YOSHLARNI HARBIY-VATANPARVARLIK RUHIDA TARBIYALASH KONSEPSIYASI

Mamlakatimizda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish va sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini bu sohaga keng jalb etish, O‘zbekiston fuqarolarining ijtimoiy-siyosiy ongi va dunyoqarashi, fuqarolik pozitsiyalarini vatanparvarlik asosida kamol toptirish maqsadida Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash kontseptsiyasi loyihasi ishlab chiqildi. Shu munosabat bilan yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash kontseptsiyasi loyihasi hususidagi fikr, mulohaza, taklif va istaklaringizni shu yilning 15 dekabr kuniga qadar quyidagi manzillarga yuborishingiz so‘raladi:

 

1. O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi “Hurriyat” gazetasi tahririyati, elektron manzil: 

info@uzhurriyat.uz, ijod@sarkor.uz

 2. Mudofaa vazirligi elektron manzili:  

vatan@evo.uz, mv-vatan@mail.ru.

 

I. Umumiy qoidalar

Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash Kontseptsiyasi (keyingi o‘rinlarda – Kontseptsiya) – mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy tamoyil va ustuvor yo‘nalishlari asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, hozirgi murakkab globallashuv davrida, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari shiddat bilan rivojlanib borayotgan bir sharoitda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bilan bog‘liq dolzarb vazifalar va ularni hal etish yo‘llari, davlat va nodavlat tashkilotlar, oila, mahalla, ta’lim-tarbiya institutlarining bu boradagi roli va ahamiyatini, o‘zaro hamkorligini milliy va xalqaro huquqiy normalarni hisobga olgan holda belgilab beradi.

 

Konsepsiyada yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga oid mavjud tizimga tanqidiy baho berilib, uni mamlakatimizni 2017—2021 yillarda rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi talablari asosida milliy va jahondagi ilg‘or tajribalar, bugungi O‘zbekiston hayotidagi real ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar bilan uyg‘un ravishda takomillashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratiladi. 

Mazkur Konsepsiyada yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalasiga jismonan va ma’nan sog‘lom avlodni tarbiyalashga oid yaxlit  ta’lim-tarbiya tizimining uzviy va ajralmas bir qismi sifatida qaraladi. 

Ona Vatanimizni ko‘z qorachig‘idek asrash, uning shuhratini dunyoga tarannum etish bilan bog‘liq eng muhim tushunchalar, hayotiy va professional ko‘nikmalarni ilmu ma’rifat asosida yoshlarning qalbi va ongiga ilk bolalik davridan boshlab singdirib borish va shu tariqa O‘zbekistonning haqiqiy vatanparvar fuqarolarini tarbiyalash Kontseptsiyaning asosiy ma’no-mazmunini tashkil etadi.

 

II. YOSHLARNI HARBIY-VATANPARVARLIK RUHIDA TARBIYALASHNING   MAQSAD VA VAZIFALARI

Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash – millati, tili va kasbidan qat’i nazar, yoshlarda Vatanga sadoqat tuyg‘usini shakllantirish, ularni o‘z fuqarolik burchi va konstitutsion majburiyatlarini bajarishga, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilishga qodir shaxslar etib tarbiyalashga yo‘naltirilgan davlat organlari, jamoat birlashmalari va tashkilotlarining ko‘p bosqichli, tizimli, maqsadli va muvofiqlashtirilgan faoliyatidir.

Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdan ko‘zlangan asosiy maqsad – yoshlarda jamiyatning turli  tarmoqlari, ayniqsa, harbiy soha bilan aloqador bo‘lgan davlat xizmati turlarida faollik ko‘rsatish, tinch va harbiy sharoitda Konstitutsiya va harbiy burchga sadoqatli bo‘lish, ularda o‘z yurti va xalqi taqdiri uchun yuksak mas’uliyat va javobgarlik kabi muhim xususiyatlarni shakllantirishdan iborat. 

Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda quyidagilar asosiy vazifalar etib belgilanadi:

yoshlarni milliy g‘oya va O‘zbekiston Respublikasiga, uning xalqi va Prezidentiga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning qalbi va ongiga Vatan himoyasi sharafli va muqaddas burch ekanini chuqur singdirish;

qadimiy tariximiz va madaniyatimiz, jonajon Vatanimizning mustaqilligi va ravnaqi yo‘lida fidokorona kurashgan milliy qahramonlarimiz bilan faxrlanish, ularga munosib bo‘lish tuyg‘usini shakllantirish, milliy armiyamizning qudrati va salohiyatiga bo‘lgan ishonchni kuchaytirish;

milliy armiyamizga jismonan baquvvat va ma’nan yetuk yoshlar zarurligi, harbiy xizmat har bir O‘zbekiston fuqarosi uchun muqaddas burch ekani haqidagi tushuncha hamda bu boradagi nazariy-amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlash;

yoshlarda yon-atrofimiz va jahonda ro‘y berayotgan siyosiy-ijtimoiy jarayonlarga milliy manfaatlarimizdan kelib chiqqan holda yondashish ko‘nikmalarini, turli  ichki va tashqi tahdidlarga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish;

jangovar harakatlarga moslashish, har qanday murakkab vaziyatlarda tezkor va mustaqil qaror qabul qilish, zamonaviy harbiy texnika vositalaridan samarali foydalanish malakasiga ega yoshlarni tarbiyalash;

O‘zbekiston manfaatlarini nafaqat harbiy sohada, balki hayotning barcha jabhalarida, har bir qadamda himoya qilishga tayyor turish, yurt uchun fidoiy bo‘lish – bu bugungi kun talabi ekanini hayotiy misollar va ta’sirchan vositalar bilan yoshlar ongiga singdirib borish.

 

III.  YOSHLARNI HARBIY-VATANPARVARLIK RUHIDA TARBIYALASH TIZIMI VA UNING ASOSIY TAMOYILLARI

Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimi uzluksiz jarayon bo‘lib, u bir-biriga bog‘liq siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, g‘oyaviy-mafkuraviy, madaniy-ma’rifiy tadbirlar majmuasidan iborat. 

Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining  farmon va qarorlari, Qurolli Kuchlarning umumiy harbiy nizomlari, Mudofaa vazirligi, Qurolli Kuchlar tizimidagi idoralarning me’yoriy-huquqiy hujjatlari asosida olib boriladi.

Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimi quyidagi tuzilmalarni qamrab oladi:

ta’lim-tarbiya jarayonining eng muhim va asosiy bo‘g‘ini bo‘lgan bolalar bog‘chasidan boshlab  ijtimoiy-ma’naviy ahamiyatga molik qadriyatlarni, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhini shakllantirish va rivojlantirishga qaratilgan maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta ta’lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi va oliy ta’lim muassasalari;

ommaviy va harbiy-vatanparvarlik ishlarini amalga oshiradigan davlat va nodavlat tashkilotlari, mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari, Qurolli Kuchlar tuzilmalari, mudofaa ishlari boshqarmalari, harbiy qismlar va muassasalar, huquq-tartibot organlari, faxriylar kengashlari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tuzilmalari va boshqa tashkilotlar.

Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlari muntazam ravishda tizimli va ilmiy asosda olib borilib, uning samaradorligi uchun jamiyatning barcha sub’ektlari mas’ul hisoblanadi. Xususan, uning asosiy sub’ektlarini quyidagilar tashkil etadi:

davlat va mahalliy hokimiyat organlari;

nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari;

oila;

maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi va oliy ta’lim muassasalari;

madaniyat va sport muassasalari (teatr, muzey, tarixiy obidalar, kinoteatr, kutubxona va boshqalar);

ommaviy axborot vositalari;

milliy va umumbashariy qadriyatlar, madaniyat, adabiyot, san’at;

madaniyat va istirohat bog‘lari;

bolalarni sog‘lomlashtirish oromgohlari;

harbiy boshqaruv organlari va boshqalar.

Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ob’ektlari millati, tili, jinsi, ijtimoiy mansubligidan qat’i nazar, barcha yoshlardan, xususan, quyidagilardan iborat bo‘ladi:

maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilaridan;

umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari va oliy ta’lim muassasalari talabalaridan;

uyushmagan yoshlardan;

oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlari va tinglovchilaridan;

harbiy xizmatchilardan;

tashkilot va korxonalarda faoliyat olib borayotgan yoshlardan.

Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning asosiy tamoyillari mazkur jarayonning ilmiy jihatdan asoslangani, uning muntazamligi, ta’lim-tarbiya va amaliyotning o‘zaro uyg‘unligi, tarixiylik va zamonaviylikning uzviy bog‘liqligi bilan ifodalanadi va quyidagilardan iborat bo‘ladi:

ilmiylik;

tarixiylik;

aniqlik va tezkorlik;

muntazamlik;

faollik;

ta’lim-tarbiya ishlarining uyg‘unligi;

tarbiya jarayonining izchilligi;

harbiy-vatanparvarlik tarbiyasida erishilgan ijobiy natija va yutuqlarga tayanish tamoyillari.

