TOSHKENT — NON SHAHRI

Shonli o‘tmishi, farzandlari barpo etgan bebaho ma’naviy xazinasi, go‘zal me’moriy obidalari bilan takrorlanmas qiyofa kasb etgan o‘zbek xalqi insoniyat tarixining muayyan davrlarida, ayniqsa, odamzod boshiga tushgan og‘ir kunlarda insoniylik bobida ham o‘zini namoyon etdi, muhtojlarni qo‘llash yo‘lida har qanday og‘ir yukni ko‘tarishga qodirligini isbotladi.

 

Poytaxtimizda turli haykallar qad ko‘targan. Ulardan biri Mehr haykali bo‘lib ko‘rinadi. Mehr haykali poyida, beixtiyor, Ikkinchi jahon urushi yillari esimizga tushadi. Muayyan kunlarda haykal poyiga guldastalar qo‘yiladi.

Aytmoqchi, nega muayyan kunlardagina mash’um yillarni, mash’um yillarga bog‘liq voqealarni eslaymiz? Ota-bobolarimizning insoniyatga ibrat bo‘lguvchi mardonavor harakatlari, hayot yo‘llari aks etgan asarlar muayyan kunlardagina emas, har doim xayolimizda bo‘lishi lozim emasmi?

Bugungi dorilamon kunlarga osonlikcha yetib kelmaganimiz, tinchlik va farovon hayotimiz o‘z-o‘zidan bo‘lmayotgani, shu qatorda, qanday xalq farzandi ekanimizni hamisha yodda tutishimiz, shunga munosib amal qilishimiz uchun ajdodlarimizning ibratli hayot yo‘llariga har doim nazar solishimizni, ularning Mehr haykali oldida ta’zim bajo keltirib turishimizni muhim deb o‘ylaymiz. 

…Qonli jang maydonlarida hayot-mamot uchun kurash avj olmoqda. Qarovsiz qolgan go‘daklarni o‘lim va muhtojlik balosidan qutqarish masalasi yechimini kutyapti. Urush alanga olgan g‘arbiy rayonlardan ayollar, qariyalar, shu qatorda taniqli ziyolilarni Sharqqa evakuatsiya qilish amalga oshirilmoqda.

Do‘st og‘ir damda bilinadi, deganlaridek, urush jafosini chekkan, O‘zbekistonga ko‘chirib keltirilgan rus, ukrain, belorus va boshqa millatlarga mansub turli yoshdagi aholi og‘ir kunlarda o‘zbekning qay darajada bag‘rikengligini yurakdan his etdi. 

Askarlarimiz frontga otlanmoqda. “Yigitlarni frontga jo‘natish”, “Sharqdan o‘arbga ketayotgan do‘stga” kabi she’rlar yozgan Hamid Olimjon urushning dastlabki oylaridan, evakuatsiya qilinganlar orasida adabiyot va san’at arboblari ham borligi bois, tunu kunini vokzalda poezd kutish bilan o‘tkazardi. Toshkent ko‘p millatli adabiyotning katta markaziga aylangan edi.

Yurtimizda panoh topganlar tom ma’nodagi Mehr va Shafqatni, Do‘stlik va Muhabbatni Toshkent timsolida kashf etdilar.

Kiyim-kechak, qand-shakar, meva-cheva ortilgan eshelonlar Rossiyaga jo‘natib turilgan bo‘lsa, u yerdan Toshkentga kelayotgan poezdlar ota-onasi, boshpanasi, bolalik ertaklariyu beg‘ubor onlarini yo‘qotgan yetim-esirlarga to‘la edi. Toshkentning yarim million nafar aholisi yarim yil ichida bir millionga yetdi.

G‘afur o‘ulom qalbi o‘ksiklarga “Sen yetim emassan!” deb xitob qilar ekan, mehru shafqat, harorat, jasorat va olijanoblik aslida qanday bo‘lishini yorqin ifoda etdi.

Oilasini yo‘qotgan bolalar orasida Dilya (Dolores) ismli qizaloq ham bor edi. U ham shu yerda, o‘zbek zaminida, “o‘z uyingdasan”, degan mehrga to‘la, muhabbatga to‘la sadoni eshitdi. O‘z oilasini, mehribon ota-onasini topganday bo‘ldi.

