ARAVAGA QO‘SHILGAN OHU QISSASI. Taniqli yozuvchi Sharof Boshbekov bilan suhbat

  

– Garchi teatr – ibratxonadir, degan qarashlar necha yuz yillardan beri qalbimizga singib ketgan bo‘lsa-da, hamon bizni ana shu adabxona o‘zining vazifasini qay darajada uddalayotgani qiziqtiradi. Rivojlangan mamlakatlarda ham madaniy taraqqiyotning yuksak mezoni sifatida teatrga alohida e’tibor qaratilib, har bir yangi asar katta idrok bilan sahnalashtiriladi. Suhbatimiz boshida ana shu teatr hayoti va tomosha madaniyati haqida ko‘nglingizdagi fikrlar bilan o‘rtoqlashsangiz.

    

– Olamda teatr degan mo‘’jiza paydo bo‘lgandan beri uning tomosha ko‘rsatishdek yakkayu yagona vazifasi bo‘lgan. Shuning uchun zalda o‘tirganlarni tomoshabin deymiz. Tomoshabin teatrga mavzu yoki muammo uchun emas, tomosha ko‘rgani keladi. Afsuski, biz teatrning ana shu azaliy va tabiiy vazifasini bir chetga surib, unga juda ko‘p vazifalar yukladik. Bir tasavvur qiling: xushmanzara go‘shada nihoyatda go‘zal bir ohu yuribdi. Tabiat unga inson ko‘zini quvontirishdek ezgu vazifa yuklagan. Biz uni bunday vazifadan ozod etib, boshqa vazifa yukladik, ya’ni… aravaga qo‘shdik! Oqibatda go‘zallik nobud bo‘ldi, aravadagi yuk ham joyida qolaverdi… Ayanchli hol, to‘g‘rimi? OHU+ARAVA=TYeATR.

Keling, endi «aravadagi yuk»ning nimaligini ko‘rib chiqaylik. «Teatr – minbar» deyildi va sahna notiqlar minbariga, tomoshabin lektsiya tinglovchilariga aylantirildi. «Teatr xalqdan oldinroqda yurishi kerak» deyildi. Oldinroq yurdik. Oradan bir oz vaqt o‘tib mundoq orqamizga qarasak, bizga hech kim ergashmayotgan ekan! Shaxdam qadamlar bilan olg‘a ketaveribmiz-u, bir martagina orqamizga qarab qo‘yish esimizga kelmabdi. Uzilish, orqadagi masofa ancha – qaytgimiz kelmadi. Sho‘rlik tomoshabinni madaniyatsizlikda, qoloqlikda, teatrdek nafis san’atni tushunmaslikda aybladik. Shu qadar ilgarilab ketdikki, endi bizni na «oldindagilar» tushunadi, na orqada qolib ketganlar! Zo‘r berib vaziyatdan chiqishning yo‘lini qidirdik. Topdik ham: tomoshabinni teatrga majburlab olib keldik. Hamma chiptalar sotilgani holda zalda o‘tirgan yakkam-dukkam tomoshabin oldida xijolat ham bo‘lmadik. Uyalishga vaqt yo‘q – «aravadagi yuk» og‘ir edi. «Biz xalqni madaniyatli qilyapmiz!» deb o‘zimizni ovutdik. O‘zimizni maqtashga o‘tdik. Matbuot, radio-televidenie, turli katta-kichik minbarlar xizmatimizda bo‘ldi. Bora-bora maqtash va maqtanish qon-qonimizga singib ketdi. Ishimizni xolis, haqqoniy baholashga, kamchilik va xatolarimizni mardona tan olishga vujudimizdagi har bir hujayra qarshilik ko‘rsatadigan bo‘lib qoldi. Qanchalik maqtanmaylik, bizga baribir ishonishmadi – chipta sotuvchilarimiz zerikib qolaverdi… Yana chora qidirdik. Yo‘q, bu safar aybdorni qidirdik. Avvaliga, teatr dramaturgni aybladi, dramaturg tanqidchini, teatr direktori bosh rejissyorni, rejissyor rejissyorni, aktyor aktyorni. Shunday qilib, teatrdagi ma’naviy muhit butunlay izdan chiqib ketdi. Va nihoyat, teatr biz ko‘rib turgan bugungi ahvolga tushib qoldi. Endi chora qidiryapmiz. Qidirishga qidiryapmiz-u, lekin hali ham «ohu aravaga qo‘shilgani»cha turibdi-da. 

