Do‘st bilan obod uying

Bugun ommaviy axborot vositalari odamlarning o‘z fikr va g‘oyalari, sodir bo‘layotgan voqealarga munosabatini erkin ifoda etadigan minbarga aylanib bormoqda. Zamondoshlarimizni o‘ylantirayotgan, bezovta qilayotgan muammolarga yechim izlash, jamoatchilik fikrini shakllantirish va mushtariylarni o‘zi sevgan nashrlariga qaytarish soha oldidagi muhim va dolzarb vazifa bo‘lib turibdi. Chunki matbuot azal-azaldan odamlarning yaqin do‘sti, ko‘makchisi va odil maslahatchisi bo‘lib kelgan. Texnika va axborot asrining shiddati tobora ortib borayotgan hozirgi murakkab bir davrda gazeta va jurnallarning qo‘lma-qo‘l bo‘lib o‘qilishiga erishish oson emas, albatta. Lekin jo‘n gaplarga o‘rganib qolgan gazetxonlar yuragiga cho‘g‘ tashlash, fikrini uyg‘otish, yangicha yashashga, o‘ylashga, obod hayot qurish yo‘lida kurashga chorlash har birimizning vazifamiz. Ayniqsa, hududiy nashrlar bilan markaziy ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish uchun ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, moddiy texnik bazasini mustahkamlash, kadrlar salohiyatini oshirish muhim ahamiyatga ega.

 

 Prezidentimiz joriy yilning 3 avgust kuni ijodkor ziyolilar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvidan keyin ijodiy uyushmalar va korxonalar o‘rtasida Do‘stlik klublari tashkil etilgani ma’naviy hayotimizda muhim voqea bo‘ldi. Ta’kidlaganimizdek, matbuot sohalarni bir-biriga yaqinlashtiruvchi, ommada davr o‘zgarishlari haqida fikrni shakllantiruvchi, jamoatchilikni faollikka chorlovchi eng ta’sirchan targ‘ibot vositalaridan biridir. Mushtariylar gazeta va jurnallarning har bir sonida yaxshi maqola chiqishini kutadi va bu boradagi fikr-mulohazalarini tahririyatga yozib yuboradi. Demak, har bir nashr boshqalardan keskin ajralib turishi uchun katta mavzularga yurak yutib qo‘l urish, sohaning sir-sinoatlari bilan yana bir bor qurollanib olishni hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi. Bugungi davriy nashrlarning hammasi bu talabga javob beradi, deb aytolmaymiz. Talabga javob berish uchun esa sog‘lom ijodiy muhit, yetarli shart-sharoit va so‘z mas’uliyatini yurakdan his etadigan soha fidoyilari kerak.

Davlatimiz rahbari tomonidan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasiga O‘zbekiston Respublika Tovar-xomashyo birjasi homiy qilib biriktirilgani  jurnalistlar ko‘nglini ko‘tarib, ularni yuksak ijodiy parvozlarga ilhomlantirdi.  Shu qisqa fursatda ikki soha o‘rtasidagi hamkorlik kuchayib, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga kirishilgani qalam ahlining faoliyatini jonlantirdi. Ochig‘i, bugungi matbuot silliq, yuzaki narsalardan voz kechilib, qizitiradigan jiddiy muammolarni o‘rtaga tashlashga moyillik kuchli. Tahririyatlarda tashabbuskor, xorijiy tillarni puxta egallagan, ongi va bilimi butunlay yangi kadrlarga talab katta. Bunday mutaxassislar esa ko‘pincha zamon talablariga javob beradigan tahririyatlarni tanlaydi. 

Do‘stlik klubi tomonidan respublikamiz jurnalistlari kasb va mahorat sirlarini puxta egallashi uchun xorijiy davlatlarning yetakchi OAVda malakasini oshirib kelishiga alohida e’tibor qaratilgani nashrlarimizning salmog‘i va sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Albatta, jurnalistlarning mehnati qancha qadr topsa, so‘z yo‘li qanchalik og‘ir bo‘lmasin, shuncha puxtaroq materiallar tayyorlashga e’tibor qaratadi. Davlat boshqaruv organlari faoliyatini yoritish bilan birga, chekka qishloqlarda yashayotgan xonadonlarga ham kirib boradi. Hayotning yangi-yangi muammolarini o‘rganib, teran nigoh bilan tahlil qiladi. Jamiyatimizda adolat barqarorligini ta’minlashga o‘z hissasini qo‘shadi. Respublika Tovar-xomashyo birjasi ommaviy axborot vositalari o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan yirik tanlovlarda Jurnalistlar ijodiy uyushmasini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni o‘z zimmasiga olgani ma’naviyatimizga bo‘lgan yuksak e’tiborning yorqin namunasidir. 

— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ijodkor ziyolilar bilan o‘tkazgan samimiy va ochiq muloqotlarida milliy madaniyatimiz, adabiyot va san’atimizni rivojlantirish bilan bog‘liq dolzarb masalalar, ularni hal etish yo‘llari, bu borada ijodiy uyushmalar va davlat tashkilotlari oldida turgan muhim vazifalar haqida atroflicha fikr yuritgandi. O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublika Tovar-xomashyo birjasining O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasiga homiylik qilish tashabbusini ma’qullab, katta mamnuniyat bilan hamkorlikda xayrli ishlarni ham boshlab yubordik, – deydi biz bilan suhbatda «O‘zRTXB» AJ Boshqaruvi raisi Aziz NAGAYeV. – Mazkur manfaatli hamkorlik doirasida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining vakillari bilan bir necha marotaba ko‘rishdik, oldimizda turgan maqsad va vazifalarni belgilab oldik. Buning natijasida, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va “O‘zbekiston  Respublika Tovar-xomashyo birjasi” AJ hamkorligi to‘g‘risida hujjat imzolandi, hamda Kelishuv rejasi tuzildi va tasdiqlandi. Ularga muvofiq 2017—2018 yillar mobaynida Birja homiy tashkilot sifatida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasiga bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi. Uyushmaning hududiy bo‘limlari faoliyatiga nazar tashlab, dastlab Navoiy viloyatida jurnalistlar va matbuot xodimlari uchun «O‘zRTXB» AJ Navoiy filialining binosida alohida xona ajratish taklifini kiritdik. Ayni paytda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi bilan birgalikda uyushmaning hududiy bo‘linmalarida mavjud muammo va kamchiliklarni aniqlash, ularni har tomonlama o‘rganib, bartaraf etish ishlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, ehtiyojmand jurnalistlarni sog‘lomlashtirish muassasalariga davolanishiga sharoit yaratishga aholida e’tibor qaratilgan. 

 

Darhaqiqat, ommaviy axborot vositalarini yanada demokratlashtirish, so‘z erkinligini ta’minlash borasida qabul qilingan bir qator qonun hujjatlari zamirida ham ana shunday ezgu maqsadlar mujassam. Matbuot nashrlari faoliyatini takomillashtirish, hududiy nashrlar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va xalqimizning axborot bilan ta’minlashdek xayrli ishga Tovar-xomashyo birjasining qo‘shayotgan hissasi pirovardida matbuotimizning ravnaqiga jiddiy turtki beradi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, homiylarimizning beg‘araz yordami tufayli oziq-ovqat mahsulotlari sotib olinib, sohada uzoq yillar xizmat qilgan keksa hamkasblarimiz holidan xabar olib turish imkoniyati paydo bo‘ldi.

 

Abdumajid AZIMOV   

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 + seventeen =