TAQDIRNI BASHORAT BELGILAYDIMI?

Yaratganga behisob shukr, yangi — 2018 yilga ham eson-omon yetib keldik. Bu yil taqdirimizga qanday yaxshiliklar bitilgan ekan, shaxsiy hayotimizda qanday muvaffaqiyatlarga erishar ekanmiz, buni bilmasak-da, umid qilaveramiz. Harakatdan to‘xtamaymiz, intilaveramiz, chunki ko‘nglimizda ishonch (iymon, e’tiqod, umid) bor.

 

Oldinda nima yuz berishini bilmaganimiz — qanday yaxshi! Bu bizni yangi orzu-umidlarga ilhomlantiradi, hayotga, kelajakka nekbin nigoh tashlashga undaydi.

Biroq odatda har hafta yoki har oy avvalida, ayniqsa, har yangi yil arafasida boshlanajak yil qaysi muchalda tug‘ilganlar uchun qanday tuhfalar hadya etarkin deya oylik, yillik bashoratlarni o‘qiydiganlar, kelgusi rejalarini shunga qarab tuzadiganlar ham topiladi. Aslida, muchal va burjlarning inson taqdiriga ta’siri borasida fan nima deydi, dinimizda qanday ko‘rsatmalar bor? Shular haqida ma’lumot to‘plab, e’tiboringizga havola etishni lozim topdik…

MUTAXASSISLAR O‘RTASIDAGI BAHS…

Inson azaldan o‘z taqdirini anglashga intilib yashagan, turli davrlarda olib borilgan izlanishlar ba’zan bir-birini to‘ldirsa, ba’zida inkor qilgan. Manbalarning guvohlik berishicha, o‘tmishda ba’zi kishilar muchal va burjlarga doir qonun-qoidalarga amal qilib, hayot kechirgan. Harbiy yurishlardan tortib, davlat boshlig‘ining hokimiyat tepasiga kelishi, katta-katta qurilishlar, nikoh marosimlari aniq munajjimlar hisob-kitobilariga qarab, amalga oshirilgan. Bugun ham bu mavzudagi tadqiqotlar davom etyapti. Soha mutaxassislarining biri burj va muchal bor-yo‘g‘i xom bir faraz desa, boshqasi burj inson his-tuyg‘ularini, muchal esa tafakkur darajasini belgilab beradi, ikkalasining birlashuvi yordamida kishining xulq-atvorini aniqlash mumkin, deydi. Daniyalik olimlar o‘n besh ming kishi ishtirokida o‘tkazgan tadqiqotidan so‘ng shunday xulosaga kelishgan: insonning shaxsiy xususiyatlari uning tug‘ilgan yili va kuni bilan hech qanday bog‘liq emas. “Burjning ta’siri degan gap aslida bir afsona, — deydi tadqiqot rahbari, professor Peter Xartmann.— Unga asoslangan bashoratlar esa — oddiy makulatura”.

Rossiyalik ayrim mutaxassislar bu fikrning faqat bir qismiga qo‘shiladi: munajjimlar bashoratining bari ko‘ngilochar, puch gaplar, xolos, ammo sayyoraning inson dunyoga kelgan vaqtdagi joylashuvi uning shaxsiga ma’lum ma’noda ta’sir etadi. “Burj kishi xarakterining ma’lum qirralari, aytaylik, temperamentini belgilashda rol o‘ynaydi, – deydi ulardan biri, astrolog Vasilisa Volodina.

Boshqa bir astrolog Grigoriy Kvasha esa: “Mashhur kishilar biografiyasini o‘rganar ekanman, amin bo‘ldimki, sayyoraning joylashuvi, shubhasiz, kishi tafakkuri, xulq-atvorini belgilaydi. Masalan, ko‘p taniqli kashfiyotchilar Qo‘y yilida tug‘ilgan. Jahondagi 120 nafar buyuk dramaturgning 60 nafari Sichqon yilida, buyuk sarkardalarning aksariyati Tovuq yilida dunyoga kelgan. Yana qanday isbot kerak?” deya o‘z fikrini ilgari suradi.