Bolalik davridagi dahshatli voqealarni eslab:

— Ne azoblar bilan Toshkent vokzaliga yetib kelganimizni bilsangiz edi, — deya og‘ir xo‘rsinadi Dolores momo. — Poezddan tushdik. Yetimxonalar to‘la ekan. Bizni O‘zbekistonning turli go‘shalariga yuborishdi. Men bir muddat Buxoro viloyatidagi bolalar uyida yashadim, keyin qismat Namanganga yetakladi. Qumri aya degan jannati ayolga duch keldim. Namozshom edi. Fonus yorug‘ida menga onalik mehri bilan qaragan bir ayolning yuz-ko‘zi ko‘rindi. Bombardimon qurboni bo‘lgan onajonim ko‘z oldimda jonlandi. Yo‘q, u tirik. Ko‘zlari charaqlab turibdi! Ayolning qaltirab turgan qo‘llari boshimni siladi-yu, butun vujudimda allaqanday huzurbaxsh hayajonni his etdim. “Oyijon!” deb qanday bo‘yniga osilganimni bilmay qoldim.

Mehridaryo o‘zbek ayoli… Eri urushda jon olib-jon berayapti. Front ortida esa “Non, non” deb jon taslim etayotganlar talay. Bolalarini ochlik balosidan qutqarish uchun mehnat qilishi kerak. Mehnat… Mashaqqatli mehnat evaziga topgan bir burda nonini esa… kim bilan baham ko‘rmoqchi bu himmati baland? Quchoq ochib tag‘in kimlarni bola qilib olmoqchi?

Eshelonlarning oxiri ko‘rinmayotgandek…

Yana qancha kishilar boshiga boshpana bera olasizlar, deb so‘ralganda, qancha zarur bo‘lsa, shuncha kishini  bag‘rimizga olamiz, deb javob beradi bag‘ri keng o‘zbek.

Yetimparvarlikning oliy namunasi Shomahmudovlar oilasida qanday bo‘y ko‘rsatgani o‘tgan asrning qirqinchi yillaridanoq hammaga ma’lum bo‘ldi. Toshkentlik chilangar Shoahmad Shomahmudov va turmush o‘rtog‘i Bahri Akromova o‘n to‘rt yetimning boshini silab, bag‘riga sig‘dira oldi. 

Turli millatga mansub shuncha bolani farzandlikka qabul qilgan bu xonadonga bag‘ishlab atoqli adibimiz Rahmat Fayziy “Hazrati inson” romanini yozdi. Ana, Mahkam aka (Shoahmad aka) bolalar uyiga boryapti. Undan so‘raydilar: “O‘g‘il bola olmoqchimisiz yo qiz bolami? Yoshroq bo‘lsinmi yo eslirog‘imi?”

Nima, bola tanlashi kerakmi? U mol bozoriga kelmadi, inson bolasini so‘roqlab keldi!

Yo‘q, tanlaydi. Eng nimjon, eng holi xarob bolani bola qilib oladi.

Ko‘chalarda tilanchilik qilib yurgan Sarsanbay, o‘qqa tutinganlar orasida tirik qolgan Abram, vokzalda singlisi Lesyani adashtirib qo‘ygan Ostap… Yana Marika, Sasha, Lyosha, Galya, Renat, Dzidra va boshqalar.

Turli joylardan Mahkam akalar bag‘riga kirib kelgan norasidalar, ismlaridan ma’lum bo‘lib turibdi, turli millat va elatga mansub shaxslarning zurriyoti. Odamiylik dini, insoniylik taomili bir hovlida ularni birlashtirdi.

Keyinchalik “Hazrati inson” asosida “Sen yetim emassan” kinofilmi yaratilib, nafaqat yurtimiz, balki jahonning bir qator mamlakatlarida namoyish etildi. Unda chinakam insoniylik mavzusi o‘z mukammal ifodasini topgan. Bu film avlodlar tarbiyasida bebaho ahamiyat kasb etdi.

 — O‘n to‘rt nafardan ikki qiz va bir o‘g‘il qoldik, xolos, — deydi Shomahmudovlar asrab olgan farzandlardan biri Xolida opa (uning asl ismi Olga). – Akam Krasnodarda yashaydi…

Sulola davomchilaridan biri Tohir Shomahmudovga yuz tutamiz. U xonadon to‘ng‘ichining o‘g‘li, ya’ni Shoahmad akaning nevarasi. 

— Evaralar katta bobolari va buvilari nomi bilan faxrlanadi, — deydi tabassum bilan Tohir aka. — Bobom va buvim asrab olganlarning ko‘pchiligi olamdan o‘tgan bo‘lsa-da, ularning farzand va nabiralari bilan aloqadamiz. Turli joylarda yashasak-da, bir-birimizni, ayniqsa, hayit kunlari yo‘qlab, mehr va oqibatning kanda bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaymiz.

Xolida opa (Olga Shoahmadovna) urush davrini, shu xonadonda o‘tgan bolalik damlarini yuragi entikib eslaydi. Ota bag‘rini, ona mehrini qo‘msar ekan, “adamlar, oyimlar…” deydi-yu, ko‘ziga yosh oladi. Go‘yo uning otasiday ota, onasiday ona yo‘q edi dunyoda.

