Go’sht ARZONMI yoki QIMMAT?
Hammamiz ham go‘shtni sevib iste’mol qilamiz. Shu bois bu yilgi bahor mavsumida uning narxi oshishi ko‘pchilikni o‘ylantirdi. Hatto internet tarmoqlarida bu haqda turlicha fikrlar bildirildi. Biz ham shu mavzuni o‘rganib, mutaxassislar fikrini bilishga qiziqdik.
Bugun respublikamiz bozorlarida 1 kilogramm suyakli mol go‘shtining o‘rtacha narxi 29 — 34 ming so‘mgacha, lahm go‘shtning narxi 35 — 40 ming so‘mgacha sotilmoqda. Xo‘sh, go‘sht narxini kim belgilaydi o‘zi, uning oshishiga nimalar sabab bo‘ldi?
Yurtimizda chorvachilik rivoji qay ahvolda? Shu kabi savollarga javob topish maqsadida soha mutaxassislariga murojaat qildik.
Birinchi navbatda bu jarayonda avvalo mahsulotning so‘nggi nuqtasini hal qiladigan odamlar — qassoblar fikri bilan qiziqdik. Poytaxtlik, farg‘onalik va samarqandlik qassoblarning fikri turlicha bo‘ldi. Ularning aytishicha, semiz buqalar chorvadorlardan har bir kilogrammi 28 — 29 ming so‘mdan, markazlarda 30 ming 500 so‘mgacha so‘yib olinadi. Bu arzonmi yoki qimmat? Bu haqda ham chorvador, ham qassob Ma’ruf Azimov shunday deydi:
— O‘n yildan beri go‘sht yetishtirish bilan shug‘ullanaman. Har yili bahor mavsumida go‘shtning tortilishi tabiiy hol. Chunki bu vaqtda ko‘pchilik boqilgan mollarini sotib, uni ko‘paytirish payida bo‘ladi. Bu esa bozorda qoramollarga bo‘lgan talab ortishiga olib keladi. Natijada o‘z-o‘zidan go‘shtning tannarxi oshadi. Bu necha yillik tabiiy jarayon. Biroq narx bu yil ko‘proq ko‘tarilgani sezildi. Bunga go‘sht mahsulotlari savdosi atrofidagi ortiqcha shov-shuvlar ham sabab bo‘lmoqda! Vaholanki, uning narxini biror kishi belgilamaydi. Bozorning o‘zi bir me’yorga keltiradi. Misol uchun, siz semiz buqani bozorga olib chiqdingiz, uning narxi bozorda bichiladi. Lekin boqqan kishi qimmat sotishni xohlaydi. Bu tabiiy hol. Axir, bunga mehnatini, mablag‘ini, vaqtini sarflagan. Shunisi ajablanarliki, bu o‘rinda uning mehnati va vaqti hisobga olinmaydi. Agar ular ham hisobga olinganda go‘shtning narxi bundan-da oshgan bo‘lardi. Faqat qilgan xarajatidan biroz oshsa, bozor ko‘tarsa sotadi. Biroq u aytgandek ham bo‘lmasligi mumkin. Bu bozor qonuniyati. Masalan, biz ham biror molni qimmat olsagu, toshiga kelmasa, uni hozirgi narxdan qimmatiga sotolmaymiz. Vaqti kelsa, so‘yib olgan narxida sotiladi. Chunki go‘shtning suvi juda tez qochadi. Hatto bir kunda 2-4 kilogrammgacha quriydi. Lekin qassob yo‘qotilgan kilogrammni go‘shtning ustiga qo‘ya olmay, o‘z narxida sotaveradi. Hozir aksariyat qassoblar maydalab sotishdan ko‘ra ulgurji savdoni ma’qul ko‘radi. Chunki go‘shtning olingan narxida bersa ham kalla-pocha va teri foydaga qoladi. Ko‘pchilik shunday qilayapti ham. Go‘shtni maydalab sotishdan daromad kam bo‘lishi bilan birga vaqtni ko‘p oladi.
