Mojaro markazi yana Yaqin Sharqdami?!

AQSh Prezidenti Donald Tramp 6 dekabr kuni «Quddusni Isroil poytaxti deb rasman tan oladigan vaqt yetib keldi» deya bayonot bergandi. U o‘z chiqishida shuningdek, AQShning elchixonasini Tel-Avivdan Quddusga ko‘chirish masalasida tayyorgarlik ko‘rishga farmoyish berganligini aytdi.

 

Uning isroilliklar uchun ham, falastinliklar uchun ham maqbul bo‘lgan tinchlik bitimiga erishish yo‘lida “qo‘lidan kelgan” barcha ishlarni qilishi borasidagi ushbu bayonoti, dunyo jamoatchiligini tashvishga solib qo‘ydi, albatta. 

Jahon, jumladan, arab davlatlarining yetakchilari Donald Trampning bu qarorini keskin tanqid qildi. Xususan, Germaniya kantsleri Angela Merkel Quddus maqomi Isroil va Falastin o‘rtasidagi muloqot doirasida hal etilishi kerakligini ta’kidladi. Rossiya va Turkiya prezidentlari esa AQShning bu qaroridan tashvish bildirdi. Vladimir Putin va Rajab Toyyib Erdo‘g‘on telefon orqali muloqoti chog‘ida bunday qaror Yaqin Sharqda keskinlikni bartaraf etish istiqbollarini puchga chiqarishini ta’kidladilar. 

Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar masalalari bo‘yicha oliy vakili Federika Mogerini falastinliklar va isroilliklar o‘rtasida erishilgan tinchlik bitimiga raxna soluvchi har qanday qadamlardan tiyilib turish lozimligini ta’kidladi. U Quddus ham, Isroil ham Falastin davlati poytaxti bo‘lishi shartligini aytdi. BMT Bosh kotibi Antoniu Gutterish “Isroil va falastinliklar o‘rtasidagi tinchlik munosabatlarini barqarorlashtirishga tahdid soladigan bir tomonlama choralarga hamisha qarshi chiqib” kelganini ta’kidladi. Frantsiya tashqi ishlar vazirligi Quddus maqomi Isroil — Falastin muzokaralarida belgilanishi kerakligini ta’kidladi. Turkiya keskin bayonotlardan tashqari, Isroil davlati bilan diplomatik aloqalarni to‘xtatish va Amerika — Turkiya qo‘shma iqtisodiy dasturlarini vaqtincha to‘xtatishi borasida ma’lum qildi.

Amerika elchixonasining Quddusga ko‘chib o‘tishi va bu shaharni Isroilning poytaxti deya tan olinishi halqaro konsensusga mos kelmaydi. o‘arb mamlakatlarining ko‘pchiligi Quddusni Isroilning poytaxti sifatida tan olmaydi. Falastinliklar musulmon, nasroniy va yahudiylar uchun muqaddas bo‘lmish Eski shaharni o‘z ichiga olgan Sharqiy Quddus o‘zlarining poytaxti deya e’lon qilinishini talab qiladi.

Arab davlatlari ligasi mamlakatlari tashqi ishlar vazirlarining 10 dekabr kuni Misr poytaxtida bo‘lib o‘tgan favqulodda yig‘ilishida bayonot qabul qilindi. Unda AQShning Quddusni Isroil poytaxti deb tan olish haqidagi qarori xalqaro qonunchilik va BMT Xavfsizlik kengashi tomonidan qabul qilingan rezolyutsiyalarni qo‘pol buzish hisoblanadi, deb ta’kidlandi. Arab Davlatlari Ligasi vaziyatni baholash va navbatdagi harakatlar masalasida kelishib olish uchun bir oydan keyin yana uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