– To‘g‘ri, teatrning o‘ziga xos xususiyatlari bor. Har qanday asar sahnalashtirilgani bilan san’at namunasi bo‘lib qolavermaydi. Balki, yozuvchilarimiz tomoshabin yuragiga yaqin asarlar yetkazib berganida, “ohuni aravaga qo‘shish”ga hojat qolmasdi. Shu haqida fikringizni bilmoqchi edik.  

– Bugun yaxshi zamonlar keldi, endi istagan mavzuda yozaveramiz, degan gapni ko‘p eshitayapmiz. Qarang, yana mavzuga umid qilyapmiz! Ijod erkinligi adabiyot va san’at gurkirab rivojlanishi uchun keng harakat maydoni berdi, lekin talant bergani yo‘q! Demak, badiiy kashfiyot darajasidagi asarlarning salmog‘i favqulodda oshib ketadi, deb umid qilish xomxayoldir. Yaxshi yozuvchi yaxshi, yomon yozuvchi yomon yozaveradi. Qolaversa, «Asar teatrda asar bo‘ladi» degan gap bor. Qiziq, axir shuncha yillardan beri «asar teatrda asar bo‘lib» kelyapti-yu, lekin negadir ishimizda siljish yo‘q. Bu shior o‘zini oqlaganda, yaxshi pesalar masalasi hal bo‘lib, teatr san’ati kosmik tezlikda rivojlanib ketardi. Vaholanki, teatr shunday mo‘’jizakor kuchga ega ekan, nega endi duch kelgan yomon pesani olib, bir-biridan zo‘r spektakllar yaratmayapti? Bo‘sh va o‘rtamiyona asarlar tiqilib yotibdi. Qarang, muallif teatrga pesasini olib keladi, rejissyor «u yerini undoq qilish kerak, bu yerini bundoq qilish kerak» dermishda, u shekspirona asarga aylanarmish! Nega endi avtorning o‘zi bir yo‘la «u yerini undoq, bu yerini bundoq» qilib kela qolmaydi? Yo pesa yozishni bilmaydimi? Demak, rejissyordan qarzga aql olmay turib, hech kim pesa yozolmas ekan-da? E’tibor bering, masalaning mohiyati shu yerda! Qolaversa, bu qandoq mushkul ishki, hech kimning qo‘lidan kelmasa?! Menimcha, har kim o‘z ishini bilib, halol bajargani ma’qul. Ya’ni predmetni dramaturg, uni ifoda etadigan vositalarni teatr yaratsa, “ohuning aravasidagi yuk” ancha yengillashadi. 

– Hozirgi san’at institutida bo‘lajak rejissyorlar, aktyorlar yetishib chiqadi. Ammo ana shu oliy bilim dargohi bitiruvchilari orasida nazarimizda, hali yarq etgan iste’dodlar ko‘zga chalinmayapti.

– To‘g‘ri, kadrlar masalasini hal qilmay turib, teatrni yuksaltirish haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Bu masala o‘z-o‘zidan soha o‘quv muassasasiga borib taqaladi. Yaqin yillarda teatrga kirib kelayotgan yosh aktyorlarning ishini kuzatib, ushbu dargohdagi o‘quv-tarbiya ishlarini zudlik bilan tubdan yangilash kerak, degan fikrga keldim. Avvalo, talabalarning savodsizligi odamni lol qoldiradigan darajada ayanchli. Bir varaq tarjimai hol yozsa, kamida o‘n-o‘n beshta imlo xato bo‘ladi. «Mutaassib» nima degani? «Taxlid» bilan «taqlid» bitta so‘zmi» degan savollarni eshitib, ular uchun ham siz uyalib ketasiz. Xo‘p, maktab yaxshi bilim bermagan ekan, institut-chi? Qabul jarayonida bo‘lajak talabaning qaysi jihatiga qaralyapti? Bular kadrlar tayyorlash jarayonidagi jiddiy masalalar. 

