O‘RTADA BEGONA YO‘Q

Jurnalist: – Tarix g‘ildiragi aylanib o‘taveradi, deb o‘ylarkanmiz. Ammo u ba’zan qaytalar ham ekan. Keyingi bir yilda mamlakatimizda yuz berayotgan o‘sish-o‘zgarishlar, ko‘pchilikning ko‘tarinki kayfiyati, ba’zilarning esa kechayotgan voqealardan esankirab, nima qilarini bilmay qolayotganlari ayni Respublikamiz mustaqillikka erishish arafasidagi yillarga o‘xshab ketmoqda.

 

Mamlakatimiz rahbarining sa’y-harakatlari bilan tashkil etilgan O‘zbekiston Prezidenti xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan xatlarda, bevosita joylarda o‘tkazilayotgan muloqotlarda odamlar yillar mobaynida yurak qatlarida to‘planib qolgan dardlari, ijtimoiy-iqtisodiy muammolar haqida hech bir to‘siqsiz baralla aytishmoqda, ularni tuzatish choralari ko‘rilmoqda.

O‘sha biz og‘zimizning suvi qochib gapiradigan Gorbachyovning qayta qurish yillarida ham haqiqatni aytish qiyin kechgan edi. Ulug‘ yozuvchimiz Odil Yoqubov SSSR xalqlari s’ezdi minbaridan gapirish uchun yigirma kunlab kutgan. Oxirida oraga o‘sha paytda Qashqadaryo oblast partiya qo‘mitasining birinchi kotibi bo‘lib ishlagan birinchi Prezidentimizning yordami bilangina tarixiy nutqini so‘zlash imkoniga ega bo‘lgani ko‘pchilikka noma’lum. 

Shu ma’noda, Nosir aka, siz xalqimizning taniqli adiblaridan biri sifatida mamlakatimizda kechayotgan jarayonlarni albatta, kuzatib borayotgan bo‘lishingiz kerak. Xususan, Prezidentimizning O‘rta Osiyodagi respublikalararo hamkorlik, birdamlikni mustahkamlash borasidagi harakatlari bu aloqalar  uzilish holiga kelib qolgan bir paytda qanchalik muhim?

Nosir Fozilov: — Avval-boshdan aytayin, bu aloqalarni tiklash hayot-mamot darajasida muhim. Ikkinchidan, Odil Yoqubov o‘zining hatto Andrey Saxarovni ham tikka turib chapak bilan ma’qullashga undagan o‘sha mashhur nutqi haqida “Osiy banda” romanida shunday yozadi: “Bemehr, beshafqat Amerika plantatorlari o‘tgan asrlarda paxta dalalarida o‘zlari ishlashni istamay, Afrikadan minglab, o‘n minglab negrlarni qo‘l-oyoqlariga kishan solib olib kelganlar. Ular bu qullarni shafqatsiz ishlatdilar va ulardan sog‘lom nasl olish uchun qorinlarini to‘ydirib boqdilar. Oqibatda Amerikada bo‘ylari ikki metr va hatto ikki yarim metr keladigan negrlar yetishib chiqdi. Ular hozir Amerika sportining va hatto Amerika san’atining ham asosini tashkil etadi. Xo‘sh, biz nima qildik? Biz bu shafqatsiz mehnatni tabiatan nozik qiz-juvonlarimiz zimmasiga yukladik. Oqibatda bizning sho‘r peshona xotin-qizlarimiz qoq suyak bo‘lib qoldilar. Ularda na ko‘krak bor va na dumba…

Nutqim shu yerga kelganida zal bir tebranib, jo‘r kulgi yangradi, kulgi esa qarsaklarga ulanib ketdi. Lukyanovning toqati toq bo‘lib qo‘ng‘irog‘ini chalar edi.

Birinchi bo‘lib qozoq do‘stlarimiz chopib kelishdi yonimga. Qozoq shoiri Muxtor Shaxanov: 

— Nega bunday qilding, hali uch minut vaqting bor ediku, – deb tanbeh berdi.

