tashqari, Suriyada ekstremistlar tomonidan hibsda saqlanayotgan yana 50 kishini ozod qilish uchun ham ishlatilgan. 

AQSh prezidenti Donald Tramp Ruminiya prezidenti Klaus Verner Yoxannis bilan muzokaralar yakunlariga bag‘ishlangan matbuot-anjumanda Qatarni terrorchilikni moliyalashtirishda aybladi va bunga chek qo‘yish vaqti kelganini aytdi.

AQSh davlat kotibi Reks Tillerson Fors ko‘rfazi mamlakatlarini Qatar atrofidagi vaziyat tufayli mintaqada eskalatsiyaga yo‘l qo‘ymaslikka, Qatarni esa qo‘shnilar xavotiriga befarq bo‘lmaslikka chaqirdi. Tillersonning so‘zlariga ko‘ra, qamal AQShning mintaqadagi boshqa mamlakatlardagi faoliyatiga ham halal beradi. 

Germaniya tashqi ishlar vaziri Zigmar Gabrielning so‘zlariga qaraganda, arab davlatlari tomonidan Qatarning yakkalab qo‘yilishi Fors ko‘rfazidagi yangi mojarolarga olib kelishi mumkin. Gabriel so‘nggi haftalarda Saudiya Arabistoni, Qatar va Turkiya tashqi ishlar vazirlari bilan shaxsan uchrashgani hamda eronlik va kuvaytlik hamkasblari bilan telefon orqali muloqot qilganini ta’kidladi. “Men o‘tkazgan maslahatlashuvlardan keyin vaziyat qanchalik jiddiy ekanligini angladim”, dedi Germaniya vaziri. Uning fikricha, vaziyatning yechimini muzokaralar yo‘li bilan hal qilish krak. Germaniya kantsleri Angela Merkel ham Fors ko‘rfazi davlatlari, Eron va Turkiya Qatar bilan yuzaga kelgan ixtilofni hal qilishlari kerakligini ta’kidladi.

Germaniya kantsleri Angela Merkelning so‘zlariga qaraganda, Qatar atrofidagi inqiroz mintaqadagi barcha “o‘yinchilar” ishtirokidagina hal qilinishi mumkin. Meksikaga rasmiy tashrif bilan kelgan Germaniya kantsleri “yuzaga kelgan vaziyat tashvishli ekanini, Fors ko‘rfazidagi Arab davlatlari Hamkorlik tashkilotiga kiruvchi mamlakatlar o‘zaro hamkorlik qilishi zarurligini” ta’kidlab o‘tdi. Kantslerning aytishicha, mintaqadagi barcha mojarolar, jumladan, Suriya, Iroq va Liviyadagi vaziyat tinch yo‘llar bilan hal etilishidan yevropaliklar manfaatdordir”. 

Ayni damda inqirozni bartaraf etish yo‘lida bir qator mamlakatlar vositachilik qilishga tayyorligini bildirishmoqda. Kuvayt amiri qo‘shni mamlakatlarga safar qilgan bo‘lsa, AQSh prezidenti Donald Tramp mintaqa rahbarlarini Oq uyga taklif qildi.

Internet xabarlari asosida 

Sharofidin TO‘LAGANOV 

tayyorladi.

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × five =