Ma’lumotlarga qaraganda, AQSh, Rossiya davlatlarida fazoga parvoz qilayotgan kosmik kema guruhlarini shakllantirishda ularning muchal va burjlarining o‘zaro muvofiq kelishiga alohida e’tibor qaratiladi. Negaki, ular bir necha oylab birgalikda hayot kechiradilar. Ularning jismoniy, psixologik va ma’naviy jihatdan bir-birlariga mos kelishi bajaradigan ishlarining samarasiga ta’sir etadi. Ayni paytda Yevropa mamlakatlari, Yaponiyada oila quruvchilar ham ilmi nujumga asoslangan holda ish tutishlari haqida qaydlar bor. Yurtimiz olimlari olib borgan izlanishlar ham shuni tasdiqlaydi: 

— Olam yagona tizim bo‘lib, undagi barcha narsa va hodisalar o‘zaro chambarchas bog‘liq, — deydi siyosiy fanlar doktori Kamoliddin Yunusov “Muchal va burjlar: tolenoma” kitobida. — Koinotda kechadigan, amal qiladigan butun olam tortishish qonuni, gravitatsion hodisalar o‘z navbatida yerda, jamiyat hayotida ham amal qiladi. Ya’ni odamlar bir-birlari bilan o‘zaro jismonan tortiladilar yoki aksincha, bir-birlaridan qochadilar. Ilmiy tilda bu simpatiya va antipatiya deyiladi. Hozirgi vaqtda muchal va burjlarga oid bilimlardan, olingan natijalardan pedagogika, psixologiya, tibbiyot, sotsiologiya, siyosatshunoslik, biznes, jismoniy madaniyat kabi sohalarda samarali foydalanib kelinmoqda. O‘tkazilgan sotsiologik so‘rovlar natijasiga ko‘ra, muchal va burjlar inson hayotida muhim o‘rin tutishi ma’lum bo‘ldi. Oilaviy ajralishga olib keladigan omillardan 86-90 foizi er-xotinning muchal va burjlari o‘zaro muvofiq emasligi, 10-14 foizi esa boshqa sabab bo‘lib chiqayotir…

Michigan (AQSh) universiteti psixologi Berni Silverman ushbu fikrni butunlay inkor qiladi. U 2978 ta juftlik va 478 nafar turmushidan ajrashgan kishi hayotini o‘rgandi. Qarangki, hech qanday, ijobiy ham, salbiy ham astrologik bog‘liqlik topmadi. Yana, yulduzi yulduziga to‘g‘ri kelmagan er-xotinlar kabi bir-biriga mos tushgan juftliklar orasida ham ajralib ketish hollari uchragani ma’lum bo‘ldi. 

Astronomlar Jorj Kalver va Kristina Yenna astrologlarning so‘nggi o‘n yil davomidagi bashoratlarini hayotiy real voqealar bilan qiyoslab ko‘rganda, ulardan bor-yo‘g‘i 10 foizi to‘g‘ri chiqqan.

 

“BURJLARGA ISHONISH SHIRKDIR”

Insonning butun hayoti uchun dastur qilib berilgan muqaddas kitoblar va diniy ulamolarimiz bu haqda nima deydi?

— Muchal yilini belgilash va hisoblash turkiy xalqlarning qadim zamonlardan beri kelayotgan urf-odatlari jumlasidan bo‘lib, Islom dinidan avval paydo bo‘lgan, — deydi Yunusobod tumani bosh imom-xatibi Rahmatullo Sayfiddinov. — Muchalning shariatga hech qanday daxli yo‘q. Bu haqda Qur’onda ham, hadisi sharifda ham biron nima aytilmagan. Undan qaytarilgan yoki man qilingan joyi ham yo‘q. Abu Hanifa Imomi A’zam mazhabi xalqlarning urf-odatlarini inobatga olishini nazarda tutganda, muchal yoshini belgilash va “uning muchali falon” deyishning zarari yo‘q. Ammo falon hayvon yili unday bo‘ladi, bunisida bunday bo‘ladi, deyish noto‘g‘ri. Sababi, g‘aybni, kelajakni faqat Alloh biladi. 

