ZABT ETILGAN MARRALAR

 

Bugun hayotimizning barcha jabhalarida erishilgan yuqori natijalar bilan har qancha faxrlansak arziydi. Ahamiyatlisi, Vatan taraqqiyoti, mamlakatdagi keng qamrovli islohotlar, turmushimizning farovonligi, yurtning obodligi xalqimiz qalbu tafakkurida o‘zining yorqin ifodasini topmoqda.

 

Chunonchi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aktsiadorlik jamiyati ham bu borada yurtdoshlarimizga qulay va beminnat xizmat ko‘rsatish, shart-sharoitlar yaratish maqsadida tashabbuskor bo‘lmoqda. Sohaning yildan-yilga rivojlanayotgani bois, nafaqat minglab yo‘lovchilar, balki xalq xo‘jaligi yuklari ham o‘z manziliga bekamu ko‘st, yetkazib berilmoqda.

Temir yo‘l xizmati haqida gap borganda ularni iqtisodiyotning jon tomirlari deb e’tirof etishadi. 

Soha xodimlarining matonatli mehnati natijasida o‘ta muhim loyihalar amaliyotga joriy qilinmoqda. Xususan, qisqa vaqt mobaynida hududiy yo‘nalishlarni elektrlashtirish, yo‘lovchi va yuk poezdlarining xavfsiz, ishonchli va tezkor harakatlanishi hamda ekspluatatsiya sarf-xarajatlarini kamaytirish imkoni yaratildi.

2016 yildan jamiyatning “Angren—Pop” yo‘nalishi bo‘yicha ham faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 

Ilgarilari Farg‘ona vodiysida ham elektropoezd qatnaydi desa, birov ishonmasdi. Bu ham xalqimizning uzog‘ini yaqin qilish borasidagi, odamlar manfaatini ko‘zlab amalga oshirilayotgan islohotlar samarasidir.

Hozirgi kunda bir yo‘nalishda 350 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati mavjud. Jahon andozalari darajasida jihozlangan vagonlar, yumshoq o‘rindiqlar, zamonaviy televizor hamda konditsionerlarga ega. Bu kabi ezgu ishlar yurtimizning barcha go‘shalarini yagona tizimda birlashtirish maqsadida amalga oshirilmoqda. 

Qadimiy Xivaga temir yo‘li olib kelinishi vohamizning har tomonlama gullab-yashnashi, ayniqsa, sayyohlikni rivojlantirishda katta ahamiyat kasb etadi, albatta. E’tiborlisi, Xiva vokzali bilan hamohang ravishda mahalliy aholi dam olishi bilan bog‘liq ko‘plab sayilgohlar, xiyobonlar, bog‘lar, gulzorlar yaratish, yangi turar-joylar, muhtasham imoratlar qurilmoqda. Yirik loyiha amalga oshirilgach, qadimiy shaharlarimiz Samar¬qand, Buxoro va Xiva o‘zaro bir halqada birlashadi. Bu esa yurtimiz aholisi, chet ellik mehmonlar uchun yanada ko‘plab qulayliklar yaratadi. Sayyohlik olamida yana bir o‘ziga xos majmua yuzaga keladi. Olib borilayotgan bunday ulkan bunyodkorlik ishlari, ezgu amallar yurtimizning yanada chiroy ochishi, dunyo ahlini o‘ziga chorlab turishida, yana bir yangi sahifadir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev shu yil 27 yanvar kuni Xorazmda bo‘lib, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishini ko‘zdan kechirish va xalq bilan muloqotida turizm borasidagi imkoniyatlarni to‘liq ishga solish, yangi yo‘nalishlar tashkil etish, ularni jahon bozorlarida targ‘ib qilish, mehmonxonalar, transport in¬fra-tuzilmasini rivojlantirish zarurligiga alohida to‘xtalib o‘tgan edi. Aynan Urganchdan Xivagacha temiryo‘l va Xiva shahrida zamonaviy vokzal barpo etish, bu yo‘lda elektropoezdlar, kelgusida yuqori tezlikda harakatlanuvchi «Afrosiyob» poezdi qatnovini yo‘lga qo‘yish yuzasidan topshiriqlar berilgandi. 

Bugungi kunda mutasaddilarning bergan ma’lumotlariga qaraganda, qiymati 35,9 million AQSh dollariga teng bo‘lgan Urganch—Xiva yangi temiryo‘l qurish loyihasining dastlabki bosqichi – po‘lat izlar yotqizish ishlari davom etmoqda. Yo‘llar zamonaviy poezdlarning yuqori tezlikda harakatlanishini inobatga olgan holda, ilg‘or texnologiyalarga asoslanib, qurilmoqda. “Boshtransloyiha” aktsiyadorlik jamiyati mutaxassislari tomonidan taqdim etilgan loyihaga ko‘ra, ushbu temiryo‘lni 2017—2018 yillarda qurib foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan. Qurilish-montaj jarayonida jami 831 ming metr kub tuproq ishlari bajarildi. Yo‘l bo‘ylab 124 ta sun’iy inshoot ham barpo etildi. Bun¬yodkorlik ishlari davomida 6 ta yo‘l o‘tkazgich va ko‘priklar qurildi.