— 1978 yili shu oilaga kelin bo‘lib tushganimda qaynotam — padarimiz Shoahmad aka olamdan o‘tgan edilar, — deydi Jamila Shomahmudova. — Qaynonam siymosida onam suratini ko‘rdim. Bolaning begonasi bo‘lmaydi, deb urush yillari qalbi o‘ksiklarga favqulodda mehribonlik ko‘rsatgan Bahri ayaning xonadoniga tushishim-u, mehridan bahramand bo‘lishimdan, shunday ulug‘ zot bilan endi ona-bolaligimdan boshim osmonda edi.

O‘sha davrda Toshkent ko‘p millatli adabiyotning markaziga aylangani to‘g‘risida ta’kidlab o‘tdik. Murg‘ak qalb jarohatlariga malham bo‘lib, inson qadri va izzatini yuksaklikka ko‘targan Shoahmad aka va Bahri ayalarning olijanob ishi Toshkentda vaqtincha istiqomat qilgan Vladimir Lugovskiy, Nikolay Ushakov, Yakub Kolas, Edi Ognetsvet, Anna Ahmatova va boshqa mashhur adiblarning ham qalbini to‘lqinlantirib, yangi-yangi asarlar yaratilishiga sabab bo‘ldi.

Ha, bu mavzu ko‘p yoritildi. Biroq bugungi avlod Shomahmudovlar haqidagi eng oliy insoniy tuyg‘ularga limmo-lim mehr dostonidan kerakli darajada xabardormi? Toshkentning non shahri, tinchlik shahri, do‘stlik shahri deymiz. Uning, ayni chog‘da, Mehr shahri ekanini bilamizmi?

— Milliy qadriyatgina odamlarni buyuk do‘stlik sari chorlab, qalb va tafakkurga sadoqat va jasorat tuyg‘usini hadya etadi, odamiylikni ulug‘lashga imkon yaratadi, — der edi shoira Anna Ahmatova. — Insonparvarlikning yuksak darajasi Shoahmad ota va Bahri ayalarning qonidamasmidi? Dunyo ostin-ustun bo‘layotgan bir pallada shu qadar mehrga zor norasidani yaxshi insonlar qilib yetishtirolgan bu ikki zotni eng ulug‘ Ota va eng ulug‘ Ona degimiz kelmaydimi?!

Evakuatsiya qilingan bolalar orasida O‘zbekistonga kelgan, mehr degan tuyg‘uning naqadar hayotbaxshligini shu zaminda anglagan Dolores xonimning vujudi ham minnatdorlik hissiga limmo-lim. 

— Boshqa o‘lkada tug‘ildim, lekin O‘zbekiston — mening Vatanim, — deydi u. — O‘zbekiston — yagona Vatanim! Men Anna Ahmatovaning Shoahmad ota va Bahri aya haqidagi fikriga qo‘shilaman — ular haqiqatan eng ulug‘ Ota va eng ulug‘ Ona! Ikki ulug‘ vatandoshimning urush yillaridagi ko‘rsatgan fidoyiligi bugungi osoyishta davrda ham barchaga ibrat. 

Rus ayoli Antonina Pavlovna Xlebushkina Toshkentdagi 22-bolalar uyida ko‘p yillar direktor bo‘lib ishlagan. Shunday qalbi daryo insonga ham har tomonlama o‘rnak Shoahmad ota va Bahri ayalarning insonparvarlik san’ati bo‘lganligiga zamondoshlari guvoh.

…Qaniydi, shu toychoqlarga o‘zim taqa bo‘la olsam, der ekan umri temirchilik bilan o‘tgan Shoahmad ota, gurs-gurs bosgan qadamlarining ovozi quloqlarimga kirib tursa.

Birovning bolasini ham shu darajada yaxshi ko‘radimi inson?

Erkalash barobarida Bahri aya nojo‘ya ish qilib qo‘ygan bolalarni urishardi. O‘z bolalarini urishganday urishardi titrab-qaqshab. Bolalar esa onaizor qalbining qat-qatidagi mehrni anglashardi, bu qattiq so‘zlardan. Mehrni! Hatto o‘z farzandiga mehr bera olmagan ayollarni ham bilardi-da, ular. 

E-ha, kimlarni maftun etmadi, o‘zbekning inson farzandiga bo‘lgan sadoqati, og‘ir zamonlarda ko‘rsatgan jasorati.

Gurs-gurs qadamlar tovushi eshitilyapti bamisoli. O‘zbek bag‘rikengligi, ulug‘vorligi va olihimmatligini ifoda etuvchi ulkan MEHR haykalida yuraklar uryapti.

 

Muhammad SHODIY

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

ten + 15 =