Keyin yetib kelgan O‘ljas esa: 

—Mayli, shu ham yetarli bo‘ldi, — deb menga tasalli berdi”.

Mana buni haqiqiy qardoshlik, tildoshlik, dindoshlik, hamdardlik desa bo‘ladi. O‘sha voqealardan buyon orada qancha-qancha suvlar oqib o‘tdi… Biz bir-birlarimizni qo‘llab-quvvatlash u yoqda tursin, unutib qo‘yayozdik. Siz aytgandek, aloqalarimiz (garchi qo‘polroq o‘xshatish bo‘lsa-da) chirib bitayotgan zanjir holiga kelib qoldi. Endi bu zanjirni kimdir yangilashi payti kelgan edi. Bundan buyog‘iga munosabatlar avvalgiday davom etishini, ta’bir joiz bo‘lsa, Alloh ham istamadi. O‘zaro aloqalarning yangi, umrboqiy davrini boshlash Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev zimmasiga tushdi. Dunyodagi eng qadim xalqlardan hisoblangan turkiylarni qaytadan birlashtirish, ularning bir-birlariga nisbatan qalblaridagi  qo‘rlarini qayta olovlantirish har kimga ham nasib etavermaydi. 

Bir muhim jihatga e’tibor bering, Prezidentimiz o‘z ko‘nglida ardoqlab kelgan bu maqsadini uncha-muncha yerda emas, naqd Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oliy minbaridan turib butun jahonga bildirdi: “O‘zbekiston, — dedi Shavkat Mirziyoev, — bugungi kunda o‘zining tashqi siyosatida Markaziy Osiyo mintaqasiga ustuvor ahamiyat qaratmoqda. Bu – har tomonlama chuqur o‘ylab tanlangan yo‘ldir.

Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan O‘zbekiston shu mintaqa barqarorligi, izchil taraqqiyot va yaxshi qo‘shnichilik hududiga aylanishidan bevosita manfaatdordir”.

Jurnalist: — Prezidentimizning yuqoridagi gaplari chin yurakdan chiqqan, necha zamonlardan buyon, o‘ylab-pishitib kelingan gaplar edi. Eramizdan avval yashagan Xitoy donishmandi Konfutsiyning bir gapi bor, u shunday deydi: “Rahmdil bo‘lmoq uchun ustozdan izn so‘ralmaydi”. Shavkat Mirziyoev o‘z tildoshlari, qardoshlari bilan aloqani mustahkamlashga kirishar ekan, birovdan izn so‘rab o‘tirmadi. Nima dedingiz?

Nosir Fozilov: — Markaziy Osiyo davlatlari bilan  munosabatlarimizda ancha yillar “barmoq vazni”da qadam tashlab keldik. Endi “sarbast vazni”da, yayrab qadam tashlash payti kelganga o‘xshaydi. Ilgari nima bo‘lar edi? Prezidentlar bir-biriga borsa yoki u joy bu joyda uchrashib qolishsa, bir hafta o‘n kun tilimizdan “biz og‘a-inilarmiz, yerimiz bir, suvimiz bir” deb javrashdan bo‘shamas edik. Bugun o‘sha  gaplarni voqelikka  aylantiradigan shabadalar esmoqda. Masalani ko‘ndalang qo‘yib, so‘zdan amalga o‘taylik endi deb jon kuydiryapti Prezidentimiz. Uning kunni tunga ulab qilayotgan harakatlarining boisi nima? Men qoyil  qolaman bu insonga: har qanday rahbar ham bunday sur’at bilan ishlasa, toliqib qolishi tabiiy. Asablar charchaydi. Bugun Qirg‘izistonda, ertaga Qozog‘istonda, boshqa kuni esa Amerikada biznesmenlar, mamlakat rahbarlari bilan muloqot qilayotganiga guvoh bo‘lasiz. Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimiz o‘z kuch-quvvati, sog‘lig‘ini ayamay shu yurt  ravnaqi uchun harakat qilmoqda. Boisi, shuncha yillar yo‘qotilgan vaqtni yanada yaxshi, savobli ishlar bilan to‘ldirish. Biz mana shunday paytda  albatta, u kishini qo‘llashimiz kerak. 