Burjlarga ishonish esa shirkdir. Osmon jismlari va ularning joylashuv burjlariga qarab kishilar taqdirini aniqlashni Islom dini harom sanagan. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: kim yulduzlardan ilm iqtibos qilsa, sehrdan bir sho‘’ba iqtibos qilgan bo‘ladi. Ziyoda bo‘lgani ziyoda bo‘laveradi, deganlar”. Ya’ni munajjimlik ziyoda bo‘lsa, sehr ham, gunoh ham ziyoda bo‘ladi. Ayni mana shu harom qilingan narsa hozirgi kunda nihoyatda avj oldi. Gazetalar kundalik, haftanomalar haftalik, oynomalar oylik, undan kattaroqlari yillik bashoratlarni, kelajakda bo‘ladigan ishlarni oldindan aytib berish da’vosi bilan hammani laqillatishga urinmoqda. Bular kishilarda turli bo‘lmag‘ur his-tuyg‘ular, shumlanishlar, ikkilanishlar tug‘ilishiga sabab bo‘layotir. Munajjimlikning na dinga, na ilmga, na taraqqiyotga aloqasi bor. Shariatimiz qoralagan va musulmonlarni chetlanishga buyurgan yulduzlarga qarab fol ochish va buni insonlar taqdiriga bog‘lash yolg‘on ekanini hozirgi zamon yetakchi olimlari va mutaxassislari ham isbotlab berishyapti. Mana, masalan, Rossiya ob-havoni o‘rganish markazining sayyoralar harakati va geliogeofizik tekshiruvlar laboratoriyasi mudiri Nikolay Sidorenko shunday deydi: “Ma’lumki, quyosh kuzda osmon ekvatorini kesib o‘tadi va bu nuqta “kuz tengkunligi” deb ataladi. Astrologlar (munajjimlar) esa buni burjlar belgisiga ko‘ra “Tarozi” deb atashgan. Lekin gap shundaki, tengkunlik belgisi, quyoshning turishi va burj belgilari bundan ikki ming bir yuz yil muqaddam astrologiya gullab-yashnagan Bobil va qadimgi Yunonistonda amalga kiritilgan edi. Quyoshning yulduzlarga nisbatan o‘rni almashib turgani bois bu yil quyosh Tarozi yulduzlar turkumiga odatdagidan bir oy kech kirdi. U asl o‘rniga qaytib borishi uchun yana 25700 yil kerak bo‘ladi. Eski munajjimlar aynan mana shu “kechikish”dan bexabar bo‘lgan. Hozirgilari esa buni bilsa-da, hamon eskicha hisob-kitobdan foydalanishmoqda”.

Yana bir olim, rossiyalik nazariyotchi fizik, Nobel mukofoti sohibi, akademik Vitaliy Ginzburgning bu haqdagi fikriga e’tibor bering: “Menga nima uchun astrologiya bilan olishib qolding, bunga sal yengilroq qarayver, bashoratlarni chop etishsa, nima bo‘pti, axir, bular shunchaki hazil-ku, deyishadi. Lekin inson ana shu hazilu uydirmaga ishonib, uning taxminlari bilan yashasa, butun hayotini barbod qiladi-ku! Boshqasi uning ana shu ojizligi orqasidan jaraq-jaraq pul ishlaydi. Shu ham hazil bo‘ldimi?! O‘tmish ajdodlarimizning astrologiya bilan shug‘ullanganlarini tushunsa bo‘ladi. Ilgari odamlar sayyoralar harakatini bilishmas edi. To‘rt yuz yil muqaddam ulug‘ falakiyotchi Iohann Kepler goroskop tuzib, shundan pul ishlagan. Lekin o‘shandan buyon ilm-fan oldinga ulkan qadamlar tashlab rivojlandi. Sayyora va yulduzlar taqdirga hech qanday ta’sir o‘tkaza olmasligi allaqachon isbotlangan…”. Akademikning bu gaplariga qo‘shimcha qilishning zarurati bo‘lmasa kerak…

Mazkur qarashlardan har kim o‘zi xulosa chiqarib olar, olimlarning ayrimlari ta’kidlagani kabi ilmi nujumning taqdirga ma’lum ma’noda ta’siri ham bordir, lekin bir narsa aniq: inson hayotini izga soluvchi eng muhim omil mukammal tarbiya ekani allaqachon tasdig‘ini topgan.

Xolida FAYZIYEVA

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen − 1 =