Tinchlik — barcha siyosatlar ichida eng muhimidir

O‘tgan hafta xalqimiz oynai jahon orqali poytaxtimizda Prezident Shavkat Mirziyov boshchiligida o‘tkazilgan «Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi» mavzusidagi anjumanni katta qiziqish bilan kuzatdi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbarlari, din arboblari, «Nuroniy» va «Mahalla» jamg‘armalari, Xotin-qizlar qo‘mitasi, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati faollari, hokimliklar, huquq-tartibot idoralari vakillari, ilm-fan va madaniyat namoyandalari, islomiy ta’lim muassasalari mutasaddilari va talabalari, jamoatchilik vakillari ishtirok etgan bu anjuman mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy sohada hali ko‘plab dolzarb masalalar o‘z yechimini kutib turganini ko‘rsatdi. Ushbu anjumanni ko‘rish davomida tug‘ilgan ayrim mulohazalar yuzasidan o‘rtoqlashish istagi tug‘ildi.

E’tibor bergan bo‘lsangiz, davlatimiz rahbari uchrashuvda yurtimizda tinchlik muhitini saqlash va mustahkamlash, ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, aholi, ayniqsa, yoshlarni  har xil yot g‘oyalardan asrash, ularni har tomonlama sog‘lom bo‘lib kamolga yetishlari uchun bor kuch-imkoniyatni ishga solish zarurligiga  alohida urg‘u berdi. Jumladan, mamlakatimizda mustaqillikning ilk yillaridan boshlab vijdon erkinligini ta’minlash masalasiga ustuvor ahamiyat berilayotgani muqaddas dinimiz, milliy qadriyatlarimizni, buyuk aziz-avliyolarimizning merosini tiklash, qadamjolarini obod qilish bo‘yicha juda ko‘p ishlar qilinayotgani ta’kidlandi.  Agar sobiq mustabid tuzum davrida yurtimizda 80 ga yaqin masjid faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, hozirgi kunda ularning soni 2 ming 42 tani tashkil etmoqda. 

Yurtimizda shuncha masjid faoliyat yuritayotgan ekan, u holda nega farzandlarimiz, ba’zan esini tanigan kattalar ham bizga yot bo‘lgan har xil oqimlarga qo‘shilib qolyapti? Hurmatli imom-xatiblarimiz joylarda yoshlar bilan uchrashib, ma’naviyat-ma’rifatdan va’zxonlik qilayotganlarida nimalarga e’tibor qaratishyapti? Nega, shuncha tadbirlar o‘zining samarasini bermayapti?

Yoki har birimiz tez-tez guvohi bo‘lib turadigan bir misol. Xalqimizda to‘yda elga osh berish odati bor. Bu odatni chuqur hurmat qilgan holda, bir vaziyatga e’tibor qaratsak. Nazarimizda, ana shu tadbirlarning aksariyatida muhtaram domlalarimiz asosan diniy bilimlari naqadar boy ekanligini ko‘z-ko‘z qilishga urinadilar. Bu albatta, yaxshi. Ammo  ular nikoh o‘qigan yoshlar bugungi kunda qanday illatlardan uzoq bo‘lishlari, ular tagida qanday zararli oqibatlar yotgani, bir so‘z bilan aytganda, oq-bilan qorani ajratishda nimalarga tayanib ish ko‘rmoq lozimligini hayotiy misollar bilan tushuntirishda domlalarimizga ba’zan ishtiyoq, ba’zan esa mas’uliyat hissi yetishmayotgandek. Zero, qo‘lidan durustgina ish keladigan, to‘rt muchasi sog‘, es-hushi joyida bo‘lgan yoshlar qanday qilib yot ta’sirlarga tushib qolmoqda? Nima uchun ularni bu egri yo‘ldan qaytarishga mas’ul bo‘lganlar – mahalla, qo‘ni-qo‘shni, jamoatchilik “bizga tinchlik kerak” deganday o‘zlarini panaga olmoqda?