O‘zbekdagi “Mehr ko‘zda” degan maqol, qozoqda ham, qirg‘iz va turkmanda ham bor. Bu xalqlarni hukumatlararo bordi-keldilar ham, adabiyot va san’at, madaniyat ham birlashtiradi. Lekin yana bir vosita borki, bu – xalq diplomatiyasi bo‘lib, uning qudrati yuqoridagilardan-da kuchliroq. Xalq diplomatiyasi degani oddiy odamlar, yozuvchi va shoirlar, madaniyat arboblari va hatto davlat rahbarlarining ham o‘zaro shaxsiy aloqalariga quriladi. Aytaylik, to‘ymi yo biron bir ma’raka o‘tkazyapsiz, o‘sha yig‘inga kelgan odamlarning oldida yoningizda tug‘ishganlaringiz tursa, ko‘kragingiz qandayin balandga ko‘tariladi. Birodarlarning bir-birlariga e’tiborlari juda ulug‘ sanaladi. Bunga misol shuki, Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboev O‘zbekistonga yaqinda qilgan tashrifi davomida Prezidentimiz u kishiga “El-yurt hurmati” ordenini taqib qo‘yar ekan, Nursulton og‘a bu e’tibordan quvonib, men ko‘p mamlakatlarning mukofotlariga loyiq ko‘rilganman. Ammo o‘zbek xalqining hurmatiga sazovor bo‘lish men uchun o‘ta qadrli, degan gaplarini aytar ekan, to‘g‘risi, ko‘zimdan yosh chiqib ketdi. Bu ham xalq diplomatiyasi. Mana  shunday bordi-keldilar, bir-birimizga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirishimiz lozim. Tarixda Oybek, o‘afur o‘ulom, Izzat Sultonlar bilan qozoq adiblari Muxtor Avezov, Sobit Muqonov, o‘abit Musrepovlar o‘rtasida qanday do‘stlik, inoqlik mavjud edi. o‘afur o‘ulom vafot etganida Sobit oqsoqol “Voy bovurim!” deb o‘kirib yig‘lab, o‘sha paytning o‘zidayoq Toshkentga uchib ketganini Qozog‘istonda haligacha gapirib yurishadi.

Jurnalist: — Nosir aka, boya ishni iqtisoddan boshlash kerak dedingiz-u, fikringizni davom ettirmasdan, boshqa mavzuga o‘tib ketdingiz. Bu bilan nimani nazarda tutgan edingiz?

Nosir Fozilov: — Hozir shunga kelyapman. Jahon  davlatlari bugungi kunda bir-birlariga yanada yaqinlashmoqda. Olaylik, Yevropa ittifoqi, hozirda ularda  bir xil valyuta joriy etildi. Men Yevropadan ulgu olaylik demayman. Lekin, bir o‘ylab ko‘rsa bo‘ladigan ibrat. Markaziy Osiyoda beshta davlat bor. Bu yaqin yetmish million aholi degani. Bordi-keldilarimizni osonlashtirish uchun shu mamlakatlarning barchasida qo‘llanadigan, shuningdek, chet ellarda almashtirish qobiliyatiga ega yagona pul birligini joriy etsak, qanday zo‘r ish bo‘lardi! Beshta respublika, bu — beshta barmoq degani. Xudoning o‘zi musht qilib birlashtirib qo‘yibdi-ku. Yagona pul birligi bo‘lsa,  ko‘p muammolarimiz hal bo‘lardi.

