INTERVYU JANRI QIROLI. Ustoz jurnalist Anvar JO‘RABOYEVni eslab

U davr odami edi: yutug‘i va qusuri ham o‘zi bilan birga edi. Muhimi, u o‘z shaxsini shunday tushunardi. Shu sababli birovga maqtanganini yoki baqirib gapirganini ko‘rmaganmiz. Uning boshqalardan boshqachaligi shunda ediki, bir umr zavq-shavq bilan yashadi, ishtiyoq bilan ishladi. Ishni ertaga qoldirish unga yot edi.

 Esimda, men dorilfunun uchinchi kursida o‘qiganimda kichik xabar yozib viloyat gazetasi axborot va sport bo‘limiga bordim. Xonada Anvar Jo‘raboev va Adham Hayitov o‘tirardi.

 

Anvar aka xushbichim, tetik inson ekan, sport bilan shug‘ullanishi sezilib turardi. Birinchi uchrashuvdayoq u gazetachilikning asosi axborot ekanligini, axborotni qanday topishim va yozishim kerakligini tushuntirib berdi. “Gazetxonda faqat yangilik emas, axborotga ham ehtiyoj katta”, dedi u kishi. Shu sababli fakultetimizda Alisher Navoiy ijodiga oid bo‘lgan tadbir haqidagi xabarim men yozgandan boshqacha bo‘lib chiqqanidan xafa bo‘lmadim. Aksincha, ertasiga darsdan so‘ng yana 2-3 ta xabar olib bordim. Ular universitet kutubxonasidagi eski qo‘lyozmalar, bir fakultet talabalari qo‘lga kiritgan faxriy yorliq va medallar, polvon talabaning o‘qishdagi yutuqlari haqida edi. Men olib borgan barcha xabarlarning hammasi bitta rukn ostida nomerga berildi.

Shu-shu, gazetaning mazkur bo‘limiga bog‘lanib qoldim. Anvar aka yo‘qligida yangi mavzular bo‘yicha Adham aka topshiriq berardi. Hozir ham gazetaning o‘sha sonlarini varaqlab turaman. To‘rtinchi sahifa to‘lig‘icha axborot va xabarlarga bag‘ishlanardi. «Chiniqish» degan ommabop sahifa ham ochgandi.

— Korrekturadagi muayyan muddat faoliyatimdan so‘ng Anvar aka rahbar bo‘lgan axborot va sport bo‘limiga muxbir qilib o‘tkazishdi, — deydi “Shuhrat” medali sohibi A.Hayitov. — Oliy ta’limni Rossiyada olib kelgani uchun xalqaro jurnalistika an’analaridan yaxshi xabardor va chet el gazetalarini muntazam kuzatib borardi. Ruscha gazetaga ham maqola berib turardi. Anvar aka kabinetda o‘tirishni yomon ko‘rardi. Meni goh oliy o‘quv yurtiga, goh anjumanga, goh birorta yirik korxonaga olib ketardi. Shu tariqa “Gazeta falon korxonada”, “Falon institutda” degan ruknlar doimiyga aylandi. Biror yangilik to‘g‘risida xabar berilsa, ko‘p o‘tmay shu yangilik mohiyati haqida mutaxassis sharhini berishga odatlandik. Ayniqsa, oddiy kasb egalari faoliyatidan xabar berishni yoqtirardi. Men faoliyatim davomida ustozdan o‘rganganlarimni qo‘llab kelayapman.

Ko‘p o‘tmay Anvar akani armiyaga chaqirishdi. Darvoqe, xizmat chog‘ida u kishi harbiy gazeta orqali ham tanilib ulgurgan ekan. Harbiy xizmatdan qaytgan ustozning oldiga ishtiyoq bilan bordim. Afsuski, salom-alikdan so‘ng ustoz ishdan ketayotganini aytdi. Ma’lum bo‘lishicha, navbati kelsa-da, u kishiga kvartira ajratishmagan, uy-joyga muhtojlar ro‘yxatidan ham chiqarishgan.

