MEHR GULLARI

O‘tayotgan yilimizni “Xalq bilan muloqot, inson manfaatlari yili” deb atalishi va tegishli davlat dasturining qabul qilinishi jamiyatda inson qadr-qimmatiga e’tiborni kuchaytirdi. Mazkur dastur ijrosini ta’minlash borasida yurtimizda olamshumul ishlar amalga oshirilmoqdaki, xalqimiz bu qadar oqibatni o‘z taqdirida ko‘rmagan bo‘lsa kerak. Binobarin, men mamlakatimiz tarixida insoniy munosabatlarga rag‘bat uyg‘otgan ushbu yil nomining abadiy qolishini istardim…

 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2017 yil 3 avgust kuni mamlakatimiz ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazganidan hammamiz xabardormiz. Uchrashuvda milliy madaniyatimiz, adabiyot va san’atimizni rivojlantirish bilan bog‘liq dolzarb masalalar, ularni hal etish yo‘llari, bu borada ijodiy uyushmalar va davlat tashkilotlari oldida turgan muhim vazifalar haqida atroflicha fikr almashildi.

Davlatimiz rahbari o‘z ma’ruzasida ijodiy uyushmalarning hozirgi ahvoli haqida to‘xtalar ekan, ularning moddiy imkoniyatlarini yaxshilash, soha xodimlarining to‘laqonli faoliyat yuritishlarini ta’minlash uchun keng imkoniyatlar yaratish masalasida fikr yuritib, jumladan: “Bugun ma’rifatli dunyoda shunday an’ana mavjudki, yirik kompaniyalar, banklar, firmalar madaniy tashkilotlarga homiylik qilishni o‘zlari uchun sharaf deb biladilar. Ba’zan, qani edi, bizda ham shunday homiylar ko‘paysa, deb orzu qilaman. Ajdodlarimiz o‘z davrida yaratgan ilmiy va ijodiy maktablarning vujudga kelishida avvalo ana shunday ma’rifatparvar homiylarning hissasi hal qiluvchi ahamiyat kasb etgani yaxshi ma’lum.

Shundan kelib chiqqan holda, yana bir taklifni o‘rtaga tashlamoqchiman. Yurtimizdagi yetakchi ijodiy tashkilotlarning “do‘stlar klublari”ni tashkil etsak, ularga yirik korxona, bank va kompaniyalarni homiy sifatida biriktirib qo‘ysak, shartnoma asosida ularning doimiy hamkorligini yo‘lga qo‘ysak, nima deysizlar?”, deganida nafaqat yig‘ilish ishtirokchilari, balki uni televizor orqali eshitib turgan millionlab aholining qalbiga orombaxsh iliqlik yugurdi. Bu Yurtboshining xalq qalbiga o‘tqazgan mehr gullari edi. U ayni paytda har bir fuqaro qalbida unmoqda, tup qo‘yib, palak yoymoqda.

 O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Tovar-xomashyo birjasi o‘rtasidagi hamkorlik muhtaram Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, hozirdanoq o‘z samarasini bera boshladi. Avvalo, yaqin kelajakda ikki tomonlama amalga oshiriladigan ishlarning rejasi tuzildi. O‘zJIUning moddiy-texnik ba’zasini mustahkamlash borasida dastlabki kelishuvlar shakllantirildi.

— O‘zbekiston Respublikasi Tovar-xomashyo birjasi rahbari A.Nagaev Navoiy viloyatida bo‘lganida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining viloyat bo‘limidagi ahvolni joyida o‘rganishi, hududiy bo‘limni doimiy joy va zarur texnik jihozlar balan ta’minlash choralarini belgilagani ko‘p yillar sohada xizmat qilib kelayotgan nafaqat meni, balki, barcha hamkasblarimizni ruhlantirib yubordi, – deydi O‘zJIUning Navoiy viloyati bo‘limi rahbari Yorqul Umarov.

Faqat bugina emas, ayni paytda uyushmaning barcha hududiy bo‘limlari faoliyatini kuchaytirish rejalari ishlab chiqildi. Qisqa muddatda “Do‘stlar klubi”ning “Do‘st bilan obod uying” deb nomlangan elektron saytiga asos solindi. Eng muhimi, O‘zJIUga ko‘rsatilgan moddiy ko‘mak tufayli bir guruh ehtiyojmand, ustoz jurnalistlarning holidan xabar olish, ularga moddiy va ma’naviy ko‘mak berish imkoniyati paydo bo‘ldi. 

Bu borada “Uzilgan tor” qissasi, “Hijron”, kabi dramatik asarlar, yaqindagina o‘quvchilar qo‘liga yetib borgan “Yaxshilik umri” kitobi muallifi, uzoq yillar nufuzli OAVda samarali mehnat qilib, e’tibor topgan jurnalist Farida aya Usmonovaning qalb so‘zlariga quloq tutaylik.