Ko‘pincha yosh dramaturglar ijodiy seminarlariga taklif etishadi. Deylik, o‘ndan ortiq dramaturglarning asarlari o‘qiladi, qizg‘in muhokamalar bo‘ladi, dramaturgiyamiz masalalari, mahorat muammolari, pesalarning sahnaga chiqishidagi ayrim to‘siqlar haqida fikr almashiladi. Gap oshkoralik va teatrni yangilash masalasiga kelganda, bir g‘alati faktga duch kelaman. Pesalarning janri rang-barang, mualliflarning qiziqish doirasi keng va badiiyat sirlarini o‘rganishga intilish kuchli. Lekin ijtimoiy jasorat va alohida jur’atni talab qiladigan bitta ham asarning topilishi mushkul. Bu ham yetmagandek, “Manavi masala haqida yozsak bo‘ladimi?”, “Anavi gap qaltis chiqib qolmadimikan?” qabilidagi gaplarni eshitib, g‘alati ahvolga tushaman. Bunday ehtiyotkorlik, to‘g‘rirog‘i, qo‘rqoqlik yosh dramaturglarimizda qayoqdan paydo bo‘ldi? O‘ttizinchi yillarning jabrini tortmagan, “turg‘unlik yillari”da jiddiyroq zarba yemagan o‘ttiz-o‘ttiz besh yoshli pesanavislarimizning nega bunchalik tizzasi qaltiraydi? Bu o‘ta ehtiyotkorligimizning mevasi emasmi?

Talabalarning zamonaviy o‘zbek prozasi, she’riyati va dramaturgiyasi bilan tanishuvi ham tasodifiy xarakterga ega: do‘konda ko‘zi tushsa oladi, bo‘lmasa – yo‘q. Aktyor tilning nozik jihatlarini yaxshi tushunadigan, his qiladigan ziyoli bo‘lishi kerak emasmi? Xalq uni so‘z ustasi sifatida biladi, e’zozlaydi. O‘zingiz o‘ylang, shu savod bilan qanaqa «usta» bo‘lishi mumkin? Institut pedagoglari orasida: «Aktyor klassik asarda o‘sadi» degan gap yuradi. Yo‘q, aktyor klassik asarda o‘ladi! Chunki klassik asar deganda, so‘zsiz bizda Yevropa yoki rus klassikasini nazarda tutish rasm bo‘lib qolgan. Shuning uchun diplom spektakllariga ko‘proq tarjima asarlar tanlanadi. Sahnada hali suyagi qotmagan, tajribasiz aktyorlar urf-odatlari, ma’naviyati, psixologiyasi, ruhiyati mutlaqo begona «hayot» girdobiga tashlanadi. Natijada, ular xuddi qorong‘ida paypaslanib yurganday taxminiy fikrlaydilar, kino yoki teatrda ko‘rgan xatti-harakatiga ko‘r-ko‘rona taqlid qilishga majbur bo‘ladilar. Masalan, eshikdan kirib kelgan janob nega avval qo‘lqopini yechib shlyapasiga tashlaydi-da, keyin xizmatkorga uzatadi? Duelga chaqirish uchun nega raqibining yuziga qo‘lqop bilan urishi kerak? Nega hassa yoki stul bilan emas? Javob doim deyarli bir xil bo‘ladi: «Ularda shunday qabul qilingan». Ko‘ryapsizmi, Yevropaga oid bor bilim bitta «shlyapaga joy bo‘lib ketyapti»!

— Xo‘sh, ahvol shunday ekan, uni o‘nglash, izga solish, yangi dramaturglarni kashf etish, amaliy yordam berish uchun nimalar qilish kerak, deb o‘ylaysiz? 

