DONISHMAND

Biz Sharof Rashidov davrining farzandlarimiz. U kishi respublikamizga rahbarlik qilgan yillarda dunyoga keldik, o‘sib-ulg‘aydik, o‘qidik, voyaga yetdik. O‘sha tuzum taqdirimizga yozgan yaxshi-yomon kunlarni ko‘rdik, og‘ir va murakkab kunlarning azoblarini tortdik, sinovlaridan o‘tdik. Ayni paytda yaxshi, nurli, quvonchli kunlardan ham bahramand bo‘ldik. Bandasi o‘tgan kunlarga baho berishda shoshma-shosharlikka aslo yo‘l qo‘ymasligi kerak ekan. Tarix hamma-hammasini o‘z o‘rniga qo‘yganida bunga amin bo‘ladi, kishi.

 

Haqiqatdan ham tarix – adolat posboni… Vaqt eng zo‘r davo…

 Yaxshi eslayman: sakkizinchi sinfda o‘qiyotganimizda Zarafshon daryosining suvini taqsimlaydigan Zarafshon gidrouzelining ochilish marosimiga biz, maktab o‘quvchilarini ham olib borishgan. Gidrouzelni o‘sha paytdagi O‘zbekiston rahbari Sharof Rashidov ochgan. Biz, o‘quvchilar Sharof akaga yaqin joyda turganmiz. Shu sababli u kishining nur yog‘ilib, kulib turgan samimiy chehrasi hamon ko‘z oldimda. Kutilmaganda yig‘ilgan odamlar orasidan boshiga oq ro‘mol o‘ragan bir nuroniy momo qo‘lida konvert bilan Sharof Rashidov tomon kela boshladi. Shunda militsiya xodimlari kampirni to‘xtatdi. Momo oldinga intilishga harakat qilardi. Militsiya kiyimidagi baland bo‘yli kishining ko‘rsatmasi bilan onaxonning yo‘lini to‘sishdi. Hammaning diqqati unda edi. Kutilmaganda Sharof aka qo‘llarini cho‘zib, “o‘tkazib yuboringlar” ishorasini qildilar. Momoga yo‘l berishdi. Sharof aka farishtasifat momoni bag‘irlariga bosib ko‘rishdi va u uzatgan konvertni olib, yonidagi odamga berdi. Yig‘ilganlar chapak chalib yubordi. Bu Sharof akaga qarsak orqali aytilgan samimiy  ehtirom va rahmat ramzi edi…

Shu-shu, Sharof Rashidovga mehrim tushib qolgan. Davlat rahbari, ya’ni el otasi shu insonday mehribon, samimiy va fidoyi elparvar bo‘lishi kerak, degan xulosaga kelganman. Bu qat’iy fikr qalbimda mustahkam o‘rnashib qolgan. Chunki o‘sha momo oddiy odamlarning mushtipar vakili edi. Uningday xokisor odam uchun bu voqea katta baxt.  

Quyidagi voqeani esa, ustozimiz – O‘zbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubov aytib bergan edi.

– “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida ish boshlagan kezlarimda kutilmaganda Sharof akaning bir she’rini gazetada tanqid qilib yubordik. Rosa to‘polon bo‘ldi. Har kuni besh-oltita tushuntirish xati yozamiz. Do‘stlarimdan biri: Sharof Rashidov huzuriga kirib, bo‘lgan voqeani o‘zingiz ochiq-oydin tushuntiring, u kishi yaxshi inson, deb qoldi. Qabul so‘rab Sharof akaning huzuriga kirdim. Kirdimu dabdurustdan:

– Sharof aka, kaminani gazetaga Bosh muharrir etib tayinladingiz. Rahmat sizga. Lekin ishni sizni tanqid qilishdan boshlab, juda xijolatdaman, – dedim. U kishi darhol so‘radi:

– Hech kimni jazolamadinglarmi?

Bu savoldan so‘ng ayrim xodimlarga “hayfsan” berganimizni aytolmadim.

– O‘zingiz ham ijodkorsiz. Tushunasiz-ku, Odiljon! Asar yozilgandan so‘ng past-baland gaplar, tanqidiy fikrlar bo‘lishini juda yaxshi bilasiz. Bundan aslo xafa emasman. Endi bu masalaga nuqta qo‘yaylik. Siz menga tahririyat oldida turgan masalalar, muammolar haqida gapirib bering. Mendan qanday yordam kerak?  – deb qoldilar Sharof aka. 

Shunda u kishining marhamati bilan tahririyat xodimlariga ikkita yangi kvartira va kaminaga yangi xizmat mashinasi berish uchun tegishli vazirliklarga telefon qilib, masalalarni joyida hal etdilar.

