So‘z ketidan ketgaymen

O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid o‘zining “Xayyomdan bir kosa, Rumiydan bir jom“ kitobida umrni bir kosa yo bir jom ichguncha o‘tib ketadigan qisqa fursatga qiyos qiladi. Bu kabi falsafiy mushohada shoirning “uch kun“ va “besh kecha“ iboralari bag‘riga ham singdirilgan. Kitobning uchdan ikki qismi to‘rtliklardan, qolgani ikkiliklardan iborat.

 

To‘plam “To‘rtliklarim” nomli she’r bilan ochiladi. Shoir unda mazkur shakldagi asarlarining mavzu ko‘lami va g‘oyaviy yo‘nalishi haqida so‘zlaydi:

Siz g‘amgin umrimning sanalarisiz,

Yuragimning siniq oynalarisiz.

Alamlarim yanglig‘ turlik-turliklarim.

Bir she’r hijronida tortgan 

xo‘rliklarim,

Mening to‘rtliklarim…

To‘rtliklar shartli yo‘sinda alohida nomlar bilan olti faslga ajratilsa-da, ularni bir o‘zanda birlashtiruvchi muhim omil mavjud. Shoir jajji asarning deyarli barchasida turmushda ko‘rgan, kechirgan, bilgan va eshitgan voqealarni o‘zining hayotiy tijribasidan kelib chiqqan holda bizga in’om etadi. O‘zgacha aytganda, shoir shaxsiy kechinmalari va kuzatuvlari hosilasi bo‘lgan hayotiy voqealarni badiiy sintez shaklida kitobxonga tuhfa qiladi.

Sirojiddin Sayyidning ko‘hna aruz ohanglarida bitgan asarlari har bir she’riyat muxlisining qalbidan munosib joy olgan. Nazarimda, shoir to‘rtliklari ham mumtoz shoirlarimiz ijodiga, ayniqsa, Umar Xayyom, Bobur mirzo va Pahlavon Mahmud ruboiylariga bo‘lgan ayricha muhabbatning, vorisiylik burchi va mas’uliyatining natijasi yanglig‘ qog‘ozga tushganga o‘xshaydi.

Shoir to‘rtliklari shaklan kichik bo‘lsa-da, mazmunan juda yuksak umuminsoniy g‘oyalarga safarbar qilinadi. O‘zgacha aytganda, bu to‘rtliklarning har biri muallifning bir necha muddaolarini yuzaga chiqaradigan badiiy qurilma — “kichik chaylacha”dir. Shoirning lirik qahramoni ishqdan ishqsizlikkacha bo‘lgan olis va mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tadi. Xalq shoiri oddiy ro‘zg‘or buyumidan tortib cheksiz koinot jismlarigacha bo‘lgan harakatdagi materiyadan serjilo poetik manzara yaratadi. Sirojiddin Sayyid chin oshiqni kaftida asraydi, uni ishqdan juda yiroqda bo‘lgan so‘qir kimsalarga o‘rnak qilib ko‘rsatadi. Bevafodan esa juda ranjiydi. Bu kabi kaslarni go‘yo vafodor itga qarshi qo‘yadi. To‘rtliklarda biografik va avtobiografik unsurlar ham ko‘zga tashlanib turadi. O‘zgacha aytsak, shoir ba’zi bir to‘rtliklar panohida ustozlariga, maslakdosh do‘stlariga, tegrasida yurgan o‘zidan kichikroq shoirlarga va shogirdlariga bir tekis mehr ulashadi. Shoir shuurida pishib yetilgan ma’nolar shodasi navbati bilan oq qog‘ozga to‘kiladi. O‘qiganingizda, ana shu shodalar marvaridi go‘yo o‘zidan nur taratib, junbushga to‘lgan yuragingizni ilitganday bo‘ladi. 

Sirojiddin Sayyidning mumtoz adabiyot namoyandalariga mehri, sadoqati hamda yuksak vatanparvar shoirligi haqida ilmda iliq gaplar aytilgan. Shu bois ularning takroriga erk bermaymiz. Faqat g‘azal va muxammaslardagi yuksak g‘oyalar tarannumi to‘rtliklar, goho ikkiliklar bag‘rida ham bo‘y ko‘rsatib turishini eslatib o‘tmoqchimiz, xolos. Shuningdek, ishq atalmish bedavo dardning to‘rtlikdagi yangicha izhoriga birrov nigoh tashlamasak, bo‘lmaydigan ko‘rinadi: 

Men demasman bag‘ri kuygan dog‘ bo‘l,

Ne buyursa matlabing andog‘ bo‘l.