— Bu borada hal qilinishi lozim bo‘lgan ijodiy muammolar ko‘p, bitta suhbatga ularning hammasini qamrab olish mushkul, shuning uchun faqat ba’zilari haqida to‘xtalmoqchiman. Rejissyor – dramaturg munosabati juda murakkab. Eskicha qarashlar esa uni yanada chigallashtirib yuboryapti. Masalan, ayrim rejissyorlar faoliyatida turg‘unlik yillaridan meros bo‘lib qolgan o‘ta ehtiyotkorlik an’anasi hamon davom etib kelyapti. Biz, odatda, teatrlardan “voqea” bo‘ladigan asarlar kutamiz. Lekin ko‘p hollarda “voqea”ni teatr emas, rahbariyat, jamoatchilik, matbuot yaratishini hamma ham bilmasa kerak. Mualliflarning mavqei va lavozimiga qarab talay asarlarni “voqea”ga aylantirilgan paytlar ko‘p bo‘lgan. Lekin asar avvalo, rejissyorga, adabiy emakdoshga, badiiy kengash a’zolariga, umuman, jamoaga, tomoshabinga ma’qul bo‘lishi kerak. Teatr san’ati rivojiga to‘sqinlik qilib kelayotgan bitta jiddiy sabab ko‘pincha ijodiy seminarlarda, muhokamalarda yosh pesanavislarning asarlari ma’qul topilib, “oq yo‘l” beriladi, lekin sahnalashtirish masalasida ular teatrda yolg‘izlanib qoladilar. Shu tariqa ko‘plab qobiliyatli yoshlarimiz yo adabiyotning boshqa turlariga o‘tib ketishadi yo umuman, ijod maydonini tark etadilar. Deylik, teatrga yangi dramaturg kirib keldi. Biz uni qanday kutib olamiz? Ochig‘ini aytish kerak, bu masalada unchalik ham “mehmondo‘st” emasmiz. 

– Teatr sahnasida namoyish etilayotgan spektakllar adabiy til normalarini qanday saqlayapti? Umuman olganda, sahna tili qanday bo‘lishi kerak? Dunyoning rivojlangan mamlakatlari sahnasida bu masalada qanday yo‘l tutiladi?  

– Xalqimizda qadim-qadimdan ko‘p tilni bilish donolik alomati, madaniyat belgisi hisoblangan. Lekin odam o‘z ona tilini mukammal bilgandan keyin boshqa tillarni o‘zlashtirishi oson kechadi. Axir, boshqa tilni o‘rganish uchun qandaydir baza bo‘lishi kerakmi? Ayrimlar rus tilini bilganlarni ayblab, ayyuhannos soladi. Vaholanki, hayotga ochiq ko‘z, tiniq idrok bilan qaraydigan har bir kishiga rus tilining naqadar ulkan ahamiyatga ega ekani kundek ravshan. Lekin afsuslar bo‘lsinki, sof rus tilida gapiroladiganlarning ko‘pchiligi o‘z tarixi, madaniyati, urf-odati eng achinarlisi, tilini yaxshi bilmaydi. Shu o‘rinda suhbatimiz zerikarli bo‘lib qolmasligi uchun bir latifasifat qissani gapirib bermoqchiman. Ocharchilik zamonida bir rus kishisi non izlab O‘zbekistonning Xo‘jaqishloq degan maskaniga kelib qolibdi. Bu yerda nuqul hojilar yashar ekan. O‘zbek mehr-muruvvatli xalq emasmi, darrov rus kishisining qornini to‘yg‘azishib, kiyim-kechak berishibdi. Turar joy, omoch-ketmon bilan ta’minlashibdi. Til o‘rganib, urf-odatlarga amal qilib, butkul o‘zbek bo‘lib ketibdi. Qishloqda to‘y-ma’raka bo‘lib qolsa, “Ho‘, Akbarxo‘ja, falonchinikiga to‘yga, ho‘, Ivanxo‘ja, falonchinikiga to‘yga!” deydigan bo‘lishibdi. Bir kuni uning ajali yetib, bandalikni bajo keltiribdi. U dunyoda Munkar-Nakirlar hayronmish: qayoqqa kiritamiz – jannatgami, do‘zaxgami? Shunda ulardan bittasi aytibdi:

— Mayli, jannatga kiraversin, o‘zbekcha bilmaydigan o‘zbeklarga tarjimonlik qilib yurar!..    

