BIR LAHZALIK DIYDOR XOTIRASI

 

— Xo‘sh nima gap?

— Ayrim yillari o‘sha daryolarning sathi tushib ketayapti, suv kamchil bo‘lib qolayapti. Natijada bu daryolardan foydalanishda qiynalayapmiz.

 

Brejnev jim qoldi, kichkina sukutdan so‘ng:

— Uni-buni bilmaymanu, lekin har yili bahorda o‘nlab shahar va qishloqlar, million-million gektar ekin maydonlari suv ostida qolib ketayapti. Ularni tiklash, o‘rnini bosish uchun Davlat byudjetidan milliard-milliard hajmdagi mablag‘lar ajratilmoqda. Keyin, axir bu mashina kanali bo‘ladi-ku, ular ob-havo bizga katta ziyon keltirayotgan bahor va to‘lib-toshib bekor oqib yotgan kuz-qish paytlarida o‘zlarining suv omborlarini to‘ldirib olishadi. Agar sen aytgandek, daryolar sathi pasayib ketsa, kemalar yurmay qolsa, bunday voqealar, olimlarning gapi bo‘yicha, 10-11 yilda bir marta bo‘lar ekan va bu kanal mabodo, jiddiy asoratga olib keladigan bo‘lsa, o‘sha suvni ko‘tarib berayotgan nasoslaringni ma’lum muddatga o‘chirib qo‘yasan, vassalom. O‘zbekiston, Qozog‘iston, boshqa respublikalar bo‘lsa, ana shu suvlardan meva-cheva, sabzavot, muhimi, paxta yetkazib beradi. Bu nimasi, shunday yer, suv zaxiralariga ega bo‘la turib, ayrim yillari hatto million-million tonna g‘allani xorijdan sotib olishga to‘g‘ri kelayapti. Undan tashqari, Boltiqbo‘yi, Ivanovo, Moskva atrofidagi shaharlarning yengil sanoati o‘zbek paxtasida ishlayapti-ku, axir, — dedi.

— Ber, o‘sha suvlaringni Rashidovga. Bundan faqat foyda ko‘ramiz.

Leonid Ilichning ko‘p narsalardan xabari bor ekan, — deb o‘yladi Markazqo‘mning qishloq xo‘jalik masalalari bo‘yicha kotibi, Brejnev xonasidan chiqib kelar ekan. 

“Bu suv gadosi — niyatiga erishmay qolmaydi, shekilli. Bersak beraqolaylik, o‘sha bekor oqib yotgan suvlarni, baribir ulardan bizga foyda kam, lekin O‘rta Osiyodagi bizning qadimdan olib borayotgan siyosatimiz barcha yer usti va yer osti foydali qazilmalariyu, paxta va boshqa noz-ne’matlarni ularning o‘z ichki zaxiralari, ichki imkoniyatlari va o‘z mehnatlari hisobiga yetishtirish, ishlab chiqarish edi-ku. Leonid Ilich ko‘ngil bo‘shlik qilmayaptimikan-a? Undan keyin bu Rashidovga teng kelib bo‘larmidi?” – deb o‘ylab qoldi kotib. Siyosiy Byuro a’zolaridan Brejnevdan tashqari kim ikki marta qahramon bo‘ldi, kim 11 marta Lenin ordeni sovrindori bo‘ldi? Rashidov. Bu oqpadar ham yaxshi ishlaydi, ham hurmat-e’tiborni o‘rniga qo‘yadi. 

Buning ustiga Bosh sekretarning qaroriga e’tiroz bildirib bo‘larmidi?! 

Rashidov, Qo‘naevlar yaxshi ishlashibdi, degan xulosaga keldi u. Partiyadan ham o‘zlarini yuqoriroq tutayotgan rus yozuvchi, ziyolilarini esa, Brejnev bir og‘iz aytsa, Andropov tinchita oladi.

Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasining XXV s’ezdi, Ittifoq reja tashkilotlari va sovet fani oldiga 10- besh yillikda Sibir daryolarining quyi oqimidagi suvlarning bir qismini O‘rta Osiyoga tashlash yuzasidan ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish va loyiha ishlarini ishlab chiqish vazifasini qo‘ydi. 

Natijalar ham yomon bo‘lgani yo‘q. Sobiq Sovet Ittifoqining eng oliy boshqaruv organi bo‘lgan KPSSning XXV, XXVI s’ezdlari ikki besh yillik mobaynida Sharof Rashidov ko‘targan masalalar yuzasidan maxsus qarorlar qabul qildi. Shunday qilib Sibir daryolarining quyi oqimidagi katta suv zaxiralarini O‘rta Osiyo va Qozog‘iston cho‘llariga tashlash bo‘yicha «Asr loyihasi» nomi bilan mashhur bo‘lgan noyob reja dunyoga keldi. 

S’ezd shunday qaror qabul qilar ekan, Sharof aka uchun bu mashaqqatli mehnatining yuzaga chiqishi, bir so‘z bilan aytganda — g‘alaba edi. Bu so‘zsiz Sharof akani ilhomlantirib yubordi. 

