KLASTER — yutuqlar garovi

Keyingi yillarda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasida mahsulot yetishtirishdan tortib, uni qayta ishlash, tayyor mahsulotni jahon standartlariga javob beradigan darajada sifatli qilib bozorga yetkazish jarayonlariga ilg‘or mamlakatlarda sinovdan o‘tgan tajribalar joriy etilmoqda. 2018 yilning Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili, deb nomlanishi bu boradagi izlanishlar ko‘lamini yanada kengaytirdi.

 

Bugungi kunda hududiy kontsentratsiyalashuvga asoslangan va texnologik zanjirga bog‘langan tovar va xomashyo yetkazib beruvchilar, asosiy ishlab chiqaruvchilarni birlashtirgan industriyalashgan majmua — klaster haqida ko‘pchilik yaxshi biladi.

Mazkur tuzilma qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish, mahalliy byudjet daromadlarini oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining innovatsion faolligini oshirishda muhim omil bo‘layotir. Shuning uchun ham iqtisodiyotimizning ko‘plab tarmoqlarida klasterni tashkil etish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilib, sinovdan o‘tkazilyapti. Masalan, Farg‘ona viloyatida chiqindilarni kompleks boshqarish klasterini tashkil etilgani yoki Surxondaryo viloyatida meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarishda klaster usulini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tajriba yo‘lga qo‘yildi. 

Quvonarlisi, mamlakatimiz sharoitida katta daromad manbai bo‘lgan paxtachilik, meva-sabzavotchilik sohalarida klaster tuzilmalari tajriba-sinovidan o‘tkazilayotganidir. Bugungi kunda bu yo‘nalishda deyarli barcha hududda bir-ikkitadan klasterlar tashkil qilindi. Albatta, yangi usulda ishlashga kirishgan korxonalar faoliyati, belgilangan rejalarning bajarishdagi natijalar ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy. Sirdaryo viloyatida tashkil etilgan “Bek Cluster” MChJ qo‘shma korxonasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sirdaryo viloyatida zamonaviy paxtachilik-to‘qimachilik klasterini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash borasida salmoqli ishlar qilmoqda.

Mazkur korxonaga jami 24,9 ming gektar yer maydoni ajratib berilgan. Paxta yetishtirishni birinchi uch yilda 42,6 ming tonnadan kamaytirmaslik va keyingi yillardan boshlab oshirib borish rejalashtirilgan. 

Korxonaga qarashli maydonlar yer ball boniteti o‘rtacha 45 ballni tashkil qiladi. Tuproq tarkibida gumusni ko‘paytirish hisobiga tuproq unumdorligini oshirish maqsadida 2018 yil oxiridan boshlab har yili 3 ming gektar maydonga “yashil o‘g‘it”, ya’ni sideratbop ekinlari ekish rejalashtirilgan. Hozirda urug‘lik olish uchun Serbiya respublikasidan keltirilgan 11 xildagi arpa, bug‘doy, suli, javdar, tritikale, raps ekinlari korxonaning 40,6 gektar maydoniga ekildi. 

Yarim almashlab ekish tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida 14,2 ming gektar paxta maydonida tuproq unumdorligini oshirishga yordam beradigan soya o‘simligini chigit bilan aralashtirib ekish amalga oshirilmoqda.

Korxonaga ajratilgan yer maydonlari 8 ta (o‘rtacha 3000 gektarlik) xo‘jalik va 192 ta (o‘rtacha 120-150 gektarlik) brigadaga bo‘lindi. Har bir brigadaga bir necha yillik tajribaga ega bo‘lgan ushbu hududlarda istiqomat qiluvchi dehqonlar brigada boshliqlari etib tayinlandi.

Brigadalarga 12-15 nafargacha doimiy ishchi, jami 1800 nafar mavsumiy ishchilar qabul qilindi. Ikki gektar yerga achchiq qalampir ekish rejalangan bo‘lib, har gektardan 20 tonnagacha qalampir olinadi. Ishchi va brigadirlarga to‘lanadigan oylik ish haqlaridan tashqari qalampirdan olingan foydaning 50 foizi daromad sifatida beriladi.

— Mavsumiy ishchilarning mavsumdan tashqari ham ish bilan qolishi va yil bo‘yi daromad olishini ta’minlash maqsadida korxona tomonidan aholiga kasanachilik, quyonchilik, pillachilik va tomorqalarda qalampir yetishtirishlari uchun sharoitlar yaratib berish ko‘zda tutilgan. Tayyor mahsulot korxona tomonidan qayta ishlanib, eksportga yo‘naltiriladi, — deydi korxonaning axborot tahlil bo‘limi rahbari Ashraf Shernazarov. – Hozirda 200 gektar maydonga va 400 gektar aholi tomorqasiga ko‘chatlar yetkazib berish uchun issiqxonalarda qalampir urug‘i ekilgan.