O‘quvchiga qo‘pol tuyulmasin. Bu masalalar bevosita dramaturgiyamizga ham tegishli bo‘lgani sababli gapirayapman. Chunki aytib o‘tilgan illatlarning nuqsi pesalarimizda bo‘rtib turibdi. Pesalarimizda yaqqol ko‘zga tashlanadigan yana bir qusur – savodsizlikdir. Sintaktik, morfologik, orfografik, punktatsion xatolar g‘ij-g‘ij. Bu masala bilan uzoq va jiddiy shug‘ullandim. Avvaliga, repertuar-tahrir hay’atida asarlar tahrir qilinsa, bu illatdan qutulish mumkin, deb o‘yladim. So‘ng hamma ayb ta’lim tizimida, degan o‘yga bordim. Keyin bilsam, masalaning ildizi juda chuqur va butunlay boshqa yoqda ekan. Keksa pesanavislarimizni-ku tushunsa bo‘ladi – avval, arab alifbosida o‘qigan, keyin lotin va nihoyat, kirillda yozishga majbur bo‘lgan. Lekin, yoshlarimiz-chi?  

Ba’zan televizordan shunday spektakllarga ko‘zim tushadiki, aktyorlarning bir xil ohang (intonatsiya)da gapirayotganini ko‘rib, bu odamlar qaysi sayyoradan kelib qolibdi ekan, deya yoqa ushlashdan boshqa chora topolmayman! Axir odam bolasi bunaqa tilda, bunaqa ohangda gapirmaydi-ku! O‘zbek ham, rus ham, farang ham! Tarjima asarlarida tarbiyalangan yosh aktyor teatrga kelib jo‘ngina o‘zbekcha gapni ham soxta, g‘aliz ohanglarda gapiradigan bo‘lib qolyapti. Chuqur, qamrovli, bo‘liq milliy xarakterlar yaratishni-ku, qo‘yavering. Yevropa va jahon klassikasiga aktyorlik san’atini chuqur egallab, katta tajriba to‘plab, o‘sha xalqning madaniyati, tarixi, milliy psixologiyasini o‘rganib, keyin qo‘l urgan ma’qul. Bu gaplarni ko‘plab yosh aktyorlarimizning teatrga professional jihatdan «invalid» bo‘lib kelayotganidan tashvishlanib gapiryapman. 

– Teatrga ham adabiy jarayondagi kabi ko‘pincha boshqa kasb egalari nima ish qilishini bilmay,  kitob chiqarishga ishtiyoqmandlar kabi biror asari sahna yuzini ko‘rishga havasmandlar ham qo‘lyozma ko‘tarib kelsa kerak. Bularni erinmasdan muhokama qiladigan, nazokat bilan bu ish ularni qo‘lidan kelmasligini tushuntiradigan tanqidchilar negadir ko‘rinmay ketdi. Umuman, bugungi teatr tanqidchiligidan ko‘nglingiz to‘ladimi?      

– Teatr tanqidchiligi – kun tartibida turgan eng chigal masalalardan biri. Agar matbuotda e’lon qilinayotgan taqriz, maqolalarni teatr va dramaturgiyaning o‘ziga xos jihatlarini chuqur tahlil etolmaydigan tasodifiy mualliflar yozayotganini hisobga olsak, masala yana ham chigallashadi. Teatr tanqidchiligining eng katta nuqsoni murabbiylik xususiyatining yo‘qligida. Mutaxassislarimiz maqolalarida o‘rgangulik gap yo‘q, hammasi ma’lum fikrlar. Ko‘pincha taqrizlar asar syujetining qisqacha bayoni va munaqqidning “unisi yaxshi, bunisi yomon” degan bayonotidangina iborat bo‘lishiga o‘rganib qolganmiz. Bu yetmaganday, ko‘pchilik tanqidchilarimiz xalq nomidan, tomoshabin nomidan gapirishni odat qilib olgan. “Buni tomoshabin ko‘rmaydi”, “Bu yerida zerikadi, anovi joyida chalg‘iydi”! Tomosha zaliga kirib qarasangiz, ahvol butunlay boshqacha: ko‘rishyapti, zerikishmayapti, hech kim chalg‘iyotgani ham yo‘q.  

