MATBUOT TARIXI BILIMDONI

Ilm  bilan shug‘ullanish, biror sohani yaxshi ko‘rish, uni o‘rganish va izlanishga bo‘lgan ishtiyoq —  mubtalolik, aslida. Agar u bo‘lmasa, fanda yangilikka erishib bo‘lmaydi. Chunki ilm bilan shug‘ullanish qanday faoliyat turi bo‘lishidan qat’i nazar, uzoq davom etadigan, natijasi tez ko‘rinmaydigan murakkab va mashaqqatli jarayon bo‘lib, tadqiqotchidan katta kuch, sabr va matonat talab etadi. Fanda qilingan yangilik, ixtiro, yaratilgan asar tinimsiz o‘qib-o‘rganish, qayta-qayta manbalarni solishtirish, tahlil etish, tajriba o‘tkazish, sinab ko‘rish, ba’zan samarasiz ketgan vaqt, mashaqqatli mehnat evaziga yuzaga keladi.

 

 Ustozimiz — taniqli olim, publitsist, filologiya fanlari nomzodi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, “Oltin qalam” milliy mukofoti sovrindori Boybo‘ta Do‘stqoraev ilmiy ijodiy faoliyatini kuzatish asnosida, uning  o‘zbek jurnalistikasi tarixini o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqining balandligi bu sohada jiddiy, fundamental ahamiyatga molik tadqiqotlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi. 

  Boybo‘ta Do‘stqoraev ToshDU (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetida 1969 yildan ish boshlagan bo‘lsa, qariyb yarim asrlik umrini o‘qituvchi sifatida shu sohada jurnalist kadrlar tayyorlashga hamda milliy matbuot tarixini izchil o‘rganishga bag‘ishladi.  

Boybo‘ta Do‘stqoraev dastlab adabiy tanqidchilik borasida tadqiqotlar olib bordi. 1986 yilda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilganidan keyin, o‘zbek matbuot tarixini o‘rganishga kirishdi. Bunga sabab XIX asr oxiri va  XX asr boshlari milliy adabiy muhitni tadqiq qilish jarayonida o‘zi faoliyat olib borayotgan jurnalistika sohasi, aniqrog‘i, milliy matbuot tarixiga oid o‘rganilmagan manbalarning ko‘pligi bo‘lgan. Ularni tadqiq qilish, o‘rganish asnosida domla milliy matbuot tarixi va uning yetuk namoyandalari Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori, Abdulla Avloniy, Cho‘lpon, Fitrat, Hoji Muin, Ubaydulla Asadullaxo‘jaev, Saidrizo Alizoda singari ma’rifatparvar milliy ziyolilarning jurnalistik faoliyati haqida yozgan maqolalari bilan ilmiy jamoatchilikka juda ko‘p yangiliklarni taqdim etdi. Keyinchalik o‘zbek jurnalistikasi tarixi bo‘yicha, ta’bir joiz bo‘lsa, yagona fundamental tadqiqot ustida jiddiy ish olib bordi. 

Bu tadqiqotning qimmati shunda ediki, XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Turkiston o‘lkasining ijtimoiy-siyosiy hayotida milliy matbuotning tutgan o‘rnini to‘g‘ri  va xolis ko‘rsatib berdi. Domla o‘zi o‘rgangan ma’rifatparvarlarning har biriga va ularning shaxsiga chuqur hurmat bilan yondashdi. Ayniqsa, buni domlaning matbuotda chop etilgan Behbudiy, Munavvarqori, Cho‘lponga bag‘ishlangan maqolalari mazmunidan ham ko‘rish mumkin.  