Bugun go‘sht yetishtirishda chorvachilik, dehqon-fermer xo‘jaliklari muhim o‘rin tutadi. Bu masalada Samarqanddagi “Farovon grant invest” dehqon fermer xo‘jaligi rahabari Ilyos Niyozov shunday deydi:
— Albatta, go‘shtning narxini birov belgilamaydi. Erkin bozorda o‘z qiymatiga ega bo‘ladi. Biz ham imkon boricha aholiga arzon go‘sht yetkazib berishga harakat qilmoqdamiz. Fermer xo‘jaligimiz tashkil etilganiga ikki yil ham bo‘lmadi. Lekin hozirgacha 140 tonna sut, ikki tonnadan oshiq go‘sht yetkazib berdik. Keyingi yillarda go‘sht va sut mahsuldorligini oshirishga harakat qilayapmiz. Meni xursand qiladigan bir jihat shuki, Yurtboshimiz qaysi viloyatga bormasin, albatta, chorvachilikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratyapti. Barcha viloyatlarda yirik chorvachilik xo‘jaliklari tashkil etilmoqda. Bu esa yillar o‘tib o‘z samarasini berishiga ishonaman. Mana biz qisqa fursatda go‘sht, sut berdik. Bizga o‘xshagan xo‘jaliklarning ortishi albatta, go‘sht mahsulotlarining arzon va sifatli bo‘lishini ta’minlaydi. Qolaversa, aholiga chorva kreditlari ajratilishi ham go‘sht va sut mahsulotlarining ortishiga, arzon bo‘lishiga zamin yaratadi. Yaqin yillarda mahsulotlarimizni xorijga eksport qilish niyatidamiz.
Chorvachilik yo‘nalishidagi davlat siyosatini Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi amalga oshiradi. Shunday ekan, tizimda qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Aholini arzon go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlash uchun nimalarga e’tibor qaratilmoqda? Bu haqda Chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va asalarichilikni rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Maqsud Yunusov shunday deydi:
— Mamlakatimiz iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish va xalqimiz turmush farovonligini oshirishda qishloq xo‘jaligi, xususan, chorvachilik tarmog‘i muhim o‘rin tutadi. Shu bois istiqlolning dastlabki yillaridanoq xalqimizning chorvachilik mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish, ichki iste’mol bozorida go‘sht, sut, tuxum, baliq va boshqa chorvachilik mahsulotlarini ko‘paytirish hamda bozorlarda ularning narxlari barqarorligini ta’minlash ustuvor vazifalardan biri etib belgilandi. Shundan kelib chiqqan holda bugungi kunda ko‘plab ijobiy natijalarga erishildi. Jumladan, qoramollar soni 12 million va mayda shoxlilar 20 milliondan oshdi. Bu esa qishloq xo‘jaligi yalpi ichki mahsulotning 42 foizini ta’minlayotir. Ta’kidlash joizki, chorvachilik davlat iqtisodiyoti uchun ham, aholi uchun ham serdaromad soha. Bugun chorvaning 95 foiz qismi shaxsiy yordamchi xo‘jaliklarda, ya’ni aholi qo‘lida. Chunki u ro‘zg‘or tebratishning eng samarali manbaidir. Shuning uchun ham aholini ish bilan ta’minlash va chorvachilikni rivojlantirish maqsadida tijorat banklari tomonidan kreditlar ajratilmoqda. Bu ham soha rivoji uchun katta qadamdir. Agar raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, yil boshidan beri 866 ta yangi loyiha ishga tushdi. 59 ming 539 bosh qoramol boqilib, 2273 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Shunday qisqa fursat ichida bu loyihalardagi fermer xo‘jaliklari 449 tonna sut va 25 tonna go‘sht yetkazib berdi. Yil oxiriga qadar esa natijalar yanada ortishi kutilmoqda.
Go‘sht va sut mahsulotlarining arzonligini ta’minlash uchun chorvaning ozuqa bazasini mustahkamlash kerak. Chorva soni esa yildan-yilga ortib bormoqda. Ayni paytda respublikamiz bo‘yicha 326 ming gektar yerda beda, makkajo‘xori kabi ozuqa ekinlari yetishtirilgan bo‘lsa, 2020 yilga borib ekin maydonlarini yana 57 ming gektarga oshirish mo‘ljallangan. o‘alladan bo‘shagan maydonlarga ham ozuqa ekinlari ekilishi va 131 ming gektar joyga kuz-qish mavsumidagi oraliq ekinlarining ekilishi ozuqa bazasini yanada mustahkamlashga zamin yaratmoqda.