Masalan, pesa yoki spektakllarni baholashda qanday o‘lchovlar bilan yondashamiz, hech e’tibor berganmisiz? Muhokama qilinayotgan asar yomon bo‘lsa, odatda biz uning mavzusi muhimligini, dolzarb muammolar ko‘tarilganini gapiramiz-da, keyin kamchiliklariga o‘tamiz: til chatoq deymiz, xarakterlar yo‘q, konflikt sust deymiz, kompozitsion tarqoqlik va siyqa syujet asarning badiiy qimmatini tushirib yuborgan, deymiz. Bu, axir, asar yo‘q degan gap-ku! Qarang, mavzu bor, muammo bor, lekin asar yo‘q! Bu ham yetmaganday, bemazadan-bemaza pesa haqida «qayta qurish ruhidagi asar bo‘pti» degan maqtovlarni eshitamiz. Vaholanki, bunday pesalarning qayta qurishga mutlaqo aloqasi yo‘q, personajlar sahnaga chiqib olib, «demokratiya», «oshkoralik» degan terminlarni gapiradi, xolos! Shu sababdan dramaturgiyamizda (o‘z navbatida, teatrlarimizda ham) mavzu chayqovchiligi chidab bo‘lmas darajada avj olib ketdi. Aksariyati «nihoyatda muhim problema ko‘tarilibdi» degan baho olib, sahna yuzini ham ko‘ryapti. Shu paytga qadar «yopiq» sanalgan mavzular: giyohvandlik, odam savdosi, diniy ekstremizm (ko‘p hollarda islom dinimizni yomon otliq qilish evaziga),  SPID haqida badiiyatdan mahrum, quruq faktlar qalashtirilgan «asarlar»ga keng yo‘l ochilishi juda tashvishli holdir. Xalq teatrga mavzu yoki problema uchun emas, tomosha ko‘rgani kelishini anglab yetish nahotki, shu qadar mushkul bo‘lsa?! Umuman, asarlarga baho berishda dramaturglar emas, teatrshunoslarimiz xato qilishmoqda. Ular maqtagan spektaklga tomoshabin kam tushadi, tanqid qilinganiga bilet topolmaysiz. Tomoshabinimiz ham shu ruhda tarbiyalangan – nimani ko‘rishni yaxshi bilishadi.

– Teatr har doim ezgulik va yovuzlik, Rahmon va shayton o‘rtasidagi kurash sahnasi bo‘lib kelgan. Lekin bugun, tomoshabin taassuroti bilan aytganda, sahnada “yomonlar” va yaxshilar”ning qiyofasi ko‘rinmay qoldi. Shu jihatdan, uning ham vazifasi xiralashdi. Shu paytgacha, sahna asarlari insonning ezgulik va yovuzlik tasavvurlarini tarbiyalash bilan shug‘ullanib kelardi.  Zotan, teatr yuqoridan ta’kidlaganimizdek, ibratxona. Lekin  ayni kunda bu obrazlarni ikkinchi darajali deb o‘ylovchilar ham yo‘q emas. Siz bunga qanday qaraysiz?  

– Uf-f… Men uchun eng og‘riqli masalaga keldik… Yaratilayotgan ijobiy qahramon biram yaxshi, biram mo‘min, biram odobli, biram bilimli, biram shirinki,  bo‘g‘ib o‘ldirib qo‘yging keladi! Ijobiy qahramonlarimiz allaqachon “qarib qolgan” bo‘lsa ham o‘jarlik bilan ularni ushlab turibmiz va yangi-yangi nusxalarini yaratayotirmiz. Ular biron-bir ijtimoiy foydali ish qilayotganlari yo‘q. Aksincha, yo nasihatvozlik, yo balandparvoz gaplar bilan tomoshabinni teatrdan sovutmoqda. Suv qog‘ozga o‘ralgan bu qahramonlardan bir og‘iz yangi gap eshitmaysiz. Hatto, aktyorlar ham ijobiy rollarni o‘lganining kunidan o‘ynaydi, ko‘proq salbiy yoki boshqa xarakterdagi rollarni talashishadi. Ahvol shu darajaga yetdiki, “ijobiy qahramon” bilan “yomon asar” degan tushunchalarning o‘rtasiga hech tortinmay tenglik alomatini qo‘ysa bo‘laveradigan bo‘lib qoldi. Bugun ijobiy qahramon emas, xalqning ijtimoiy faolligini oshirishga xizmat qiladigan qahramonlar kerak. Bizni o‘ylashga majbur qilsin, dunyoni anglashimizga yordam bersin, asrimizning eng og‘ir kasalligi – “aqliy yalqovlik”dan qutqarsin. Bu ishlarni mavzuga san’atkorona yondashuv orqali amalga oshirsa bo‘ladi. 

