OHANGARON MAHSULOTLARI XORIJDA

Hilola kollejni bitirgandan keyin ish izlab bormagan joyi qolmadi. Ish qidirib sarson yurganida mahallasida to‘qimachilik korxonasi ochilib qoldi. Ming xayollar bilan u yerga bordi. Uni ishga olishdi. Mana, bir necha oydirki, u “Limaks Gold Tekstil” korxonasi  xodimi.

 

Davlatimiz rahbarining “Yurtimizda bo‘layotgan o‘zgarishlarni har bir fuqaro o‘z hayotida sezishi kerak” yoki “Ikkita ish o‘rni tashkil qilgan tadbirkorni boshimga ko‘taraman”, degan so‘zlari bugun o‘z isbotini topmoqda. Hududlarda tadbirkorlikni keng rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, korxona va zavodlar barpo qilish, yangi loyihalarni joriy etishga jiddiy e’tibor qaratmoqda. Bu esa shahar, tuman, qishloqlarda turmush farovonligining o‘sishiga, aholining ish bilan ta’minlanishiga olib kelayotir.  Bir so‘z bilan aytganda, aholi islohotlar samarasini o‘z hayotida his etmoqda, desak yanglishmagan bo‘lamiz.

Darhaqiqat, inson dunyoga kelar ekan, yaxshi yashashga haqli. Shuning  uchun ham mehnat qiladi, intiladi. Kimdir o‘z omadini tadbirkorlikda ko‘rsa, boshqa birov yaxshi maoshli ishda ko‘radi. 

Joriy yilning 27 fevral kuni Prezidentimiz boshchiligida import hajmini qisqartirish, mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish va eksportni rag‘batlantirishga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari yurtimizda import tovarlarning ortib borayotgani, mahalliylashtirish dasturi sust kechayotganini qayd etib, bir qator vazirlik va hokimliklar zimmasiga tegishli vazifalar yuklangan edi. Unga ko‘ra har bir tuman, shahar o‘z imkoniyatlarini o‘rganib, eksport salohiyatini oshirishga jiddiy e’tibor qaratishi belgilangan. Xo‘sh, bu borada Ohangaron shahrida qanday ishlar qilinmoqda?

Ohangaron sari yo‘l olarkanmiz, shaharga kirish bilan katta yo‘lning ikki yonida ko‘lamdor bunyodkorlik ishlarining guvohi bo‘ldik. Shahar hokimiyatida bizni Ohangaron shahar va hududlarni kompleks rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Mansur Shodmonov qarshi oldi. U kishi bilan mavzu yuzasidan suhbatlashdik.

— Keyingi yillarda Ohangaron shahrini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, iqtisodiyotning barcha tarmoqlari, xususan, to‘qimachilik, qurilish, energetika, oziq-ovqat va meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash sanoatini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi, — deydi M.Shodmonov. — Zaminimiz turli nodir ma’dan va qazilmalarga boyligi sabab, tog‘-kon sanoatida ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritdi. “Angren-EIZ” ham shu hududda joylashgani  bejiz emas. Bu yerda sanoatning barcha yo‘nalishlari uchun kerakli sharoitlar, xom ashyo zaxirasi bor. Shu bois, hududda xorijiy va mahalliy  investorlar ishtirokidagi korxonalar soni yildan-yilga ortib bormoqda. 

