FAOLIYATGA TAHLILIY NAZAR

O‘tgan hafta Respublika Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining navbatdan tashqari konferentsiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari, matbuot va ommaviy axborot vositalari vakillari, uyushmaning hududiy bo‘limlari rahbarlari, jurnalistika fakultetlarining yetakchi  o‘qituvchilari ishtirok etdi.

 

Konferentsiyada O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakimov so‘zga chiqib, Prezident Shavkat Mirziyoevning shu yilning 3 avgust kuni respublika ijodkor ziyolilari bilan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishidan kelib chiqadigan vazifalar hamda davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondini tashkil etish to‘g‘risida”gi va “O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosini ta’minlash bo‘yicha qilinayotgan ishlar hamda Uyushmaning 2017 yilning o‘tgan o‘n oyidagi faoliyati yakunlari va galdagi vazifalari xususida ma’ruza qildi.

S.Hakimov mamlakatimiz o‘z taraqqiyotining yangi davriga qadam qo‘yganini, barcha sohalarda O‘zbekiston Respublikasini 2017 — 2021 yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganini ta’kidlar ekan, islohotlar muvaffaqiyati, yurtimizning dunyodagi rivojlangan, zamonaviy davlatlar qatoridan munosib o‘rin egallashi, barcha sohalar qatori, ommaviy axborot vositalari rivoji, media-tuzilmalarda faoliyat yuritayotgan jurnalistlarning bilim va malakasi, o‘z ishiga mas’uliyati va fidoyiligiga ham bog‘liqdir, dedi. 

2017 yil barcha ijodiy tashkilotlar qatori O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi faoliyatida ham tub burilish yili bo‘lganini alohida qayd etish zarur. Boisi, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning O‘zbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan 2017 yil 3 avgust kuni Toshkent shahrida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishidagi “Adabiyot va san’at, madaniyatni rivojlantirish — xalqimiz ma’naviy olamini yuksaltirishning mustahkam poydevoridir” deb nomlangan ma’ruzasida ilgari surilgan takliflar va g‘oyalar ijodiy tashkilotlar tarixida yangi davrni boshlab berdi. Chunonchi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 9 avgustdagi “O‘zbekiston ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondini tashkil etish to‘g‘risida”, 2017 yil 10 avgustdagi “O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, 2017 yil 15 avgustdagi “Madaniyat va san’at tashkilotlari, ijodiy uyushmalar va ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada rivojlantirish, soha xodimlari mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari milliy mediamuhitda chinakam quvonchli, aytish lozimki, tarixiy voqea bo‘ldi. 

Ma’lumki, Yurtboshimizning mamlakat ijodkor ziyolilari vakillari bilan o‘tkazgan uchrashuvida yirik korxonalar hamda ijodiy tashkilotlar o‘rtasida Do‘stlar klublari tashkil etish g‘oyasi ilgari surilgan, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasiga Respublika tovar-xomashyo birjasi homiy etib biriktirilgan edi. O‘tgan vaqt davomida o‘zaro hamkorlikda bir qator tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, jurnalistlar malakasini oshirish, yosh hamda faxriy jurnalistlarni rag‘batlantirish, Uyushma va uning muassisligida chop etilayotgan “Hurriyat” gazetasi tahririyati hamda Milliy matbuot markazi moddiy texnik bazasini mustahkamlash borasida hamkorlikdagi chora-tadbirlar va Uyushma ustavida ko‘zda tutilgan boshqa maqsadlar uchun Birja tomonidan 400 million so‘m mablag‘ ajratildi. O‘z navbatida, Respublika tovar-xomashyo  birjasi faoliyatini yoritish maqsadida matbuot anjumanlari tashkil etilmoqda. 

Shuningdek, ikki do‘st tashkilotning “Do‘st bilan obod uying” veb-sayti ishga tushish arafasida. 

“Do‘stlar klubi” maqsadli reja asosida Uyushmaning viloyat bo‘limlari bilan ham ish olib boradi va ularga ham homiylik yordamlari ko‘rsatiladi.