Yer bo‘lib men, kimsalar tom qilsalar,

Sen shu tomga lolaqizg‘aldog‘ bo‘l.

Oshiqning o‘zini “er” yo “tom” deya ifodalashi kamtarlik va xokisorlik alomati. Lolaqizg‘aldog‘ — manzurga nisbatan qo‘llangan mutlaqo yangi tasvir — istioradir. Buni hech ikkilanmasdan ishq navosidagi ohorli, umuman barmoq urilmagan yangi parda deya olamiz.

Sirojiddin Sayyid — dil shaydosi. Uningcha “dil” qalb va ko‘ngilga nisbatan ancha ustun turadigan yuksak ma’vo. Shu bois ham shoir “dil”ga dilni bo‘shatish, gohida esa ma’naviy oziqlantirish manbai sifatida juda ko‘p murojaat qiladi. Bu hol nafaqat to‘rtlik, balki boshqa shakldagi she’rlarida ham juda ko‘p kuzatiladi. Shoirning “dil bukun, boshdin oyog‘im dil bukun” degan iqrori shunday fikrni o‘rtaga tashlashga imkon ochadi. Sirojiddin aka uchun dil — yupanch, dil — suyanch, dil — o‘kinch, ayni paytda sog‘inch va quvonch ham, firog‘ va yarog‘ ham shu. Shu bilan birga, qip-qizil qon yo za’faron zardobga to‘lgan og‘riqli nuqtasi ham aynan shu dilning o‘zidir.

Ko‘ksim ichra yig‘layur qizg‘ish xazon,

O‘rtanib chekkan firog‘im dil bukun.

Shoir to‘plamlaridan birining “Dil fasli“ deb nomlanishi ham aytilgan fikr isboti uchun dalil bo‘la oladi. Sirojiddin aka “dil”dan tashqari ona va ayol madhida ham qoyilmaqom ifoda birliklarini qo‘llagan:

Dilga eltar yo‘llar mening yo‘limdir,

Dardi bor har ko‘ngil mening ko‘nglimdir.

Mushtipar har ayol onamga o‘xshar,

Ko‘ngli yarim har qiz mening singlimdir.

Yuqorida shoirning o‘z yaqinlariga samimiy ehtirom ko‘rsatishi haqida so‘zlagan edik. “Katta hodisa” she’rida shoir Shodmonqul Salomga ayricha ehtirom ko‘rsatadi. Biroq she’rdan murod bu emas, unda muallifning adabiy jarayonga bergan xolis bahosi o‘z tajassumini topgan:

Dil bog‘in goh tikan, gohi gul ko‘rdim,

Goh bulbul, gohida qirg‘ovul ko‘rdim.

Barcha shohu vazir she’r ahli aro,

Yoronlar, men bu kun shodmon qul ko‘rdim.

She’rda bir necha tasvir vositalari mahorat ila qo‘llangan. Goh — takror; tikan va gul — tazod; gul va qul — tajnis(shakli o‘xshash); yoronlar — xitob(murojaat manbai); gul, bulbul va qirg‘ovul hamda shoh, vazir va qul — iboralari tanosib(mantiqiy aloqadagi so‘zlar) san’atini yuzaga chiqargan. Shuningdek, shodmon qul — qulning shod-xurram yurganidan tashqari shu nom bilan ijod qiladigan zamondosh shoirning ismi-sharifiga ham ishora qiladi. Badiiyat ilmida buni ittifoq san’ati deydilar. Quyidagi to‘rtlikda “qilday bel” vositasida manzurning o‘zi, butun bo‘y-basti tavsif etiladiki, buni she’r ilmida sinekdoxa deb yuritish odat tusini olgan. O‘qiymiz:

Hayot bir nay bo‘ldi, dil chalar bo‘ldi,

Mening har bir damim yilchalar bo‘ldi.

Qilday bellaringga yetguncha, ey oy,

Jon ham nozik tortib qilchalar bo‘ldi.