Ko‘p o‘tmay, Politbyuro topshirig‘i bilan Sibir daryolari suvlarini O‘rta Osiyoga tashlash Bosh loyihasi ishlab chiqildi, kanalni qurish ishlari boshlab yuborildi. Bunga SSSR davlat byudjetidan katta mablag‘lar ajratildi. Ittifoqdagi barcha irrigatsiya va melioratsiya idoralari, qurilish korxonalari, mashinasozlik zavodlari, Ittifoq va bir qator respublikalarning tarmoq vazirliklari, tadqiqot institutlarining ilmiy salohiyati jalb etildi. O‘zbekistondan, Qozog‘istondan sun’iy daryo o‘tadigan, yildan-yilga qurib borayotgan Orol dengiziga borib quyiladigan kanalning yo‘llari (trassalar) belgilandi. SSSR zavodlarida suv haydab beradigan bahaybat nasoslar, ichiga katta yuk mashinalari sig‘adigan po‘lat quvurlar, suvlarni ochib-yopish moslamalari (zadvijkalar) ishlab chiqarila boshlandi. 

Lekin ko‘p o‘tmay Brejnev, Sharof aka olamdan o‘tdilar. Qo‘naev yakkalanib qoldi. Keyin uni ham nafaqaga jo‘natishdi. Sovet Ittifoqi tarqatib yuborildi. Ittifoq tarqalgandan keyin esa Rossiyada ma’lum muddat ochiq millatchi, shovinistik doiralar ustun kela boshladi. Ham Rossiya, ham Markaziy Osiyo davlatlari xalqlari turmush darajasini ko‘taradigan, hayotini o‘zgartirib yuboradigan ajoyib Asr loyihasi barbod bo‘ldi. Hech mubolag‘asiz butun dunyo xalqlarini tobora tanqis bo‘lib borayotgan shirin-shakar bog‘dorchilik mahsulotlari, ekindan hozirgina uzib olingan ko‘k sabzavot mahsulotlari, uzum, olma, anor, qovun-tarvuz yetishtirish niyatlari ro‘yobga chiqmay qoldi. 

Navbatdagi mavzuni qalamga olmoqchi emas edim. Axir, bu mavzu – qaytarilaverib, siyqalashib, ko‘pchilikning badiga urib ketgan, boz ustiga keyinroq bu haqda “amalga oshirib bo‘lmaydigan loyiha” degan xulosalar chiqarilgan edi. Yana buning ustiga o‘sha paytdagi SSSR rahbariyati, Mixail Gorbachyovdan keyin mamlakatning ikkinchi rahbari Yegor Ligachev, Rossiya ijodiy jamoatchiligi, ziyolilar bu loyihaga o‘zlarining qarshi ekanligini bildirgan edilar. Shu loyiha bo‘yicha KPSS Markaziy Qo‘mitasi Siyosiy Byurosining qarori e’lon qilindi. Demak, nima demang, hammasi bekor, befoyda, amalga oshirib bo‘lmaydigan ish. Lekin shu bilan birgalikda Markaziy Osiyo davlatlari uchun bu — birinchi o‘rindagi muhim mavzu ekanligini hayot ko‘rsatib turibdi. 

Lekin so‘nggi yillarda Sibir daryolarining suviga tegib bo‘lmaydi, suvi qurigan daryolarda kemalar yura olmay qoladi, umuman, bu og‘ir va asl holiga qaytmas ekologik o‘zgarishlarga olib keladi, deyilgan edi va Sibir daryolarining quyi oqimidagi suvlarini O‘rta Osiyoga tashlash masalasi unutila boshlangandi. Shu mavzuga qayta murojaat etishimizning sababi shundaki, so‘nggi paytda Rossiyaning davlat federal televidenie kanallari, gazeta va jurnallarida Sibir suvlari Qozog‘iston cho‘llari orqali Xitoyning Janubi-g‘arb hududlariga yetkazib berildi, degan chiqish va maqolalar paydo bo‘lib qoldi. 

Bir balosi bo‘lmasa shudgorda quyruq na qilur, deydi dono xalqimiz. Demak, Qozog‘istonning shimoliy chegarasiga yaqin hududda foydalanilmay yotgan, ilgari, “Asr loyihasi”ni ataylab bekor qilish maqsadida mavjudligi inkor etilgan katta, ortiqcha suv zaxiralarining borligi aniq. Faqat uni kimgadir osonlikcha beradigan anoyi yo‘q. Lekin bir narsa bizni biroz bo‘lsa-da tinchlantiradi. Davlatlar o‘rtasidagi yangi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar bu masalaning yechimiga aniqlik kiritishi shubhasizdir. Foydalanilmay yotgan Shimoliy Muz okeaniga bekorga oqib ketayotgan suv zaxiralaridan mo‘maygina daromad olish bozor iqtisodiyoti sharoitida har bir davlat va tadbirkorning ayni muddaosidir. Sibir daryolari suvlari shundoqqina Rossiyaning biqinida bo‘lgan O‘rta Osiyo yerlariga keladimi yoki tranzit yo‘li bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Xitoyga o‘tib ketadimi, hali noma’lum. Lekin bir narsa aniqki, Sharof Rashidovning o‘tgan asrning 60–70-yillarida “Asr loyihasi” degan nom bilan jahonga mashhur bo‘lib ketgan loyihasi o‘zining hayotiyligini, aktualligini yana bir marta tasdiqlamoqda. Bu Rashidov haqiqatlarining yana bittasidir. 

