Maftunkor san’at nihollari

San’atning har bir turi o‘z mazmun-mohiyati, shaklu shamoyili, ifoda vositalari, ta’sir doirasi bilan bir-biridan yaqqol ajralib turadi, Ayniqsa, raqs san’ati o‘ziga xos ifoda vositalari bilan inson qalbiga, uning ongu shuuriga huzur bag‘ishlaydi. Negaki, raqsdagi har bir xatti-harakat, imo-ishora, milliy libos g‘ayriixtiyoriy tarzda o‘zini anglagan har bir odamga ta’sir ko‘rsatadi, raqs olamining sirli va sehrli go‘shalariga boshlab ketadi.

 

Raqsning sirli jozibasi haqida ko‘p va xo‘p yozilgan, bundan keyin ham yoziladi. Chunki o‘zbek raqqos va raqqosalarining betakror ijro mahorati bizga har doim ilhom bag‘ishlab, qo‘lga qalam olishga undaydi. Mana, yaqinda “Nihol” mukofoti sovrindorlari e’lon qilindi. Ularning orasida ikki raqqos va bir raqqosaning borligi ko‘ngillarga surur bag‘ishladi. Avvalo, ularning ismlariga e’tibor beraylik: Sherzod, Tigran (Yo‘lbars), Dilorom. Uchalasi ham bir necha yillardan beri raqs san’atining zahmatini totib, suyagi mehnatda qotib kelayotgan yoshlar. El e’tiboriga sazovor bo‘lgan, qator nufuzli tanlovlarning g‘oliblari. Ular Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabida raqs sir-sinoatlarini mukammal egallashga harakat qilmoqda. 

Sherzod Kenjaboev Qoraqalpog‘istondan. U o‘zining jozibali raqsi, shahdam qadami bilan erkakcha raqs rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan yosh raqqos. Uning har bir raqsida yigitlarga xos qat’iyat, epchillik sezilib turadi. Sherzodning sahnada o‘zini tutishi, raqs ummonida “adoqsiz sayr etishi” har qanday tomoshabinni o‘ziga rom etadi.

Tigran Abdullaev Jizzaxdan. Bolaligidan raqsga mehr qo‘ygan, raqsning sehrli jozibasini dildan tuygan yigit. U ijro etayotgan raqslarda o‘zbek yigitlariga xos o‘ktamlik, bag‘rikenglik, shiddat va shijoat, xalq tarixidan boxabarlik ufurib turadi. Shu boisdan ham Tigran ijrosidagi raqslar nafaqat respublikamizda, balki xorij sahnalarida ham yuqori baholanib, bir qator tanlovlarning gran-prisiga sazovor bo‘lgan.

Dilorom Madrahimova ijro etgan raqslar allaqachon el orasida e’tirof etilgan. Negaki, san’atkorlar oilasida ulg‘aygan Dilorom hozirga qadar juda ko‘p nufuzli tadbirlarda, kontsert dasturlarida yakkaxon raqqosa sifatida dovruq qozongan. U buyuk san’atkor Mukarrama Turg‘unboevaning haqiqiy izdoshi bo‘lishga astoydil intiladi, bu borada tinimsiz izlanadi, kitoblar o‘qiydi, ustozlaridan o‘rganadi. Shu sababli bo‘lsa kerak, Dilorom ijrosidagi har bir raqs o‘z jozibasi, nafis jilosi bilan tomoshabinlarni o‘ziga ohanrabodek tortib turadi.

Shaxsan o‘zim o‘zbek milliy raqsining dovrug‘ini dunyoga tanitish ishtiyoqida mehnat qilayotgan, “Nihol” davlat mukofotining 2017 yilgi sovrindorlari Sherzod Kenjaboev, Tigran Abdullaev, Dilorom Madrahimovalar bilan bir oliy dargohda tahsil olayotganimdan faxrlanaman. O‘ylaymanki, ular vaqti kelib xalqimiz sevgan san’atkorlarga aylanadi. O‘zbek milliy raqsining dovrug‘ini dunyoga taratishadi. 

 

Injubonu KAMOLIDDINOVA, 

Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya 

oliy maktabi talabasi

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twelve + 3 =