NAVOIYNING ENG YAQIN DO‘STI

Iste’dod buyuk ne’matdir. Biroq ilm-ma’rifatsiz u ham qanotsiz qushga o‘xshab qoladi. Deylik, Alisher Navoiy bolaligidan mutolaaga mehr qo‘ymaganida Navoiy bo‘larmidi? Abdulla Qodiriy yoshligidan xorijiy tillarni o‘rganib (u 18 yoshida Toshkentdagi rus-tuzem maktabini bitirganida uchta chet tilini bilardi: arab, fors va rus tillarini), jahon adabiyotini o‘qishga kirishmaganida, milliy romanchilik maktabiga asos sola olarmidi?!

 

Bugun farzandlarimizda kitobga muhabbat uyg‘otishga urinar ekanmiz, mana shu kabi hayotiy misollarni ko‘proq quloqlariga quymog‘imiz, kitobsiz, ma’rifatsiz bu hayotda hech narsaga erisha olmasliklarini uqtira bilmog‘imiz lozim, bizningcha. Illo, busiz muddaoga erishish oson emas. 

Albatta, kitobxonlik kecha yo bugun shakllanib qolgan tushuncha emas. Mutolaa san’ati uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Mahmud Qoshg‘ariyning «Devonu lug‘otit-turk», Abu Abdulloh Xorazmiyning «Mafotihul-ulum», Yusuf Xos Hojibning «Qutadg‘u bilig», Nosiruddin burhonuddin Rabg‘uziyning «Qissasi Rabg‘uziy», Xondamirning «Makorimul-axloq» va boshqa allomalarning asarlarida kitobxonlikka oid qimmatli fikrlar bayoni so‘zimizning isbotidir.

So‘nggi yillarda xalqimiz orasida kitobxonlik bir qadar susaygandek, nazarimizda. Sababi bugun ko‘pchilik kitob varaqlashdan ko‘ra, texnika qurilmalari orqali osongina axborotni qabul qilishga o‘rgandi. Kitobdan vaqtini qizg‘anadigan bo‘ldi. Qalblarda unga bo‘lgan qiziqish, mehrning kamaygani bois, hali u yerda, hali bu yerda bir axloqsizlik, huquqbuzarlik bo‘y ko‘rsatib, jamiyatni tashvishga solyapti. Bugun ana shunday muammolarga barham berish maqsadida davlatimiz, shaxsan Yurtboshimiz tomonidan qator targ‘ibot va tashviqot ishlari amalga oshirilyapti. Jumladan, 2017 yil 13 sentyabrda Prezidentimiz imzolagan “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qaror barchamiz uchun quvonchli xabar bo‘ldi. 

Yaqinda poytaxtimizdagi “Bolajon” madaniyat va istirohat bog‘ida “Birga kitob o‘qiylik!” mavzusida o‘tkazilgan ommaviy kitobxonlik aktsiyasi ham yurtdoshlarimizni ezgu shior ostida jamladi. 

O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi, Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi hamda Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirda taniqli san’atkor va aktyorlar, shoir va yozuvchilar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. 

Tadbir doirasida yurtimizning yetakchi nashriyotlari bilan hamkorlikda uyushtirilgan kitoblar ko‘rgazmasi, maxsus maydonchalarda tashkil etilgan taniqli shoir va yozuvchilar ishtirokidagi mushoiralar ishtirokchilarning diqqat-e’tiborini tortdi. 

Bundan tashqari, «Men sevgan kitob», «Yosh kitobsevar», «Kitob — beminnat ustoz» va «Odamiylik kitobga bo‘lgan ehtiromdan boshlanadi» kabi mavzularda sovrinli viktorinalar ham o‘tkazilib, unda, ayniqsa, yoshlar faol ishtirok etishga harakat qildi. Savollarga to‘g‘ri javob berib, viktorina g‘olibiga aylanganlar ko‘zida quvonch porladi. 

— Bugungi yoshlar kitobdan ko‘ra, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga ko‘proq murojaat etmoqda, — deydi O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi matbuot xizmati rahbari Ulug‘bek Mamadaliev. — Biroq hayotda kitobning o‘rni, ahamiyati aslo yo‘qolmaydi. Tadbirga tashrif buyuruvchilar ko‘pligi ham shundan dalolat beradi.

Jahon va o‘zbek adabiyotining eng sara namunalari bilan to‘lgan kitob javonlari bu yerga kelganlarni ohanrabodek o‘ziga tortdi. Ko‘rgazma peshtaxtasi oldiga kelib, kitoblarni bir-bir varaqlayotgan yoshlarni ko‘rib, ko‘z quvnaydi. Kitobga oshufta, ilmga chanqoq o‘g‘il-qizlar safi bundan-da ko‘payishiga dilda umid uchqunlaydi. 

— Istalgan yangiligu axborotlarni zamonaviy qurilmalar orqali istagancha olish mumkindir, ammo hech bir axborot vositasi, kino yoki videofilm badiiy asar o‘rnini bosolmasligi aniq, — deydi tadbir ishtirokchilaridan biri Muhammad Xo‘jaev. — Bugungi tadbir ham kitob targ‘iboti yo‘lida ezgu qadam bo‘libdi, desam yanglishmayman. Ochig‘i, kitobxonlar orasida yoshlarning ko‘pligi meni xursand qildi. Demak, kitobning qadri va afzalligini biladigan yosh kitobxonlarimiz haliyam bor. Faqat ularning safini kengaytirish oldimizda turgan asosiy vazifalarimizdan biridir. 

 

 

Darvoqe, kitobxonlik deganda, faqatgina kitob o‘qish tushunilmay, balki uni tanlab o‘qish, his etish, anglash va fikr bildirish muhim ahamiyatga egadir. Zero, mutafakkirlardan biri aytganidek, “yaxshi kitoblarni o‘qish — dunyoning eng dono kishilari suhbatida bo‘lish demak”dir. Ayni paytda o‘tkazib kelinayotgan tadbirlar orqali yosh avlodning “donolar suhbati”dan bahramand bo‘lishga qiziqishlari ortib boraveradi.

Nodir QOSIMOV,

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi 

bo‘lim boshlig‘i

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twelve + sixteen =