“Ilhom” jamoat fondi va “Do‘star klubi” tashkil etilishi Uyushmaning ijtimoiy hayotimizdagi o‘rni va nufuzini oshirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, hamkasblarimizning ijodiy salohiyatlarini ro‘yobga chiqarish, moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish, munosib ish va turmush sharoiti yaratib berish uchun katta imkoniyatlar yaratmoqda. Unga binoan Ijodiy kengashlar ishida faol qatnashgan jurnalistlar, tegishli mutaxassislar mehnatiga haq to‘lash yo‘lga qo‘yiladi. Taniqli jurnalistlarning ijodiy kechalari o‘tkaziladi. Bayramlar munosabati bilan faxriy jurnalistlarga moddiy yordam ko‘rsatish, yosh iqtidorli jurnalistlarning birinchi kitoblarini bepul chop etish, mamlakat taraqqiyotini belgilaydigan tub islohotlar mazmun-mohiyati chuqur ochib berilgan, zamonamiz qahramonlari obrazlari aks ettirilgan publitsistik maqolalar to‘plamlari nashr etish kabi xayrli ishlarni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. 

2012 yildan Jurnalistlar ijodiy uyushmasi qoshida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Monitoring guruhi tomonidan joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar, tumanlar OAVda yoritilgan 2000 dan ziyod tahliliy va tanqidiy materiallar o‘rganib chiqildi va jurnalistlar uchun tegishli taklif-tavsiyalar tayyorlandi. Ular asosida yilning har choragi yakunida “Hurriyat” gazetasida “Jurnalist so‘zi jamoatchilik e’tiborida” turkumida tahliliy maqolalar chop etib kelinmoqda. 

Jamiyat taraqqiyotiga to‘g‘anoq bo‘layotgan muammolarni o‘z vaqtida aniqlash, ularni bartaraf etish yuzasidan jamoatchilik nazoratini shakllantirishda OAV xodimlari faolligini oshirish bugungi kunda har qachongidan muhim bo‘lib turibdi. Mazkur yo‘nalish bo‘yicha jurnalistlar uchun hamkor tashkilotlar bilan birgalikda 40 dan ortiq konferentsiyalar, davra suhbatlari, o‘quv seminarlari tashkil etildi. 

Yoshlar — yurt kelajagi. Oilada yaxshi tarbiya topgan, ta’lim muassasasida zarur bilimlarni egallagan yigit-qizlarga ertaga bemalol eng mas’uliyatli vazifalarni yuklash mumkin. Faqatgina ularga doimiy e’tibor qaratish, har bir sohada ustoz-shogirdlik an’analari asosida yoshlar bilan ishlashni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish kerak. Jumladan, jurnalistikada ham buning ahamiyati beqiyos. Bu haqda so‘z yuritar ekan, zamonaviy milliy jurnalistika maktabini yaratish ko‘p jihatdan, avvalo, yuksak ma’naviy, intellektual salohiyatga ega bo‘lgan, bugungi kun talablariga javob beradigan malakali kadrlarni tarbiyalash bilan chambarchas bog‘liqdir, deya ta’kidladi Sa’dulla Hakimov. Zotan, bir niholning ko‘kka bo‘y cho‘zib, barkamol daraxt bo‘lmog‘i uchun zarur muhit — unumdor yer, suv, oftob nuri, bog‘bon mehri talab etilganidek, bir yosh yigit yoki qizning professional jurnalist bo‘lib kamol topishi uchun ikki muhim omil zarur. Bu — universitetdagi ta’lim va tahririyat amaliyoti. Oliy o‘quv yurti va tahririyatlar o‘rtasidagi hamkorliksiz maqsadga erishib bo‘lmaydi. 