— To‘qson bilan to‘qnashib, yuz bilan yuzlashib turganimga qaramay, ijod qilishdan toliqqanim yo‘q. Shu kungacha o‘nlab badiiy va publitsistik kitoblarim nashr etildi. Endilikda ularni o‘quvchilar qo‘lida ko‘rishdan mamnunman. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning ijodkorlar bilan bo‘lgan uchrashuvida quyidagi, men uchun judayam qadrli bo‘lgan dargoh haqida: “O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining to‘laqonli faoliyat yuritishini ta’minlaydigan moliyaviy mexanizm, oradan 20 yildan oshiq muddat o‘tgan bo‘lsa-da, hali-hanuz aniq belgilanmagan. Uyushmani alohida bino bilan ta’minlash masalasi ham necha yillardan beri yechilmay kelmoqda. Shuning uchun O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining faoliyatini takomillashtirish va moddiy-texnik bazasini kuchaytirish bo‘yicha qaror loyihasi ustida ish olib borilmoqda”, degan so‘zlari qanot bag‘ishladi. Haqiqatan ham sohani rivojlantirishga mas’ul bo‘lgan ijodiy uyushmamizning ahvoli uzoq yillar nihoyatda tang edi. Sohada ko‘p yillar xizmat qilgan biz kabi keksa avlod vakillari o‘zaro yig‘ilganimizda bu haqda ko‘p suhbatlashardik. Mana, ana shu tarixiy uchrashuvdan so‘ng, qisqa vaqt oralig‘ida sohani rivojlantirishga qaratilgan ikkita g‘oyat muhim qaror qabul qilindi. Endilikda biz kabi faxriy ijodkorlar holidan ham xabar olinayotgani faqat yaxshilikka, odamlar orasida mehr-oqibat rishtalarini mustahkamlashga xizmat qiladi. Biz uyda o‘tirsak ham elu yurt g‘amida yurgan rahbarlarimizning ishlariga omad, jonu tanlariga sog‘liq tilab duodamiz”.

Bu kabi fikrlarni qo‘ni-qo‘njimiz to‘lib, har bir kishiga 300,000 so‘m miqdorda 15 turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini olib borganimizda nafaqadagi boshqa ustozlardan ham ko‘p eshitdik. Chunonchi uzoq yillar “O‘zbektelefilm” studiyasida kinooperator bo‘lib ishlagan, o‘z ishining mohir ustasi, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, 93 yoshni qarshilayotgan Vladimir Panovning xonadonida bo‘lganimizda u kishining ko‘zlarida sevinch yoshlari to‘xtamadi. “Yaqindagina Oqil Umrzoqovich Salimov qo‘ng‘iroq qilib, birgalikda shifoxonada davolanishni taklif qilgandi. Bugun sizlar, qadrdon uyushmamizdan kelib ahvolimni so‘rab turibsizlar, boshim osmonga yetdi. Mehr-oqibatli xalqimizning xizmatida bo‘lganim bilan faxrlanaman”, – dedi. Uning devorga osig‘liq, jurnalistikaning faraxli davrlari aksini topgan fotolavhalarini ko‘rib, bu dargohga tez-tez kelib turishni dilga tugib qaytdik. 

Taniqli jurnalist, olim Boybuta Do‘stqoraev, el orasida o‘z faoliyati bilan e’zoz topgan ustoz jurnalistlar – Farida Usmonova, Abdujabbor Mannopov, Tursunpo‘lat Xolmuhamedov, Baxtiyor Mansurov, Sunnatilla Saydaliev, Ergash Ibrohimov, Nadejda Panyakshina kabi hamkasb otaxon va onaxonlarning xonadonlarida bo‘lganimizda ham bu kabi qalb so‘zlarini ko‘p eshitdik. 

Aslini olganda, gap saxovatli yo‘qlovlarda ham emas, avvalo e’tibor, ko‘ngil obodligi, mehr-oqibatning ustuvorligida.

Bularning hammasi yurtimiz-dagi insoniy munosabatlarni yanada shakllantirishga qaratilgan xalqchil siyosatning yorqin samaralaridir. Qalblarda bunday mehr-oqibat uyg‘otayotgan olijanob rahnamolarimiz bor bo‘lsin. O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi bilan do‘stona munosabatlarni samarali boshlagan O‘zbekiston Respublikasi Tovar-xomashyo birjasi jamoasining kelgusi ishlari baroridan kelsin, deya maqolamizga ulug‘ shoirimiz, betakror ijodkor, O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidovning “Do‘st bilan obod uying”, degan misralari bilan yakun yasadik. Mamlakatimiz yanada obod, xonadonlarimiz fayzi bo‘lgan ota-onalarimiz salomat bo‘lsin, o‘zbekona oqibatimiz o‘lmasin, deymiz. 

 

O‘ktam MIRZAYOROV

Sholaziz SHOXIDOEV

olgan suratlar

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

9 + ten =