Fikrimni asoslash uchun, shu yerda mashhur adiblarning mulohazali gaplarini misol qilib keltirmoqchiman. Bernard Shou: “Buyuk haqiqatlar hamisha avvaliga jiddiy e’tiborga olinmagan, hazil deb topilgan”, Albert Shveytsar: “Har qanday katta haqiqatning qismati avvaliga inkor etilib, keyin tan olish bilan yakunlanadi”, — desa, A.Lamartin ismli o‘arb donishmandi shunday deydi: “Utopiyalar ko‘pincha vaqtidan avval aytib qo‘yilgan haqiqatlar bo‘lib chiqadi”. Bu gaplar Sharof Rashidov haqiqatlarining isbotiga yaqqol misol bo‘la oladi. 

So‘nggi yillarda sobiq Ittifoq ma’muriyatining ish uslubi biroz o‘zgardi. Har holda Xelsinki Shartnomasi imzolandi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasiga qo‘l qo‘yildi. Ochiq qatag‘onlar to‘xtatilib, pinhoniy ish uslubiga o‘tildi. Ayniqsa, yer osti va yer usti boyliklari jadal sur’atlar bilan olib chiqib ketila boshlandi. Muruntov, Uchquduq, Angren, Olmaliq, Pop, boshqa biz bilgan va bilmagan tillo konlaridan boyitilgan oltin rudalarini vagon-vagonlab emas, eshelon-eshelon qilib olib ketayotganlarini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Xuddi shunday, valyuta bahosida yuradigan million-million tonna paxta, pilla, uran, ho‘l meva, poliz mahsulotlari hammasi suv tekinga olib ketilar edi. Davr shunaqa, tuzum shunaqa edi, munosabatlar shunaqa edi.

Sharof aka bunga befarq edilar, deydiganlar bekor aytishadi. 

U kishi Moskvadan, SSSR byudjetidan oladiganini qanday bo‘lmasin undirib olar edi. Yuzlab tonna toza, qimmatli xomashyo berayotgan Muruntov oltin, Uchquduq uran konlari Sharof Rashidov davrida ishga tushirildi. Navoiy, Chirchiq, Angren, Olmaliq va boshqa butun-butun bir ishchi shaharlari qad ko‘tardi. Qo‘riq va bo‘z yerlar ochilib, minglab gektar yangi ekin maydonlari paydo bo‘ldi. O‘rta Osiyoda yagona Toshkent metropoliteni ishga tushirildi. Chorvachilik, g‘allachilik, qo‘ychilik, bo‘rdoqichilik rivojlandi. Minglab ish o‘rinlari tashkil etildi.

Zilzila sodir bo‘lgan kuni ertasigayoq sobiq ittifoq rahbarlari Toshkentga yetib kelishdi. Sharof Rashidov davrida yangi Toshkent qad rostladi. 

Ana shunday og‘ir paytda ham u kishi oddiy odam sifatida, komil insonlarga xos, ko‘pchilikka o‘rnak bo‘la oladigan namunali hayot kechirdi. Buni biz bugun u kishining yaxshi tarbiya ko‘rgan farzandlari, keyin yirik davlat arboblari bo‘lib yetishgan shogirdlari misolida ko‘rishimiz mumkin.

Shunchalik hurmat-e’tibor bilan tinchgina yashasa ham bo‘lar edi-ku, bu ulug‘ inson, degan fikr keladi xayolga. Yo‘q, u hatto insult bo‘lganidan keyin ham, shifokorlar samolyotda uchishni taqiqlab qo‘yganlarida ham O‘zbekiston kelajagini, xalqining farovonligini o‘yladi va adabiy-badiiy, ijtimoiy-iqtisodiy-siyosiy-madaniy faoliyatida, millatimizni dunyoga tanitadigan ko‘p million tonnali o‘zbek paxtasi uchun kurashini davom ettirdi. 

Endi Sharof Rashidovning bevosita ishtiroki bo‘lgan, o‘zim bilan bog‘liq boshqa bir voqeaga to‘xtalib o‘tmoqchiman.

(Davomi bor.)

Irismat ABDUXOLIQOV,

SSSR Davlat Teleradioqo‘mitasi

 «Vremya» axborot dasturining O‘zbekistondagi

(1978—1989 yillar)  maxsus muxbiri

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

9 + nineteen =