SHAROIT TALABGA YARASHA BO‘LSA…

Ayol bilan olam munavvar. Ayoli bor uyning fayzi boshqacha. Qo‘yingki, bu nozik xilqat haqida qancha e’tiroflar keltirilsa oz. Lekin doim ham mana shunday tahsinlarga loyiq ayollarimizga yetarlicha e’tibor qarata olayapmizmi? Ayol jamiyatda yolg‘iz emasligini, boshiga og‘ir kun tushganida, yonida ko‘makchisi yo dardkashi borligini his etyaptimi? Aynan shu maqsadda yurtimizda “Ayollar maslahat markazi” tashkil qilingan bo‘lib, joylarda uning filiallari faoliyat olib boradi.

 

Jumladan, o‘tgan yili Toshkent viloyatining barcha shahar va tumanlarida ushbu markazning filiallari ish boshlagan edi. Xususan, Olmaliq shahrida ham shu yil fevral oyidan markaz filiali ish boshladi. Hozir filial hududdagi xotin-qizlar o‘rtasida ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, ularning tibbiy savodxonligini oshirish, muhtaram ayollarimizning qonuniy manfaatlari, huquq va erkinliklarini himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash, uy bekasi bo‘lgan opa-singillarimizning turmush tarzi, dunyoqarashini o‘rganish kabi muhim hayotiy masalalarga katta e’tibor qaratmoqda. Xo‘sh, o‘tgan vaqt mobaynida amalga oshirilgan ishlarning salmog‘i qanday?  

Bir voqea. Hilola oxirgi paytlarda tajang, sal narsaga jahli chiqib ketadigan, bo‘lar-bo‘lmas gaplarni bahona qilib duch kelgan odam bilan janjallashadigan odat chiqardi. Eng yomoni, bu “hunar”idan onasi ham “bebahra” qolmadi. Nasiba opa qizidagi o‘zgarishni avvaliga balog‘at davrida bo‘ladigan injiqlikka yo‘yib, uncha e’tibor bermadi. Shunday kunlarning birida kollejdan uyga qaytib kelgan Hilola arzimas sabab tufayli onasi bilan janjallashdi. Shu payt eshik qo‘ng‘irog‘i chalindi. Eshikni ochgan Nasiba opa kommunal xizmatdan kelgan xodimlarni qarshi oldi. Ular to‘lov hujjatlari bilan tanishgach, qarzdorlikni shu bugunoq to‘lashlari zarurligini aytishdi. Bundan xunobi oshgan Hilola o‘zini boshqara olmay, eshik oldida turgan kishilarga qo‘l ko‘tarib, ularga tan jarohati yetkazdi. Qiz bolaga xos bo‘lmagan bu qilig‘i oqibatida Hilola o‘tgan yili ichki ishlar bo‘limining voyaga yetmaganlar nazorati ro‘yxatiga olindi. 

Albatta, bu qiz bola uchun ham, ota-ona uchun ham isnod. O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malikning “Husni xulq” kitobida shunday ibratli fikrlar bayon etilgan: “Ilm olmoq va yaxshi xulq egallamoq masalasida aytamizki, ilmli odamlarning barchasi ham yaxshi xulq egasi bo‘lavermaydi. Yoki aksincha, ilmsiz odamlarning barchasi yomon xulqli emas. Sharafli hadisda ta’kid etilganki: “Sizlarning yaxshilaringiz – axloqi yaxshi bo‘lanlaringizdir”. Imom Shofi’iy hazratlari “O‘zini gunoh va badxulqlikdan saqlay olmagan kishiga ilm foyda bermaydi”, deganlar. 

Xo‘sh, Hilolaning tarbiyasida bunday o‘zgarish qaerdan paydo bo‘ldi? Unga yordam ko‘rsatish borasida qanday choralar ko‘rildi? 

— Mazkur voqea bo‘yicha bizga murojaat kelib tushmagan. Shuning uchun xabarim yo‘q, – deydi “Ayollar maslahat markazi”ning shahar filiali rahbari Muhabbat Yunusova. – Aslida esa biz bunday noxush holat sodir bo‘lishini kutib o‘tirmay oldini olishimiz kerak. Ayniqsa, balog‘at yoshidagi o‘smirlar bilan ma’naviy-ma’rifiy mavzularda tez-tez suhbatlar o‘tkazib tursak, maqsadga muvofiq bo‘ladi. 