She’rda oshiq bilan ma’shuq obrazi aniq chizib berilgan. Ma’shuqaning beparvoligi tufayli oshiq ruhiy iztirobda. Shu bois jon nozik tortib, ingichkalashib xuddi qilga o‘xshab qolgan. Belning qilga qiyoslanishi milliy she’riyatimizda an’anaviy hodisa, biroq oshiq jonining qilga mengzalishi shoirning tamomila yangicha kashfiyoti. She’rda boshqa tasvir vositalari ham bor. Ammo sinekdoxa tasvirning bosh vositasi darajasiga ko‘tarilgan.

Shoir to‘rtliklari tarkibida “g‘izo, kom, tarahhum, to‘bo, tiyramoh, raftor, guftor, ravzan, zeru zabar, qiylu qol, mahu sol” va boshqa shu singari forscha-arabcha so‘z va so‘z birikmalari ham mavjudki, ularning mag‘zini chaqmoq uchun o‘quvchi maxsus lug‘atlarga murojaat qilishi kerak. Demoqchimanki, yosh tadqiqotchilar Sirojiddin Sayyid she’riyatining botiniga chuqurroq kirishni istasalar, albatta, mumtoz adabiy asarlar lug‘atidan foydalanishlari lozim. Aks holda she’r bag‘ridagi turfa o‘y, ma’rifat va haqiqat sirlari pinhonligicha qolib ketaveradi.

Endi ikki og‘iz ikkiliklar haqida. She’rning bu shakli mumtoz adabiyotda ko‘p uchraydi. Zamonaviy she’riyatda uncha isti’foda etilmaydi. Chunki bu zukkolik, bilimdonlik va donishmandlikning oliy namunasi bo‘lib, bu shaklga ko‘proq tajribali shoirlar murojaat qiladilar. Ikkilikning hajmi kichik bo‘lgani bois talabi ham og‘ir. Sababi — shoir shaklda ixchamlikka erishgani sayin ma’noda imkon boricha yuksaklikka intiladi. Oybek domla aytgan “fikr qaymog‘i” degan mashhur ibora ko‘proq ana shu ikkiliklarga tegishli. Sirojiddin Sayyid fardlarining asos-negizini pand-nasihat, ogohlik va shukronalik motivi tashkil etadi. Biroq bu fikr ikkiliklarning mavzu ko‘lami faqat shulardan iborat ekan-da, degani emas. Ularda insoniyat ma’naviy-ruhiy olamining betakror manzaralari shu qadar tiniq, ravon chiziladiki, natijada zukko o‘quvchi bu jajji manzumalar qatidagi badiiy haqiqatlardan o‘ziga tegishli xulosa chiqara oladi. Fardlarda ham ko‘proq hayotning ayovsiz haqiqatlari o‘z tajassumini topgan. O‘zgacha aytganda, shoir ikkiliklari u yo bu darajada hayotiy zaminga ega. Shoir biror-bir o‘rinda ortiqcha gap to‘qimaydi. Hayotda qanday bo‘lsa, shu holicha tasvirlashga erishadi:

O‘tti ellik chog‘ umrdin, 

kuzga yetti endi ish,

Bog‘lar ortidan og‘ir-og‘ir 

yaqinlashmoqda qish.

Kitobning oxiri — “Ro‘zg‘or bitiklari” fasli butunisicha hazil-mutoyibaga yo‘g‘rilgan. Unda muallif ro‘zg‘or buyumlarining ta’rif-tavsifini keltirish bilan er-xotin munosabatlari, aniqrog‘i, oila mustahkamligi haqida qalam tebratadi:

Qulog‘imda bir umr javrading: 

Go‘sht… kartoshka…

Aylanib qoldim, xotin, 

oxir o‘zim kar toshga.

Ushbu bayt shoirning badiiy san’atlarni mohirona qo‘llash layoqatiga yana bir dalil bo‘la oladi. Misra yo baytda bir so‘z turkumi (ot yo son) ketma ket qo‘llansa, uni ta’did san’ati deydilar. Yuqorida oziqa mahsulotlari(ot)ning izma-iz qo‘llanishi shunday san’atni yuzaga chiqargan. Shuningdek, “kartoshka” bilan “kar toshga”ning shakldoshligi tajnis san’atiga yorqin misoldir. Bu kabi so‘z o‘yinlari boya aytilganimizdek shoirning boshqa satrlari ichida ham yuzlab ko‘zga tashlanishi mumkin.

Sirojiddin Sayyid hamisha yangi so‘z, yangi she’r ishtiyoqi bilan yonadi. 

Abdurahmon PIRIMQULOV,

filologiya fanlari nomzodi

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

13 − 1 =