Olamshumul ishlarga da’vat

Davlatimiz rahbarining eng ulug‘, eng aziz bayramimiz — mustaqillik ayyomiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risidagi qarori xalqimizning ko‘nglidagi gap bo‘ldi. Qarorda ta’kidlanganidek, “Buyuk va bebaho ne’mat — mustaqillikning milliy taraqqiyotimiz, bugungi va kelgusi avlodlar taqdiri, kelajagi uchun beqiyos ahamiyati yillar o‘tishi bilan tobora ortib bormoqda. O‘zbekistonning davlat mustaqilligi xalqimizning milliy manfaatlarini, tinch va osuda hayotini ta’minlash, mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishning mustahkam poydevori bo‘lib kelmoqda”.

 

 Xalqimizda “Kengashli to‘y tarqamas” degan purma’no naql bor. Bayramga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha respublika komissiyasi tuzilgani, nufuzli komissiya tarkibida davlat va nodavlat tashkilotlar vakillaridan tortib, salohiyatli tashkilotchilar, iqtidorli ijodkorlar jam bo‘lgani, nasib etsa, anjumanning yuksak saviyada o‘tishidan dalolat. 

Mamlakatimizning har bir viloyat, shahar va tumanlari hokimlarining, shuningdek, soha, tarmoq, boshqarma, bo‘limlarning mazkur qaror ijrosi doirasida qabul qilgan me’yoriy hujjatlari Prezident qarori ijrosi yo‘lidagi dastlabki qadamlardir. 

Xususan, Namangan viloyati hokimining mazkur masalada qabul qilgan qaroriga ko‘ra ushbu bayramni yuksak darajada o‘tkazishga mas’ullar qatori ommaviy axborot vositalariga ham katta vazifalar yuklatildi. Aniqrog‘i, viloyat matbuot va axborot boshqarmasi hamda uning tasarrufidagi korxona, tashkilot, muassasalar, xususan, viloyat ommaviy axborot vositalari madaniyat boshqarmasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi “Tasviriy oyina” uyushmasi viloyat bo‘limlari va boshqa tegishli hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “Eng ulug‘, eng aziz”, “Seni kuylaymiz, zamondosh”, “Ranglar jilosida — ona diyor”, “Vatan uchun yashaylik!” kabi an’anaviy ko‘rik-tanlovlarni yuqori darajada o‘tkazishga aynan mas’ul ekanligi ko‘rsatib qo‘yilgan. Shundan kelib chiqib, biz bu borada tayyorgarlik ishlarini boshlab yubordik. Mutasaddilar kelishib oldikki, mazkur ko‘rik-tanlovlardagi asosiy mezon davlatimiz rahbari hamisha dolzarb qilib qo‘yayotgan adolat, haqqoniylik va xolislik bo‘lishi shak-shubhasizdir. 

Qarorda xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish orqali davlatimiz mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash, qo‘shnilarimiz bilan raqobat qilish emas, balki hamkorlik qilish, mintaqamizdagi muammolarni birgalikda hal etish tamoyili ilgari surilgan. 

Mustaqillik bayramiga bag‘ishlab aholining keng qatlamlari o‘rtasida ma’rifiy uchrashuvlar, ochiq muloqot va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar, madaniy tadbirlar o‘tkazish maqsadida taniqli olimlar, ziyolilar va san’atkorlardan iborat tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot guruhlari aniq reja asosida faoliyat olib borishini ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratayapmiz. Mamlakatimiz poytaxtida ko‘zda tutilayotganidek, bayram dasturlarini tayyorlashga ommaviy tomoshalar bo‘yicha yuksak mahorat va tajribaga ega bo‘lgan stsenariynavis va rejissyorlar, yozuvchi va shoirlar, kompozitor va baletmeysterlar, sahna rassomlari, iste’dodli yosh ijrochilar, folklor san’ati vakillaridan iborat ijodiy guruhlarni keng jalb etish diqqat-e’tiborimiz markazida bo‘ladi, albatta.

Hamkor tashkilotlar bilan birgalikda istiqlolni tarannum etishga qaratilgan eng yaxshi qo‘shiq va musiqa asarlari uchun “Yagonasan, muqaddas Vatan!” respublika tanlovining viloyat bosqichini yuqori saviyada o‘tkazib, unda g‘olib chiqqan asarlarni respublika bosqichiga tavsiya etamiz. 

 

Ziyoviddin MANSUROV,

Namangan viloyati Matbuot va 

axborot boshqarmasi boshlig‘i,

 Bayramga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha viloyat komissiyasi a’zosi

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 − 19 =