“JANNATNI IZLAB, DO‘ZAHNI TOPDIM”

Yollanma ish Ismatning joniga tegdi. Bir paytlar duradgorlikni o‘rganganda aqlim qayda ekan, deya ahyon-ahyon o‘zidan ham, qilayotgan ishidan ham ko‘ngli to‘lmaydi. Taqir-tuqurini ko‘tarib, eshikma-eshik yurish malol kela boshladi. Buning ustiga buyurtmaning biror joyini sal xato qilsa, xaridordan dakki eshitadi, yoshi kichigu o‘zi “katta” odamlarning gapi og‘ir botadi.

 

 So‘nggi yasagan oshxona mebeliga so‘ragan pulni berishni istamagan buyurtmachi shartnomani buzgani yetmaganday, nordon gap qildi:

– Uka, sizni binoyidek usta deyishgandi, bu nima, oshxona stolining oyog‘i chumolining beliday bo‘pti-ku! Bu yerga qancha idish-tovoq qo‘yiladi, to‘rt kunda cho‘ltoq bo‘lib qolsa, sizni qaysi eshikdan topaman, ustabuzar ukam?! 

Ikki o‘rtadagi tortishuvdan so‘ng u stolni qayta yasashga majbur bo‘lgani alam qildi. Xayolida har xil fikrlar o‘ralashdi, rahmonning sabrga chorlovidan ko‘ra, shaytonning tekinga undovi afzal ko‘rindi. Oxiri, “E, bor-e, menga zaril keptimi, yoshim o‘ttizga yetmay turib shu qora ishga chidab yashashim kerakmi?! Hali uylanmagan bo‘lsam, boshqalar qatori yurt kezib yursam bo‘lmaydimi?!” degan xayol bilan Qozog‘istonga qarab yo‘l oldi. Boshlanishiga biroz qurilishda ishladi, bu yerdagi og‘ir mehnat oldida o‘zining duradgorligi holva bo‘lib chiqdi. Bir-ikkita noshukurning gapini ko‘tarolmay, o‘z hunarini “qora ish” deb xato qilgan ekan, qora ishlar mana, endi boshiga tushdi. Tabiiyki, toqatsiz, maqsadsiz odam bunday ishga ham ko‘nikolmaydi, xo‘sh, nima qilish kerak? Bu savolga Bonu ismli ayol javob topib berdi. Aniqrog‘i, Ismatni o‘z “biznes”iga sherik qilib, ishga yolladi.

– Qo‘lingni qora moyga botirmaysan, barmog‘ingni barmog‘ingga tekkizmay, pul topasan, yigit, ishonaver, – dedi ayol boshini orqaga tashlab, xo‘rpaygan jingalak sochlarini silarkan. – Bugunoq yurtingga qayt, eski “dugona”laringni ishga solib, to‘rt-beshta do‘ndiqchani topib jo‘natasan, bo‘ldi!

– Xo‘sh, keyin-chi, har biriga qanchadan berasiz?

– Yuzdan!

– Ko‘kmi?

– So‘m bo‘larmidi, galvars!

– Baribir kam, u qizlarning javobgarligi mening bo‘ynimda qoladi, opa! Shuniyam hisobga oling-da, biroz qo‘shing!

– Halitdan nafsingga erk berma, javobgarlikni esa menga qo‘yib ber! Endi tur-da, tez jo‘na!

Bunday oson shartnomani qo‘lga kiritganidan og‘zi qulog‘ida bo‘lib qaytgan Ismat ko‘p ovora bo‘lmadi. Hamkori aytganday, “eski dugonasi” Olimani topdi-da, avrashga tushdi:

– Yaqinda Olma-otadan keldim, zo‘r joylar ekan, ish ham ko‘p, pul ham!

– Unda nega qaytdiz? – so‘radi qiz.

– Seniyam olib ketay dedim-da!

– O‘-hu, qanaqa ish topdiz o‘zi, birorta boyvachcha xonimga enagalik qilyapsizmi, yo? – ermak qilib chimirildi Olima.

Ismat bu qizni yaxshi bilgani bois yashirib o‘tirmadi, to‘g‘risini aytdi-qo‘ydi: 

– Senga o‘xshagan qizlarga “Aida” saunasida ish bor, u yerda oyiga 500-600 dollar berishadi, faqat ko‘proq dugonalaring bilan birga borishing kerak!

