“Yusell, allo, antiynangiz bor joyga chiqing?!”
Chortoq tumanining Qirg‘iziston bilan chegaradosh qishloqlarida mobil aloqa sifati talab darajasida emas. Bu yerda istiqomat qiladigan oqsoqollar kengashib, o‘z vakilini YuSYeLLning Namangandagi ofisiga yuborishdi. Ahvolni o‘rganish uchun yuborilgan kompaniya xodimlari shikoyatni tasdiqlashdi.
Avval boshda yaxshi bo‘lgan aloqa nega keyin yomonlashib ketdi, degan savolga xodimlar bu yerdagi daraxtlar o‘sib ketgan, sabab — shu, deb javob berishdi. Va yana: “Bu yerga qo‘shimcha antenna qurmasa bo‘lmaydi. Bu haqda biz yuqori rahbariyatga bildirib, qo‘shimcha antenna qurishga ruxsat so‘raymiz”, dedilar.
“Qachon?” degan savolga: “2017 yilning birinchi choragida”, deb javob berishdi. O‘shanda 2016 yilning yozi edi.
Elektron hukumat shakllanayotgan bir davrda mobil aloqaning yurt ravnaqi va inson manfaatlari borasidagi ahamiyatini aytib o‘tirish shart emas, chog‘i. Va’da bajarilmadi, hatto bunga harakat ham qilishmadi. Shu bois YuSYeLLchilarga matbuot orqali murojaat qilishni lozim topdik:
“Hurmatli, YuSYeLLchilar!
Sizning faoliyatingizni “paynet” qilib, baholi qudrat moliyalashtirib turgan millionlab yoshlar, qariyalarning e’tirozini e’tiborga olasiz, deb umid qilamiz!
Yoshing bir joyga borib qolganda tomga, topsa bisot sandiqqa chiqib antenna qidiraverish malol kelmoqda. Zimmangizga olgan mas’uliyatni bajaring-da, endi. Bizning esa sizdan qarzimiz yo‘q. Javobingizni kutamiz”.
Aholi nomidan:
Muxtorali SULTONQULOV,
Otamirza BUVAXONOV,
mehnat faxriylari