– Shunaqa asarlarni san’at asari deb sahnaga olib chiqsa bo‘laveradimi? O‘zi teatrlarimiz repertuarida saboq oladigan asarlar bormi?    

– Yutuqlarimiz ham bor, albatta. Lekin qo‘ldan boy bergan imkoniyatlarimiz bir necha o‘n barobar undan ko‘pdir! Shunisi alam qiladi…

– Ilgarilari adabiyot darsligida dramatik asarlarga keng o‘rin berilardi. Bu o‘z o‘rnida maktab o‘quvchilarning nutqini o‘stirar, mas’uliyatini oshirardi. Masalan, o‘quvchilar orasida Alisher Navoiy yoki Guli obrazida ko‘ringan bolalarda o‘zgacha ruhiyat paydo bo‘lar va qolganlar ham sahnada tanilgan Alisher rolini o‘ynagan bolaga boshqacha munosabat paydo bo‘lardi. Bu o‘z-o‘zidan teatr haqidagi tasavvurlarni boyitib, sahna asarlariga bo‘lgan munosabatini  shakllantirardi. Negadir hozir o‘rta ta’limda bu masalalarga e’tibor berilmayapti. 

– Ilgarilari adabiyot darsliklarida dramatik asarlarga alohida e’tibor berilardi. Hazrat Navoiy, Mirzo Ulug‘bek dramalarini o‘qib, voyaga yetgan insonlarda teatrga bo‘lgan munosabat hozir ham boshqacha. Lekin bugungi kun dramaturgiyasining mavzular ko‘lami torayib qolgandek tuyuladi. Masalan, jadidchilik, mustaqillik davri qahramonlari hali to‘laligicha ochib berilmagan. Keyin mumtoz asarlarga kam e’tibor berayapmiz. Yaqin-yaqinlargacha oltinchi yo yettinchi sinf adabiyot darsligida “Temir xotin” pesasidan parcha bosilib turgan edi. Menga noma’lum sabablarga ko‘ra “Temir xotin” asari adabiyot darsligidan ham olib tashlandi, Farg‘ona teatrining shu nomdagi spektaklini O‘zbekiston televideniesida namoyish qilish ham taqiqlab qo‘yildi. Bu adabiyot darsliklarida pesalarning chop etilish masalasi. Endi umuman, dramatik asarlarning nashri jo‘nligidan, bu haqida men gapirsam noshukurlik bo‘lar, negaki, pesalarim bosilib turibdi. Lekin bu bilan muammo hal bo‘lmaydi-da. Hech bo‘lmaganda, adabiy nashrlarimiz har kvartalda bittadan pesa bosishsa, yiliga sakkizta asar paydo bo‘lar ekan. Sakkizta yaxshi pesa topiladi. “Pesani o‘qishmaydi” degan gap noto‘g‘ri. Do‘konlarda chang bosib yotgan kitoblarning hammasi yo poeziya, yo proza. Eng yomon pesalardan iborat eng yomon kitobni topib ko‘ring-chi. Hamma gap sifatda. Yaqin-yaqinlarda ham “Zamon ko‘tarsa-ku, ne-ne asarlarni yozib tashlardim-a” degan gaplarni ko‘p eshitardim. Mana, “ko‘taradigan” zamonlar keldi, lekin qani o‘sha asarlar? Yuragida dardi bor ijodkor o‘sha vaqtlarda ham aytadigan gapini aytgan, hozir ham aytyapti. 

— Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat!

“Hurriyat” muxbiri Adiba UMIROVA

gurunglashdi.

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × four =