Ilmda tadqiqotchiga zarur bo‘lgan eng muhim talab, ilmiy muammoni har tomonlama sinchiklab, sabr bilan o‘rganishdir. Chunki ilmiy muammoga bitta manba yoki uning atrofidagi fikr-mulohazalarni o‘rganish bilangina  oydinlik kiritib bo‘lmaydi.  Avvalo, yuzaga kelgan voqelikning ob’ektiv-sub’ektiv sabablari, ularning yaratilgan nazariyalarga mos kelish-kelmasligini chuqur ilmiy tahlil orqali o‘rganish, manbalarni, olimlar fikrlarini solishtirish orqali o‘zi ilgari surayotgan ilmiy g‘oyaning ahamiyatini asoslab berish talab etiladi. Buning uchun qancha kitobni o‘qish, qancha ma’lumotni erinmasdan ko‘rib chiqish zarur. Ba’zan bitta so‘z, bitta iboraning qo‘llanishida muayyan maqsad, ilgari surilgan jiddiy da’vo bo‘lishi mumkin. Buni tadqiqotchi tushunishi, bilishi va hisobga olishi juda muhim. Shu ma’noda Boybo‘ta domla ilmda shoshma-shosharlikni qabul qilolmasdi. “Shoshib qilingan har qanday tadqiqot, ilmiy ishning umri o‘zi kabi qisqa, ahamiyatsiz”, deb hisoblardi.  Ilmiy tadqiqot ustida ish olib borayotganlarning tinimsiz izlanishi, o‘z ustida muntazam ishlashi, harakatchanligi, tezkorligini qadrlagan holda shoshib fikr bildirish, o‘ylamay aytilgan gapning xato ekanligini asoslab berardi. O‘zi esa ilmga o‘ta bosiqlik bilan yondashib, mavzuni obdon o‘rganib chiqardi, bu borada mutaxassislarning fikrlari, ilmiy qarashlarini tahlil qilardi. Topgan yangi ilmiy manbani darrov e’lon qilishga shoshilmas, uning ustida uzoq, haftalab, ba’zan oylab ishlashi mumkin. Hatto bitta yangi so‘zni uchratguday bo‘lsa, uning ma’nosini ilmiy manbalardan qidirar, agar o‘sha ma’nodan ko‘ngli to‘lmasa, yana boshqa lug‘atlardan, mumtoz adabiyot haqidagi tadqiqotlar, shoiru yozuvchilarning asarlariga murojaat qilardi. Ungacha bu so‘zni hech qaerda qo‘llamasdi. Matbuotda, ilmiy doiralarda kam ko‘rinsa ham, har bir chiqishida asosli ilmiy yangilik, hali aytilmagan fikr bo‘lar va ilmiy jamoatchilik tomonidan  e’tirof etilardi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, soha ilmi kishilari va adabiy jamoatchilik Boybo‘ta domlani yaxshi biladi, olim sifatida hozir ham hurmat qiladi.

Ilmiy-pedagogik faoliyatimiz davomida domla bilan bir jamoada ko‘p yillar birga ishladik. Domla bilan bo‘ladigan oddiy suhbatlarning ham o‘ziga yarasha ma’rifiy yuki bo‘lardi. Bunday suhbatlardan albatta biror yangilik, hech bo‘lmaganda yangicha yondashuvni o‘rganardik. O‘qigan yangi asari bo‘ladimi yoki arxivdan topgan yangi ma’lumotimi, u haqida shunday ishonch va mehr bilan gapirardiki, ilmga mubtalolik shu bo‘lsa kerak, deb o‘yga borardik. Biz shogirdlar, domlani  ko‘p eshitsak-da, ammo har narsa haqida gapirishga botinolmasdik. Chunki aytilgan fikr yoki mulohazam noto‘g‘ri emasmikin, degan hadik domlaning oldida har qanday tadqiqotchini sergaklantirardi. Domla jurnalistika va adabiyotshunoslik sohasidagi o‘zgarishlarni muntazam kuzatib borishi – u kishiga xos ajoyib odatlardan. Nafaqat hamkasblari yoki shogirdlari, hatto talabalarning ijodini ham kuzatib borardi. Maqolasi gazeta va jurnalda chop etilgan talabani chaqirib, maqolani o‘qiganini va o‘zining u haqdagi mulohazasini bildirib qo‘yardi.  

Boybo‘ta domla matbuot tarixini o‘rganishda birinchi manbadan foydalanish, haqiqatni oydinlashtirishda tarixiy hujjatlarga oydinlik kiritishda juda muhim rol o‘ynashini teran his etadigan olimlardan. Buning uchun tinimsiz izlanishdan, respublika davlat arxiviga borib,  eski qo‘lyozmalarni ko‘chirishdan charchamadi. Ularning bir qismi matbuotda chop etilgan maqolalar orqali yoritilgan bo‘lsa, qolganlari 2009 yilda nashrdan chiqqan “O‘zbekiston jurnalistikasi tarixi” darsligida aks etgan. 

