Mehri daryo ustozlar


“MEN ARTIST EMASMAN”

Sadriddin Ayniyning ta’limini olgan, uning rahbarligida juda katta ijodiy maktablardan o‘tgan o‘nlab taniqli shoiru yozuvchilarni, allomalarni bilamiz. 

Domla Ayniyning o‘ta talabchanligi, ayniqsa, chinakamiga iste’dodi bor yoshlar bilan shug‘ullanganida ko‘proq sezilar ekan. Mashhur kinorejissyor Boris Kimyogarov “Yosh yozuvchilar bilan ish” mavzusida hujjatli film tayyorlamoqchi bo‘ladi. Domlani zo‘rg‘a ko‘ndiradi. Ana, bo‘lajak adib o‘z qo‘lyozmasini o‘qib berayapti. 

— To‘xta.

Bir qalqqan shogird o‘qishdan to‘xtaydi.

— So‘nggi jumlani qaytar.

Shogirdning rangi oqaradi. U battar o‘zini yo‘qotarkan, jumlani takrorlaydi-yu, qo‘li musht bo‘lib tugiladi ustozning. Hozir ayamay do‘bboslamasa bo‘lgani.

— Stop, stop! — deydi norozi ohangda Kimyogarov. — Ustoz, unchalikmas-da! Suratga olyapmiz, axir. Xudo haqqi, sal qovog‘ingizni oching!

— Nima? — rejissyorga o‘qrayib qaraydi domla Ayniy.

— Film, olyapmiz, film! Ko‘rgan nima deydi? Tanbehni keyinroqqa qoldirib… tabassum qilsangiz. Iltimos!

— Tabassum qilaymi? Manavi landovur qon qilib yuboryapti-yu, kulaymi sen film olyapsan, deb? Men senga artistmidim yo masxarabozmi? Yig‘ishtir ashqol-dashqolingni!

 

“MENI G‘AFUR G‘ULOM HAYDAB SOLGAN!”

o‘afur o‘ulom shogirdlarga qanday munosabatda edi? Ostonasiga kelganni qanday qarshilardi?

Barvasta gavdali edi shoir. Qo‘llari katta va muskullari baquvvat. 

Chimirilgan qoshlari va sinchkov boqishlarida ham bir salobat. Yaqinlashishga jur’at kerak.

Kimdir xijolat bilan eshik qoqyapti. Egnida shohi yaktak, belida belbog‘, boshida do‘ppi, yuzidan nur taralayotgan uy egasi peshvoz chiqadi:

— Kelsinlar, kelsinlar!

Ustozning “o‘zbekman, sodda…” deb yozgani esiga tusharkan, havaskor yengil tortadi, o‘z ostonasini hatlayotganday dadil odimlaydi. Marhamatli insonning uyida bo‘lish, ma’naviy xazinadan nimadir “undirish” tolibi ilmga katta mukofot. Bir olam taassurot va minnatdorlik hissi bilan iziga qaytar ekan kelgan mehmon:

— Hamma hammi? 

Zamondoshlari o‘afur o‘ulomning mavrid-bemavrid bezovta qilgan ba’zi talaba yoki havaskorlarni eshikdan haydab solganiga ham guvoh bo‘lishgan. Ammo haydalgan bo‘lsa-da, xafa bo‘lmagan, aksincha, “Meni o‘afur o‘ulomdek buyuk inson haydab soldi!” deya faxrlanib yurgan, “eshikdan chiqib, teshikdan kirgan”u, baraka topganlar ham talay.

 

“ADABIYOT JAROHATLARI”GA ZO‘R MALHAM

Ustoz Abdulla Qahhor ham bag‘oyat talabchan va qattiqqo‘l inson bo‘lganlar. Xafa bo‘ladi, deb o‘ylab o‘tirmay, haq gapni aytgan-qo‘ygan. Atrofiga to‘plangan yosh shoir va yozuvchilarga ham. “Siz boshqa tirikchilik qiling, adabiyotni ovora qilmang!” der ekan no‘noq shogirdga. Tuqqaningga yoqmagan haq gap shogirdingga yoqarmidi? 

Ayrim shogirdlar boshqa qorasini ko‘rsatmay, xafa bo‘lib yurishar ekan ustozdan. “Muncha zahar bo‘lmasa…” 

Lekin haq gapning “zahri” eng zo‘r malham ham edi «adabiyot jarohatlari»ga.

 

“USTOZ UYI — O‘Z UYIMIZ”

— Tortinmay kiravering, qoqindiqlarim.

Aytishlaricha, Komil Yashin va Halima Nosirovalar eshigi shogirdlar uchun hamisha ochiq ekan. 

— O‘z uyingizdek his qilinglar!

Komil aka bir xonada yosh yozuvchi bilan shug‘ullansa, Halima opa boshqa xonada yosh san’atkorga saboq berayapti. 

Allamahal. Ba’zilar xayrlashib jo‘nab qolishgan. Ayrimlarning esa ketish niyati yo‘q. “Tunab qolamiz”.

Uy egalari xobxonaga kirib dam olayotgan vaqtda, ya’ni yarim kechada, qorni ochib qolgan kimdir ovqat pishirar, kimningdir ilhomi kelib balkonda qog‘oz qoralar, birov pianino chalar, sherigi operalardan ariyalar aytardi.

“Aylanay, o‘rgilay” degan so‘zlar bag‘rikeng ustozning tilidan tushmay tursa, shu-da.

USTOZ KAYFIYATI SHOGIRDGA BOG‘LIQMI?

