Jar yoqasidagi olishuv

MUNOSABATLARNING CHIGALLASHUVI SABABI

 Bugungi kunda nihoyatda chirrsillab turgan xalqaro mojarolar, aslida, joriy yil 4 mart kuni alanga oldi, desak xato bo‘lmaydi. O‘shanda Angliya janubidagi Solsberi shahrida Buyuk Britaniya foydasiga ishlagan rossiyalik sobiq josus Sergey Skripal va uning qizi Yuliy Skripal hushsiz holda topildi.  Bu masalaga hali batafsil oydinlik kiritilgani yo‘q. London ular Rossiyada ishlab chiqarilgan asab tizimini falajlovchi “Novichok” moddasi bilan zaharlanganini, bu suiqasd ortida Rossiya turganini iddao qildi va Rossiyadan izoh berishni talab qila boshladi. Rossiya tomoni esa, bu so‘rovni e’tiborsiz qoldirganidan keyin Buyuk Britaniya Rossiyani o‘z hududida kimyoviy qurol qo‘llaganlikda ayblab, 23 nafar diplomatni o‘z hududidan chiqarib yubordi. Aynan shu masala multfilmlardagi uyquda yotgan badjahl mushukni uyg‘otib yubordi go‘yo.

 

Mart oyi oxirida “Skripal ishi” doirasida AQSh tomoni ham 60 nafar rossiyalik diplomatni mamlakatdan chiqarib yuborish qarorini qabul qildi. Shuningdek, Rossiyaning Sietl shahridagi bosh konsulxonasi yopildi.

                                  

YANGI NIZO NIMADAN BOSHLANDI?

Suriyada 2011 yilda boshlangan fuqarolar urushi mamlakatni bir necha qismlarga bo‘lib tashlaganidan xabaringiz bor. Suriya hukumati, IShID, kurdlar va boshqa turli jangari guruhlar o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlar hamon davom etmoqda.

Suriyaning Duma shahridagi kimyoviy hujumni  “Jaysh al-Islom” guruhi nazorat qilayotganini jahon matbuoti yoza boshladi. 7 aprel kungi ma’lumotlarga ko‘ra, zarin yoki  xlorli bombalarni Suriya harbiy havo kuchlari vertolyotlardan tashlagani oqibatida 60 kishi halok bo‘lgan va bir mingga yaqin kishi jarohat olgan degan xabarlar shusiz ham gulxanga yog‘ sepgandek bo‘ldi. AQSh bu qurollarni ishlatishda  Bashar Asad rejimini aybladi. AQSh prezidenti Donald Tramp Suriya liderini qo‘llab-quvvatlab turgan Rossiya va Eronni katta to‘lovga tushadi, deb qo‘rqitdi. Oq uy rahbari Duma voqeasiga qarshi ravishda barcha variantlar ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi. Shunday qilib, sovuq urush huruji yanada avjlandi.

O‘shanda Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi va Suriya hukumati Dumada kimyoviy hujumlar qo‘llanganini rad etib, buni bo‘hton, deb atashgandi. o‘arb mamlakatlari rahbarlari bu iddaoga ishonishmadi. Britaniya tashqi ishlar vaziri Boris Jonson Rossiyaning Suriyani kimyoviy qurol bilan ta’minlamaslik va bu hududda uni butunlay yo‘q qilishga oid  2013 yildagi majburiyatini bajarmaganlikda aybladi. Bir kun o‘tib, 8 aprelda  Xoms  provintsiyasida “Tifor” (T4) hukumat  aerodromi o‘qqa tutildi. Rossiya harbiylari aviahujumni Isroil harbiy havo kuchlari amalga oshirdi, deb bayonot berdi. 10 aprel kuni kechasi BMT Xavfsizlik kengashi Dumadagi favqulodda vaziyat yuzasidan shoshilinch majlisini chaqirdi. AQShning BMTdagi Doimiy vakili Nikki Xeyli holatga baho berar ekan,  Vashington hujumga nisbatan qarshi choralar ko‘rajagini eslatib o‘tdi. Shuningdek, Tramp Frantsiya, Buyuk Britaniya liderlari bilan shu masalada kelishgani ham uqtirib o‘tildi.

10 aprel kuniyoq Amerikaning “Tomagavk” uchuvchi raketalari bilan jihozlangan harbiy kemalari Suriya qirg‘oqlariga yaqin joyga kelib joylashdi. Shuni aytish kerakki, roppa-rosa bir yil muqaddam, 2017 yil aprel oyi boshida ham AQSh Idlib provintsiyasida kimyoviy qurolni ishlatganlikda ayblab, Suriyaning Shayrat aviabazasini bombardimon qilgandi. O‘shanda aniq dalillar topilmagan edi.  