Bu yerdagi qurilish ishlarini amalga oshirishga 350 nafardan ortiq tajribali ishchi-xizmatchi va mutaxassis jalb etilgan. Loyihani belgilangan vaqtida, sifatli va mustahkam qilib amalga oshirish maqsadida 70 ga yaqin qudratli texnika va mexanizm¬dan samarali foydalanildi. Ushbu bunyodkorlik ishlarida maxsus mexanizatsiyalashgan yo‘l stantsiyasi, Urganch yo‘l masofasi, “Xorazm temiryo‘l qurilish” unitar korxonasi, 203-279 yo‘l mashina stantsiyasi vakillari sidqidildan mehnat qilishmoqda. Shu bois, barcha belgilangan ishlar o‘z vaqtida amalga oshirilyapti. Yangi temir¬yo‘l liniyasini ishga tushirish mintaqadagi yo‘lovchi va yuk tashish ishlarini jadallashtiradi. Mahalliy va xorijiy sayyohlarni jalb etishda katta samara beradi. Ana shu maqsadda Xiva shahrida bir vaqtning o‘zida 200 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniga ega bo‘lgan, milliy uslublar bilan uyg‘unlashgan temiryo‘l vokzali ham barpo etilmoqda.

Yangi qurilgan vokzal binosining tashqi ko‘rinishi Xorazm me’morchiligi namunalarini o‘zida aks ettiradi. Vokzal so‘nggi rusumdagi jihozlar bilan ta’minlanadi. Bu yerda zamonaviy VIP zali, ona va bola hamda tibbiyot xonalari quriladi. Loyihaga ko‘ra, binoning kiraverishida zamonaviy va mahalliy uslublar uyg‘unlashgan ko‘rkam foye ham o‘rin olgan. Uning oldida zamonaviy, musiqali favvora o‘rnatiladi. Bu yerda yuqori tezlikdagi Wi-Fi internet o‘rnatish ko‘zda tutilgan. Ayni paytda vokzalda qurilish-montaj ishlari qizg‘in davom etmoqda. Urganch—Xiva temiryo‘lining qurilishi mamlakatimizga tashrif buyurayotgan sayyohlar hamda yurtimiz aholisiga qulayliklar yaratish barobarida, qo‘shimcha ish o‘rinlarini ham yaratish imkonini beradi.

Shuningdek, hozirgi kunda uzunligi 325 kilometr bo‘lgan “Qarshi—Termiz” temiryo‘l tarmog‘i to‘liq elektrlashtirilganligi quvonchli xabar bo‘ldi. Joriy yilning 9 yanvar kuni esa elektrovozlar harakati yo‘lga qo‘yildi. Dizel yoqilg‘isi bilan harakatlanuvchi teplovozlar o‘rnini zamonaviy elektrovozlar egalladi. Qiymati 327,6 million AQSh dollarini tashkil etuvchi mazkur loyiha doirasida 6 ta — Toshguzar, Dehqon¬obod, Oqrabot, Boysun, Qumqo‘rg‘on, 165-raz’ezd tayanch nimstantsiyalari barpo etildi. Zamonaviy texnika va texnologiyalardan unumli foydalanilganligi, yuqori tajribaga ega muhandisu mutaxassislarning jalb etilganligi bois, bun¬yodkorlik ishlari sifatli qilib amalga oshirildi. Qolaversa, qurilish va kontakt simlariga xizmat ko‘rsatish uchun zaruriy shart-sharoitlar yaratildi. Termiz lokomotiv deposi rekonstruktsiya qilinib, zamonaviy uskunalar bilan ta’minlandi.

Elektrlashtirish ishlari yakunlangach, teplovozlarni zamonaviy elektrovozlarga almashtirish, yuk va yo‘lovchi tashish xarajatlarini kamaytirish, harakat tezligini sezilarli darajada oshirish imkoni yaratildi. Tahlillarga ko‘ra, Darbanddan—Termizgacha teplovozlar harakati uchun bir oy davomida 34 million so‘mdan ortiq yoqilg‘i sarflangan bo‘lsa, elektrlashtirish ishlaridan so‘ng bu xarajat qariyb 4 barobarga qisqaradi. Bu esa jarayon sarf-xarajatlarni kamaytiradi, atrof-muhit muhofazasini ta’minlashga ham xizmat qiladi. Qarshi—Termiz temiryo‘lining asosiy qismi tog‘li hududdan o‘tganligini inobatga oladigan bo‘lsak, elektrovozlar qatnovi yo‘lga qo‘yilishi yuk tashish hajmini sezilarli tarz¬da oshiradi. Bugungi kunga qadar tog‘li hududlarda bitta yuk poezdini olib o‘tishda ikkita teplovoz, biri oldidan, ikkinchisi orqa tomondan harakatlanar edi. U biroz qiyinchiliklar tug‘dirgan bo‘lsa, endi bitta yuqori quvvatli, zamonaviy elektrovozning o‘zi vagonlarni tortish imkoniga ega. Elektrovozlarni boshqarish to‘liq kompyuterlashtirilganligi ham mashinist uchun katta qulaylik yaratadi va boshqaruvni osonlashtiradi. 

 

Sabohat SULTONOVA, 

“Hurriyat” muxbiri 

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 + 9 =