Hamid Olimjon Jizzaxdan Samarqandga kelib pedagogika bilim yurtiga o‘qishga kirganida 14 yoshda edi. U yerda jiddiy mutolaaga bel bog‘ladi, xususan, Sharq klassik she’riyatini o‘rgana boshladi. O‘zi ham she’r mashq qilar, Abdurauf Fitrat nazaridan o‘tkazardi. 

Bir kuni ustozning qattiqqo‘lligi sabab oralari keskinlashdi-yu, Hamid Olimjon mashqlarga to‘la daftarini yirtib tashladi.

— Yaxshi, — dedi domla Fitrat ma’nodor jilmayib. — Allaqachon shunday qilishing kerak edi. Sendan shoir chiqmaydi, ukam!

Hamid Olimjon bir ahvolda chiqib ketdi. Bir necha kun o‘ziga kelolmadi. Ko‘ngli sovigan. Biroq adabiyotsiz, ijodsiz yashay olmaganini sezgach, yana qalam va qog‘oz oldi. Xullas, bir necha she’r bilan tag‘in Fitratning huzurida paydo bo‘ldi.

— Hm-m… — Fitrat xo‘mraygancha mashqlarini o‘qiyotgandi, qo‘qqisdan:

— Vo, manavi yeri yomonmas, — qovog‘ini ochib, yurak hovuchlab o‘tirgan Hamid Olimjonga iliq boqdi. — Manavi satrlarda nimadir bor. Bo‘larkan-ku!

Hamid Olimjon yengil nafas tordi. “Xudoga shukur-e!”

Fitrat o‘sha kuni ruhi ko‘tarilgan yosh havaskorning ikki she’rini tanlab oldi.

— Sendan shoir chiqmaydi, deb yanglishganman chog‘i. Bo‘lasan! Bashartiki, jiddiy shug‘ullansang, — ustoz nimadir topganday mamnun edi.

Ha, bunday hollarda ustozlar kayfiyati shogirdlar ijodining saviyasiga bog‘liq edi: ular goho boladek suyunar, gohida lov etib yonardi.

Hayal o‘tmay Hamid Olimjon shoir sifatida tanildi. U endi har qanday ustozning qattiqqo‘lligida bir hikmat ko‘rar, Abdurauf Fitrat esa shunday yorqin iste’dodning kashf etilishida sabab bo‘lganidan faxrlanardi. 

 

HAZILNING TAGI…

Ikki yosh olimaga:

— Charxiy domlaning huzuriga boring. Mo‘ysafid — tirik manba, barcha kerakli ma’lumotlarni olishigiz mumkin, — deyishganda ular quvonishdi: “Yaxshi. Domla — o‘z ustozimiz!”

Poezd ertalab Qo‘qonga yetib keldi. Olimalar bozordan issiq non, meva-cheva xarid qilishdi. Toshkentlik mehmonlarni ko‘rib domla xursand bo‘lib ketdi:

— Zap kepsizlar-da. Marhabo!

O‘tirdilar, hol-ahvol so‘rashdilar. 

— Nima ko‘tarib keldinglar, asallarim? Ovora bo‘lib-a.

— Ovorasi bormi, ustoz! Birga nonushta qilamiz. Primusingiz bor edi-ya? Men choy qo‘yay, — shunday deb olimalardan biri oshxona tomon ketdi.

— Ko‘rishmaganimizgayam ancha bo‘ldi, — dedi domla ikkinchi mehmonga. — Shakarim, uyichilar yaxshimi?

— Xudoga shukr. O‘zingiz sog‘-omonmisiz? Ijodlar qalay, charchamayapsizmi?

Domla qarilikdan shikoyat qildi. So‘ngra choy qo‘yib endigina kelib o‘tirgan ikkinchi olimaga yuzlandi:

— Bolalar katta bo‘lishyaptimi? Kuyov bola yaxshi yuriptimi?

U bir qalqqanday bo‘ldi-yu, darrov o‘zini qo‘lga oldi-da:

— Kuyov bola yo‘q, — dedi. — Ketdi.

— Ket…di? — yalt etib qaradi domla. — Qazo qildimi?

— ….

— Rahmatiga olgan bo‘lsin, — domla afsuslangan bo‘ldi. — Eshitmay qopman-a.

So‘ngra turib o‘tirib, ko‘zlarini yumib: “A’uzu billahi…”

Soddadil domla oyat qiroat qilar, yonida o‘tirganlar esa kulib yubormaslik uchun lablarini tishlar va… 

Qaniydi, otilib chiqay deb turgan kulgini yutish oson kechsa. “Xudoyim, sharmanda qilma!” 

— Qani, omin, rahmatiga olgan bo‘lsin.

Dugonalar betoqat qimirlashar, go‘yo tikan ustida o‘tirishardi.

— Domla, bizga ruxsat, — ular turishdi.

— E, “olov olgani” kelganmidinglar? — domla hayron. — O‘tirmaysizlarmi?

— Boshqa safar!

Hovliqib ko‘chaga chiqqan olimalar qotib-qotib kulishardi.

— Nega unday deding?

— Men nima dedim? “O‘ldi” demadim-ku?

— Dissertatsiya! Seni deb oila qurishni paysalga solgan ilm fidoyilari kammi? 

Ulardan biri — shu olima qiz! 

— Hazillashmay ket. Zo‘rg‘a o‘zimni bosdim. Endi nima qilamiz?

— Fotiha o‘qiganimas, material yig‘amiz deb keldik Toshkentdan. Qaytib kiramiz.

— Ey qiz, esing joyidami? Xayrlashdik-ku? “Kuyov bola”ng “ketmay”… uzo-oq yashasin- a!

Muhammad SHODIY

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen − fifteen =