Olima hammasini angladiyu ishga kirishdi. Nodirayu Gulruh, Gazizayu Shoiralar tez orada topila qoldi. Ularga Qozog‘istondagi kafe-barlarda ofitsiant yoki enagalik qilib, yaxshigina maosh olasizlar deb tushuntirildi. Shunday qilib, Ismat bir to‘da qiz bilan aylanma yo‘llar orqali Qozog‘istonga jo‘nadi. Ularni Bonuning odamlari kutib olishdi. Manzilga yetgach, Olimadan boshqa hamma qizlar qaerga, qanday maqsad bilan olib kelinganlarini endi tushundi. Birinchi kundanoq norozilik qilib, janjal boshlagan qizlarni ushlab turish oson bo‘lmadi. Avvaliga vaqtincha shu saunada ishlaysizlar, deb qutulgan Ismat bir necha kun ko‘rinmay ketdi. Qizlarning pasportini yig‘ib olgan Bonu esa: “Men qilgan xarajatni ikki hissa qilib qaytarmasalaring pasportlaringni ololmaysanlar”, deb shart qo‘ydi. Oradan besh kun o‘tib, Ismat paydo bo‘ldi va g‘alvaning ichida qoldi. Qizlar baravariga hujum qilib, uni dovdiratib qo‘yishdi: 

– Bizni aldab, mana shu iflos ishga boshlaganing uchun hali olaringni olasan!

– O‘z opang yo singling ham shu ahvolga tushsin, iloyim!

– Topgan harom puling tez kunda boshingni yesin!

Birgina Shoira bu hujumdan chetda turib, tinmay yig‘lardi. Uning bu yerdan qutqarishni so‘rab, yalinib-yolvorishi Ismatning hali butunlay yo‘qolib ulgurmagan odamiylik hissini uyg‘otdi. Ayniqsa, qizning “Men yetim o‘sganman, odamlarning turtkilashlariga chidashim oson bo‘lmagan, lekin o‘sha yetimlikdagi hayotim bundan ko‘ra ming marta yaxshi edi” degan gapi uni o‘yga toldirdi. Sho‘rlik qizga achinib, o‘zidan nafratlana boshladi, nima qilib qo‘yganini, odam hazar qiladigan ahvolga tushib borayotganini anglab, jimib qoldi. Bonu nima deyishini bilmay, gangib qolgan yigitni himoya qilib, jilovni qo‘lga oldi:

– Yaxshilikni bilmagan ko‘rnamaklar, unda nima ayb, ish kerak deb kelgan o‘zlaring-ku! Hammang o‘zingni yig‘ishtirib ol, yo‘qsa, o‘ligingniyam hech kim topolmaydigan joyga jo‘nataman!

Bonuning gapiyu daldasi Ismatning fikrini o‘zgartirolmadi. U qizlarni o‘z yurtiga qaytarib yuborish uchun bu ayolni ko‘ndirishga urindi. Ammo Bonu nisbatan yoshroq bo‘lgan Nodirani olib qolish va bu “qari qizlar” o‘rniga boshqalarini jo‘natish evaziga Ismatning gapiga rozi bo‘ldi. U hech vaqosiz qolgan uch qizning tashvishidan qutulganiga shukr qildi. Olimani ham ularga qo‘shib jo‘natdi. Ammo o‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas ekan. Endi nima qilish kerak, yana qurilishda ishlaydimi, yo‘q, bu og‘ir mehnatning maoshiga qarab o‘tirishning o‘zi bo‘lmaydi. Gadoy bir eshikdan o‘tguncha, deganlaridek, u yangi ishidan butunlay voz kecholmadi. Olimaning yordami bilan boshqa qizlarga qarmoq tashlash, tashlaganda ham sirli ishning biroz uchini chiqarib qo‘yish orqali o‘zini oqlab olmoqchi bo‘ldi. Shu yo‘l bilan “ikkinchi guruh”ni ham bir amallab Bonuning qo‘liga topshirdi. Olimani yana qayta ko‘rgan Bonu esa:

– Voy-bu, Olya, yum-yumaloq bo‘p qopsan-ku! Bu holingda senga xaridor topish qiyin, ammo Ismatning ishonchini oqlading, olib kelgan qizlaring bu gal bizni boy qiladi, malades! – deya uni rag‘batlantirgan bo‘ldi.

 

Afsuski, Ismat bu yo‘l bilan boy bo‘lishga ulgurmadi. Yurtiga qaytishi bilan qo‘lga olinib, tegishli jazoga tortildi. Panjara ortida qolgan birinchi kuniyoq shunday tush ko‘rdi: duradgorlik asboblari xuddi tirik odamdek uni quvib yurganmish. U qochib ketayotib, bir chuqurga quladi. Bu yerdagi qurt-qumursqalaru g‘alati hasharotlardan qutulib qochishga harchand urinmasin, uddalay olmay dodlayotganida uyg‘onib ketdi. Tushining ta’birini o‘ylab-o‘ylab, qo‘l bergan ustozining gapi yodiga tushdi: hunarning ham piri bo‘ladi, uni xor qilgan odamning o‘ziyam xor bo‘ladi…

(Ismlar o‘zgartirilgan, mos kelgan nomlar tasodif).

 

Mirshukur MIRAGZAMOV,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sud maslahatchisi,

Xolida FAYZIYEVA,

“Hurriyat” muxbiri

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × four =