YOSHLAR KELAJAGIGA BEFARQ EMASMIZ

Mamlakatimizdagi nufuzli moliya muassasalaridan bo‘lgan «Turonbank» ATB hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid dasturlarni amalga oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda mijozlarga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga asoslangan yangi xizmat turlarini taklif etish masalalariga katta e’tibor qaratmoqda.

 

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi kadrlar tayyorlash milliy dasturiga muvofiq, kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash, ularning ma’naviy-ma’rifiy saviyasini oshirish maqsadida moliya muassasasi tomonidan turli mavzularda davra suhbatlari, seminar-treninglar o‘tkazilib kelinyapti.

Ana shunday navbatdagi davra suhbati mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati hamda “Ichki audit xizmati, ularga qo‘yilgan talablar” va “Tijorat banklarida ichki nazoratni milliy qonunchilik va me’yoriy hujjatlar asosida tartibga solish” mavzusida tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 30 iyun kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyidagi ma’ruzasi joylarda keng jamoatchilik va yoshlar tomonidan katta qiziqish bilan o‘rganilmoqda. Binobarin, yurtimizda yoshlarni har jihatdan yetuk, hech kimdan kam bo‘lmay voyaga yetkazish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Prezidentimiz o‘z ma’ruzasida yoshlar bilan ishlashda o‘tgan yillar davomida qator kamchiliklar to‘planib qolganini ta’kidlab o‘tdi. Seminarda O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik va yangidan tuzilgan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Kengashining Toshkent shahar kengashi raisi o‘rinbosari Bobur Mirzaev so‘zga chiqishdi. 

— Yoshlar o‘rtasida to‘planib qolgan barcha muammolar sababini Yurtboshimiz qurultoyda qilgan chiqishlarida tahlil qilib berdilar, — deydi Bobur Mirzaev. — Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekiston yoshlar ittifoqiga ayni paytda katta huquq va imkoniyatlar berilmoqda. O‘ylaymanki, avval yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar takrorlanmaydi. Tadbirbozlik va va’zxonliklardan qochib amaliy ishlarni bajarish vaqti keldi. Bu borada bankda bo‘ladimi yoki boshqa tashkilotda — barchamiz bir musht bo‘lib, mavjud muammolarni bartaraf etishga bel bog‘lasak, hayotimiz bundan-da yaxshilanadi.

 — “Turonbank” aktsiyadorlik-tijorat banki tizimida faoliyat olib borayotganlarning katta qismini 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil qiladi, — deydi Bank xodimlari bilan ishlash departamenti direktori Bahrom Alijonov. — Yosh mutaxassislarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida sohada qator imkoniyatlar mavjud. Binobarin, moliya va bank sohasida ustoz-shogird maktabini tashkil etish foydadan xoli bo‘lmas edi. Bunda moliya-bank tizimida katta tajribaga ega mutaxassislarning tajribalarini yoshlarga o‘rgatish maqsadga muvofiq. Seminar-treninglarni quyi tizimlarimizda ham davom ettiramiz. Toki yoshlarimiz Prezidentimiz ma’ruzada ko‘rsatgan vazifalarni tushunib yetishsin.

Anjumanning keyingi qismida “Turonbank” aktsiyadorlik tijorat bankida “Ichki audit va tashqi audit tekshiruvlari bo‘yicha muammolar” mavzusida “Deloyt end Tush” auditorlik kompaniyasi Bosh direktori o‘rinbosari Turg‘un Tohirov tijorat banklarining moliyaviy yil yakunlari bo‘yicha faoliyatini xalqaro standartlar asosida audit qilishdan ko‘zlangan maqsad hamda auditni o‘tkazish jarayonlari to‘g‘risida gapirib o‘tdi. Shuningdek, mazkur mavzuda O‘zbekiston Auditorlar palatasi ijrochi direktori Ravshan Haydarov ichki auditga nisbatan qo‘yilgan ichki va xalqaro talablar, bank tizimida ichki audit xizmatining asosiy maqsadi va vazifalari to‘g‘risidagi ilmiy-amaliy ma’lumotlar bilan qatnashchilarni tanishtirdi. Ichki audit xizmati bankda amalga oshirilgan operatsiyalar, hisobotlarning to‘liqligi va ochiqligi hamda operatsiyalar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablari asosida bajarilgani haqida moliya muassasasi Kengashiga maslahatlar beruvchi mustaqil tarkibiy tuzilma ekanini alohida ta’kidladi. Ma’ruzachilar ichki audit o‘tkazish va uning me’yorlari va boshqa qator savollarga javob qaytarishdi.

“Tijorat banklarida ichki nazoratni milliy qonunchilik va me’yoriy hujjatlar asosida tartibga solish” mavzusida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazoratni muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Aziz Abasov ma’ruzasi tinglandi. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish maqsadida mamlakatimizda Qonun va qonunosti xujjatlari qabul qilingan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining 2004 yil 26 avgustdgi «Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining tegishli nizomlari noqonuniy harakatlarning aylanishini cheklashda muhim ahamiyat kasb etadi. Albatta, bunday amaliy seminarlar ishtirokchilarning jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini mustahkamlab, ichki nazoratni samarali tashkil etishda foydali bo‘ldi.

Tadbir yakunida bankning moliyaviy barqarorligi va ishonchliligini mustahkamlash hamda xalqaro va xorijiy moliyaviy institutlar bilan aloqalarni kengaytirish, yoshlar bilan ishlashga qaratilgan chora-tadbirlar belgilandi.

 

Jobir RAZZOQOV

 

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × five =