Boybo‘ta domlaning matbuotimiz tarixi haqidagi qiziqarli hikoyalarini, hali hech kim aytmagan, hech yerda yozilmagan yangi ma’lumotlarga boy ma’ruzalarini tinglagan, ilmiy-ommabop maqolalarini o‘qiganlar borki, bu kitobni ancha avvalroq kutishgan edi. Domla darslik yaratishni rejalashtirganiga qaramay, uni chop etishga, jamoatchilik e’tiboriga havola qilishga shoshilmadi. Natijada, o‘zbek jurnalistikasi tarixida salmoqli, mukammal tadqiqot  yaratildi. Balki mukammal deganimiz bir oz bo‘rttirish, mubolag‘a bo‘lib ko‘rinishi mumkindir. Ammo bu sohani yaxshi bilgan, ayniqsa, milliy matbuotimiz tarixiga qiziqqan, u bilan yaqindan tanishganlar, jilla qursa shu paytgacha bu sohada yaratilgan ilmiy asarlar, o‘quv qo‘llanmalari, darsliklarni varaqlagan o‘quvchi fikrimizning to‘g‘ri ekanligini tasdiqlasa kerak, deb o‘ylaymiz.   

“O‘zbekiston jurnalistikasi tarixi” darsligining shu paytgacha yaratilgan boshqa manbalardan farqli jihati shundaki, unda milliy matbuotimizning aks etmagan sahifalariga o‘rin berilgan. Masalan, milliy jurnalistikamiz tarixida Buxoro matbuoti umuman yoritilmagandi. Darslikda  XX asrning boshlarida Buxorodagi ijtimoiy-siyosiy ahvol va bu yerda chop etilgan “Buxoroi sharif”, “Turon” singari milliy gazetalar haqida mufassal bayon qilinadi. Shuningdek, chor Rossiyasi mustabid tuzumining nashri “Turkiston viloyatining gazeti” bilan milliy matbuot orasidagi mafkuraviy kurash masalalariga e’tibor qaratilgan. Unda XX asr boshlarida ziyolilarimizning o‘ta og‘ir sharoitda milliy matbuotni tashkil etishdan ko‘zlagan maqsadlari, “Taraqqiy”, “Xurshid”, “Shuhrat”, “Osiyo” gazetalari orqali mustabid tuzum bilan mafkuraviy muhoraba olib borishi, milliy ziyolilar ijtimoiy-siyosiy ongining shakllanishiga xizmat qiladigan ushbu nashrlarning yopilishi haqida qimmatli fikrlar berilgan.

Axborot xurujlari keskinlashgan hozirgi davrda, milliy jurnalistikamizning mafkuraviy asoslarini belgilashda darslikda ilgari surilgan fikr va g‘oyalar nihoyatda qadrlidir. Bundan tashqari, darslikda o‘rganilgan, tadqiq etilgan har bir manbaga ilmiy nuqtai nazardan xolis yondashilgan.

Soha taraqqiyoti uchun nihoyatda zarur bo‘lgan mazkur darslikni yozishga bel bog‘lagan ustozimiz yosh olim va tadqiqotchilarga haqiqiy ma’nodagi fidoyi olim sifatida ibrat namunasini ko‘rsatgan. Bunday deyishimizga sabab Boybo‘ta domla har bir davr, voqelik bilan bog‘liq fakt va manbalarni izchil o‘rgangan, kutubxonalar, xususan, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, O‘zbekiston Respublikasi Kitob palatasi, O‘zbekiston Davlat Markaziy arxivlarda o‘sha davrda chop etilgan vaqtli nashrlarga qayta-qayta murojaat qilgan. Ammo milliy gazeta va jurnallarning hamma namunalari ham kutubxonalarda mavjud emas edi. Misol uchun «Shuhrat», keyinroq chop etilgan «Sho‘roi islom» gazetalari mazkur muassasalarda yo‘q edi. Yoki O‘zbekiston Milliy kutubxonasida «Xurshid» hamda Buxoroda chop etilgan “Turon” gazetasining  faqat bittadan soni bor edi, xolos. Qolgan nashrlar ham to‘liq emas edi. Masalan, «Sadoi Farg‘ona»ning 123 ta sonidan 80 dan ortig‘i, «Sadoi Turkiston»ning jami 67 ta sonidan 40 tasi (hammasi bo‘lib 87 soni chiqqan), «Hurriyat» gazetasining 50 dan ortiq soni bor. «Hurriyat», «Kengash» kabi jurnallarning nashrlari saqlanmagan.  Boybo‘ta domla esa ushbu nashrlarning kutubxonalarda yo‘q sonlarini Samarqand, Buxoro, Qo‘qon shaharlaridagi kutubxona va muzeylar, odamlarning shaxsiy kutubxonalaridan topib, tadqiq etgan. Hatto ayrim nashrlarini xorijdan topib o‘rgangan. Misol uchun “Oyina” jurnalining kutubxonalarda yo‘q sonlarini aka-uka Gumboldt universiteti professori Ingeborg Baldauf yordamida Germaniyadan nusxa ko‘chirtirgan. 

