MAQSAD — xalq manfaatlariga xizmat qilmoq

Milliy matbuotimizga asos solingan dastlabki yillarda “Maqsad va maslagimiz — xalq manfaatiga xizmat etmak” degan ezgu g‘oya bilan maydonga chiqqan ma’rifatparvar bobolarimizning sharafli ishlariga tarixning o‘zi guvoh. Istiqlol quyoshi porlagan bugungi kunlarda millat ma’naviyati deya jonfidolik qilgan ulug‘ ajdodlarimizning munosib vorislari shakllanib kelayotgani, boshqacha aytganda, o‘zbek jurnalistikasi tom ma’noda rivojlanish va dunyoga bo‘ylashish pallasida turgani Vatanimiz ijodkorlarini, shubhasiz, mehnatsevarlik, fidoyilik va izlanuvchanlik sari ruhlantirayotir.

 

Farg‘ona shahridagi “Farmuz” majmuasida viloyat hokimligining bosh nashrlari “Farg‘ona haqiqati” va “Ferganskaya pravda” gazetalarining chiqa boshlaganiga yuz yil to‘lishi munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Anjumanga yozuvchi va shoirlar, jurnalistlar hamda gazetalar tahririyatlarining xodimlari taklif etildi.

Viloyat axborot-kutubxona markazi tomonidan majmua foesida “Farg‘ona haqiqati” va “Ferganskaya pravda” gazetalariga bag‘ishlangan ko‘rgazma tashkil etildi. Majmua markaziga o‘rnatilgan ekranda viloyat teleradiokompaniyasi tomonidan tayyorlangan videoroliklar namoyish qilindi. Ularda otaxon gazetalar tarixining yorqin sahifalari, taniqli ijodkorlar, faxriy jurnalistlar hayoti, ijodiy faoliyati, tahririyat jamoalari erishgan yutuqlar, shuningdek, Farg‘ona matbuotining bugungi qiyofasi aks etdi. 

Tantanali tadbirda viloyat hokimi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Shuhrat o‘aniev ishtirok etib, ijod ahlini samimiy qutladi. Ijodkor mehnatining naqadar mashaqqatli va mas’uliyatli ekani, ommaviy axborot vositalari jamiyat hayotida muhim o‘rin tutishi, matbuot fidoyilarining ijodiy ishlari xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod ma’naviyatini shakllantirishga xizmat qilishini e’tirof etdi. 

Viloyat rahbari O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limlariga yengil avtomobil kalitlarini topshirdi. 

Farg‘ona jurnalistikasi va adabiyotining ilg‘or vakillari, “Farg‘ona haqiqati” va “Ferganskaya pravda” gazetalarining faxriy ijodkorlari, ustozlar va yosh jurnalistlar, tahririyatlar xodimlari viloyat hokimligining “Tashakkurnoma”si, “Faxriy yorlig‘”i va pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Bu ijodga, qalam ahliga ko‘rsatilgan yuksak ishonch, rag‘bat va g‘amxo‘rlik Vatan manfaati, xalq farovonligi yo‘lida xizmat qilayotgan ijodkor-jurnalistlarga qaratilgan alohida e’tiborning amaliy ifodasi bo‘ldi. E’tirof va rag‘batdan minnatdor yuraklarning aks-sadosi, dil so‘zlari tillarga ko‘chdi.

— Farg‘ona matbuotining ko‘zgusiga aylangan, bag‘rida ijod bulog‘i qaynab, qanchadan-qancha ulug‘ insonlarga ustozlik qilgan gazetalar — “Farg‘ona haqiqati” va “Ferganskaya pravda” gazetalarining bugungi bayrami biz kabi faxriy jurnalistlarni g‘oyat to‘lqinlantirib yubordi, — deydi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Doniyor Ergashev. — Uzoq yillar matbuot bilan hamnafas yashadik, gazetachilik tarixidagi qiyinchiliklarni, sinovlarni va muvaffaqiyatlarni ham ko‘rdik. Ayni daqiqalarda Farg‘ona jurnalistikasini rivojlantirish, ijodkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan e’tibordan va  qalbi qaynoq yosh jurnalistlarning safi kengayib borayotganidan har qancha quvonsak arziydi. 

Tantanada so‘z olgan O‘zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi, Oliy Majlis Senati a’zosi Enaxon Siddiqova, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi raisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Muhammadjon Obidov, “Tohir-Bag‘dod” televideniesi rahbari Tohirjon Hamroqulov, so‘xlik ijodkor Ali Muhammadxon Po‘lodiy, “Quva hayoti” gazetasi bosh muharriri, shoira Zuhro Alievalar ijodkorlarni qutlab, o‘ziga xos mahorat maktabi bilan obro‘ qozonib kelayotgan “Farg‘ona haqiqati” va “Ferganskaya pravda” gazetalari faoliyatiga zafarlar tilashdi. 

— Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev boshchiligida matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga alohida ishonch bildirilayotgani, ularning mashaqqatli mehnati, ta’sirchan so‘zi  va ijodiy mahoratiga yuksak baho berilayotgani barcha farg‘onalik jurnalistlarni shijoatkor bo‘lishga, hamisha el-yurt manfaatini o‘ylab yashashga undashi shubhasiz, — deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Saydali Odilov. — Bugungiday tadbirlar jurnalistlar, yozuvchi va shoirlarni doimo hayotning qaynoq nuqtalariga, tom ma’noda xalq qalbiga kirib borishga ruhlantiradi. “Farg‘ona haqiqati” gazetasi tahririyatining 2012 yilda “Oltin qalam” tanlovining Bosh mukofotini qo‘lga kiritgani, ayniqsa, mamlakatimiz mustaqilligining 26 yilligi arafasida tahririyat bo‘lim mudiri Ma’mura Abdurahimovaning “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangani gazeta tarixiga zarhal harflar bilan bitildi. Qolaversa, bugun qutlug‘ dargohdan yetishib chiqqan ustozlariga cheksiz hurmat va havas hissi bilan mehnat qilayotgan yosh ijodkorlarning izlanuvchanligi ham e’tirofga loyiq.

Respublikamiz va viloyatimizning taniqli xonandalari, yosh ijrochilar tomonidan taqdim etilgan musiqiy dasturlar kechaga alohida fayz bag‘ishladi. 

Sohiba 

ABDURAHMONOVA,

Dilnavoz QO‘LDOSHEVA,

“Farg‘ona haqiqati” gazetasi muxbirlari.

Suratlarni Sherzod QORABOYEV olgan.

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 + 8 =