 

IV. YOSHLARNI HARBIY-VATANPARVARLIK RUHIDA TARBIYALASHNING USUL VA SHAKLLARI

Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash usullari – yoshlarda zarur hayotiy bilim, ko‘nikma, mahorati va mustahkam irodani, jumladan, yuksak ma’naviy-axloqiy, jangovar ruh va fuqarolik fazilatini shakllantirishga qaratilgan, ularning ongi, ruhiyati va faoliyatiga ta’sir ko‘rsatadigan usul va uslublarni anglatadi.

Quyidagilar yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning asosiy usullaridan hisoblanadi:

ishontirish;

mashq qildirish va mustaqil ishlash;

kuzatish;

rag‘batlantirish;

o‘rnak ko‘rsatish, shaxsiy namuna va boshqalar.

Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning shakllari. Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash turli shakllarda, jumladan, ilmiy, amaliy anjumanlar, savol-javob kechalari, kitobxonlik, elektron o‘yinlar, mashhur kishilar bilan uchrashuvlar tarzida va boshqa shakllarda tashkil etiladi va ular ma’naviy-ma’rifiy ishlarning rang-barangligini ta’minlaydi, pirovard natijada jamiyatda sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhitni shakllantirishga xizmat qiladi. Bunda quyidagi shakllar ustuvor ahamiyatga ega bo‘ladi:

ma’ruza o‘qish, savol-javob kechalari, yakka va jamoaviy suhbatlar;

boy hayotiy tajribaga ega bo‘lgan harbiy xizmatchi va faxriylar, ilm-fan, madaniyat va sport sohalarida, turli musobaqa va tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan shaxslar bilan uchrashuvlar;

ilmiy-nazariy va amaliy konferentsiyalar, seminar-treninglar, muayyan mavzuga bag‘ishlangan kechalar, bahs-munozaralar, viktorinalar, davra suhbatlari;

to‘plangan ilg‘or tajribalarni o‘rganish va ommalashtirish;

jamoatchilik fikri va harbiy jamoalardagi ma’naviy-ruhiy muhitni o‘rganish;

teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar, film va multfilmlar, badiiy va musiqiy asarlar, askar qo‘shiqlari, OAV, veb-saytlar va elektron o‘yinlar, turli gadjetlar va boshqa texnik vositalardan foydalanish;

urush va mehnat faxriylari, jangovar harakatlar ishtirokchilari, davlat va jamoat tashkilotlari, jamg‘armalar vakillari bilan uchrashuvlar;

harbiy xizmatga chaqiriluvchilar kuni, mardlik saboqlari va ekskursiyalar. 

 

V. HARBIY-VATANPARVARLIK RUHIDA TARBIYALASHNING BOSQICH VA YO‘NALISHLARI

Davlat yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimini tashkil etish, uning natijalarini monitoring qilib borishni ta’minlaydigan asosiy institut hisoblanadi. Davlat yosh avlodning tarbiya jarayonini oilada, maktabgacha ta’lim, umumta’lim maktablari, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida, harbiy xizmat davomida, shuningdek, o‘zini o‘zi boshqarish organlari, turli davlat va jamoat tashkilotlari miqyosida tashkil etadi. 

Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlari asosan to‘rt  bosqichda amalga oshiriladi: 

Birinchi bosqich (3-7 yoshdagilar) atrofdagi olam, Vatan haqida dastlabki tasavvurlar  paydo bo‘ladigan bosqich hisoblanib, unda oila va maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarga turli she’rlar, kuy va qo‘shiqlar o‘rgatish, multfilm va elektron o‘yinlar namoyish etish, rasmlar chizish orqali dunyoni anglash, davlat ramzlari (bayroq, gerb, madhiya) bilan tanishish asosida ularda ona yurtga muhabbatni shakllantirishni o‘z ichiga oladi. 