Jurnalist: — Ma’lumki, o‘tgan asrning yigirmanchi yillari so‘ngida arab imlosidan lotinga, qirq birinchi yillarga kelib esa, lotindan kirill imlosiga o‘tkazish sobiq SSSRning turkiy xalqlarga nisbatan qo‘llagan siyosati bilan bog‘liq bo‘lgan. Bir paytlar qirg‘iz yozuvchisi, O‘zbekistonda ko‘p o‘qilgan “Singan qilich” romanining muallifi To‘lagan Qosimbekovning: “Stalin nafaqat o‘zbek, qozoq, qirg‘izlarning yurtparvar shoir va yozuvchilarini, olimlarini, shuningdek, ularning imlosini ham qatag‘on qildi” degani yodimda. Demak, SSSR paytidagi imlo o‘zgarishlari bejiz bo‘lmagan. Mustaqillik yillariga kelib, O‘zbekistonda imloni o‘zgartirishga nima majbur qildi, deb o‘ylaysiz?

Nosir Fozilov: — O‘sha paytda buni taklif deymizmi, buyruq deymizmi dastlab kimdan chiqqani noma’lum. Farmon chiqqani bor gap. Lekin farmongacha nima gap bo‘lgan, biz buni bilmaymiz. Ma’lum narsa shuki, dunyo xalqlari bilan aloqaga kirishish kirillga nisbatan lotinda tezroq ko‘chadi, jahondagi ko‘p davlatlar lotin imlosida yozadi, demak, bu imlo mamlakatni kompyuterlashtirishda ham qo‘l keladi, degan qarashlar bilan qo‘l urildi. Yaqinda bir joyda o‘qib qoldim. Bir tilda gaplashadigan ikki yarim ming kishilik elatning imlosi ham kompyuterga tushirilibdi. Yaponiya, Xitoy, Koreyaning imlosi tamg‘alardan iborat. Ular kompyuterda yo‘qmi? 

Bir paytlar Qozog‘iston xalq yozuvchisi Abdulla og‘a Tojiboev shunday degan edi: “Qozog‘istonda sharqiy tumanlar (yigirmanchi yillarda. — N.F.) o‘zicha avtonomiya atalib, janubdagi – hozirgi Qizil O‘rda, Chimkent, Jambil hamda Qirg‘iziston Respublikasi O‘rta Osiyo Respublikalari qatorida qoldi. Bunday taloto‘p zamonlarda adabiyotlarimizni do‘stlashtirish, ularning zamonga xos bordi-keldilarini yo‘lga qo‘yish haqida hech qanaqa gap-so‘z bo‘lgani yo‘q, binobarin, bunga o‘sha paytda fursat ham bo‘lmagan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, biz o‘zimizning qadimiy odatimiz bo‘yicha chig‘atoy tilida bosilgan adabiyotlarni o‘qib, mutolaa qilib yuraverganmiz. Toshkentda chop etilgan o‘shanday asarlarni o‘zbek tiliga yoxud turkman, qirg‘iz tillariga o‘girishning hojati yo‘q edi. Bir-birlarimizni tarjimasizoq tushunaverar edik”.

Endi-chi? U alifbodan bu alifboga o‘taverib savodsizlik urchidi. Lotinda qoladigan bo‘lsak, uning harflarini isloh qilib, tovushlarimizni to‘la ifoda etadigan harflarga to‘xtam qilaylik. Yigirmanchi, o‘ttizinchi yillarda o‘rta turk adabiy tilini yaratish ustida ish olib borilgan edi. Bu maqsadlar ham qirg‘iz adibi aytganidek, qatag‘onga uchrab yo‘q bo‘ldi. Endi nima qilamiz? Endi O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, istasa Tojikiston ham bir yumaloq stol atrofiga o‘tirib imlomizni tartibga solishni, uni turkiy til – hammamiz gaplashadigan til normalariga moslashtirishni o‘ylashimiz kerak. Aks holda kelgusi avlodlar bir-birlaridan bugungidan ham yiroqlashib ketadi. Shunday qilib yagona pul va yozuv masalasi hal bo‘lsa, qadimgiday bir xalq, bir millat bo‘lishimizga shubha yo‘q. 