Ba’zan kunlab, oylab kutubxona va arxivlarda sarg‘ayib, titilib ketgan gazeta sahifalarida arab imlosidagi maqolalarni, hujjatlarni erinmasdan o‘zbek imlosiga ko‘chirar, ulardagi yangi fakt va dalillar, ularning izohini topardi. Keyin yozgan ilmiy maqolalarida bu manbalarni shunchaki berib qo‘ymasdan, jurnalistika tarixi mutaxassisi sifatida o‘zining yondashuvlarini izchil ifoda etardi. 

Boybo‘ta domlaning ilmiy-pedagogik hamda publitsistik faoliyati bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Oliy ta’lim muassasasida talabalarga saboq berish bilan birga o‘rgangan yangi ma’lumotlarga boy, o‘ziga xos qarash, yondashuvga ega, o‘quvchini o‘ylashga, fikrlashga undaydigan publitsistik maqolalari bilan matbuotda muntazam ishtirok etardi.  Ushbu chiqishlarida domla ko‘tarilgan masalaning ilmiy-nazariy, amaliy mohiyatiga e’tibor qaratish bilan birga, uning tarbiyaviy ahamiyatiga ham alohida urg‘u berib o‘rganardi. Shu bois uning yozgan har bir maqolasi, ma’ruzasi yoki chiqishida olimlarga xos bilimdonlik bilan birga, aytilayotgan fikrga nisbatan odob va andisha bilan yondashish sezilib turadi. Ilm kishisi sifatida, albatta kasb odobiga rioya etadi, muayyan mavzuda o‘zidan boshqalarning fikrini hurmat qiladi va ular bilan hisoblashadi. 

O‘zbekistonda Boybo‘ta domladan saboq olmagan, sermazmun ma’ruzalarini, sohaga oid qiziqarli hikoyalarini tinglamagan jurnalist bo‘lmasa kerak. Axir muallim umrining oz emas, ko‘p emas, 40 yildan ortig‘ini jurnalist kadrlarni tayyorlashga sarflab, o‘zining maktabini yaratgan olimlardan hisoblanadi. Hozir domla uylarida, nafaqadalar. Yo‘qlab borib, suhbatidan bahramand bo‘lamiz. Shunday suhbatlarda o‘qigan kitoblari, maqolalari haqida gapirib, ba’zi mualliflarning qarashlariga nisbatan munosabatini bildirgan bo‘ladi. Shu yengil mulohazalarda ham salmoqli fikr, jo‘yali asos bo‘ladi. Bu sohasining bilimdoni, fidoyisi Boybo‘ta domlaning olimlik fazilatidir.

 

Bundan besh yil avval O‘zbekiston milliy matbuot markazida O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri, rahmatli Abdulla Oripov Boybo‘ta Do‘stqoraev haqida shunday degandi: “Shunday odamlar bor, u haqida gapirganing sari gapirging keladi,  Boybo‘ta ham ana shunday har qancha gapirsang ham gapirging kelaveradigan ma’naviyati boy, zukko olimlardandir”.  O‘shanda domla 70 yoshga kirgandi. Vaqtning yugurikligini qarang. Bir zumda besh yil o‘tib, o‘zbek jurnalistikasi tarixining sarkash bilimdoni Boybo‘ta Do‘stqoraev tabarruk 75 yoshga kirib qo‘yibdi. Bu ulug‘ yosh bilan barcha  hamkasblari va shogirdlari, sobiq va sodiq talabalari chin yurakdan tabriklaymiz. Umringiz uzoq bo‘lsin, ustoz, deymiz.  

 

Akbar NURMATOV,

O‘zDJTU xalqaro jurnalistika nazariyasi va amaliyoti 

kafedrasi mudiri,

 filologiya fanlari nomzodi, dotsent. 

Nazira TOSHPO‘LATOVA, 

filologiya fanlari nomzodi, dotsent

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × four =