Paxta va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni innovatsion texnologiyalar asosida amalga oshirish, paxta qator orasini 765 sxemada ekilishi va agrotexnik tadbirlar uchun AQShning “New Holland” kompaniyasidan 100 ta “TD5-110” rusumli to‘rt g‘ildirakli traktori olib kelindi. 

Turkiyadan 40 ta chigit ekish seyalkasi, 100 ta kultivator va 30 ta lazerli yer tekislagichlar, Rossiyadan 20 ta “K-744” rusumli yuqori unumli qishloq xo‘jaligi texnikasi paxtani terib olish uchun AQShning “Jon deer” kompaniyasining 7 ta zamonaviy paxta terish mashinasini olib kelish mo‘ljallanmoqda.

Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi texnikalarini to‘liq kompyuter boshqaruviga o‘tkazish va ekinzorlarda qator orasi ishlovlarini GPS elektron tizimi aniqligida olib borish uchun AQShning “Trimble” kompaniyasi bilan shartnomalar imzolangan bo‘lib, bu texnologiyaning afzalligi tajribada sinalmoqda. 

Zararkunandalarga qarshi kurashishda biomahsulotlar aniq sxema asosida va o‘z vaqtida dalaga chiqarilsa samara beradi, lekin trexogramma 1 gektar maydonda 400 nuqtaga qo‘yilishi kerak va bu holat har 3-4 kunda takrorlanishi zarur, bu tadbirni 10 minglab gektar maydonda qo‘l kuchi bilan o‘tkazish samarasiz ekanini hisobga olib maxsus “dron”lardan foydalanish rejalashtirilgan.

Joriy yilning ikkinchi yarmida sutkasiga quvvati 330 tonna paxtani qayta ishlaydigan zavod qurilishini yakunlash rejalashtirilgan. 

Janubiy Koreya texnologiyasi asosida 100 gektar maydonga zamonaviy issiqxona qurish ishlari ham boshlangan. Joriy yilda 40 gektar maydonda qurilish ishlari yakunlanib, foydalanishga topshiriladi.

Bugungi kunda korxonada 1 ming 500 nafarga yaqin doimiy ishchi ishga qabul qilingan. Joriy yil yakuni bo‘yicha ish bilan ta’minlash 3 ming nafarga va barcha loyihalar ishga tushirilgach, ish o‘rinlarini 10 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan. 

Mavsumiy ishlarga jalb etiladigan aholini mavsumdan tashqari ish bilan bandligini hamda daromadini oshirish maqsadida chorvachilik, parrandachilik, pillachilik, anorchilik, uzumchilik va qalampir yetishtirish kabi qo‘shimcha faoliyat turlari yo‘lga qo‘yiladi.

Korxonada ekin turlarining istiqbolli navlarini yaratish, mo‘l hosil olish, saqlash va qayta ishlashni ilmiy asoslangan holda amalga oshirish uchun malakali mutaxassis hamda olimlar bilan hamkorlik qilinmoqda.

Yangi texnika va ilg‘or texnologiyalarni sinash, innovatsion loyihalarni amalga oshirish maqsadida, qishloq xo‘jaligi sohasiga aloqador oliy o‘quv yurtlari va ilmiy tadqiqot institutlarining malakali olimlarini birlashtirib, «BEK Sluster» MCHJ qo‘shma korxonasining “O‘simlik mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash texnologiyalari ilmiy markazi” tashkil qilinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishini tashkil etishning zamonaviy shakllarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan tashkil etilgan Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanidagi “ABC OQQO`RG`ON agro classter” MChJ 2018 yilda “fyuchers” shartnomalari asosida faoliyat yuritib, unga ko‘ra tumandagi 358 ta fermer xo‘jaligi bilan 36 ming 600 tonna paxta xom ashyosi yetishtirish yuzasidan shartnoma  tuzgan.

Tashkilotga tumanning har bir hududida bittadan agronom va nazoratchi, suvchi-irrigator, yer tuzuvchi, paxta zararkunandalariga qarshi samarali kurashni tashkil qilish  maqsadida malakali agronom-entimolog, tumandagi qishloq xo‘jaligi texnikalarining ishini samarali tashkil qilish maqsadida 2 nafar muhandis jami, 60 nafar malakali xodim ishga qabul qilindi.

Shartnoma talablariga ko‘ra, “ABC OQQO`RG`ON agro classter” MChJ 2018 yil hosili uchun tumandagi fermer xo‘jaliklarini shartnoma bahosining 60 foizi miqdorida paxtani yetishtirish xarajatlari uchun moliyalashtirmoqda. Joriy yilda fermer xo‘jaliklariga arzon va sifatli kimyoviy vositalarni yetkazib berish maqsadida Navoiy elektrokimyo zavodi bilan hamkorlik ishlarini yo‘lga qo‘yib, tumanda hosildorlikni ko‘tarish uchun 5 yilga mo‘ljallangan qo‘shma kelishuv imzolandi. Fosforli o‘g‘itlar, g‘o‘za zararkunandalariga qarshi kimyoviy vositalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri fermer xo‘jaliklariga yetkazib berish bo‘yicha kelishib olindi.