Ushbu bosqichda quyidagilarga alohida e’tibor berish talab etiladi:

harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishida dastlabki tasavvurlarni shakllantirish maqsadida ertak va hikoyalarni aytib berish;

ona Vatanga muhabbat, Vatan himoyasi muqaddas burch ekani bilan bog‘liq  mavzulardagi she’r va qo‘shiqlarni yod oldirish;

bolalarning tasavvurini kengaytirishga qaratilgan rasmlar chizdirish va jismoniy qobiliyatini mustahkamlash uchun turli musobaqa va tanlovlar tashkil etish, shu orqali ularni ma’naviy rag‘batlantirish; 

harbiy-vatanparvarlik mavzusidagi multfilmlar va elektron o‘yinlar namoyish etish;

harbiy muzeylar va harbiy-vatanparvarlik mavzusi bilan bog‘liq madaniyat va istirohat bog‘lariga ekskursiyalar uyushtirish.

Ikkinchi bosqichda (7-16 yoshdagi bolalar) o‘quvchilarning Vatanga muhabbati va sadoqatini mustahkamlash, ona yurt oldidagi farzandlik burchini yuksak mas’uliyat bilan bajarish, ularda Qurolli Kuchlarimizga bo‘lgan ijobiy fikrlarni yanada kuchaytirish, harbiy xizmat nufuzini ko‘tarish, yoshlarning jismonan sog‘lom, ma’naviy yetuk, keng dunyoqarashli, mustaqil fikr yuritadigan barkamol inson sifatida shakllantirish kabi ezgu ishlarga da’vat etiladi. 

Bu bosqichda: 

zamonamiz qahramonlari haqidagi maqolalar, badiiy adabiyotlarni mutolaa qilish;

umumiy o‘rta ta’lim maktablarida harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishida madaniy-ma’rifiy tadbirlar, tematik kechalar va qo‘shiq tanlovlarini tashkil etish, spektakllardan lavhalar namoyish etish; 

o‘quvchi yoshlar ishtirokida “Vatanimni ko‘z qorachig‘idek asrayman”, “Yurt taqdiri – mening taqdirim” mavzularida insholar tanlovini tashkil etish;

sog‘lomlashtirish oromgohlarida “Temurbekning izdoshlari”, “O‘zbekiston farzandlari botir bo‘lur” kabi mavzularda sport musobaqalari va tadbirlar tashkil etish;

harbiy-vatanparvarlik mavzusida badiiy va hujjatli filmlar, multfilmlar namoyish etish va ularning muhokamasini o‘tkazish;

darslik va o‘quv-metodik qo‘llanmalarga buyuk sarkardalarimizning hayoti va faoliyati haqidagi ma’lumotlarni kiritish, ularning jasorati, fidoyiligi va qahramonliklari to‘g‘risida yorqin misollar asosida hikoya qilib berish;

“Temurbeklar maktablari”, oliy harbiy ta’lim muassasalari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarning maxsus guruhlari va harbiy qismlarga ekskursiyalar tashkil etish;

“Mard o‘g‘lonlar” davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan yurtdoshlarimiz bilan uchrashuvlar o‘tkazish, ular erishgan yutuq va natijalarni yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish;

umumiy o‘rta ta’lim maktablarining yuqori sinf o‘quvchilari ishtirokida “Temurbek vorislari” harbiy-sport o‘yinlarini bosqichma-bosqich tashkil etishga alohida ahamiyat qaratiladi.

Uchinchi  bosqich (16-18 yoshdagi o‘smirlar) yoshlarda Vatanga va uning himoyasi uchun munosib xizmat qilishga ruhan va jismonan  tayyorlikni ta’minlashga yo‘naltiriladi. 

Mazkur bosqichda yuqoridagi vazifalarga qo‘shimcha ravishda quyidagi masalalarga e’tibor qaratiladi:

yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlash, harbiy xizmatga nisbatan ularning mustaqil fikri va ijobiy qarashlarini shakllantirish, vatanparvarlik tuyg‘ularini kuchaytirib borish;

o‘quvchi yoshlarning nazariy va amaliy bilim va ko‘nikmalarini  boyitish maqsadida mudofaa ishlari bo‘limlari va harbiy qismlar, o‘zini o‘zi boshqarish organlari, davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda turli sermazmun va qiziqarli tadbirlar tashkil etish; 

milliy armiyamiz uchun jismonan baquvvat va ma’nan yetuk yoshlar zarurligi, harbiy xizmatning ahamiyati, Qurolli Kuchlarda olib borilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berib borish.