Sohada mahsuldorlikka erishish ko‘p jihatdan selektsiya-naslchilik ishlarini to‘g‘ri tashkil etishga bog‘liq. Chunonchi, bugun respublikamizning barcha hududlarida jahonning ilg‘or yutuq va tajribalaridan keng foydalanilmoqda. Jumladan, keyingi yillarda respublikamizga 2006 — 2016 yillar davomida Belarus, Ukraina, Polsha, Avstriya, Germaniya, Gollandiya va boshqa Yevropa mamlakatlaridan 72 ming boshdan ortiq naslli golshtinfriz, qora-ola, qizil-cho‘l, simmental kabi zotlarga mansub yuqori mahsuldor urg‘ochi qoramollar import qilindi. Bu esa sut va go‘sht mahsulotlarining mahsuldorligining oshishiga olib kelmoqda.
Aksariyatimiz go‘sht deganda ko‘pincha faqat mol va qo‘y go‘shtini tushunamiz. Lekin tovuq, quyon, ot, baliq go‘shtlari borligini ham unutmasligimiz kerak. Shuning uchun ham vazirlik tomonidan parrandachilik, baliqchilik, quyonchilik kabi yo‘nalishlarga ham alohida e’tibor qaratilgan. Bugun bozorlarimizda bir kilogramm tovuq go‘shtining narxi 17-18 ming so‘mgacha sotilmoqda. Vaholanki, bundan o‘n yil oldin parranda mahsulotlari import qilinardi. Aniqrog‘i, xorijdan valyuta hisobiga olinardi. Bu yo‘nalishdagi ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani bois parrandalar soni 65 milliondan oshdi. Tovuq go‘shti va tuxum bozorimizda arzon baholarda sotilmoqda. Qolaversa, bu yildan chetga eksport qilish ishlari ham boshlab yuborilgan. Shuningdek, tovuq go‘shtining parhezbop ekanligi, yozning jazirama kunlarida yog‘li ovqatlardan afzalroqligini ham ta’kidlash joiz. Bundan tashqari, tovuq go‘shtida xolesterin moddasining yo‘qligi sababli ortiqcha vazn paydo bo‘lishining ham oldi olinadi.
Baliqchilikda ham yutuqlarga erishilayotir. Baliqchilik xo‘jaliklari soni yildan-yilga ortayotgani aholini arzon va sifatli baliq mahsulotlari bilan ta’minlash imkonini bermoqda.
Ayni damda quyonchilikni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilib, 40 ga yaqin quyonchilik agrofirmalari tashkil etildi. Bu fermalarda Italiyadan olib kelingan mahsuldor quyon zotlari boqilmoqda. Ma’lumki, quyon tez ko‘payadigan jonivor. Boqish ham oson. Kam ozuqa talab qiladi. Go‘shti vitaminlarga boy bo‘lib, tez yetiladi. Bu ham arzonga tushadi. Bir ona quyon bir yilda 70 kg go‘sht beradi. Shuning uchun ham bu borada ko‘plab istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Muxtasar aytganda, yurtimizda go‘sht mahsulotlari turining ko‘payishi natijasida xalqimizda tanlash imkoniyati paydo bo‘lmoqda. Ilgari faqat mol yoki qo‘y go‘shti iste’mol qilgan bo‘lsak, endilikda arzon tovuq, baliq ham kundalik ozuqamizga aylandi. Yaqin yillarda quyon go‘shti ham bozorlardan keng o‘rin olsa, ajabmas.
Bugun go‘sht mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoj kun sayin ortmoqda. Bir kunda respublikamizda minglab chorva mollari so‘yilib, iste’mol qilinayotir. Ehtiyoj qancha ortmasin, uning o‘rni to‘ldirilmoqda. Bu davlatimiz tomonidan soha uchun ajratilgan milliardlab mablag‘larning bejiz ketmagani, ishlarning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganidan darak. Eng muhimi, Xudoning xalqimizga bergan katta inoyati hamdir.
Bobur MUHAMMADIEV