13 dekabr kuni esa Istanbulda Islom hamkorligi tashkilotining favqulodda sammiti bo‘lib o‘tadi. AQShning Yaqin Sharqdagi uzoq yillik eng yaqin hamkori Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri Odil al-Jubayr AQShdan Quddusni Isroil poytaxti deb tan olish qarorini qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi. Arab davlatlari ligasi 1967 yil 4 iyundagi chegaralarga ega, poytaxti Quddusda bo‘lgan Falastin davlatining xalqaro maydonda tan olinishiga chaqirdi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Gutterishga Xavfsizlik Kengashining 15 ta a’zosidan 8 tasi — Frantsiya, Boliviya, Misr, Italiya, Senegal, Shvetsiya, Buyuk Britaniya va Urugvay iltimos bilan chiqqanidan so‘ng bo‘lib o‘tgan BMT Xavfsizlik kengashining favqulodda majlisida barcha 14 a’zo davlat (BMT XKda AQShni qo‘shib hisoblaganda 15 ta a’zo bor) AQSh Quddusni Isroil poytaxti sifatida tan olishi borasida Trampning bir tomonlama qarorini tanqid qildi. Misrning BMTdagi vakili qarorni «xavfli namuna» deb atadi. Buyuk Britaniya, Italiya, Shvetsiya va Germaniya diplomatlari qo‘shma tanqidiy bayonot bilan chiqdi. Yevropa davlatlari vakillarining aytishicha, mazkur qaror «BMT rezolyutsiyalariga muvofiq emas» va «mintaqada tinchlik o‘rnatilishiga hech qanday yordam bermaydi». Biroq AQShning veto huquqini inobatga olgan BMT Xavfsizlik kengashi biror-bir hujjat qabul qilmadi.

Aytish kerakki, Donald Trampning bu qarori mintaqadagi bir qator mamlakatlar aholisi tomonidan ommaviy noroziliklarga sabab bo‘ldi. Iordaniya, AQShning Istanbuldagi konsulligi oldida va Pokistonda norozilik namoyishlari boshlanib ketdi. Minglab tunisliklar bir necha shaharlarda ko‘chaga chiqdi. Quddusda AQShning bu qaroriga nisbatan falastinliklar o‘tkazgan namoyishlar tartibsizliklarga aylanib ketdi. To‘qnashuvlar Xevron, Baytlahm va Iordan daryosining g‘arbiy qirg‘oqlaridagi boshqa shaharlarda ham bo‘lib o‘tdi. Indoneziya poytaxti Jakartada 6 mingga yaqin kishi Trampning Quddusni Isroil poytaxti sifatida tan olish haqidagi qaroriga norozilik bildirish uchun AQSh elchixonasi yaqinida to‘plandi.

Prezident Donald Tramp yaqin orada vitse-prezident Mayk Pensni Yaqin Sharqqa terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha muzokaralarga yuborishni rejalashtirgan edi. Biroq Falastin rahbariyati AQShning hech bir delegatsiyasini, jumladan, vitse-prezident Mayk Pensni ham qabul qilmasligini bildirdi. 

Quddus shahri maqomi Isroil—Falastin mojarosining eng nozik masalalaridan biridir. Falastinliklar bu shaharni bo‘lg‘usi davlatlarining poytaxti deb biladi. Isroil Sharqiy Quddusni bosib olgan va butun shaharni o‘zining poytaxti deb e’lon qilgan edi, ammo uning bu xatti-harakatini jahon hamjamiyati tan olgani yo‘q. Ko‘pchilik mamlakatlarning elchixonalari Tel-Aviv shahridadir. Quddusning maqomi 1947 yil noyabrida BMT Bosh Assambleyasining 181-rezolyutsiyasi tomonidan belgilab qo‘yilgan bo‘lib, unga ko‘ra, shahar xalqaro nazoratda bo‘lishi kerak edi. Shu paytgacha biror-bir mamlakat Quddus shahrida elchixona ochgani yo‘q.

AQSh Kongressi 1995 yilda elchixonani Tel-Avivdan Quddusga ko‘chirish borasida qonun qabul qilingan edi. Biroq shaharning maqomi borasidagi bahslar va arab—isroil munosabatlarini keskinlashtirmaslik maqsadida Amerikaning barcha rahbarlari har yarim yilda bu qonun bajarilishini keyinga qoldirishga qaratilgan hujjatni imzolab turardi.

Shu o‘rinda Quddus haqida qisqacha ma’lumot. Shaharning qadimiy qismiga odamlar eramizdan avvalgi 4-ming yillikda kelib joylashgani tarixdan ma’lum. Bu Quddus eng qadimiy shaharlardan biri ekanligidan dalolat beradi. Shu davr mobaynida Quddus kamida ikki marta buzib tashlangan, 23 marta qamal qilingan, 52 marta hujumga uchragan, 44 marta zabt etilgan va qayta egallab olingan. Asrlar davomida turli buyuk imperiyalar hukmronligi ostida bo‘lgan. 