Shu o‘rinda yana bir-ikkita masalani aytib o‘tsam. Aks holda, boshqa yoqlarga chalg‘ib, o‘tlab ketmaylik. Aytmoqchi bo‘lganlarimdan biri, bu — tarix darsliklari masalasidir. Xabaringiz bor, sho‘ro paytida hamma maktab va oliy, o‘rta-maxsus o‘quv yurtlarida SSSR tarixi darsligi majburiy o‘qitilgan. Mana chorak asrdan ko‘p bo‘ldi, SSSR yo‘q, o‘sha tarix ham yo‘q. Albatta, hozir ham o‘quv yurtlarida chet mamlakatlar tarixi o‘tilayotgan bo‘lsa ajabmas. O‘zimizda yaratilayotgan ba’zi tarixiy kitoblarni o‘qib hayron qolaman. Ularda mualliflar tarixiy voqealar haqida so‘zlar ekan, buvilarining, ko‘kalarining, tog‘a, bobolarining xotiralarini bizga tarix o‘rnida taqdim etishmoqda. Bu ham kerak. Ammo tarix bu alohida fan. Rostdan ham bo‘lib o‘tgan voqealarga, aniq manbalarga asoslanadi. Qachon, qaerda, qanday, kim va nima degan aniq savollarga javob berishi kerak o‘sha tarix. Hozir kunimiz “qo‘lbola” solnomalarga qolmoqda. 

Vatanimiz qadimiy Turkiston o‘zining shon-shavkatli tarixiga ega. Keyingi ming yilliklarni qo‘ying, hatto miloddan avvalgi bu yerlar bilan bog‘liq manbalar bor. Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib, barcha qo‘shni davlatlar o‘quv yurtlarida “Turkiston yoki Turon tarixi” degan fan o‘qitilsa. Bu sohada zarur darsliklar yaratilsa, degan taklifim bor. Mazkur tarix kimgadir yoqish-yoqmasligidan qat’i nazar, u mavjud. O‘rganish esa yer-suvi, tog‘i-bog‘i bir, ammo keyingi yigirma yillarda yangi tarixlari boshqa-boshqa bo‘lgan xalqlarimizni faqat birlashtiradi, deb o‘ylayman. 

Endi savolni men beray. Mana siz Qirg‘izistonda tug‘ilgansiz, men Qozog‘istonda. Ikkalamiz ham ota yurtimizga imkon qadar borib turamiz.  Shavkat Mirziyoevning Qirg‘izistonga tashrifidan so‘ng bordi-keldilar osonlashdi, chegaralar ochildi. Borganingizda yurtdoshlaringiz sizdan nima so‘rashadi?

Jurnalist: — Albatta sog‘lik-salomatligimni, keyin esa O‘zbekistonda yuz berayotgan yangiliklar, o‘zgarishlarni, ko‘pchilik do‘stlarim yangi kitob olib kelganim yoki yo‘qligini surishtirishadi.

Nosir Fozilov: — Kam bo‘lmang. O‘sha odamlar O‘zbekistonda kechayotgan jarayonlarni bilishga o‘ta intiq. Axir Qirg‘izistonda rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra bir millionga yaqin, Qozog‘istonda olti yuz mingdan ko‘p, Turkmaniston, Tojikiston, Afg‘oniston va boshqa o‘nlab mamlakatlarda ham o‘zbeklar istiqomat qiladi. Bundan taxminan o‘n yil ilgarigi hisob-kitoblarga ko‘ra butun dunyoda qirq milliondan ortiq o‘zbek bor edi. Hozirda bu raqam yanada oshgani tabiiy. Shuncha odamning bitta ko‘zi tarixiy vatanlari bo‘lgan O‘zbekistonda turadi. Biz shu muborak yurtda yashar ekanmiz, chetlarda umrguzaronlik qilayotgan o‘zimizning o‘zbeklarni unutmasligimiz farz. Ular bizdan non-tuz talab qilishmaydi. Bu odamlarni avvalo yurt sog‘inchi, qolaversa, O‘zbekistonda chop etilayotgan gazeta-jurnallar, badiiy kitoblar, yurtda kechayotgan o‘zgarishlar haqida axborotlar ko‘proq qiziqtiradi. Qisqasi, ularning o‘shanday ehtiyojlarini qondirishga O‘zbekistonni  mas’ul deb bilaman. 