Shu ma’noda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi hamda jurnalist kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari — O‘zbekiston Milliy universiteti va O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti o‘rtasida hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan. Ular bilan hamkorlikda o‘tkazilgan “OAVni malakali kadrlar bilan ta’minlash masalalari” mavzuidagi matbuot anjumanida sohani zamonaviy bilim-ko‘nikmalarga ega malakali kadrlar bilan ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Muhtaram Prezidentiimiz Shavkat Mirziyoev shu yil 3 avgustda O‘zbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvda adabiyot, teatr va kino, musiqa va tasviriy san’at, jurnalistika sohalariga kirib kelayotgan yosh iste’dod egalari uchun O‘zbekiston yosh ijodkorlarining seminarini tashkil etish g‘oyasini ilgari surgan edi. Bu g‘oyani amalga oshirish borasida ushbu yo‘nalishlarda faoliyat olib boruvchi tuzilmalar tomonidan muayyan ishlar qilindi. Bu yo‘nalishdagi dastlabki ilmiy-amaliy anjuman tashkil etilib, u Prezident Shavkat Mirziyoevning joriy yil 19 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konventsiyasini ishlab chiqish borasidagi taklifi yuzasidan kelib chiqadigan vazifalar ijrosini ta’minlash masalalariga bag‘ishlandi. Ijodiy uyushmalarning bu boradagi hamkorlik rejalari ishlab chiqilib, tasdiqlangan. Mazkur yo‘nalishdagi ishlar davom ettirilmoqda.

Bir inson muayyan sohada uzoq yillar mehnat qiladi. Bu bilan u nafaqat o‘z sha’ni, obro‘si, oilasi farovonligi uchun, balki el-yurti, jamiyati ravnaqi yo‘lida xizmat qilgan bo‘ladi. 

Mamlakatimizda bunday fidoyi insonlar ko‘plab topiladi. Ular hamisha xalqimiz, davlatimiz e’tiboridadir. Xususan, ko‘p yillar matbuot, radio va televidenie sohalarida ter to‘kkan jonkuyar vatandoshlarimizni, faxriy jurnalistlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Faxriy jurnalistlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida Bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi ko‘magida 9 may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Milliy matbuot markazida soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan 40 nafar hamkasbimizga 303 ming so‘mdan pul mukofotlari topshirilib, ular uchun bayram dasturxoni yozilgani ana shu e’tibordan bir shingil, xolos.

Respublika “Nuroniy” jamg‘armasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, ularning joylardagi bo‘limlari amaliy ko‘magi hamda Jurnalistlar ijodiy uyushmasi hududiy bo‘linmalarining bevosita ishtirokida faxriy jurnalistlar respublika dam olish uylari va sanatoriylarida bepul salomatliklarini tikladilar.

25 — 27 oktyabr kunlari esa Respublika Tovar-xomashyo birjasi homiyligida ehtiyojmand 15 nafar OAV faxriylari holidan xabar olinib, ularning har biriga 300 ming so‘mlik 15 xil oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi. Bu an’ana, nasib bo‘lsa, bundan keyin ham davom ettiriladi.

Uyushma tomonidan xalqaro aloqalarni rivojlantirishga ham katta e’tibor berilmoqda. Jumladan, 2 mart kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazida Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi vakillari — Elchi o‘rinbosari, maslahatchi Chjan Venchuan va elchixonaning siyosiy bo‘limi birinchi kotibi Fen Xayman O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi mehmoni bo‘ldilar. Do‘stona ruhda o‘tgan samimiy uchrashuvdan ko‘zda tutilgan maqsad — ikki mamlakat xalqlarini bir-birlariga yanada yaqinlashtirish, bir-birlarining hayotlaridan muntazam xabardor bo‘lishlari uchun ommaviy axborot vositalari faolligini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratildi.