Jamiyat tomonidan yonilg‘i-moylash mahsulotlarini xarid qilish uchun 5 milliard so‘m, fosforli o‘g‘it va paxta gerbitsid xarid qilish uchun 3,125 milliard so‘m, 6 ta biolaboratoriya ishini tashkil qilish uchun jami 160 million so‘m, fermer xo‘jaliklari ishchi-xodimlariga ish haqi uchun 2,5 milliard so‘m, qishloq xo‘jaliklari ehtiyot qismlari xaridi uchun 2 milliard so‘m, azotli o‘g‘itni xarid qilish uchun Toshkent tovar-xomashyo birjasiga 700 million so‘m miqdorida mablag‘lar ajratildi.

Jamiyat tomonidan tumandagi fermer xo‘jaliklaridagi mavjud qishloq xo‘jaligi texnikalarining texnik ahvoli o‘rganilib, jami 200 dan ortiq fermer xo‘jaliklarining chopiq traktorlariga 633 million so‘mlik ehtiyot qismlar tarqatildi. 

Bundan tashqari, tuman zaxirasidagi uzoq yillardan buyon past hosil berib kelayotgan 1512,5 gektar suvli yer maydoni “ABC OQQO`RG`ON agro classter” MChJga 30 yil muddatga berildi. Ushbu yer maydonining 513,5 gektariga kuzgi boshoqli don ekinlari ekilgan bo‘lsa, qolgan 967,6 gektar yer maydoniga chigit ekish rejalashtirilmoqda.

Jamiyat tashkil etilganidan buyon jami 300 dan ortiq qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratildi.

Oxirgi uch yil davomida tumanda ekilgan paxta navlarining hosildorligi, kasalliklarga chidamliligi o‘rganilib, “Sulton” va “Porloq” navlari kasalliklarga tez chalinishi yoz chillasida shonani tez tashlab yuborishi aniqlandi. 

Tahliliy o‘rganishlar natijasida jamiyat tomonidan 2018 yilda tumandagi 12 ming 751 gektar maydonga “S-6524” navini ekish rejalashtirildi.

Qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish va yangi sanoat korxonalarini qurish maqsadida, Xitoy Xalq Respublikasining “Belaya Lebed” firmasi bilan 40 ming tonna paxta xomashyosini qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lgan zamonaviy paxta tozalash korxonasining asbob-uskunalarini xarid qilish yuzasidan kelishuvga erishildi. Shuningdek, shu yili chigitdan yog‘-moy ishlab chiqarish korxonasi qurilishi rejalashtirilgan.

Tumandagi har bir fermer xo‘jaligiga 5 qutidan asalari uyasi tarqatilib, 2 tonnadan kartoshka urug‘i bilan ta’minlash maqsadida ta’minotchi korxonalar bilan shartnomalar tuzilgan. Ko‘zlangan asosiy maqsad, fermer xo‘jaliklarini ko‘p tarmoqli faoliyatga o‘tishiga ko‘maklashishdir. 

—Besh yillik rivojlanish dasturiga ko‘ra, Oqqo‘rg‘on tumanida jami 6 ming 800 ta yangi ish o‘rinlari yaratilib, yangi paxta tozalash korxonasi, ip-kalava korxonasi, yog‘-moy ishlab chiqarish korxonasi, 300 gektar maydonda yangi issiqxona, 4 ming bosh qoramolga mo‘ljallangan chorvachilik fermasi, parrandachilik fabrikasi tashkil etish rejalashtirilgan, — deydi korxona rahbari Jur’at Tursunov.

 

Ko‘rinib turibdiki, mamlakatimizda tashkil etilayotgan klasterlarda rejalar katta. Natijalar xususida gapirishga esa biroz vaqt bor. Chunki klaster – jamoaviy, xususiy va yarim jamoaviy ko‘rinishda bir-biri bilan bog‘liq va o‘zaro bir-birini to‘ldiruvchi firmalar, tadqiqot va rivojlanish institutlari guruhidir. Ana shu firma va guruhlarning uzviy aloqasi hamda faoliyati izchilligini yo‘lga qo‘yish o‘z-o‘zidan bo‘ladigan narsa emas. Lekin mazkur tuzilmalarda amalga oshirilayotgan dastlabki ishlar puxta reja va innovatsion loyihalar asosida tashkil etilayotgani uning istiqboliga ishonch uyg‘otadi. 

 

O‘ktam ABDULLAYEV

“Hurriyat” muxbiri    

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen − ten =