Toshkentning Shota Rustaveli ko‘chasi bilan eski Zavodskaya ko‘chasi kesishgan joyda qardosh xalqlarning kitob do‘koni bo‘lar edi. Hozirda o‘sha do‘kon yo‘q. Unga o‘xshagan do‘konlar barcha qardosh respublikalarning hech yo‘g‘i katta shaharlarida bo‘lishi kerak.

Yaqinda O‘zbekistonda chet el valyutalarining rasmiy konvertatsiyasi ochildi. Gazeta-jurnallarimiz, nashriyotlarimizning vakillari endi qardosh Respublikalarga borishsin, odamlar bilan suhbat qilishsin. Ular o‘z obunachilarini, xaridorlarini albatta topishadi.

Jurnalist: — O‘tgan asrning saksoninchi yillarida “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining nufuzi salkam sakkiz yuz mingga chiqqan edi. Shundan o‘ttiz mingga yaqini Qirg‘izistonga jo‘natilganini bilaman. Nosir aka gap ma’naviyat va madaniyat masalasiga kelib taqalar ekan…

Nosir Fozilov: — Qardosh respublikalarda o‘zbek tilida o‘qitiladigan maktablar, o‘qituvchilar yildan-yilga kamayib borayotgani haqida ham to‘xtalaylik demoqchisizda? Bu juda og‘riqli masala…

Jurnalist: — Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatida o‘zbek maktablarining yopilish holatlari mavjud. Birinchidan, darsliklar yo‘q. Borlari ham talabga javob bermaydi. Ikkinchidan, oliy o‘quv yurtlarida darslar qirg‘iz tilida yoki rus tilida olib boriladi. O‘zbek tiliga ehtiyoj qolmayapti. Shu bois aholining ko‘pchiligi o‘z bolalarini rus yoki qirg‘iz maktablariga o‘qishga berishyapti.

Nosir Fozilov: — Bir paytlar Toshkentda O‘rta Osiyo davlat universiteti bo‘lar edi. Qo‘shni respublikalardagi ko‘plab mutaxassislar o‘sha dargohni bitirishgan. Jumladan, o‘zim ham. Keyingi yigirma besh yilda Toshkent va boshqa shaharlardagi oliy o‘quv yurtlari qo‘shni respublikalarda yashaydigan qancha abiturientga joy berdi ekan. Bitta-ikkita bo‘lsa bordir. Ko‘ngilni kengroq qilishimiz kerak. Qo‘shni respublikalardagi turkiy millatdoshlarimizning bolalari uchun oliy o‘quv yurtlarida ma’lum imtiyozlar berib, ularning o‘qishlariga sharoit yaratish o‘ta muhim.

Xullas, gapiramiz desak, gap ko‘p. Eng muhimi, o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish uchun qadam tashlandi. Ana shu qadam bardavom bo‘lsin. 

Prezidentimiz yaqinda bo‘lib o‘tgan adabiyot va san’at, madaniyat xodimlari bilan bo‘lgan uchrashuv chog‘ida yig‘ilish ahliga qarab shunday dedi: “…biz hammamiz bir-birimizni yaxshi bilamiz, mashhur bir qo‘shiqda aytilganidek, “o‘rtada begona yo‘q”. Bu gaplarni O‘rta Osiyo xalqlariga ham tatbiq etsa bo‘ladi. Ma’qul topilsa, respublikalar rahbarlari bir stol atrofiga o‘tirib, bu xalqlarning hamkorlikda, birdamlikda og‘a-ini bo‘lib hayot kechirish yo‘riqlarini bamaslahat kelishib olishsa, nur ustiga nur bo‘lar edi. Zero, o‘rtada begona yo‘q. 

 

Suhbatni Yoqubjon XO‘JAMBERDIEV 

yozib oldi.

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

9 + 2 =