Uchrashuvda ikki mamlakat ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish, jurnalistlarning o‘zaro tajriba almashuvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib olindi. Kelishuv natijasida joriy yilning 25 avgust — 1 sentyabr kunlari Xitoy Xalq Respublikasiga mediatur tashkil etildi va unda yetti kishidan iborat o‘zbek jurnalistlari delegatsiyasi ishtirok etdi. Bir haftalik mediatur davomida jurnalistlarimiz Xitoyning Pekin, Nankin va Jinan shaharlarida bo‘lib, mahalliy va mamlakat ahamiyatiga molik nashrlar tahririyatlari, telekompaniya va internet saytlari faoliyati bilan yaqindan tanishdilar va xitoylik hamkasblari bilan o‘zaro tajriba almashdilar. Jyansu provintsiyasining “Xinhua Daily Media Groupe” — “Sinhua kundalik media guruhi”ga tegishli “Xinhua Daily” kundalik gazetasi, “Yangtse evening post” kechki gazetasi, Jyansu provintsiyasi teleradiostantsiyasi, Shandun provintsiyasi teleradiostantsiyasi, “Dachjun” press-guruhi hamda dunyoga mashhur “Jenmin Jibao” gazetasi rasmiy veb-sayti tahririyati faoliyati bilan yaqindan tanishish  imkoniga ega bo‘lishdi.

Safar yakuni bo‘yicha OAVda mediatur qatnashchilarining turkum maqolalari chop etildi. Milliy matbuot markazida ular ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi. 

S.Hakimov o‘z ma’ruzasida ijodiy uyushmaning hududiy bo‘limlari faoliyatiga ham to‘xtalib o‘tdi. Ta’kidlanishicha, 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi maqsad-vazifalarini targ‘ib etish, uning doirasida olib borilayotgan ishlarni keng yoritishda OAVning rolini oshirish maqsadida Uyushmaning hududlardagi bo‘limlari tomonidan qator tadbirlar tashkil etilgan. Samarqand davlat universitetida uyushtirilgan 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasi targ‘ibotiga bag‘ishlangan seminar-trening, Termiz shahrida bo‘lib o‘tgan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” davlat dasturining bajarilishi ustidan keng jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda OAV roli” mavzuidagi seminar shular jumlasidan. Bu kabi tadbirlarni har bir hududiy bo‘lim misolida keltirish mumkin.

Yutuqlar, amalga oshirilgan ishlar haqida ko‘p yaxshi gaplarni aytish mumkin. Biroq Uyushma oldida turgan vazifalar ham kam emas. Bu haqda so‘z borar ekan: 

— Davlatimiz va hukumatimiz oldimizga qo‘yayotgan maqsad va vazifalardan kelib chiqsak, faoliyatimizni tubdan isloh etishimiz, Prezidentimiz talab etayotganidek, biz ijodiy tashkilotlar tadbirbozlik, shunchaki xo‘jako‘rsinga ishlash, sustkashlik va loqaydlik kayfiyatlaridan tamomila xalos bo‘lishimiz, umumiy maqsadlarimiz yo‘lida jon kuydirib ishlashimiz lozim, — deya ta’kidladi S.Hakimov. — Oldimizda turgan, bir-biridan muhim va dolzarb vazifalarni hal etishda, yurtimizda tinchlik-osoyishtalik, o‘zaro hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash, xalqimizning bunyodkorlik salohiyatini, uning o‘z kuchiga, ertangi kunga bo‘lgan ishonchini oshirish, hayotimizda qonun va adolat ustuvorligini ta’minlash, davlat idoralari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, muxtasar aytganda, xalq manfaatining chinakam himoyachisi bo‘lishda ommaviy axborot vositalari bundan buyon ham faol harakat olib borishlari talab etiladi.

Konferentsiyada, shuningdek, Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi raisi o‘rinbosari Gavhar Alimova, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bosh direktori Laziz Tangriev, O‘zbekiston milliy axborot agentligi bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining Farg‘ona viloyati bo‘limi raisi Muhammadjon Obidov va boshqalar so‘zga chiqib, bugun mamlakatimizda jurnalistlarning emin-erkin faoliyat olib borishlari uchun yaratilgan imkoniyatlar, soha rivoji yo‘lida jurnalistlarning o‘zlari nimalar qilishi lozimligi borasida fikr-mulohaza hamda takliflarini bildirdilar. 

Elmurod NISHONOV,

“Hurriyat” muxbiri

Suratlar muallifi Sholaziz SHOXIDOYEV

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

6 + 15 =