 Ohangaronning eksport salohiyatiga to‘xtaladigan bo‘lsak, shahar hokimining birinchi o‘rinbosari rahbarligida ishchi guruhi tashkil etildi.  Bu guruhga hududlarning iqtisodiy rivoji bo‘yicha tegishli vazifalar yuklandi. Jumladan, shahar hududi hokim, prokuror, Ichki ishlar bo‘limi, shahar davlat soliq inspektsiyasi sektorlariga taqsimlangan bo‘lib, har bir rahbar o‘z hududi doirasida “yo‘l xaritasini” ishlab chiqdi. Qisqa fursatda mavjud salohiyatdan to‘liq foydalanish maqsadida hamda sanoat mahsulotlari eksport hajmini oshirishga qaratilgan tadbirlar natijasida har bir sektor kesimida mulkchilik shaklidan qat’i nazar, kichik biznes sub’ektlarini eksportga jalb etish uchun 760 dan ortiq, shundan 156 tasi sanoat yo‘nalishidagi tadbirkorlik sub’ektlari o‘rganildi. Natijada, oltita korxona eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarilishi aniqlandi. Bular “Ohangaronshifer” AJ, “Ohangaron xrizotel” MChJ, “Trend Teks” MChJ, “Rubber Texnikal Produkt” MChJ, “Ohangaron Kombikorm” MChJ, “Ohangaron Pokizaxon” MChJ korxonalaridir. Shunisi qiziqki, “Ohangaronshifer” AJ, asbest quvurlar ishlab chiqaruvchi “Ohangaron xrizotel” MChJ necha yillardan buyon faoliyat yuritishiga qaramasdan, eksportga mahsulot chiqarish borasida ishlar yetarlicha yo‘lga qo‘yilmagan edi. Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida qo‘shni respublikalarda bu ikki jamiyat tovarlariga ehtiyoj borligi aniqlanib, ayni kunda bir necha yuz ming dollarlik shartnomalar imzolandi. Bu kabi fikrlarni boshqa korxonalarga nisbatan ham aytish mumkin. Ayni kunda 13 ta iqtisodiy samarador loyiha ustida ish olib borilmoqda. Shundan 11 tasi aynan sanoat korxonalaridir. Ularning ishga tushirilishi natijasida mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Albatta, bularning bari tez kunlarda amalda o‘z isbotini topadi.    

Misol uchun,  yaqinda “Lochin Asbob Uskuna” MChJ tomonidan 7200,0 million so‘mlik sarmoya sarflanib, yillik quvvati 329 ming dona elektr burg‘ulash va silliqlash qo‘l uskunalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi va 26  nafar yosh ish bilan ta’minlandi. Korxonada mahsulotlarining 30 foizi kelgusi yildan boshlab, eksportga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, Turkiyaning “DAL Heavy Industrius” MChJ qo‘shma korxonasi yillik quvvati 20 ming tonna keng ko‘lamli sanoat metall qurilmalari ishlab chiqarish loyihasi bo‘yicha 6,5 gektar yer maydonda qurilish ishlari olib bormoqda. Ushbu loyiha mustaqilligimizning 27 yilligi arafasida ishga tushirilib, 166 ta ish o‘rinlari yaratiladi. Korxona faoliyatining ikkinchi yilidan boshlab mahsulotlarning 40 foizini eksportga yo‘naltiradi.     

Aynii kunda shaharning jami yillik hududiy eksport rejasi 415,0 ming AQSh dollarini tashkil etadi. Yilning birinchi choragi uchun reja 108,1 ming AQSh dollari etib belgilangan bo‘lsa-da, amalda 134,7 ming AQSh dollarlik sanoat mahsulotlari eksporti amalga oshirildi. Bunda Hilola ishlayotgan Xitoyning “Limaks Gold Tekstil” MChJ XKning salmoqli o‘rni bor. U shu davrgacha 118,7 ming AQSh dollarilik mahsulot eksport qildi.

Maxsus industrial zonada samarali faoliyat ko‘rsatayotgan “Limaks Gold Tekstil” MChJ yuqori texnologiya asosida ishlamoqda. Uning jahon standartlariga mos keladigan energiya tejamkor uskunalari yanada diqqatga sazovor. 180 ga yaqin yoshlar mehnat qilayotgan korxona kuniga 36-40 mingtacha paypoq ishlab chiqarmoqda. Limaks Gold Tekstil” MChJ faoliyati va rejalari xususida korxonaning ishlab chiqarish bo‘yicha direktor o‘rinbosari Zang Zang  shunday deydi:

— Xitoy va O‘zbekiston davlatlarining mustahkam aloqalari xalqlarimizning yanada yaqin bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda. Yurtingiz geografik joylashuviga ko‘ra, Osiyoning markazida ekanligi, har qanday mahsulotni qo‘shni davlatlarga eksport qilish uchun qulay joy hisoblanadi.  Bugun O‘zbekiston hukumati tomonidan investorlarga qator imkoniyat va sharoitlar yaratib berilgani bizga qo‘l kelmoqda. Misol uchun, korxona faoliyatini yo‘lga qo‘yishda Ohangaron shahar hokimiyati yer kadastr, suv, gaz yoki boshqa turdagi xizmatlar, hujjatlar bo‘ladimi, bularning rasmiylashtirishda ularning o‘zlari bosh-qosh bo‘ldi. Ishimiz oson ko‘chib, tezda mahsulot chiqarishni boshladik. Paypoqlarimiz sifati va narxi bilan aholi ishonchini oqladi. Shu bilan birga, qo‘shni davlatlardan ham mahsulotimizga qiziqish katta. Ayni kunda eksport qilishni ham boshladik.

Ip kalavani ko‘rsatib, “o‘zbek paxtasi”, deydi xitoylik hamkorimiz. Xom ashyo ham mahalliy paxta tolasidan ekan. Faqat spandeks xom ashyosi, ya’ni cho‘ziluvchan ip kalavalar Xitoydan keltirilayotgan ekan. 

— Bu xom ayoshni ham shu yerda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz, — deydi mutaxassis. — Chunki spandeks xom ashyosiga bizdan tashqari boshqa tekstil korxonalarining ham ehtiyoji bor. Shu bois, “Ipoteka-bank” ATIBning Ohangaron shahar filialidan 1,4 ming dollar miqdorida kredit olib, tez kunlarda qo‘shimcha tsex qurilishini boshlab yubormoqchimiz. Hozir mazkur tsex uchun uskunalarga buyurtma berilgan. — Chet el investorlariga berilayotgan e’tibor biz uchun ko‘plab qulayliklar bermoqda, — deydi u so‘zida davom etib. — Ko‘plab tartib-taomillarni ham o‘zgartirmoqda. Birgina vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tish masalasini oladigan bo‘lsak, bir necha yil oldin propiska uch oy yoki yarim yilga berilar, har uch oyda uyga qaytishga majbur bo‘lardik. Gohida ishlarimizni tashlab chiqishga ham to‘g‘ri kelgan. Endi mana shu tartib bir yilga uzaytirilgani biz uchun katta yengillik bo‘ldi. Qolaversa, yaqinda Xitoydan qaytayotib,  Toshkent xalqaro aeroportidan o‘n besh daqiqada chiqqanimga ham xayron bo‘ldim. Oldin to‘rt soatlab qolib ketgan paytlarim bo‘lgan. Qisqa fursatda bunday qulayliklarning yaratilganidan bilish mumkinki, davlatingiz jadal sur’atlarda rivojlanmoqda.  

Ishlab chiqarish jarayonini kuzatib, ishchilardan birining suhbatini oldik. 

— Bu yerga kelganimga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q, — deydi Hilola Vahobova. – Lekin ish menga juda ma’qul tushdi. Barcha yumushlarni mashinalarning o‘zi bajaradi. Qolaversa, korxonada biz ishchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Maoshlari ham  yaxshigina.

Korxonadan chiqarkanmiz, Zang do‘stimiz bizni Xitoyga mehmonga taklif etib, “Xayr, kelib turing”, deya o‘zbekona  lutf bilan kuzatdi. Chinakam hamkorlik, do‘stlik, aslida shu-da.

Ohangaron shahridan bir olam taassurotlar bilan qaytarkanmiz, yurtimizda iqtisodiy islohotlar o‘z samarasini berib, korxonayu ishlab chiqarish maskanlarining ortayotganiga, hududlarning eksport salohiyati o‘sayotganiga guvohi bo‘ldik. Eng asosiysi, bu yerda barcha tadbirkoru mutassadilar bir niyatda mehnat qilmoqda. U ham bo‘lsa, Ohangaron mahsulotlarini jahon bozoriga olib chiqish va xalq roziligidir.

Bobur MUHAMMADIYEV

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one + thirteen =