Biroq, so‘nggi favqulodda holat, asosan, “Skripal ishi” bo‘yicha Rossiya bilan AQSh  munosabatlari inqirozi kuchaygan davrga to‘g‘ri kelgani uchun yangi pog‘onaga ko‘tarildi, deyish mumkin.

 

BMTda NIMA SODIR BO‘LMOQDA?

AQSh vakili  jahon jamoatchiligini Suriyaning Duma shahridagi hujumga nisbatan qat’iy choralar ko‘rishni chaqirmoqda. Buning uchun Kimyoviy qurollarni ta’qiqlash tashkiloti  (OZXO —Organizatsii po zapreщeniyu ximicheskogo orujiya) mexanizmlarini ishga solishni ko‘zlab, 2013 yilda Damashq shaharchalarida ro‘y bergan shunday voqealarni tekshirmoqchi edi. Biroq, 2017 yilda Rossiya bu ishlarning davom etilishiga qarshi  veto qo‘ygandi.

O‘zaro mojaro avj olgan aprel oyida bu masalaga yana qaytildi. BMTning Suriya bo‘yicha bosh kotibi Stefan de Mistura 9 aprel kuni nodavlat tashkilotlari ma’lumotiga ko‘ra, 6 aprelda Dumadagi yuzlab odamlarda kimyoviy qurollar, hatto asab tizimini ishdan chiqaruvchi vositalar qo‘llangani tibbiy simptomlari aniqlanganini e’lon qildi. Maxsus vakil fikricha,  dalillar ishonchliligini tekshirib ko‘rish uchun sharoit yo‘q. Shvetsiya va Rossiya taklifiga binoan, OZXO ekspertlari Suriyaga borib o‘rganib,  xulosalarini  chop etishi kerak edi. Suriya tarafdori bo‘lgan Rossiya Vashington taklif etgan rezolyutsiya shartlariga ko‘nmasdan, unga qarshi chiqqanidan  keyin AQShning doimiy vakili Nikki Xeyli Xavfsizlik kengashi a’zolarini Rossiya variantiga qarshi  yoki betaraf pozitsiyada bo‘lishga chaqirdi.

 

GLOBALIZM, BU – AMERIKA GEGEMONLIGIMI?

Murakkab globallashuv sharoitida kim haqligini to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytish qiyin.  BMTning ikkita rezolyutsiya loyihasi ham rad qilindi. Aslida, bu loyihalar keskin muammoni birdaniga hal qilishi ishonarli emas. Masalaning ildizi chuqur: esingizda bo‘lsa, Gorbachev-Reygan kelishuv tandemi tufayli 1991 yilda SSSR parchalangandan keyin dunyo bo‘ylab Vashington konsensusi modelini qabul qildirish jarayoni boshlangandi. O‘shanda amerikalik taniqli jamoat arbobi Z.Bzejinskiyning qayd etishicha, Sharq mamlakatlari jamiyatlari hayotida g‘arblashtirish siyosati yanada kuchayadi, ya’ni demokratiyalash va modernizatsiyalashning  ustuvorligi oshadi. Ayni vaqtda  o‘arb davlatlarida ishlab turgan strategik tadqiqot institutlari, maxsus teleradiokanal, o‘n minglab ijtimoiy saytlar, mobil telefonlari ularning global vazifalari uchun  xizmat qilaveradi. AQShning oldin Fors ko‘rfazini, keyin Yevroosiyoni “boshqarish” maqsadi uning butun dunyodagi hozirgi mavqeini saqlab qolishning hal qiluvchi omiliga aylanadi. Xorij olimlari “globalizm, bu – amerika gegemonligi”, degan edi. Davlat arbobi G.Kissenjer 1999 yildayoq “asosiy tahdid shundaki, “globallashuv” deb ataluvchi hodisa, aslini olganda, Qo‘shma Shtatlar hukmronlik rolining boshqacha nomidir”, degan edi. AQSh ma’muriyati SSSRning parchalanib ketishini “global demokratik inqilobning g‘alabasi”, deb  qabul qilgan edi.  1991 yildan keyin Yaqin Sharqning bir qator davlatlari va  postsovet respublikalarida “rangli inqiloblar”, jumladan, Gruziyada “atirgul inqilobi”, Ukrainada “zarg‘aldoq inqilobi”, Iroqda “qirmizi inqilob”, Livanda “kedr inqilobi” hamda  Tunis, Misr,  Liviya, Ukrainada  davlat to‘ntarishlari sodir etildi. 