O‘sib kelayotgan avlodning tarbiyasiga birdek mas’ul ekanmiz, yon-atrofimizda sodir bo‘layotgan voqealardan barchamiz xabardor bo‘lishimiz darkor. Mutasaddi tashkilotlardan murojaat kelib tushishini kutib o‘tirmasdan, atrofga teran nigoh bilan boqib, har xil noxush holatlarning oldini olish zarurligini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda. Zero, qiz bola bo‘lg‘usi oilaning bekasi. U ona, u jamiyat ko‘rki. 

Mazkur filialdan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda u yerga 37 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 13 tasi oilaviy kelishmovchiliklar masalasida bo‘lib, ularning 5 tasi mutaxassislar ishtirokida yarashtirilib, oila saqlab qolindi. Biroq 8 ta oilani saqlab qolishning hech qanday imkoni bo‘lmagan.

Murojaatlarning aksariyati shahar xotin-qizlar qo‘mitasi, din ishlari vakilasi, bandlikka ko‘maklashish markazi, shifokor mutaxassislar bilan birgalikda o‘rganiladi. Jumladan, ayollarimizning ishsizlikka oid 6 ta murojaati ijobiy hal etildi. Masalan, Gultepa mahallasida istiqomat qiluvchi Nargiza To‘raboevaga “Issiqlik manbai” korxonasiga texnik xodim bo‘lib ishga joylashishda yordam ko‘rsatildi. 

Yana bir misol. Fuqaro D.Eshonqulovaning “Delfin” oromgohiga ishga kirishiga ko‘maklashildi. O‘tgan yili ham filialga 83 ta murojaat kelib tushgan. Shulardan 17 tasi oilaviy kelishmovchiliklarga aloqador bo‘lib, 14 ta oila mutaxassislar bilan birgalikda yarashtirildi.  Qolgan oilalarni esa tiklab qolishning iloji bo‘lmadi. 

– Yana bir fikrni aytib o‘tishni joiz deb bilaman, – deydi filial rahbari. – “Ayollar maslahat markazi”ning filiallari jamoatchilik asosida faoliyat olib borayapti. Ayollarimizning murojaatlarini chuqur o‘rganish uchun alohida shtatlar tashkil qilinsa, yaxshi bo‘lardi. Sababi – nozik qalb egalarining ruhiyatiga kirib borish, ulardagi muammolarni o‘rganish hamda amaliy yordam berish uchun ko‘p vaqt talab qilinadi. 

Misol uchun, o‘zim A.Yassaviy mahallasining maslahatchisi lavozimi bilan bir paytda filial faoliyatini ham yuritaman. Ochig‘ini aytganda har ikkala vazifani ko‘ngildagidek olib borish uchun vaqt yetmaydi. Shunga qaramay, xotin-qizlarning murojaatlariga o‘z o‘rnida yechimini topishga harakat qilyapmiz. Filialimiz shahar madaniyat bo‘limi binosida joylashgan bo‘lib, mutaxassislar jadval asosida murojaatlarni qabul qilishadi. Biroq doim ham bir yerda o‘tirib, bu ishni bajarishning imkoniyati bo‘lmaydi. Shuning uchun xona eshiklariga telefon raqamimizni yozib qo‘yganmiz. Ba’zida telefon orqali ham murojaatlarni qabul qilamiz. 

Joriy yilning “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb nomlanishida katta ma’no bor. Shunday ekan, oilalarimiz farovon, farzandlarimiz barkamol bo‘lib ulg‘ayishida xotin-qizlarning roli muhim ekanligini inobatga olib, xayrli ishlarni amalga oshirishda hamisha faollik ko‘rsatishimiz zarur. Bu borada esa Ayollar maslahat markazlari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqish ham g‘oyatda muhimdir.  

 

Lobar JALILOVA

Olmaliq shahri

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × 4 =