HIDOYAT YO‘LI IMOMI

Haq yo‘lga intiq, ilohiy nurga chanqoq bo‘lib turganda muqaddas Islom dinining yuzaga kelishi butun insoniyat hayotida tub burilish yasadi. Ular o‘zlarini to‘g‘ri yo‘lga boshlagan Haqqa cheksiz shukronalar aytar, Qur’oni Karimda kelgan oyati shariflarga so‘zsiz amal qilar, payg‘ambarlari Muhammad alayhissalom sunnatlarini mahkam tutgan edilar. Ammo xuddi to‘g‘on ochilganda daryo suvi shiddatli shovullab, uning yuzidagi xas-cho‘plar birinchi bo‘lib oqmoqqa shaylangani kabi Islom dini Yer yuzi bo‘ylab keng tarqalayotgan bir davrda turfa adashgan guruhlar, firqalar chiqib, odamlar ongini zaharlashga, haq qolib, o‘zlarining botil yo‘llariga yetaklashga tushdilar. Bir yoqda mo‘’taziliylar (“Mo‘’tazila” atamasi arab tilidan tarjima qilinganda, “adashgan, ajralib chiqqan, uzoqlashgan” degan ma’nolarni bildiradi), bir tarafda zindiqiylar (arabcha: dinga ishonmaydigan, xudosizlar), botiniylar, qarmatiylar, xavorijlar o‘zlari hidoyatdan chetlanganlari yetmagandek, odamlar orasida ham buzg‘unchilik, johillikni yoyishga zo‘r berardi.

 

Vaziyat shu darajaga yetdiki, shu paytga qadar tinchgina ibodatini qilib kelayotgan kishilarning ko‘nglida ham turli shubhalar, savollar paydo bo‘la boshladi. Rost bilan yolg‘onni, haq bilan botilni, to‘g‘ri bilan egrini farqlash oson bo‘lmay qoldi. Ana shunday qaltis, ham nozik bir paytda iymon ahli orasidan chiqqan ilm sohiblari Qur’oni karim va payg‘ambar hadislari asosida, sahobalar tutumiga, o‘tgan mujtahid ulamolar uslubiga amal qilgan holda kishilarni haqqa da’vat etib, adashganlarni to‘g‘ri yo‘lga solishga bel bog‘ladilar. Sof Islom aqidalarini tushuntirish va yoyish maqsadida jiddu-jahd ko‘rsatdilar. Ular orasida eng ulug‘lari Ahli sunna va jamoa mazhabining yirik imomlari — basralik Abulhasan Ali ibn Ismoil al-Ash’ariy hamda samarqandlik Imom Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud al-Moturidiy bo‘lib, keyinchalik ularning ta’limotlari ash’ariya va moturidiya nomlari bilan mashhur bo‘ldi.

 

Ikki ta’limot orasidagi farq 

Ash’ariya va moturidiya ta’limotlarini chuqur o‘rgangan olimlarning fikricha, ular mohiyatan bir-biriga o‘xshashdir, faqat lafzda (ifodada) ayrim tafovutlar kuzatiladi. 

Ikki alloma bir narsani ta’kidlashida (tadqiqu tatbiq etishida) qanday mantiq bor, deguvchilarga javob shuki, ular hayotda bir-birlari bilan ko‘rishmagan holda bitta ishni ado etganlar. Yaratganning marhamati bilan ularning e’tiqod masalasidagi qarashlari bir xil bo‘lib, Islom dini hukmron yurtlarga tarqalgan. 

 

Ilk saboq, kalom ilmiga mehr

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatini teran tadqiq etgan olimlardan biri Shovosil Ziyodovning “Abu Mansur Moturidiy” risolasida aytilishicha, alloma Samarqand shahri yaqinidagi Moturid qishlog‘ida, taxminan 870 yilda tavallud topgan.

Ilk ustozi Abu Bakr Juzjoniy bo‘lib, bo‘lajak olim shuningdek, Abu Nasr Ahmad Iyodiy, Nasr ibn Yahyo al-Balxiy, Muhammad ibn al-Fadl singari ulug‘ zotlar sabog‘ini oladi. Dastlab dinimizga oid umumiy ma’lumotlarni o‘rgangan alloma, keyinchalik fiqh (Islom huquqshunosligi) va kalom ilmi bilan qiziqib (Imom o‘azzoliy ta’biri bilan aytganda, kalom bir ilm bo‘lib, uning maqsadi — ahli sunnaning aqidasini bid’at ahlining tashvishidan muhofaza qilishdir), ularni puxta o‘rganadi.

Imom al-Huda — Hidoyat yo‘li imomi

Odatda buyuk insonlar ilmda, faoliyatda qanchalik yuksak cho‘qqilarni zabt etmasin, kundalik hayotda shunchalik kamtar bo‘ladilar.

O‘z davrida ham, keyinchalik ham yuksak ehtiromga sazovor bo‘lib, Islom dunyosida imom al-Huda, ya’ni Hidoyat imomi degan ulug‘ maqomga loyiq ko‘rilgan alloma hayotda nihoyatda kamtar, pok e’tiqodli, ko‘ngilchan inson bo‘lgan. Biroq bu ko‘ngilchanlik faqat yaxshi odamlarga nisbatan edi, imoni sust, e’tiqodi puch, adashganu, to‘g‘ri yo‘lga tushishni xohlamaydigan kimsalarga nisbatan esa g‘oyatda murosasiz bo‘lgan. Bu u zotning asarlarida, xususan, “Kitob ta’vilotu ahli-sunna” kitobida mo‘’taziliylar, xavorijlar, rofiziylar va boshqa adashgan firqalarga qarshi bildirgan raddiyalaridan anglash mumkin.