Bu masalaning bir tomoni. Yana bir tomoni yoshlar masalasiga bevosita mas’ul bo‘lgan ayrim nufuzli tashkilotlar ham ba’zida yengil-elpi yo‘l tutayotganini ko‘rib, hayron qoladi, kishi. Bir misol. O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining “Toshkent” telekanalida “Sanamjon” nomli bir tijorat ko‘rsatuvi bor. Poytaxtdagi zamonaviy go‘zallik salonlarida tasvirga olinadigan ushbu dasturda stilist juvonlar, gohida yigitchalar kelinlik bo‘sag‘asida turgan qizlarning sochlarini turmaklaydi, eng so‘nggi kosmetik uslublarda husniga husn qo‘shib, shundog‘am qizil bo‘lgan olmani yanada qip-qizil qilib ko‘rsatadi. Bu borada hech qanday e’tirozimiz yo‘q, albatta. Zotan, o‘zbek qizlari har qancha e’tiborga loyiq. Lekin, qiz bolaning labini bo‘yash, sochini yuvish, kesish, unga har xil ranglar bilan jilo berish singari qator nozik holatlar 32 milliondan ortiq aholi ko‘z o‘ngida amalga oshirilishi qanchalik to‘g‘ri bo‘larkin? 

Yana bir misol. Kuzatgan bo‘lsangiz, hozirda Toshkent shahridagi metro bekatlarida monitorlar o‘rnatilib, ularda turli xususiy kompaniyalar, firma va o‘quv markazlarining xizmatlarini roliklar orqali reklama qilish avj olgan. Kamina 19 may kuni soat 21:00 da “Paxtakor” bekatida g‘alati bir rolikni ko‘rib, hayratga tushdim. Rolik suxandoni bergan ma’lumotlarga ko‘ra, shahrimizdagi “Iffatli kelin” o‘quv markazi bo‘lajak kelinlarga turli pishiriqlar pishirish, parda tikish, mazali taom tayyorlash va arabcha raqs tushishni o‘rgatar emish. Taom va pishiriqlar tayyorlash, parda tikish – bular tushunarli. Lekin arabcha raqs o‘zbek qizlari – bo‘lajak kelinlarga nima uchun kerak? Taajjub, o‘quv markazi ma’muriyati bu bilan nima demoqchi? Yoshlarni qaysi g‘oya yoki an’ana sari yetaklamoqchi?

Xalqimiz azaldan tinchlik atalmish ulug‘ ne’matni yuksak qadrlaydi. Bugun ham bu ne’matni ko‘z qorachig‘idek asrash borasida qilinayotgan ishlarning soni va salmog‘i juda katta. Zero, jamiyatning eng ustuvor sohalaridan tortib, kundalik turmushimizda qo‘lga kiritilgan har bir yutuqni tahlil qilar ekanmiz, ularning barchasiga avvalambor, mana shu ezgu siyosat tufayli erishayotganimizni chuqur anglaymiz. Bugun hamma narsa – yashash sharoitimiz, ongu tafakkurimiz, dunyoqarashimiz, o‘y-kechinmalarimiz, sa’y-harakatlarimiz, hatto orzu-umidlarimiz ham kechagidan butkul farq qiladi. Bir vaqtlar faqat buguni bilan yashagan xalq bugun kerak bo‘lsa, o‘n yil naridagi rejalarni ko‘zlamoqda. 

Xo‘sh, yurtimizda tinchlik hukmron ekan, barcha orzu-niyatlarimiz ro‘yobga chiqayotgan ekan, u holda nimadan xavotirlanishimiz kerak? Dunyoning ishlariga razm solaylik. Xo‘sh, bugun qay bir davlat tinchlikka kafolat bera oladi?  Yoki jahonning eng rivojlangan mamlakatlari hozirda nimadan iztirobga tushmoqda? Mislsiz taraqqiyotdanmi yo birgina nojo‘ya harakat tufayli uni yo‘qotib qo‘yishdan?

Nima uchun bunday deyapmiz? Sababi – so‘nggi yillarda aynan xotirjamlikka berilib, o‘ziga bino qo‘ygan mamlakatlarda  urush ko‘z ochyapti. Yaqinda internet saytlari Yevropa politsiya agentligi taqdim qilgan bir ma’lumotni tarqatdi. Unda qayd etilishicha, Yevropa Ittifoqida 2016 yilda terrorchilik faoliyatiga aloqadorlik gumoni bilan  1002 nafar odam hibsga olingan. O‘sha yilning o‘zida radikal guruhlarning hujumlari oqibatida Yevropada 135 kishi halok bo‘ldi. Bundan tashqari, 2016 yilda Yevropa Ittifoqida 142 ta muvaffaqiyatsizlik bilan tugagan, oldi olingan yoki amalga oshirilgan terakt qayd qilingan. Ularning yarmidan ko‘pi Buyuk Britaniyaga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, terrorchilikdan eng ko‘p aziyat chekkan davlatlar beshtaligidan Frantsiya, Italiya, Ispaniya va Gretsiya o‘rin olgan. Bu mamlakatlarda teraktlar oqibatida umumiy hisobda 142 kishi halok bo‘lgan, 379 kishi yaralangan. 