Yana bir xarakterli voqeani ham Odil Yoqubovdan eshitganman. Sharof Rashidov 50 yilligini nishonlamaslik haqida maxsus ko‘rsatma bergan. Faqat Markazqo‘mning kichik zalida bir guruh ziyolilar vakillari yig‘ilib u kishini tabriklaganlar. Vakillar orasida kinematografchilar, teatr va san’at arboblari, yozuvchilar bo‘lgan. O‘sha kezlarda Erkin Vohidovning “O‘zbegim” qasidasi haqida past-baland gap-so‘zlar aytila boshlagan, Markazqo‘mga shoir ustidan shikoyat tushgan edi. Tabriklovchilar safida Erkin Vohidov ham bor edi. Zalga Sharof Rashidov kirib keldilar. Yig‘ilganlar bilan bir chekkadan qo‘l berib, ko‘risha boshladilar. Erkin Vohidov bilan yuzma-yuz kelganlarida shoirning peshonasidan o‘pib: “Siz haqiqiy iste’dodli shoirsiz, o‘z nomingiz bilan Erkinsiz. Shunday yozavering!” dedilar. Chunki o‘sha davrada Erkin Vohidov ustidan bo‘lmag‘ur gaplarni tarqatib yurgan ayrim “ichi qora” kimsalarning maslahatgo‘ylari ham bor edi. Sharof akaning Erkin Vohidovga ko‘rsatgan mehr to‘la munosabati hasadgo‘ylarga aniq va lo‘nda javobi edi. Shu bilan “O‘zbegim” haqidagi gap-so‘zlarga chek qo‘yildi. 

Bunday ko‘ngilsiz voqea atoqli shoir Abdulla Oripovning “Jannatga yo‘l” dramasi bilan ham sodir bo‘lgan. Drama “Mushtum” jurnalida e’lon qilingandan so‘ng, asardan “siyosiy xato” topgan bir guruh ko‘rolmas kimsalar dramaning hajmidan katta shikoyat xati yozganlar. Xat Sharof Rashidovgacha yetib borgan.

O‘sha kezlarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining navbatdagi qurultoyi bo‘lgan. Uzoq yillar uyushmaga raislik qilgan Komil Yashinga iste’fo berilib, u kishining o‘rniga Sarvar Azimov saylangan.

Ko‘pgina hamkasblarimiz yaxshi eslaydilarki, o‘sha qurultoyda Abdulla Oripov “Malomat toshlari” deb nomlangan yangi she’rini o‘qib bergandi. She’r tugagach, zalni olqishlar bosib ketgan edi. Qurultoyda ishtirok etayotgan Sharof Rashidov o‘rnidan turib, qarsaklar sadosi ostida qolgan shoir tomon yurdi. Abdulla aka ham darhol u kishiga peshvoz chiqdi. Sharof aka o‘shanda ardoqli shoirimizni qayta-qayta bag‘riga bosib, qo‘llarini siqib peshonasidan o‘pib qo‘ydi. Bu ham iste’dodli shoirga cheksiz ehtirom va ayni paytda ig‘vo xati yozgan g‘alamislarga bergan javobi edi.

Bunday misollarni Sharof Rashidov hayoti va faoliyatidan ko‘plab keltirish mumkin. Bunday ezgu ishlarni faqat donishmand rahbar, adabiyotning kelajagini o‘ylagan fidoyi, bag‘rikeng insongina amalga oshirishi mumkin edi.

Sharof Rashidov xalqparvar rahbar bo‘lish bilan birga, yetuk yozuvchi ham edi. U kishining qalamiga mansub “o‘oliblar”, “Bo‘rondan kuchli”, “Qudratli to‘lqin”, “Kashmir qo‘shig‘i”, “Dil amri” singari asarlari qo‘lma-qo‘l o‘qilganiga guvohmiz. O‘zimiz ham bu ajoyib asarlarni maza qilib o‘qiganmiz. O‘sha zamon ruhini yorqin ochib berishda bu asarlarning ahamiyati katta bo‘lgan. O‘sha asarlarni zamon aksi sifatida bugun ham chop etsa bo‘ladi, deb o‘ylayman…

O‘zbekiston Respublikasining sho‘ro davrida eng uzoq ishlagan rahbari Sharof Rashidovning vafoti xalqimizni chuqur qayg‘uga solgandi. O‘sha kezlar Markazning topshirig‘i bilan “paxta ishi” tufayli tekshir-tekshir avjiga olgan alg‘ov-dalg‘ov davr edi. 

Sharof Rashidovning ham pok nomiga qora chaplamoqchi bo‘ldilar, u kishini badnom qilishga urindilar. Lekin qanday tahdidlar, qo‘rqitishlar, ta’qiblar bo‘lmasin, bu tabarruk nomni xalqimiz qalbida gavharni asraganday asradi.

O‘zbekiston Qahramoni, taniqli olim Ozod Sharafiddinov chin dildan kuyunib yozganidek: “O‘zbekning yaqin o‘tmishdagi atoqli arbobiga nisbatan juda katta adolatsizlikka yo‘l qo‘yildi. Bunday munosabat o‘zbek xalqining sha’niga ham yarashmaydigan bir ish edi. Eng yomoni shu bo‘ldiki, zalni to‘ldirib o‘tirgan odamlarning hammasi Sharof Rashidovni ko‘rgan, shaxsan taniydigan, uning yaxshiliklaridan bahramand bo‘lgan, hayotligida uning soyasiga ko‘rpacha yozib yurgan odamlar edi. Rashidov sha’niga yog‘dirilgan bo‘htonlarni kimlar achinish va taassuf tuyg‘usi bilan, kimlar loqaydlik bilan, lekin hammalari qo‘yday yovvoshlik bilan indamay o‘tirib eshitishdi va qarsaklar bilan qo‘llab-quvvatlashdi ham. Zaldagilardan bironta odam o‘rnidan turib, marhumning himoyasiga bir og‘iz ham gap aytishga jur’at qilolmadi”.