Fikrlar isboti shuki, Amerika kemalari endilikda Suriyaga yetib keldi. Rossiya ham Suriyadan o‘z qo‘shinlarini to‘liq olib chiqmagan. Darvoqe, 49 yil davomida Xmeymimdagi harbiy bazasiga mustahkam joylashdi. Dunyo hamjamiyati esa voqealar qanday tugashini sabrsizlik bilan kutmoqda. Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya: “Bizning rezolyutsiyamiz qabul qilinmagani, bu, afsuski,  lakmus qog‘ozi bo‘lsa-da, ko‘p narsadan dalolat beradi. AQShning xatti-harakatlari katta xavf-xatarni tug‘diradi”. 

Markaziy razvedka boshqarmasi sobiq direktori, AQShning yangi davlat kotibi Mayk Pompeo Rossiya bilan yumshoq munosabatlar olib borish siyosati o‘tmishda qolganini ma’lum qildi. U Rossiya bilan munosabatlarda qo‘llanadigan sanktsiyalarni keltirar ekan: diplomatlarni chiqarib yuborish, Amerika armiyasini kuchaytirish, yadroviy rivojlanish, shuningdek, Ukraina va Gruziya hududida Rossiya ekspansiyasiga qarshi qarshilik ko‘rsata oladigan kishilarni qurollantirish kabi jihatlarga to‘xtalib, ikkala tomon ham bir-birini tahdidchi sifatida ko‘rayotganini ta’kidlagan.

Suriya mojarosiga munosabat ham turlicha. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Xua Chuninning ma’lum qilishicha, XXR rahbariyati doimo xalqaro munosabatlarda kuch qo‘llanilishiga qarshi chiqadi, boshqa davlatlar suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini hurmat qilishga chaqiradi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin bu harakatlarni qoralab chiqdi. AQSh o‘z ittifoqchilari bilan Suriyadagi harbiy va fuqarolik ob’ektlariga BMT Xavfsizlik Kengashi sanktsiyasisiz aviazarbalar berib, BMT nizomi va xalqaro huquq normalarini buzdi, dedi u.

Eron Oliy yetakchisi oyatulloh Ali Xomanaiy AQSh, Buyuk Britaniya va Frantsiya qurolli kuchlarining Suriyaga zarbasini jinoyat, deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh, Frantsiya va Buyuk Britaniya yetakchisi Donald Tramp, Emmanuel Makron hamda Tereza Mey bu “jinoyatda” aybdordir. Yevrokengash rahbari Donald Tusk AQShning Suriyaga zarbalari bo‘yicha izoh berayotib, YeI ittifoqchilarini qo‘llab-quvvatlashi va ular bilan “adolat tomonida” birga bo‘lishini ma’lum qildi. Turkiya ham Suriyadagi vaziyatga boshqacha munosabat bildirdi. Kimyoviy hujumni jazosiz qoldirib bo‘lmaydi. Suriyadagi rejim so‘nggi vaqtlarda muxolifatga barcha yo‘llar bilan hujum boshlab, nafaqat kimyoviy, balki oddiy qurol bilan ham odamlarni o‘ldirmoqda. Oddiy qurol tufayli kimyoviyga qaraganda ko‘proq insonlar halok bo‘lmoqda, deb bayonot berdi R.Erdo‘g‘an. Ammo Suriya bilan bog‘liq bir bo‘lajak muammoni esdan chiqarmaslik kerak: YeI hududi uchun hozirda ham “noqulay” migrantlarning yangi to‘lqini ko‘payadi.

Liderlar bir masalada haq: BMT sanktsiyalariga ega bo‘lmagan hamda barcha xalqaro normalarga amal qilmay turib, Suriyada ham, boshqa mamlakatlarda ham  harbiy harakatlarni amalga oshirish og‘ir jinoyatdir. Vaqti kelganda, tarix bu harakatlarga haqqoniy bahoni beradi. Modomiki, masala shu taxlitda qo‘yilayotgan ekan, Vashington ham Yugoslaviya, Iroq, Liviyadagi qonli harakatlar uchun dunyo xalqlari oldida javobgar hisoblanadi.

o‘arb davlatlari, xususan, AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya, Frantsiya,   2014 yilgi Qrim voqeasidan Rossiya tomoniga bosimni kuchaytirish, iqtisodiy sanktsiyalarni qo‘llash chorasini hanuz pasaytirmadi.  Xullas, ikki kuchli derjava jahonga gegemonlik qilish ustida ochiq kurash olib borayotgani ko‘pchilikka sir bo‘lmay qoldi. 

Endilikda barcha diplomatik va siyosiy yechim haqida gapirmoqda, bu esa nimadir o‘zgarishi kerakligiga doir haqiqiy belgidir. 

 

Baxtiyor OMONOV, 

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti dotsenti, 

siyosiy fanlar nomzodi

 

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five + 11 =