Hafsalasi pir bo‘lgan A.Jo‘raboev samarqandlik 5-6 nafar hamkasbi bilan yangidan tashkil etilgan “Jizzax haqiqati” gazetasiga ishga ketdi. Bu yerda u iqtidorli ijodkor Nurali Qobul bilan yaqin hamkorlik o‘rnatdi. Ular keyinchalik Toshkentda ham birga ishlashdi.

— Anvarjonni 1979 yilda o‘zim rahbar bo‘lgan “Sovet O‘zbekistoni san’ati” jurnaliga mas’ul kotiblikka taklif etdim, — deydi taniqli yozuvchi Nurali Qobul. — O‘shanda u “Jizzax haqiqati”da bo‘lim mudiri edi. Birga ishlash jarayonida bildimki, u doimo favqulodda bir yangi ish qilishga urinardi. Jurnalda “Dil suhbati” rukni bo‘lib, unda dunyoning mashhur kishilarini suhbatga tortardik. Mening moskvalik tarjimonim Olga Markova orqali uning otasi, o‘sha paytdagi Ittifoq Yozuvchilar uyushmasi raisi Georgiy Markov bilan suhbat uyushtirdik. U kishi orqali esa Mixail Sholoxovga chiqdik. Bu suhbat ham jurnalda bosildi. Darvoqe, M.Sholoxov o‘z kitobini Anvarjon orqali Sh.Rashidovga taqdim etgan. Bu omonatni Anvarjon Sharof akaga yetkazgan. Anvarjonning o‘ziga esa “Otvajnomu jurnalistu” degan dastxat bilan kitobidan bergan. Shundan keyin biz hamkasbimizni “otvajnыy” deb chaqiradigan bo‘ldik. 

Agar bo‘lajak jurnalistlarga, hatto filologlarga ham haqiqiy jurnalist siymosini ko‘rsatish, kerak bo‘lsa, menimcha, Anvar Jo‘raboev faoliyatini misol qilib olish lozim. Chunki ustoz sohaning barcha bosqichlarini bosib o‘tdi, shu bilan birga siyosatchi darajasiga erishdi. Jurnalistikaning deyarli hamma janrida etalon bo‘ladigan maqolalar yozdi. O‘sha davrda YuNYeSKO Bosh direktori, YeXHT rahbari, O‘zbekistonga “Paxta ishi”ni o‘ylab topgan Gdlyandan intervyu olish hammaning qo‘lidan kelavermasdi. Ustoz bu ishni uddaladi. Bu haqda turli nashrlarda e’lon qilgan materiallari o‘sha paytdayoq shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.

Anvar Jo‘raboev davrning xalqaro jurnalisti edi. Dunyoning taniqli kishilari Chingiz Aytmatov, Rasul Hamzatov, Yevgeniy Yevtushenko, Svyatoslav Rixter, Gabriel Garsia Markes, Anatoliy Karpov, Mixail Sholoxov, O‘ljas Sulaymonovdan intervyu olib, matbuotda e’lon qildi. Bu materiallarda u jamiyatga o‘z qarashlarini ham baralla ayta oldi.

Esimda, A.Jo‘raboevning sobiq ittifoq jurnalistlar uyushmasi s’ezdi minbaridan mamlakat rahbari M.Gorbachyovni matbuotga noto‘g‘ri munosabati uchun tanqid qilgani hamkasblarimiz tomonidan jasorat sifatida qabul qilingandi. U Oliy Majlis sessiyasida bir viloyat hokimini gazeta tanqidiga panja orasidan qaraganini ham ochiq aytgandi.

Anvar aka bizni atrofdagi voqealarga befarq bo‘lmaslikka, matbuotda shaxsiy manfaatni o‘ylamaslikka o‘rgatdi. “Zarafshon”da ishlaganida mehnat ta’tili olib, 1974 yilda Moskvadagi xalqaro musobaqalarga o‘z hisobidan borgan. O‘shanda Anvar Jo‘raboev mashhur basketbolchi Maykl Jordandan intervyu olish niyatida musobaqaga kirmoqchi bo‘ladi. Ammo uni kiritishmaydi. O‘shanda Anvar aka qo‘yniga solib borgan do‘ppilarni eshik “og‘a”lariga bir amallab tutqazadi. Buni qarangki, o‘zbek do‘ppilari unga qo‘l kelib Maykl Jordan bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘lgan. U boshqa taniqli insonlar bilan ham ming bir mashaqqat ila suhbatlashishga erishgan.