Moturidiyning o‘zi qanday sof e’tiqod sohibi bo‘lganiga Abu Tohirxojaning “Samariya” kitobida keltirilgan bir hikoyat ham yorqin misol bo‘ladi.

Aytishlaricha, shayxning Moturid qishlog‘ida bir bog‘i bo‘lib, uning daraxt va toklarini o‘tqazishdan tortib, parvarish qilishgacha bo‘lgan barcha yumushlarni ko‘pincha o‘zi bajarar ekan. 

Bir kuni olim xizmatchisi bilan birga ketmon chopib, tok o‘tqazayotgan mahal muazzin azon aytib qolibdi. Odatda, masjiddan azon ovozi eshitilgach, u barcha ishini tashlab, ibodatga oshiqardi. Ammo negadir, bu gal “Kel, shu tokni o‘tqazib olay, masjidga so‘ngroq borarman” deydi… 

Bir yildan keyin yurt podshosi har bir boqqa odatga xilof tarzda bir necha ko‘zadan ichkilik solig‘ini soladi. Ana shunda alloma: “Ushbu bid’at [soliq] mening tok o‘tqazishga mashg‘ul bo‘lib, namozni keyinga qoldirishim kasofatidan chiqdi” deya qattiq nadomat chekib, yig‘lagan ekan…

Mana shunday ulkan va pokiza qalb sohibi bo‘lgan vatandoshimiz hayoti davomida ko‘plab faqih va muhaddislar bilan muloqot qilgan, fiqh va kalom masalalariga doir asarlar bitgan. “Kitob at-Tavhid” (“Allohning yagonaligi haqida kitob”), “Kitob al-maqomat” (“Maqomat kitobi”), “Kitob ta’vilotu ahli-sunna” (“Qur’on haqida ahli sunna ta’vili kitobi”) singari asarlar shular jumlasidan. Afsuski, allomaning barcha asarlari ham bizgacha yetib kelmagan yoxud hali topilgan emas. Masalan, “Kitob al-maqomat” shunday asarlar sirasiga kiradi.

Aytib o‘tganimizdek, Imom Moturidiy hazratlari butun umri mobaynida sof e’tiqod uchun kurashdi. U “Abu Hanifa (Sunniylikning hanafiya fiqhiy mazhabi asoschisi) ta’limotiga suyangan holda, zamon talabidan kelib chiqib, uni taraqqiy ettirdi va Islomning e’tiqodiy asoslarini qayta ishlab chiqdi” (Shovosil Ziyodov). U adashgan firqalarga qarshi kuyunib: “Ular tafakkur va tadqiq bilan qarasalar edi, Alloh taolo bandalarini tafakkur va tadqiqot, ibrat va tajriba bilan ish qilishga buyurganini tushunar edilar, ibrat va tafakkur esa ilm manbalaridan biridir” deya yozadi “Kitob at-tavhid” asarida.

 O‘lmas meros

Asl aynimas, oltin zanglamas, deganlaridek, bashariyatni mudom ezgulikka chorlab, qalblarni quyosh kabi yorituvchi asarlar hech qachon ahamiyatini yo‘qotmaydi. 

Ulug‘ alloma bobomiz Imom Moturidiy kitoblari ham mana ming yildan oshibdiki, hamon Islom olamida eng mo‘’tabar manbalar qatorida o‘qib, o‘rganilib, amal qilib kelinadi. 

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, milliy va diniy qadriyatlarimizga munosabat tubdan o‘zgardi. O‘tgan ulug‘ allomalarimiz merosini o‘rganish va asarlarini xalq orasida keng targ‘ib qilishga e’tibor qaratildi. Ular yashagan yoki abadiy makon tutgan joylarni obod qadamjolarga aylantirish uchun bunyodkorlik ishlari bajarildi. 

Xususan, dinimiz ravnaqiga katta hissa qo‘shgan, aqida (ya’ni e’tiqod) hamda kalom ilmlarining asoschilaridan biri sifatida vatanimiz dovrug‘ini dunyoga taratgan shayx Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad al-Moturidiy xotirasini tiklash, asarlarini keng va chuqur tadqiq-tahlil qilishga kirishildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 3 dekabrdagi qaroriga ko‘ra 2000 yilda buyuk allomaning 1130 yilligi keng nishonlanib, u zot dafn etilgan Samarqand shahridagi Chokardiza qabristoni hududida allomaning maqbarasi va ziyoratgohi bunyod etildi. 

Abu Mansur Moturidiy hayoti va ilmiy faoliyatiga oid tadqiqotlar hamon davom etmoqda. Chunki manbalarda u zotning fiqh, kalom ilmiga oid asarlardan tashqari, boshqa fanlarga doir kitoblar ham ta’lif etgani aytiladi. Bu esa olimlardan yanada ko‘proq izlanish talab etadi. Binobarin, buyuk vatandoshimiz qoldirgan ilmiy, ma’naviy meros borgan sari ustuvor ahamiyat kasb etib borajakdir.

 

Elmurod NISHONOV

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × 5 =