Birinchi jahon urushi natijalariga ko‘ra, Buyuk Britaniya Quddusni o‘z nazoratiga oladi. Inglizlarning general Edmund Allenbi qo‘mondonligidagi Misr korpusi 1917 yilda Quddusni egallab oldi. General muqaddas shaharga hurmat bajo keltirish ma’nosida 11 dekabr kuni piyoda Quddusga kiradi. Britaniya hukmronligi yillarida Falastinning ma’muriy markazi bo‘lmish Quddus g‘arbida yangi shahar paydo bo‘ladi. 

Ikkinchi jahon urushidan so‘ng Buyuk Britaniyaning Falastindagi hukmronligiga barham berildi. 1947 yilning 29 noyabrida BMT Bosh Assambleyasi «Falastinning bo‘lajak hukumati» («Falastinni bo‘lish to‘g‘risida» nomi bilan mashhur) 181-rezolyutsiyani qabul qildi. Unga ko‘ra, Buyuk Britaniya mandati ostidagi Falastinda ikkita — arab va yahudiy davlatlari tashkil etish ko‘zda tutilgan edi. Quddus masalasida esa BMT boshqaruvida «maxsus xalqaro rejim» tavsiya qilindi. Maxsus rejim muddati 10 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, shundan so‘ng referendum o‘tkazilishi, uning natijasiga ko‘ra shaharliklarning o‘zlari Quddus maqomini belgilashlari kerak edi. Biroq bu reja hayotga tatbiq etilmadi. Isroil bu rejaga rozi bo‘ldi, ammo Falastin vakillari bu rezolyutsiyaga bog‘lanib qolmasliklarini aytishdi.

1948 yilning may oyida Buyuk Britaniya mandati tugab, inglizlar mintaqani tark eta boshlashlari bilan o‘sha yili Arab—Isroil urushi boshlanib ketdi. 15 may kuni Quddus Iordaniya harbiylari tomonidan hujumga uchradi. Oradan bir necha kun o‘tib Misr harbiylari ham shaharga kirib keldi. Endigina tashkil etilgan Isroil qurolli kuchlari ham qo‘l qovushtirib o‘tirmadi, ular Quddusning yangi shahar qismini qo‘lga kiritdi. 1948 yilning 11 iyunida tomonlar kelishuvga erishdi. BMT elchisi Folke Bernadot tomonlarga ma’qul bo‘lgan rejani taqdim qildi. Unga ko‘ra tomonlar shaharni internatsionalizatsiyadan voz kechishlari kerak edi. Ammo har ikki tomon bu rejani qabul qilmadi. 1948 yilning so‘ngiga borib Quddus amalda ikkiga bo‘linib qolgan edi. Sharqiy Quddus va Iordan daryosining o‘arbiy sohili arablar nazoratida bo‘lsa, o‘arbiy Quddus yahudiylar nazoratiga o‘tdi. 1949 yilning 3 aprelida sulh imzolandi. 

1949 yilning dekabrida bosh vazir D.Ben-Gurion «Yahudiylar Quddusi»ni Isroil davlatining tarkibiy qismi va bo‘linmas poytaxti deya e’lon qildi hamda poytaxtni Tel-Avivdan Quddusga ko‘chirish taklifini ilgari surdi. 1967 yilda «Olti kunlik» urush natijasida Isroil Sharqiy Quddusni egallab oldi va o‘arbiy Quddus bilan birlashtirdi. Biroq BMT bu qarorni tan olmadi. Shundan beri Isroil Quddus o‘zining yagona poytaxti ekanini aytib keladi, biroq Falastin Sharqiy Quddus o‘zining poytaxti bo‘lishi kerakligini ta’kidlaydi. 1997 yili Falastin Qonunchilik Kengashi 2002 yilda Falastin Milliy ma’muriyati raisi Quddus Falastin davlatining poytaxti ekanligi borasidagi Qonunni imzolashi kerak degan qaror qabul qilgan edi. Biroq BMTga a’zo 100 dan ortiq mamlakat tan olgan bo‘lishiga qaramay, Falastin davlati hamon tashkil etilmagan.

So‘zimizni muxtasar qilib aytadigan bo‘lsak, endigina yaqin Sharqda, ya’ni Suriyada kelishuvga erishayotgan bir paytda Isroil—Falastin masalasining kun tartibiga qo‘yilishi albatta, barchani tashvishga soladi. Insoniyat bu mojarolarni bartaraf etib, dunyoda tinchlik o‘rnatiladigan zamon kelarmikan, degan gap xayoldan o‘tadi. 

Sharofiddin  TO‘LAGANOV

 

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four + 1 =