To‘rtinchi bosqich (18-30 yoshdagilar) yoshlarning jismoniy va ma’naviy qobiliyati, yetakchilik ko‘nikmalari va intellektual salohiyati, umumiy va professional malakasini oshirish, ularni o‘z ustida muntazam ishlash, sog‘lom hayot kechirishga undash va shunga erishishni nazarda tutadi. Ushbu bosqichda quyidagi jihatlarga e’tibor qaratish talab etiladi:

yosh avlodni har tomonlama yetuk, intellektual va ma’naviy salohiyati yuksak, ota-ona va Vataniga sadoqatli insonlar etib tarbiyalashning  ahamiyati to‘g‘risidagi tasavvur va bilimlarni yanada boyitish;

Vatan himoyasiga doimo tayyor bo‘lish va Qurolli Kuchlar safida xizmat burchini o‘tayotgan yoshlar bilan faxrlanish, konstitutsion burch va harbiy qasamyodga sodiqlik tuyg‘ularini shakllantirish;

harbiy xizmat sharoitlariga moslashish va harbiy ixtisosliklarni puxta egallash, har qanday qiyinchilikka tayyor turish, matonat va jasorat fazilatlarini mustahkamlash, qurol-aslaha, harbiy texnika, davlat va harbiy mulkni asrab-avaylash ko‘nikmalarini rivojlantirish;

jangovar tayyorgarlik va harbiy mahoratni muntazam oshirib borish, harbiy jamoada qaror topgan o‘zaro yordam va do‘stona munosabatlarni qadrlash kabi fazilatlarni shakllantirish;

kitobxonlikni keng targ‘ib etish, jamiyatda yuksak ma’naviyatni qaror toptirishda badiiy asarlarning roli va ahamiyatini yoshlar ongiga singdirish;

yoshlarning o‘z tanlagan kasbini puxta egallashi va yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishi uchun yaqindan ko‘maklashish;

milliy mafkuramizga zid bo‘lgan yot g‘oyalarga  qarshi tanqidiy qarash va mafkuraviy immunitetni, o‘ziga ishonch, hushyorlik va ogohlik tuyg‘ularini mustahkamlash;

yoshlarda faol hayotiy pozitsiya va  o‘zining mustaqil fikr-mulohazalarini aniq bayon eta olish, mas’uliyatni his etish, qat’iy tartib va intizomga rioya qilish fazilatlarini shakllantirish, ularni qat’iyatli bo‘lishga o‘rgatish.

 

VI. HARBIY-VATANPARVARLIK RUHIDA TARBIYALASH SAMARADORLIGI VA MEZONLARI

Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning samaradorligi, avvalo, bu jarayonning barkamol avlod tarbiyasiga, yoshlarning vatanparvarlik darajasiga qay darajada ijobiy ta’sir etgani bilan belgilanadi.

Harbiy-vatanparvarlik tarbiyasidagi samaradorlik darajasini aniqlashning muhim sharti yoshlarda vatanparvarlik, harbiy burch, jangovar an’analarga sodiqlik kabi xislatlarning real holatda yanada rivojlanishi va takomillashuviga ijobiy ta’sir etadigan omillarni muntazam ravishda hisobga olib, tahlil etib borishdan  iborat.

Harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning muhim mezonlaridan biri – o‘sib kelayotgan yosh avlod oldiga jamiyat tomonidan qo‘yilgan talablar bu borada olib borilayotgan tarbiyaviy ishlarning ma’no-mazmuni, shakl va usullari bilan qay darajada mutanosib ekani bilan belgilanadi. 

 

VII. KUTILAYOTGAN NATIJA

Mazkur Konsepsiya yoshlar o‘rtasida harbiy-vatanparvarlik tarbiyasining samaradorligini oshirish, ularda yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlar, fuqarolik pozitsiyasi, Vatanni sevish va uni ko‘z qorachig‘idek asrashga qaratilgan bilim va ko‘nikmalarni oshirish uchun uslubiy asos bo‘lib xizmat qiladi. 

Konsepsiyaning amalga oshirilishi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining vatanparvarlik tuyg‘usini yuksaltirish, milliy armiyamiz saflarini zamonaviy bilim va professional malakaga, mustahkam iroda, faol grajdanlik pozitsiyasiga ega bo‘lgan yoshlar bilan to‘ldirib borish imkonini beradi. 

Ushbu Konsepsiya ochiqlik va oshkoralik printsiplariga asoslangan bo‘lib, uni takomillashtirishda davlat va  nodavlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, barcha yurtdoshlarimiz o‘z taklif va tavsiyalari bilan ishtirok etishlari mumkin.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × 5 =