Aytishlaricha, mashhur avar shoiri, o‘zbek xalqining yaqin do‘sti va birodari Rasul Hamzatov bilan jurnalist Anvar Jo‘raboev suhbat qurmoqchi bo‘lib, roziligini olish uchun u kishiga qo‘ng‘iroq qilsa, “Yo‘q, o‘zbeklar bilan suhbat qilmayman. Sizlar ulug‘ inson, mashhur yozuvchi va davlat arbobi Sharof Rashidovni badnom qildinglar”, – deb trubkani qo‘ygan ekan.

O‘sha davrda bo‘lgan bunday ayanchli voqea-hodisalarga ko‘p guvoh bo‘lganmiz. Bu ulug‘ zotni qabridan chiqarib boshqa joyga dafn etganlarini ham ko‘rganmiz. Faqat tomoshabin bo‘lganmiz. Qo‘limizdan hech narsa kelmagan. Bu yaramas odatlarga hamon qonimizda “barq urib” kelayotgan urug‘-aymoqchilik, mahalliychilik, ko‘rolmaslik illatlari, asosiysi qo‘rqoqligimiz  sabab bo‘lgan. Shu bois o‘z farzandimizning pok sha’nini, g‘ururini asray olmadik, dadil turib himoya qilolmadik. Shunday paytda shoirning o‘tli misralari tilga kelaveradi: “Qachon xalq bo‘lasan, ey, sen olomon?..”

U kishi ona xalqini juda sevardi, oddiy odamlar bilan tez-tez ko‘rishmasa ularni sog‘inib qolardi. Shu bois Sharof Rashidov xalqqa suyanib, undan madad olib ishladi. Xalq bilan muloqot  uning jon-dili edi. Hayot hikmatlarini xalqdan o‘rganardi, xalqdan kuch-quvvat, g‘ayrat-shijoat olardi. Ayniqsa, ko‘pni ko‘rgan, katta hayot tajribasiga ega bo‘lgan oqsoqollar bilan maslahatlashish, ular bilan bo‘lajak ishlari haqida fikr almashishni hech qachon kanda qilmasdi. Uning qulog‘i xalq yuragida edi.

Sharof Rashidovning beminnat va tolmas madadkori oddiy xalq edi.

U kishi nimaiki qurgan bo‘lsa, bunyod etgan bo‘lsa, obod qilgan bo‘lsa, O‘zbekiston va o‘zbek xalqi uchun qildi. Hayoti va umrini shu Vatan va xalqiga beminnat bag‘ishladi. Hatto jonini ham ayamadi.

Sharof Rashidov rahbarlik qilgan davrda O‘zbekiston rivojlanishdan, taraqqiyotdan bir lahza to‘xtagan emas. Hamisha oldingi saflarda bo‘lgan.

U kishi SSSR degan devning katta qozonidan xalqimiz nasibasini ajratib ola bildi. Ba’zan ortig‘i bilan…

Sharof Rashidov yashagan, ishlagan, ayniqsa, Birinchi rahbar sifatidagi qizg‘in faoliyat yuritgan yillar va o‘sha davrda ro‘y bergan keskin ziddiyatlar, turfa siyosiy o‘yinlar iztiroblar haqida yorqin misollar bilan yozilgan taniqli tarixchi olim Shuhrat Ergashevning “Erk istar ko‘ngil” (“O‘zbekiston” NMIU, 2017 yil) kitobi bu ulug‘ inson tavalludining 100 yilligiga munosib sovg‘a bo‘ldi.

Kitob shunday hayotbaxsh so‘zlar bilan yakunlangan:

“Darhaqiqat, hammasini o‘z o‘rniga qo‘yuvchi oliy hakam bu – vaqt. Shu vaqt masofasidan ortga boqib, bugun, Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligi arafasida insof va adolat bilan aytish mumkinki, Sharof Rashidov o‘z xalqiga, zamonasiga, o‘zi ishongan g‘oyalarga halol xizmat qilgan, o‘z umrini halol va pokiza yashab o‘tgan o‘zbek xalqining XX asrdagi ulug‘ farzandlaridan biri edi”.

Bu bir buyuk donishmand, ulug‘ inson, dono rahbar, fidoyi xalqparvar va benazir yozuvchiga berilgan yuksak baho. Xudo bergan insongina shunday martabalarga va boqiy baxtga muyassar bo‘ladi.

Bugun mustaqil O‘zbekistonda bo‘layotgan ulkan o‘zgarishlarda, keng ko‘lamli taraqqiyot jarayonida Sharof Rashidovning ruhlari ham madadkor bo‘layotir. Bunga aslo shubha yo‘q.

Ashurali JO‘RAYEV

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × 2 =