Ammo taniqli sportchilar bilan suhbatlarini “Zarafshon” yo‘llanmasi bilan” rukni ostida gazetada chop etgandi. 

Anvar Jo‘raboev “Xalq so‘zi” va “Narodnoe slovo” gazetalariga taniqli jurnalist Ahmadjon Muxtorovdan so‘ng muharrirlik qildi. Katta yoshdagi ijodkorlar uning bu yangi nashrlar obro‘sini ko‘tarish uchun qilgan xizmatini yaxshi biladi. Ustoz hatto ishsiz yurganida ham hayotdan nolimadi. Aksincha, ijod bilan mashg‘ul bo‘ldi.

Chingiz Aytmatov va Odil Yoqubovning qo‘llab-quvvatlashi natijasida A.Jo‘raboev “Markaziy Osiyo madaniyati” gazetasini chiqardi, bu nashrning mintaqadagi respublikalarda qirg‘iz, tojik, qozoq va rus tillarida chop etilishini uyushtirdi. Bu gazetaning taqdimoti O‘zbekistonda chinakamiga adabiyot, madaniyat festivaliga aylangandi.

Internetda A.Jo‘raboevning “XX asr ovozi” kitobi haqida mashhur adib Odil Yoqubovning maqolasini o‘qib qoldim. Ustoz o‘sha davr siyosati aks etgan intervyularini to‘plagan, hatto kitobni sahifalashga ham o‘zi bosh bo‘lgan ekan. Biroq men bu kitobni ko‘rmadim.

Anvar aka har xil davralarga o‘zini urmas, odamlarga o‘zini yaxshi ko‘rsatishga urinmasdi. Umrini faqat jurnalistikaga bag‘ishladi. Unvonlar ham olgan emas. Lekin nima uchundir o‘zbek jurnalistikasiga oid manbalarda tug‘ilgan (1948 yil 22 may) va vafot etgan (2010 yil 16 sentyabr) sanasidan boshqa ma’lumotga ko‘zim tushmayapti. Afsus…

Hayotda har bir inson, ayniqsa, ijod ahli o‘nlab sinovlarga duch keladi. Lekin turmush mushkulliklari sababini kamdan-kam odam o‘zidan qidiradi. Xullas, Anvar aka oxirgi ish joyi — “O‘rta Osiyo madaniyati” haftaligi yopilgach, ishsiz yurgan paytlari uyiga bordim. A’lo kayfiyatini ko‘rib hayron qoldim. Odatda bunday holda hamkasblarim, avvalo davlat yoki yonidagilardan nolib qolishardi. Ustoz esa O‘zbekiston Jurnalistlari bibliografiyasini tuzayotganini, erta-kech ma’lumot yig‘ayotganini shavq bilan gapirdi. Hatto menga Samarqanddan ayrim ma’lumotlarni tayyorlab berishimni topshirdi.

Gap o‘rtasida Hegelning “Dunyoda hech bir ish katta ishtiyoqsiz amalga oshmaydi” degan iborasini eslatib o‘tdi. Binobarin, ijodkor sifatida bu ish nechog‘lik diqqattalab, mehnattalab ekanini men yaxshi bilardim. Ustoz bu ishni uddaladi, ammo afsuski, kitobni chop etishga ulgurmadi.

 

Anvar Jo‘raboevning deputatlik, “Adolat” partiyasiga yetakchilik faoliyatiga, parlamentdagi dadil gaplariga hozirgi katta yoshdagi barcha hamkasblar guvoh bo‘lgan… 

Bir shogird sifatida ustoz haqida ko‘nglimdan kechgan fikrlarni qog‘ozga tushirdim. Qolgani esa fidoyi hamkasblar hukmiga havola.

 

Farmon TOSHEV

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − fourteen =