Sir emaski, bu mamlakatlarning har biri jahon iqtisodiyotida salmoqli o‘ringa ega. Biroq dunyoda davom etayotgan iqtisodiy inqiroz, turli siyosiy “o‘yin”lar bu mamlakatlarning taraqqiyotiga shikast yetkazayotganini ham inkor etib bo‘lmaydi. Demak, tinchlik siyosati dunyoda barcha siyosatlar ichida eng muhimidir.

Shukrki, mamlakatimizda tinchlik davlat siyosati darajasida qadrlanadi. O‘zbekiston chet davlatlar bilan hamkorlik o‘rnatishda tenglik, sherikchilik, do‘stlik, qardoshlik va qo‘shnichilik kabi umumbashariy tamoyillarga amal qilib, har qanday global muammoni faqat diplomatik yo‘l bilan hal etishni ma’qul ko‘radi. Eng muhimi, o‘zining bu boradagi pozitsiyasini jahon hamjamiyatiga doimiy ravishda bildiradi. O‘z o‘rnida dunyo ham tinchlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi bunday ilg‘or takliflarni qo‘llab-quvvatlayotganiga guvoh bo‘lyapmiz.

Bunga yetarlicha misollar bor, albatta. Uzoqqa bormaylik, shu yilning 21 may kuni Prezidentimiz Shavkat  Mirziyoev Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tgan Arab-musulmon mamlakatlari va AQSh sammitida ishtirok etganidan xabardorsiz. Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar davlat rahbarlari va AQSh Prezidenti, BMT, Arab davlatlari ligasi, Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorligi kengashi bosh kotiblari qatnashgan ushbu sammit ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish, bag‘rikenglik g‘oyalarini ilgari surish, xavfsizlik, barqarorlik va hamkorlikni mustahkamlash masalalariga bag‘ishlandi.  Sammit doirasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev bir qator davlat rahbarlari bilan muloqotda bo‘ldi.

Xususan, Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp davlatimiz rahbari bilan uchrashuvda O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar jarayonini yuqori baholadi.  Shuningdek, 10-12 may kunlari BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lib, mamlakatimiz va chet el jurnalistlari ishtirokida o‘tgan matbuot anjumanida O‘zbekistonda inson huquqlari bo‘yicha milliy tizimni xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga yuksak baho berdi.  31 may kuni esa BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari davlatimiz rahbari nomiga maktub yo‘llab, O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish masalalariga shaxsan e’tibor qaratilayotgani, jumladan, 2017—2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasi qabul qilingani, sud-huquq tizimida islohotlar amalga oshirilayotgani, xorijga viza asosida chiqish tartibini bekor qilish borasidagi sa’y-harakatlar uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirgan.

Darhaqiqat, barcha yutuqlarning zamirida tinchlik mujassam. Shu ma’noda O‘zbekistonda xalq farovonligi, tinch-osoyishta hayoti yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar xalqaro jamoatchilikning e’tiborini tortmoqda. Birgina misol keltirsak. Kuni kecha Jahon banki 2017 yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsulot 7,6 foizga o‘sishini ma’lum qildi. Prognozlarga ko‘ra, 2018 yilda mamlakatimiz iqtisodiyotining o‘sishi 7,7 foizni tashkil etsa, 2019 yilda – 7,8 foizga teng bo‘ladi.

Albatta, bunday e’tiroflar har bir yurtdoshimizga mamnunlik baxsh etadi. Zero, ijtimoiy barqarorlik ta’minlanayotgan, tinchlik muhiti mustahkamlanayotgan, bir so‘z bilan aytganda, odamlarga yaxshi yashash uchun barcha imkoniyatlar yaratilayotgan yurtda mudom taraqqiyotning iliq mujdalari esib turadi.

 

Tohir SHOMURODOV

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

six + 1 =